Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida XXIII qishki Olimpiya o‘yinlari davom etmoqda. Nufuzli musobaqada 92 davlatning 3500 nafardan ortiq sportchisi 15 sport turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib bormoqda.
Mazkur Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini figurali uchish bahslarida Misha Ge va tog‘ chang‘isi bo‘yicha Komiljon To‘xtayev himoya qiladi. Misha Ge 16 fevral kuni boshlanadigan figurali uchishning qisqa dasturida, 17 fevral kuni erkin dastur bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etadi. Komiljon To‘xtayev 18 fevral kuni tog‘ chang‘isining gigant slalom, 22 fevralda slalom bo‘yicha o‘tadigan musobaqalarda qatnashadi.
Pxyonchxandagi Olimpiadaning oltinchi kungi bahslaridan so‘ng Germaniya terma jamoasi 4 oltin, 1 kumush, 2 bronza medalini qo‘lga kiritib, peshqadamlik qilyapti.
Gollandiya terma jamoasi sportchilari 3 oltin, 2 kumush va 2 bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. 2 oltin, 4 kumush, 3 bronza medaliga sazovor bo‘lgan Norvegiya terma jamoasi uchinchi o‘rindan joy olgan.
Bugungi kunga qadar jami 17 davlat terma jamoalari kamida bittadan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Kecha Olimpiada — 2018 doirasida sportchilar 7 medallar jamlanmasi uchun bahs olib borishdi.
Musobaqa 25 fevralga qadar davom etadi.
Shahboz SAIDOV