Gavhar HASANOVA, Andijon viloyatidan:
— Televideniye va matbuotda berilgan ma’lumotlar orqali deputatlar qanday vakolatlarga ega ekani va ularning burchlari haqida yaxshi bilamiz. Menda bir savol tug‘ildi. Deputatlarning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmatini muhofaza qilishning qonuniy asoslari qanday? Shu haqda tushuncha olishni istardim.
Avaz O‘RINBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:
— Albatta, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida»gi qonunda bu bo‘yicha alohida modda bor. Unga muvofiq, har bir deputatga o‘z vakolatlarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun shart-sharoit kafolatlanadi, shu bilan birga, uning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan muhofaza qilinadi.
Deputatning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qilgan shaxslar qonunga muvofiq ma’muriy, jinoiy yoki o‘zga tarzda javobgar hisoblanadi. Deputat haqoratlansa, unga nisbatan tuxmat qilinsa, bu harakat qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi. Deputatlik vakolatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.
Deputat oldida o‘z vazifalarini bajarmaydigan, uning ishiga to‘sqinlik qiladigan, bila turib unga yolg‘on axborot beradigan, deputat faoliyatining kafolatlarini buzadigan mansabdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘lishadi.