Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020    »
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
08.10.2019

HAMMAMIZGA MA’QUL QAT’IY QAROR

Ko‘p yillardan beri ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan shug‘ullanaman. To‘y  mavzusida juda ko‘p tadbirlar, uchrashuv va suhbatlar tashkil qilganmiz. Biroq samarasi deyarli sezilmayotgandi. Negaki, xalqimizning qon-qoniga singib ketgan to‘y va marosimlar bilan bog‘liq tadbirlarni gap-so‘z bilan me’yorga solishning deyarli iloji bo‘lmayotgandi. Buning uchun mana shunday dadil qadam, qat’iy qaror kerak edi.  

Qariyb chorak asrdan beri turli millat vakillari orasida mehnat qilaman. Ochig‘ini aytganda, to‘yu tomoshalar, huda-behuda lozimandalarga bizchalik ruju qo‘ygan millat yo‘q. To‘y ekan deb, orqa-oldimizga qaramay, o‘ylamay-netmay, bor-budimizni sovurib, aziz jonimizni ming bir balolarga giriftor qilib, harakatga tushib qolamiz. Ba’zi uch-to‘rt so‘m topib, bosar-tusarini bilmay qolganlar-ku, xuddi kimlar bilandir musobaqaga kirishgandek, shohona dasturxonlar tuzab, unga odamni jonidan boshqa hamma narsani qo‘yadiganlar ham ko‘payib ketdi. Vaholanki,  ayrimlarimiz bu kabi dasturxonlarda ushbu nozu ne’matlarni umuman ko‘rmaganmiz.

Zamondoshlarimizdan birining ana shunday to‘yiga yurtimizda xizmat safarida bo‘lgan bir chet ellik mehmon ham taklif etilibdi. Ajnabiy xonim to‘yga kelib, tuzatilgan dasturxonga qarab hang-mang bo‘lib qolibdi. Biroq unga har qancha oling-oling qilishmasin, hech narsaga qo‘l tekkizmasmish. Oldidagilar hadeb qistayverishganidan keyin, sekingina «Buncha yegulikka to‘laydigan pulim yo‘q», — debdi. Shunda ayollarimiz «Olavering, pulini to‘y egasi to‘lab qo‘ygan», deyishibdi. Hayratdan nihoyatda  ajablangan mehmon: «Nima, to‘y egasi biror kompaniyaning direktorimi?», deb so‘ragan ekan. Ha, achchiqroq bo‘lsa ham aytishga majburman, shu kunlarda bizda o‘tkaziladigan har bir to‘yning egasi bir kunga «kompaniya direktori»iga aylanadi, to‘y o‘tgach esa, mashhur ertakdagiday teshik tog‘ora bilan qolgan baliqchining kampiriday abgor ahvolga tushadi.  

Ko‘p yillar nufuzli boshqarmada fuqarolar murojaati bo‘yicha ishlaganman. To‘y o‘tkazish uchun foizsiz ssuda so‘rab qabulga keluvchilarning aksariyati o‘zbeklar edi. Rahbariyat korxona imkoniyatidan kelib chiqib, bunday iltimoslarga ham mablag‘ ajratardi. Hech esimdan chiqmaydi, bir ayol bolasiga sunnat to‘yi qilish uchun foizsiz ssudaga  ariza qoldirib ketdi. Keyin bir tanishining uyiga borib, ssudaga ariza berganini, 15 kunda qo‘liga pul tegishini, foizi bilan qaytarishini aytib, undan katta miqdorda qarz olibdi. Bu pullarga butun qishloqni yig‘ib, katta sunnat to‘y o‘tkazibdi. Bu orada korxonada iqtisodiy taqchillik yuz berib, murojaatchilarga foizsiz ssuda berish bekor qilindi va ayolning arizasi qanoatlantirilmay qoldi. Buni eshitgan ayolning holatini tasavvur qilayotgandirsiz. Tang  ahvolda u yoqdan bu yoqqa  qarz so‘rab rosa yugurdi, deyarli bosh suqmagan xonadoni qolmadi. Uning joniga eri ham,  qaynota-qaynonasi ham,  qarindosh urug‘i ham oro kirolmadi. Ming afsuski, bir kunlik to‘yni deb, xonavayron bo‘lgan ayol bolalarini och, yupun qo‘yib, olgan oyligini uch-to‘rt yillab yig‘ib, qarzini to‘lab yurdi. Ha, to‘y o‘tkazish bilan bog‘liq bunga o‘xshash voqealarning juda ko‘piga guvoh bo‘lganman. Hatto, oqibati fojia bilan tugagan holatlar ham bo‘lgan. 

Bu borada sal es-hushimizni yig‘ib, boshqa millat vakillaridan o‘rnak olaylik.  Masalan, yevropaliklar to‘ylarini moddiy sharoitiga qarab, 30-40 chog‘li odam ishtirokida, ixchamgina o‘tkazishadi. To‘y dasturxoniga ketgan xarajatni tashrif buyurgan mehmonlarning to‘yona pullari qoplab ketadi. Ota-onalar ortgan puldan yoshlarga  kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan muzlatgich, televizor, komputer kabi jihozlarni sovg‘a qilishadi. 

Shu yil aprel oyida qizimizni turmushga uzatdik. Gap-so‘zlarimning isboti sifatida kamxarj va kamchiqim to‘y qilishga harakat qildim. Qizim ham ­«Ayajon, meni ulg‘aytirib, o‘qitib turmushga uzatayapsizlar, rahmat. Bu yog‘iga ortiqcha xarajat qilmanglar, mebel ham kerak emas. Zarur jihozlarni o‘zimiz kuyovingiz bilan ishlab, sotib olamiz», dedi. Biz rozi bo‘ldik.

To‘ydan oldin ortiqcha bordi-keldilarga yo‘l qo‘ymadim. Faqat besh-olti nafar kishi bilan unashtirish marosimini o‘tkazdik, xolos. Qolgani bir kunlik  to‘yda bo‘ldi. Ertalab biz osh qilib, ehson o‘tkazdik, kechqurun quda tomon to‘y qildi. Asosiysi,  son-sanoqsiz tog‘oralar u yoqdan bu yoqqa sarson bo‘lmadi. Kelin-kuyovdan tashqari boshqa birovga sarpo qilinmadi. Chiroyli patnisga tuzatilgan «Qur’on», «Hadis», «Baxtiyor oila», «Ota-onaga xizmat qilish» kabi muqaddas kitoblarimizni chiroyli tilaklar bildirib, to‘yxonada  katta tantana, istak va mehr bilan yoshlarga taqdim qildik. Bu hamma mehmonlarga ma’qul keldi. 

Qudalar o‘zaro kelishib ish tutganimiz uchun biram chiroyli to‘y bo‘ldi. Hamma xursand, hamma shod. Mehmonlar yayrab kelib, yayrab ketishdi. Ayniqsa, Qirg‘izistondan kelgan qarindoshlarimga to‘y juda ma’qul keldi. Ular «Voy tavba, shunaqa to‘y qilsa ham bo‘larkan-u», deb hayratlanib ortga qaytishdi.

Yanayam e’tiborlisi, to‘ydan keyin bir oygacha quda-andalar bir-birimizni bezovta qilmadik. To‘y tashvishlari bilan charchaganimiz uchun bir-birimizga dam olishga imkon yaratdik.  Qizimizdan telefon orqali hol-ahvol so‘rab turdik. Oradan bir oy o‘tib, qudalarimiz kelin-kuyovni olib mehmonga kelishdi.

Demak, hayotimizni osonlashtirish o‘z qo‘limizda ekan. Ming mashaqqat bilan topgan mablag‘larimizni turmush sharoitimizni oshirishga, salomatligimizni tiklashga, farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasiga, dam olish va sayohatlarga borishga sarflasak, qanday a’lo ish bo‘ladi.  Hamma gap o‘zimizda, jur’atimizda qolgan.        

 

Salima XOLDOROVA,

Navoiy kon-metallurgiya kombinati muzeyi rahbari.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: