Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
08.07.2020

BO‘STONLIQ YaNADA GO‘ZAL VA FAYZLI BO‘LADI

mahalliy va xalqaro turizm maskaniga aylanadi

Purviqor Chimyon tog‘lari qo‘ynida yastangan, Ugom-Chotqol milliy bog‘ining betakror tabiati bilan uyg‘unlashib ketgan  Bo‘stonliq tumani o‘zining shifobaxsh havosi, oydin buloqlari, ko‘zni quvontiradigan go‘zal manzaralari bilan hamyurtlarimizni va mehmonlarimizni maftun etib keladi. Poytaxtimiz – Toshkent ahlini esa toza tog‘ havosi va ichimlik suvi bilan ta’minlab keladi. Shuning uchun toshkentliklarning Bo‘stonliqqa e’tibori, hurmati baland.

Tog‘ tabiati hukmronligi bois, bu joylar erta kuzdan to bahor adog‘iacha qish hukmida, hamma yoq qor bilan qoplangan bo‘ladi, Xizmat taqozosi bilan joriy yilning fevral oyida Bo‘stonliq tumanining Soyliq qishlog‘iga kelganimda, dastlab ko‘zga tashlangan holat – ko‘chalar tor, qor bosgan yo‘llar sirpanchiq, buning ustiga, yengil mashinlar tinimsiz qatnab turibdi. Piyodalar uchun hatto trotuar tugul, yolg‘iz oyoq yo‘l ham yo‘q ekan. Biz o‘shanda faxriy jurnalist Pardaboy Ergashev bilan ko‘zlangan manzilga sirpanchiq bo‘lib ketgan mashina qatnov yo‘lidan atak-chechak qilib borib kelganmiz.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi ?019-2021 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida»gi qarori asosida Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlar boshlandi.

Ishchi guruhlari tomonidan dastlab tumanning Chimyon, Xo‘jakent va Navobod mahalla hududlaridagi, G‘azalkent shahridagi turar va noturar obyektlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi,

Toshkent viloyati prokuraturasi va mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda tumandagi dala hovlilar, uy joylar hujjatlari tekshiruvdan o‘tkazildi. Ana shu jarayonda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar va tadbirkorlarga nisbatan qilinayotgan nohaqliklar xususida har xil xabarlar ham tarqala boshlandi. Bosh muharrir topshirig‘i bilan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish, jarayonni xolis yoritish maqsadida shanba kuni Bo‘stonliq tumaniga yo‘l oldim.

Ishchi guruhi a’zolaridan birinchi bo‘lib Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovga uchrashdim.

– Bu yerdagi muammolar kecha yoki o‘tgan kuni paydo bo‘lib qolgani yo‘q, – dedi Xolmo‘min Yodgorov. – Ular uzoq yillar davomida yig‘ilib qolgan va hal etilmagan. Shuning uchun jarayon og‘riqli kechayapti. Juda ko‘p holatlarda joylar soxta hujjatlar asosida egallab olingan, keyinchalik uy-joy, dam oluvchilar uchun hech qanaqa hujjatlarsiz dala hovlilar qurilgan. Bu joylarni kimdir sotgan, kimdir sotib olgan. Hozir bularning har bittasi haqiqiy yoki haqiqiy emasligi sud va sud-xatshunoslik ekspertizasi orqali tekshirilayapti. Fuqaroga yoki tadbirkorga yer ajratish qarori haqiqiy emas, deb topilgan taqdirda, qurilma buziladi, yer maydoni asl holiga keltirilib, bu maydon davlat zaxirasiga qaytariladi.

Albatta, bu ish bilan shug‘ullanayotgan sud-huquq idoralariga oson bo‘lmayapti. Chunki bunday holatda egallab olgan joyiga dam oluvchilarni qo‘yib, muntazam tarzda daromad olib kelayotgan shaxs uchun daromad manbaidan ajralib qolishi katta yo‘qotish bilan baravar. Shuning uchun ularning sud qaroridan norozi bo‘lib yuqori instansiyalarga, Prezident qabulxonasi va boshqa vakolatli tashkilotlarga tinmay shikoyat yozayotganini ham tushunish mumkin.

Bilasizmi, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayoni boshlanganidan buyon fuqarolar shikoyatlari asosida shu yerning o‘zida Oliy sudning sayyor sud majlisi o‘tkazilib kelinmoqda. Chunki bunaqa ishlar tezkorlik bilan hal etilmasa, har xil gaplar chiqib ketadi. Hozir jamiyatimizda oshkoralik, shaffoflik, axborot olish erkinligi huquqi qonun bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tufayli nodavlat ­ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar faollashdi. Bu – mening fikrimcha, juda ijobiy holat. Odamlarning mamlakatimizda, dunyoda ro‘y berayotgan voqealardan xabardorligi ularni loqaydlikdan xalos etdi, ta’bir joiz bo‘lsa, uyg‘otdi. Huquqiy savodxonlik darajasi oshdi. Lekin afsus bilan aytish kerakki, ba’zi bir ijtimoiy tarmoqlarning ayrim masalalarga bir tomonlama yondashuvi odamlarni chalg‘itmoqda. Ikkinchidan, noto‘g‘ri axborot berish hech kimga obro‘ keltirmaydi.

Marhamat, tanqid qiling, kamchiliklarni ko‘rsating, bundan butun jamiyat manfaat ko‘radi. Ammo oldin masalani qunt bilan o‘rganish, hujjatlarni ko‘zdan kechirish va tomonlarni eshitish kerak bo‘ladi.

Mana, hozir ham tumanga to‘rtta sayyor sud xulosasini olib borayapman. Har qanday holatda ham bir narsani unutmaslik kerak: bu muqaddas zamin, tabiiy boyliklar xalq mulki. Uni asrab-avaylash, kelajak avlodga bezavol holda yetkazish har birimizning burchimiz...

Bo‘stonliq tuman prokurori da’vogarligida o‘tkazilgan sayyor sud majlisi xulosalariga e’tibor qarataman. Tumanga qarashli "Chimgan" QFY raisi B.Rejepovning 1998 yil 6 martdagi 8-sonli qarori bilan fuqaro Dilshod O‘rinboyevga uy joy qurish uchun  8 sotix yer uchastkasi ajratilgan. U yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, o‘zboshimchalik bilan qurilish ishlarini amalga oshirgan. 2019 yilda Shohruxbek Mirxoliqov ushbu yer uchastkasida qurilish ishlarini olib borgan. Keyin Dilshod O‘rinboyev bu joyni unga oldi-sotdi shartnomasi asosida sotgan. Lekin Toshkent viloyat IIB Ekspert-kriminalistika markazi ekspertining 2017 yil 20 dekabrdagi xulosasida Dilshod O‘rinboyevga yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida 1998 yil 6 martdagi 8-sonli qaror qalbakilashtirilgani, unga Bo‘stonliq tuman, "Chimgan" QFY raisi B.Rejepov emas, boshqa shaxs imzo qo‘ygani ko‘rsatilgan.

Chirchiq shahar arxivi tomonidan 2015 yil 15 avgustda berilgan ma’lumotnomada 1998 yil 6 martda fuqaro N.Sibashviliga Bo‘stonliq tumani, "Chimgan" QFY raisi B.Rejepovning 8-sonli qarori bilan uy joy qurish uchun  8 sotix yer uchastkasi ajratilgan. Bu joy 2018 yil 18 sentabrda N.Sibashvili tomonidan 80 million so‘mga N.Tolibovaga sotilgan. Lekin afsuski, bunda ham qaror qalbakilashtirilgan, unga Bo‘stonliq tuman, "Chimgan" QFY raisi B.Rejepov emas, boshqa shaxs imzo qo‘ygani aniqlangan. Bunaqa holatlarni ko‘plab uchratish mumkin.

  Bo‘stonliq tuman prokurorining katta yordamchisi Jo‘rabek Toshniyozov, Toshkent viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Arslon Toshpo‘latov bilan Chorvoq gidrostansiyasi to‘g‘onidan pastda qurilgan ko‘prikdan Xumson yo‘nalishiga qarab yurdik. Toshdan-toshga urilib oqayotgan Ugom daryosi qirg‘og‘i muhofaza zonasida dam oluvchilar uchun shu yerda yashayotgan xonadon sohiblari tomonidan qurilgan muvaqqat karavotlar, istirohat joylari buzilayotgan ekan.

 – Men shu yerda yashayman, – deydi Xo‘jakent MFYga qarashli, Idrok ko‘chasida istiqomat qilayotgan xonadon sohibasi Inobat Hojiyeva. – Bugun ertalab tuman yer tuzish va kadastr, ekologiya idorasi vakillari kelib, bizga dam oluvchilar uchun daryo bo‘yiga o‘rnatilgan karavotlarni yig‘ishtirish kerakligini tushuntirib ketishdi. Hozir noqonuniy qurilmalarni buzib, muhofaza zonasi chegarasi bo‘lishini ta’minlayapmiz.

– Mana shu daryo suvi Chirchiq daryosi bilan qo‘shilib, poytaxtga kirib boradi, – deydi Xumson yo‘lidagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf qilish bo‘yicha mutasaddi, Toshkent viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Sattorov. – Chirchiqda unga ishlov berilib, tozalanadi, ichimlik suviga aylantiriladi. Bu ichimlik suvi Chirchiq shahri va poytaxt aholisini ta’minlaydi. Lekin to‘g‘risini aytish kerak, mana shu Ugom daryosi bo‘yiga qurilgan qanchalab hojatxona, oshxona, noqonuniy dam olish manzillarini buzdirishga to‘g‘ri keldi. Chunki bu yerga dam olishga kelganlar daryoda cho‘miladi, unga oshxona yuvindilarni tashlaydi, hojatxona axlati to‘g‘ridan-to‘g‘ri ­daryo­­ga oqiziladi. Poytaxtda esa aholi bu suvni iste’mol qiladi.

Xo‘jakent-Xumson yo‘nalishi bo‘yicha tinimsiz ishlayotgan ko‘plab texnika vositalarini ko‘rdik. Ishchilar yo‘l ustiga chiqib ketgan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etib, uning ikki chetiga suv oqishi uchun lotok o‘rnatishayapti. Yana keyinchalik yo‘lning bir tomoniga velosipedda yuradigan va sayr etadigan maxsus yo‘lak qurilishi mo‘ljallanayapti. Yo‘l bo‘yicha jami 55 xonadon qayta qurilib, zamonaviy holatga keltirilgan. Mablag‘i yo‘qlar hatto bo‘yoq, emulsiya singari qurilish ashyolari bilan ta’minlangan. Yo‘lning ikki tomoniga piyodalar uchun yo‘lak qurilayapti. Xo‘jakent-Xumson yo‘nalishi umumiy maydoni daryo qirg‘og‘idan 3 kilometr masofadan iborat yovvoyi turizm muhofaza zonasiga qo‘shilib ketadi.  Umuman olganda, Bo‘stonliq tumanida qo‘shni tumanlardan kelgan turli soha mutaxassislari hamda 5 ta yo‘nalishda 500 kishi mehnat qilayotgan ekan. Tumanning o‘zidan ham 300 nafardan ziyod quruvchi  va mutaxassis, 30 ga yaqin texnika qurilish va obodonlashtirish ishlariga safarbar etilgan ekan.

Yo‘l chetida pishiq g‘ishtdan qurilgan, yillar o‘tishi bilan nurab qolgan bino oldida uch-to‘rt kishi bahslashib turgan ekan.

– Men Chorvoq qo‘rg‘oni, Do‘stlik mahallasi, 7-uyda yashayman,  – deydi mazkur qurilmaning yarmini 1997 yilda sotib olgan Sobir Qanaqov. – Uni 2017 yilda kadastr qilganman. Lekin hozir qurilish qilishga mablag‘im yo‘q...

– Bu binoning yarmi onam Yo‘ldosheva Mavluda nomiga berilgan, –deydi o‘zini Rustam deb tanishtirgan yigit. – Ilgari pastda menga qarashli mashina yuvadigan moyka, kafe va do‘konim bor edi, davlatdan 150 million so‘m kredit olgan edim. Bu noturar joy davlat ehtiyoji uchun buzilgach, mana shu joyni onamning nomiga berishdi. Yo‘l yuzi bo‘lgani uchun kamida ikki qavatli bino qurishim kerak. Loyiham bor, lekin pulim yo‘q...

–Buzilgan noturar joy uchun bundan ikki yil avval sizga 300 ming so‘m tovon puli to‘langanku, – dedi Toshkent viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Jahongir Sattorov Rustamga. – Bu pulni nima qildingiz? Bundan tashqari, istasangiz, kredit olib beramiz, ishchi kuchi, texnika bilan ta’minlaymiz, qum, shag‘al, qurilish materiallari olib beramiz, deyapmiz. Biz tadbirkorlar tomonidan qo‘yilayotgan har qanday shartga rozimiz. Bu joy turistik marshrutdagi yo‘l yoqasida turibdi. Shuning uchun chiroyli, zamonaviy inshoot qurib qo‘ysangiz, bu yerga kelgan mehmonlar, sayyohlar ham xursand bo‘lishadi.

Biz mashinada Xumson tomonga ko‘tarilib borayapmiz. Ugom daryosi bo‘yiga tikka tushgan tepaliklarda har xil ko‘rinishda uylar qurib tashlangan. Daryo yoqasidagi yashil hududda qurilgan chorpoyalar, dam olishga kelgan aholi mashinalari, cho‘milayotgan odamlar ko‘zga tashlanadi.

– Shuncha ogohlantirishlarga qaramasdan, daryo qirg‘oqlarining ko‘pgina joylarida ana shunday holatlarni uchratish mumkin, – deydi Arslon Toshpo‘latov. – Tikka qiyaliklar tepasidagi uy-joylar esa tuproq ko‘chkisi ro‘y berishi mumkin bo‘lgan xavfli zonalarga qurilgan. Jiddiy sel keladigan bo‘lsa, ularning hammasi ko‘chki ostida qolib ketish xavfi bor. Shuning uchun bu uy-joylar joylashuvi yuzasidan ekspertlar, ekologlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari xulosalari olingan va ularning egalari bu haqda ogohlantirilgan. 

Chap tomonda, yo‘l yoqasidan 20-30 metr balandlikda, keskin tikka ketgan qiyalik tepasida taniqli bir xonanda tomonidan qurilgan salobatli binoda (saroy deb aytsa ham bo‘ladi!) har yili yangi yil shousi o‘tkazilib, unda ishtirok etgan qatnashchilar falon so‘mdan pul to‘lashar ekan. Arslon Toshpo‘latovning aytishicha, ana shu saroy ham noqonuniy qurilma deb topilibdi. Mazkur hududda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi guruhi tomonidan shanba-yakshanba kunlari dam olishga keluvchilarning shaxsini tekshiriish uchun daryo ustidan o‘tadigan ko‘prikda blokpost tashkil etilgan ekan. Har kuni ertalab 5 yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan ishchi guruhiga kunlik ish yuklamasi berilib, kechqurun hisob-kitob qilinar ekan.

Yo‘lda ketayotib, betakror manzara kasb etgan bir joyda yigit-qizlar to‘planib, suratga tushayotganining guvohi bo‘ldik. Ular o‘tgan zamon fe’li bilan aytganda, suratga, hozirgi davr tili bilan aytganda, selfiga tushishayotgan ekan. Tumanga kirib kelayotganda ham bir necha joyda ana shu holatga duch kelgan edik. Turistik marshrut loyihasida ana shular ham hisobga olinib, 12 joyda selfi maydonlarini tashkil etish, bunda turistlarning xavfsizligini ta’minlash ham ko‘zda tutilayotgan ekan.

Men dam olishga kelgan mehmonlar tomonidan olinadigan ijara uylari narx-navosi bilan qiziqdim. Aytishlaricha, bir kunlik to‘lov yaratilgan sharoitga qarab, 1 milliondan 5 million so‘mgacha borar ekan. Lekin shunda ham odam gavjum, ijaraga uy buyurtma berilmasa, dam oluvchining kelib o‘tirishga hojat yo‘q. Hozir eksperiment sifatida tuman soliq inspeksiyasi bo‘limi xodimlari dam oluvchilarning cho‘ntagiga, qilinadigan to‘loviga yarasha ijarada turish uchun kelishilgan narxlarda uy topib berar ekan. O‘z navbatida, qilingan mehnat uchun mablag‘ning 12 foizi soliq inspeksiyasi bo‘limi hisob raqamiga  tushar ekan. Bo‘lim xodimlari ijarachilar bilan o‘zaro ishonch asosida shartnoma tuzib, hamkorlik qilishar ekan. Agar mabodo ijarachi soliq xodimlarini aldaguday bo‘lsa, ularga 40 million so‘m jarima solinar ekan. Shuning uchun ijrachilar soliq xodimlari ishonchini suiiste’mol qilishmas ekan. 

O‘tgan davr mobaynida turizmni rivojlantirish va aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida “Mehmon uylar”ni ochish uchun xonadonlarni ijaraga beruvchi 429 nafar fuqaroning ro‘yxati shakllantirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan. 132 ta turistik obyektning to‘liq sanitariya-gigiyenik holati o‘rganib chiqildi.

– Tumanda juda ko‘p yurishga, ko‘p muammolarni bartaraf etishga to‘g‘ri kelayapti, – deydi Toshkent viloyat prokuraturasi fuqarolik sud ishlari yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i, katta adliya maslahatchisi, polkovnik Muhayyo Ashurova. – Ayniqsa, xatlovlarda aniqlangan qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan keskin choralar ko‘rilmasa, bo‘lmayapti. O‘rganishlarda noqonuniy qurilmalarni buzdirish bo‘yicha 396 ta holatda fuqarolarga ogohlantirish berildi, tuman hokimining yer maydoni ajratish va egalik huquqini berish haqidagi 50 ta noqonuniy qarorlari protest keltirish yo‘li bilan bekor qilindi. Sudlarga 109 ta da’vo ariza kiritildi, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 9 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shu kunlarda ko‘prlab telekanallarga, ijtimoiy tarmoqlarga intervyu beraverib, teleyulduz bo‘lib ketdi. Uni hamma taniydigan bo‘ldi

– Mahallamizda uch ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi, 868 xo‘jalik bor, – deydi Chimgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ­Joldibay­ Madiyev. – Shularning yarmidan ko‘pini yoshlar, maktab bolalari tashkil etadi. Lekin hozirgacha Navobod-Chimyon yo‘nalishi bo‘yicha piyodalar yo‘lagi yo‘q. Bolalar qishin-yozin torgina asfalt yo‘ldan maktabga qatnaydi. Asfalt tor bo‘lgani uchun transport qatnovi piyodalarga xavf soladi. Shanba-yakshanba kunlariniku, qo‘yavering, ko‘cha “probka” bo‘lib ketadi. Noqonuniy qurilishlar yo‘l ustiga chiqib ketgan, bu qurilishlarni qilganlarning mushugini birov pisht deyolmasdi. Yaxshiyam tumanni turistik zona qilish bo‘yicha kompleks ishlar boshlanib ketib, bunday noqonuniy qurilishlarga barham berildi, hujjatsiz qurilgan uylar buzib tashlandi.

Chimyon silga qarshi bolalar sanatoriysi hududidan bir paytlar 24 ta oila hech qanday hujjatlarsiz uy joy qurilishini boshlagan. Ularning ba’zilari bitgan, ba’zilari bitmagan. Bu holat bo‘yicha ham sud jarayoni davom etayapti.

  – Tumanda 69 ta mahalla fuqarolar yig‘ini bor, – deydi tuman mahalla, oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xavfsizlik bo‘yicha mutaxassisi Baxtiyor Qoraboyev.  – Navobod-Chimyon yo‘nalishi bo‘yicha ko‘cha chetidagi qurilishlar  qonuniy hujjatlar asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, ularga albatta tovon puli to‘lanayapti. Agar bu qurilishlar noqonuniy bo‘lsa, unda buzib tashlanayapti.

 – Mening 18 nafar nevaram, 12 nafar evaram bor, – deydi shu yerda dorivor giyohlar savdosi bilan shug‘ullanadigan Hayitbuvi ­Tosheva. – O‘tgan yili moshina qatnaydigan yo‘ldan kenja nevaramni maktabga yakka-yolg‘iz yuborishdan qo‘rqib, qish bo‘yi o‘zim olib borib, olib keldim. Mana endi, yo‘lning ikki chetidan piyodalar yo‘lagi qurilayapti, yo‘l kengaytirilayapti. Maktabga qatnaydigan nevaralarimizdan ko‘nglimiz xotirjam bo‘ldi.

– Mana shu terak ekilgan hududga egalik huquqi bo‘lgan bir tadbirkor yo‘l yoqasiga noqonuniy ravishda qurilish qildi,  – deydi tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ortiqboy Hamdamov. – Uni bir necha marotaba ogohlantirdik, iltimos qildik, foydasi bo‘lmadi. Nihoyat, Oliy sud sayyor majlisi qarori bilan bu qurilma buzib tashlandi. Umuman olganda, Navobod-Chimyon yo‘nalishi bo‘yicha yo‘l yoqasidagi 90 ta qurilma, 2 ta hech kim yashamaydigan turar joy binolari buzildi.

– Hozir yo‘l qurilish ishlariga tuman bo‘yicha 320 nafar ishchi, 30 ga yaqin turli texnika vositalari jalb etilgan, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari Tohir Mehriddinov. – Yo‘l tor bo‘lgan joylarni kengaytirayapmiz, chuqurliklarni tosh bilan to‘ldirib, greyder bilan surdirib chiqayapmiz. Yo‘lning kengligi avvalgi 3,5 metrdan 4,5 metrga uzaytirilib, uning chetida piyodalar uchun yo‘laklar va kechki sayr qilishga sharoitlar yaratilmoqda. 2020 yil davomida bu yo‘llarni ta’mirlash uchun davlat byudjetidan 40 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Hozir yo‘lning 8,5 kilometrlik qismida rekonstruksiya ishlari davom etayapti. 2020 yilda Bo‘stonliq tumanida jami 625 kilometr yo‘l ta’mirlanishi ko‘zda tutilmoqda.

 Navobod-Chimyon yo‘nalishida tuman prokurori, hokim va uning o‘rinbosarlarini uchratdik. Ularning har biri o‘zlariga biriktirilgan hududda obodonlashtirish-ta’mirlash ishlarini nazorat etmoqda.

  – Bu yerda bajarilayotgan ishlarning barchasi mahalliy byudjet hisobidan qilinayapti, – dedi tuman hokimi G‘ayratjon Madaminov. – Tan olish kerak, bu yerga ilgari tayinlangan hokimlar ham yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilishga qo‘l urishdan o‘zini tiygan. Chunki o‘zingiz bilasiz, birorta qilingan qurilish egasini so‘rab: "Bu kimniki?", deyilsa, "Falonchi amaldorniki!", deyilgan. To‘g‘rida! Ularning hujjati bormi, to‘g‘rimi-yo‘qmi, shuni ham so‘rashga botinisholmagan. Endi, to‘g‘risi, u davrlar o‘tdi,    

Ayniqsa, tumanning Yusufxona, Soyliq, ­Xondayliq hududlarida nihoyatda noqonuniy qurilishlar ko‘p. Ana shu ishlar bo‘yicha 6 ta jinoyat ishi ochilgan. Bitta mansbdor shaxs, 10 nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Endi, Chimyon silga qarshi bolalar sanatoriysi hududida hech qanday hujjatlarsiz egallangan 24 ta uy joy qurilishini qarang. Aslida yuqumli kasalliklar sanatoriysi atrofidagi ma’lum masofadagi hudud risk zonasi hisoblanadi. Har qanday holatda ham bu hududda sanitariya-gigiyenik holatga ko‘ra, uy joy qurishga ruxsat etilmaydi. Ya’ni, qo‘pol qilib aytganda, Xudo ko‘rsatmasin, shu risk zonasida yashayotganlarga kasallik yuqishi mumkin. O‘zi, hech birining hujjati yo‘q, lekin “bizga nisbatan nohaqlik bo‘ldi, uy joyimizni tortib olishdi”, deb shikoyat qilib bormagan joylari qolmadi ularning. Biz buni o‘zimiz uchun yoki birovga berish uchun emas, fuqarolarimizning sog‘ligini, kelajagini o‘ylab qilayapmiz. Buni tushunish kerak.

