va u nimalarga xizmat qiladi?
Statistika ijtimoiy, iqtisodiy hayotning bir bo‘lagidir. Jamiyat va davlatlardagi barcha o‘zgarishlarni statistika orqali anglash mumkin. Statistika – bu lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, “status” “vaziyat” ma’nosini anglatib, ma’lumot yig‘ish, tartiblash, tahlillash, sharhlash va ko‘rsatishga bag‘ishlangan matematika sohasidir. Binobarin, qadimgi davlatlar — Misr, Xitoy, Qadimgi Yunonistonda aholi va uning tarkibi, fuqarolarning mulkiy holati, chorva mollari, yerlar soni va boshqalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar zarur bo‘lib, bu statistik amaliyotga asos yaratdi.
Statistika fan sifatida XVII asrning ikkinchi yarmidan rivojlana boshladi, ya’ni Yevropada ikkita asosiy maktab paydo bo‘ldi: Angliyada – statistika matematik maktabi, Germaniyada – tavsiflovchi statistika maktabi. Fan sifatida esa 17-asr oxirida ingliz iqtisodchi olimi U. Petti tomonidan asos solindi.
Hozirgi vaqtda “statistika” atamasi asosan uchta ma’noda ishlatilmoqda. Birinchidan, statistika amaliy faoliyatning bir bo‘lagi sifatida tushuniladi, uning maqsadi ijtimoiy hayotning turli xil hodisalari to‘g‘risida ommaviy ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va nashr etishdir. Har bir mintaqada va davlatlarda aholining soni hamda tarkibi to‘g‘risida ma’lumotlar to‘planadi, korxonalar va tashkilotlar hisobga olinadi, ishlab chiqarish va sotish hajmi to‘g‘risida ma’lumotlar yig‘ib boriladi. Ushbu sohani tartibga solishda vakolatli davlat organi belgilanadi.
Ikkinchidan, statistika – bu ijtimoiy hodisalarning ma’lum bir sohasini tavsiflash yoki indikatorning hududiy taqsimlanishiga xizmat qiladigan, davriy nashrlarda, ma’lumotnomalarda va to‘plamlarda nashr etilgan raqamli materiallar. Masalan, Toshkent shahrida benzin narxining dinamikasi 2019 yilning ikkinchi yarmi holati bo‘yicha.
Uchinchidan, statistika bilimlarning bir bo‘lagi, keng ma’noda, tasodifiy katta hodisalar va jarayonlarning kuzatish natijalarini to‘plash, tizimlashtirish, tahlil qilish, izohlash va namoyish qilish usullarini ishlab chiqadigan maxsus ilmiy fan deb ataladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi viloyatlarida mehnat resurslari sifati va iqtisodiy o‘sish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda, jumladan, statistika sohasida ham. Ushbu sohaning faoliyati natijasida mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy va demografik ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida e’lon qilib borish hamda statistik natijalarning shaffofligi va xolisligi ta’minlanmoqda.
Ushbu soha faoliyatining huquqiy asoslari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat statistikasi to‘g‘risida”gi, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonunlari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevralda «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-5655-son Farmoni.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 apreldagi “Davlat boshqaruvining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda mamlakatning statistika salohiyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4273-son, 2020 yil 3 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4697-son qarorlari.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 avgustdagi PQ-4796-sonli qarori bilan milliy statistika tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Jumladan, statistika organlarini talab yuqori bo‘lgan, sifatli va ishonchli ma’lumotlarni shakllantirishga, statistika ma’lumotlarining shaffofligi va oshkoraligini oshirishga qaratilgan professional mustaqil xizmatga aylantirish; ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda statistika axborotlarini yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish, nashr etish va saqlash bo‘yicha yaxlit tizimni tashkil etish; rasmiy statistikani ishlab chiqarish, tarqatish va muvofiqlashtirish maqsadida mamlakatning butun milliy statistika tizimi doirasida qo‘llaniladigan uslubiy asoslar va boshqaruv tamoyillarini takomillashtirish; davlat statistika organlari xodimlarining kasbiy darajasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish hamda kelgusida amaliyotda qo‘llash uchun ilg‘or statistika usullari va texnologiyalari, jumladan, ochiq ma’lumotlar sohasida innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish.
Shu bilan birga, bugungi kunda statistika idoralarining oldida aholini ro‘yxatga olishdek mas’uliyatli vazifa turibdi. Ushbu jarayonlarni yuksak darajada o‘tkazish va asosiy maqsad O‘zbekistonda aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ishonchli va xolis axborotni olishdan iboratdir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, aholini ro‘yxatga olishning asosiy prinsiplariga davriylik, umumiylik va bir paytdalik, ro‘yxatga olishning yakka tartibdaligi, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligi, aholini ro‘yxatga olishni boshqarishning markazlashtirilganligini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish 10 yilda eng kamida bir marta amalga oshiriladi.
Aholini ro‘yxatga olishning yagona belgilangan sanasida shaxsga doir ma’lumotlarni barcha respondentlardan yig‘ish O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida bir paytning o‘zida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi aholini ro‘yxatga olish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, quyidagilarni amalga oshiradi. Ularga ro‘yxatga olish hujjatlari shakllarini, ro‘yxatga oluvchi xodimlar guvohnomasi shaklini ishlab chiqish va tasdiqlash, aholini ro‘yxatga olish dasturi va ro‘yxatga olish varag‘ining shakllarini ishlab chiqish, ro‘yxatga olish varaqlari tayyorlanishini va hududlarga yetkazilishini ta’minlash, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risida aholini xabardor qilishga doir ishlarni muvofiqlashtirish, ro‘yxatga oluvchi xodimlarni tanlab olish va o‘qitish tartibini, shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibini belgilash va ularga ishlov berishni amalga oshirish, ro‘yxatga olish varaqlari va boshqa ro‘yxatga olish hujjatlarining saqlanishi (jumladan, vaqtincha saqlanishi), yo‘q qilinishi tartibini belgilash, ro‘yxatga olish varaqlari hamda boshqa aholini ro‘yxatga olish hujjatlarini saqlash va yo‘q qilishni ta’minlaydi.
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida chaqiruv asosida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar bo‘lgan, shuningdek, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga jalb etilgan harbiy xizmatchilar va ularning yopiq hududlarda yashayotgan oila a’zosi bo‘lgan respondentlar haqidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish harbiy qism komandiri yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan amalga oshiriladi.
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish sanasida: bolalar internatlarida, tarbiya muassasalarida, «Bolalar shaharchalari»da, ijtimoiy muassasalarda, diniy muassasalarda, shifoxonalarda va boshqa sog‘liqni saqlash tashkilotlarida, zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazlarida, qamoqda saqlash joylarida, tergov hibsxonasida, axloq tuzatish muassasalarida va maxsus muassasalarda yashayotgan (bo‘lgan) respondentlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish ushbu qismda nazarda tutilgan muassasalar hamda tashkilotlar ma’muriyatlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinishi lozim.
Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish va ularga ishlov berish natijasida shakllantirilgan yig‘ma statistik axborot aholini ro‘yxatga olishning yakuniy ma’lumotlaridir.
Aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy holatining asosiy ko‘rsatkichlarini tavsiflovchi yakuniy ma’lumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiqdir hamda ular ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda xulosa qilib shuni aytish mumkinki, statistika sohasi jamiyat va davlatning iqtisodiy ustunlaridan biri bo‘lib, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda hamda xalqaro reytinglarda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
Qodirbek MUSAYeV,
Davlat statistika qo‘mitasi
yuridik bo‘limi boshlig‘i, huquqshunos,
Sherzod AXUNOV,
bosh yuristkonsul.