Hozir yuqori kuchlanishli elektr toki o‘tgan liniyalar ostida noqonuniy qurilgan 76 ta obyekt borligi aniqlandi. Shunda ham Prezidentimiz bu qurilishlarni qilgan fuqarolarni norozi qilmay, yuqori kuchlanishli tok liniyalarini boshqa tomondan o‘tkazish vazifasini qo‘ydi. Qarang, har qanday holatda odamlar manfaati o‘ylanayapti.

Xo‘jakent-Xumson, Navobod-Chimyon yo‘nalishidagi yo‘llarni tozalash, kengaytirish, noqonuniy qurilmalarni olib tashlash strategik ahamiyat kasb etadi. Chunki bundan ikki-uch yil oldin bu yo‘llardan kelib ketadigan dam oluvchilar va mahalliy aholi hisobidan bir daqiqada 20-30 ta mashina o‘tgan bo‘lsa, hozirgi paytga kelib, ular qatnovi o‘n baravarga ko‘paygan. Bu, albatta, birinchi navbatda hisobga olindi.

Tumanimizda ro‘yxatda qayd etilgan 63 ta amaldagi qabriston bor. Yana 30 tasi qadimiy bo‘lgani uchun hisobda turmaydi. Lekin qarang, ba’zi noinsof tadbirkorlar ilojini topib, qabriston va ziyoratgohlar ustiga ham turli savdo-sotiq shaxobchalarini qurishmoqda. Masalan, Navobod-Chimyon yo‘nalishida, Chorvoq suv omborining tepa tomonida qozoq xalqining ulug‘laridan bo‘lgan Ko‘kchaboy ota qabristoni bor. Bir paytlar ana shu yo‘lning ustiga savdo shaxobchasi qurish uchun bir tadbirkorga 4 sotix yer berilgan. U bunga qanoat qilmasdan, o‘zboshimchalik bilan qabriston hisobidan yerini kengaytirib, uni 15 sotix qilib olgan. Hozir bu yerda "555" yemakxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuning uchun yemakxonani buzib tashlash maqsadida sudga tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan da’vo ariza kiritildi. Endi ayting, nima qilish kerak, indamaylikmi? Ana shundaylar ham nohaqlik bo‘layapti, deb gap tarqatishadi.

– Ishchi guruhlar tomonidan tumanning Chimyon, Xo‘jakent va Navobod mahalla hududlari hamda G‘azalkent shahridan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 50 metr suv muhofaza mintaqasidagi turar va noturar obyektlar to‘liq xatlovdan o‘tkazildi, – deydi tuman prokurori Shuhrat Rahimov. – Ugom daryosining 50 metr suv muhofaza mintaqasidagi turar va noturar obyektlar xatlovi davom etmoqda.

O‘tkazilgan xatlovlarda aniqlangan qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘rganishlarda 408 ta turar va noturar bino egalariga amaldagi uy-joy, yer qonunchiligi talablari tushuntirilib, ularga noqonuniy qurilmalarni ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish xatlari berildi.

Tumanning Chimyon, Chorbog‘, G‘azalkent, Navobod, Xo‘jakent, Soyliq, Xondayliq hududlarida jami 592 ta holatda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari va qurilgan binolar aniqlanib, keskin choralar ko‘rildi.

Xususan, 207 ta holatda 26,7 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi va 385 ta holatda 1,13 gektar yer maydonida bino-inshootlar o‘zboshimchalik bilan qurilganligi aniqlanib, ixtiyoriy ravishda buzilishi va o‘z holiga qaytarilishi ta’minlandi.

Nazorat tadbirlari davomida “Chimgan” MFY, Yong‘oqsoy ko‘chasidagi “Toshkent-Chimyon 4R6” avtomobil yo‘li muhofaza mintaqasidagi noqonuniy qurilishlar buzilishi ta’minlandi.  

G‘azalkent-Chimyon avtomobil yo‘lining Glavasoy qishlog‘i hududidagi maktabning foydalanilmasdan turgan yaroqsiz holatdagi yordamchi binosi hamda ushbu hududga tutash joydagi fuqaro Q.Ergeshov tomonidan hujjatsiz foydalanib kelingan 0,05 ga. yer maydonida qurilgan chorva fermasi binosi to‘liq buzdirilib, yer maydoni obodonlashtirildi.

Bundan tashqari, Ugom daryosi qirg‘oqlarida joylashgan 68 nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan jami 121 ta temir krovat (tapchan), 15 ta hojatxona, 12 ta yozgi oshxona, basseyn, qishki oshxona, garaj, yashash uchun moslashtirilgan vagon uylar, omborxonalar buzildi. O‘zboshimchalik bilan o‘rab olingan 1,44 ga yer maydoni, 120 kv.metrli yozgi ayvon buzilib, tuman hokimligi zaxirasiga qaytarildi. 890 metr uzunlikdagi yo‘l atrofi, 0,45 ga yer maydoni chiqindilardan tozalanib, beton bardyurlar oqlandi, Chinor va Do‘stlik mahallalarida joylashgan 24 ta xonadonning tashqi ko‘rinishi va devorlari zamonaviy qiyofada bo‘yaldi.

Aytaversak, bunaqa misollar juda ko‘p. Ishchi guruhlar tomonidan hududni obodonlashtirish, aholi muammolarini hal etish va kommunikatsiya tarmoqlarini yanada yaxshilash bo‘yicha keng qamrovli ishlar bajarilmoqda.

Bo‘stonliq tumani Navobod mahallasidagi 2,25 gektar yer maydoni hujjatlari qalbakilashtirilib, “Mega blok invesnment” MChJga sotib yuborilganligi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fuqaro A.Jumaboyev 2017-2018  yillarda Chimyon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi lavozimida ishlab kelgan davrida Yong‘oqsoy hududidagi yer maydonlarini 16 million so‘m evaziga fuqarolarga sotib yuborgan. Mazkur holat yuzasidan JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tuman hokimining 1997 yil 17 noyabrdagi qarori bilan “Haydar” fermer xo‘jaligi rahbari X.Hayitboyevga “Xumson” QFY hududidagi ferma xususiylashtirib berilgan. Shu bilan birga 3 gektar yer maydoni doimiy muddatga foydalanish huquqi bilan berilgan.

Biroq, o‘rganishda yer maydonidan maqsadsiz foydalanilayotgani, bugungi kunga qadar agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmagani va yer maydonini o‘t bosib yotgani aniqlanib, tuman prokurorining 2020 yil 27 iyundagi protestiga asosan hokim qarori bekor qilingan.

“Xondayliq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan zaxira yerlaridan 2,5 ga yer maydoni fuqaro M.Alimovga bog‘ barpo etish va hududni obodonlashtirish uchun shartnoma asosida 10 yil muddatga ijaraga berilgan. Lekin hozir yer maydonida agrotexnik tadbirlar o‘rniga qurilish qilingan hamda yer maydoni beton devor bilan o‘rab olingan. Ko‘rilgan choralar natijasida, noqonuniy o‘rab olingan yer maydoni buzilishi ta’minlandi, tuman prokurorining protestiga asosan fuqaroga yer ajratish haqidagi qaror hokimning 2020 yil 25 iyundagi qarori bilan bekor qilinib, yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarildi.

 Bo‘stonliq tumani, “Soyliq” MFY. hududida joylashgan noturar joy bino va inshootlar tuman hokimining 2019 yil 28 dekabrdagi qarori bilan hech qanday asos ko‘rsatilmagan holda “Modern Arch Design” MChJga doimiy foydalanish uchun berilgan. Aniqlangan holat bo‘yicha tuman prokurori tomonidan 2020 yil 23 iyunda tuman hokimining.2019 yil 28 dekabrdagi qarorini bekor qilish haqida protest keltirildi. Natijada bu qaror tuman hokimining.2020 yil 25 iyundagi qarori bilan bekor qilindi. 

Shu o‘rinda Bo‘stonliq tumaniga kelib, yer maydoni yoki dala hovlisi sotib olish ishtiyoqida bo‘lgan shaxslarni, tadbirkorlarni hushyor bo‘lishga, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishdan ogohlantirmoqchiman. Bu yerdagi har qanday joyni sotib olishda albatta hujjatlarning to‘g‘riligini qayta-qayta tekshirib ko‘ring. Chunki eng ishonchli hisoblangan hujjat ham oxir-oqibatda qalbaki chiqib qolishi mumkin!

...Quyosh ufqqa qarab og‘a boshladi. Kun bo‘yi yurib, tumanni xalqaro va mahalliy turizm maskaniga aylantirish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lum bir tasavvurga ega bo‘ldik. Bo‘stonliqdan qaytayotib, "Xo‘jakent" sihatgohi yonida Toshkent viloyat prokurori Salom Samadov bilan uchrashdik.

– Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 dekabrdagi ?019-2021 yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risida»gi qarori bilan "Oltin xalqa" konsepsiyasi tasdiqlangan edi. Bu konsepsiya istiqbolli hududlarni yangi turizm yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bog‘liqlikda rivojlantirish, turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, taklif etiladigan turizm mahsulotlari turlarini kengaytirish, turizm sohasida aholi bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan, – dedi Toshkent viloyat prokurori Salom Samadov. – Uning doirasida dastlab turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Bo‘stonliq, Parkent, Zangiota, Ohangaron, Bo‘ka, Chinoz tumanlari va Angren shahri qamrab olinadi va keyinchalik viloyatning boshqa hududlariga ham tatbiq qilinadi. Bo‘stonliq tumanida yo‘llar va hududlar infratuzilmasini yaxshilash, ekologik qonunchilik ijrosini ta’minlash, hududning sayyohlik salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilayapti.

Bu ezgu ishlarning boshida Prezidentimiz turibdi, Tumandagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga juda ko‘p tashkilot va korxonalar jalb etilgan. Hukumat rahbarlari qilingan ishlardan doimo xabardor bo‘lib turibdi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerak, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 maydagi «Chorvoq erkin turistik zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan, hududda sayyohlarga zamonaviy sharoit yaratishga qaratilgan investitsiya loyihalari uchun joy olish, soliq va boshqalardan ko‘plab imtiyozlar belgilangan. Afsuski, ba’zi tadbirkorlar bu imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanmayapti. Respublika ishchi guruhi tomonidan ushbu hududda o‘tkazilgan monitoring natijalari ana shundan dalolat beradi. Maqsad – turizmni rivojlantirish, bu borada aholini tadbirkorlikka yo‘naltirish. Xalqimiz qancha boy bo‘lsa, davlatimiz shuncha mustahkam bo‘ladi.

Yillar davomida tumanning qurilish me’yorlariga zid bo‘lgan hududlari, tog‘ qiyaliklari, nishablik yoki yo‘llar, suv muhofaza hududlari fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, turli inshootlar qurib tashlangan. Bu bilan nafaqat tabiatga ziyon yetkazilgan, balki shu yerda yashayotgan aholiga ham noqulaylik tug‘dirilgan. Bundan tashqari, hududda xorijiy va mahalliy sayyohlarga zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yo‘q hisobi.

Shuning uchun "Oltin xalqa" konsepsiyasi asosida Bo‘stonliq tumanida eng zamonaviy turizm infrastrukturasi trendini yaratish maqsadida sayyohlar va dam oluvchilarga yanada qulay sharoit yaratish, yo‘llarni kengaytirish orqali tirbandliklarning oldini olish, eng muhimi, tabiatni asl holicha saqlash maqsadida respublika ishchi guruhi va sud qaroriga ko‘ra, barcha noqonuniy qurilishlarga barham berilmoqda.

...Suhbat asnosida yo‘lning narigi chetida to‘xtagan avtomashina e’tiborimizni tortdi. U birrov to‘xtadi, eshigi ochilib-yopildi, keyin yana yurib ketdi. Yo‘l chetida esa... mashinadan uloqtirib ketilgan ichimlik suvi idishlari hamda boshqa ichimlik qutilari yotardi.

– Har kuni shu ahvol, – dedi tuman hokimi G‘ayratjon Madaminov. – Obodonlashtirish, "Toza hudud" korxonalari har hududda sochib ketilayotgan maishiy chiqindilarni yig‘ib ulgurmaydi. Mening o‘zim ham har kuni ikki marta hududni aylanib, maishiy chiqindilarni yig‘ishtirib chiqaman. Ko‘rgan ko‘zga yomon, bu yerga har xil mehmonlar keladi, ularga "hozirgina falonchi moshinadan mana bu bo‘sh idishlarni yo‘lga uloqtirib ketishdi", deyolmaymiz. Shuning uchun men bu yerga dam olishga kelayotgan mehmonlardan iltimos qilardim: ozgina o‘zimizga, qilayotgan xatti-harakatimizga e’tiborli bo‘laylik. Maishiy chiqindilarni yo‘lga tashlab ketish, birinchidan, tabiatga nisbatan loqaydlik va farosatsizlik bo‘lsa, ikkinchidan, o‘zi qatori dam olishga kelayotgan insonlarga nisbatan hurmatsizlik bo‘ladi...

Mamlakatimizda turizm ravnaqi yo‘lida qilinayotgan har bir ish xalqning farovon hayotini ta’minlash bilan bog‘liq. To‘g‘ri, jannatmakon go‘shalarimiz, so‘lim oromgohlarimiz son-sanoqsiz. Bu borada endi-endi katta, eng peshqadam loyihalar asosida ishlar boshlanayapti. Zamonaviy turizmni rivojlantirish yo‘lida Bo‘stonliq tumanida amalga oshirilayotgan ishlar, jahon talabi darajasida binolar, mehmonxonalar barpo etish uchun ishlab chiqilgan rejalar ana shu olamshumul ishlarning debochasi. Bu faqat xorijlik sayyohlarni jalb qilishda emas, balki ichki turizm ravnaqida ham muhim qadam hisoblanadi.

Bo‘stonliq tumanida olib borilayotgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlar ko‘lamini ko‘z bilan ko‘rmasdan, nigohdan o‘tkazmasdan tasavvur qilish mushkul. Tozalanayotgan, poklanayotgan Ugom daryosining muzdek suvidan bir piyola ichib, ko‘ngilni xushlang, navqiron archazorlar qo‘ynida sayrayotgan bulbul navosidan ilhomlanib qo‘lingizga qalam oling. Ana shundagina bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan mehnat zalvorini his etasiz, idrok qilasiz. O‘zbekistonning Shveytsariyasi, deb nom olgan jannatmakon Bo‘stonliq bag‘rida yangi hayot boshlanayotganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Yaqin orada Bo‘stonliq jamoli boshqacha bo‘ladi, yanada obod, fayzli va go‘zal bo‘ladi.

 

Nurulloh DOSTON,

"O‘zbekiston ovozi" muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: