08.10.2019

JANNATIM, KO‘NGLIMGA EKKAN GULIMSAN

Sirdaryo viloyati agrar viloyatdan sanoati gurkirab rivojlanayotgan hududga aylanmoqda, obod va ko‘rkam bo‘lmoqda, chinakamiga bog‘u bo‘stonga aylanmoqda.

Sh. MIRZIYoYeV:

Ishonch bo‘lsa, harakat bo‘ladi, harakat bo‘lsa, natija bo‘ladi. Natija bo‘lsa, hayotimiz yaxshi bo‘ladi.

Kindik qoning tomgan muqaddas tuproq–ona Vatan haqida so‘z aytishga chog‘langaningda, beixtiyor ko‘nglingda nimadir tog‘day yuksalib, ko‘zlaringga yosh qalqqanini sezmay qolasan, entikasan. Zotan, o‘zing ulg‘aygan zaminning maysasi-yu, gulu giyohi, har bir daraxtining ildizlari yuragingga chirmashib ketgan.   Subhidamda yuzlaringni siypalagan nasim, har tong ko‘nglingga munavvarlik olib kirgan quyoshining haroratli yog‘dulari seni ezgu ishlarga da’vat qiladi.

Bugun Sirdaryo viloyatida amalga oshirilayotgan  o‘lkan bunyodkorlik ishlari, ayniqsa, navqiron Guliston shahrining bugungi jamoli ko‘zlarni quvnatadi, dillarni yayratadi.  Anvoyi gullarga burkangan so‘lim xiyobonlar, ravon ko‘chalar, mahobatli ko‘priklar, salobat bilan qad ko‘tarayotgan ko‘p qavatli turar-joylar binolari shaharning ko‘rkiga-ko‘rk qo‘shmoqda. Ikki yil muqaddam Gulistonda bo‘lgan odam bugun kelsa,  uning ko‘chalarida  hamrohsiz adashib qolishi hech gap emas.

Nafaqat Guliston shahri, balki, viloyatning barcha tumanlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli obodonchilik ishlari ko‘rgan ko‘zni quvnatadi. «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida Xovosda qurilayotgan 30 ta besh qavatli bino shaharcha qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi.  Ko‘p qavatli uylarda zamon talablari darajasida jihozlanayotgan kommunikatsiya, kanalizatsiya va boshqa tarmoqlar kompleks tarzda amalga oshirilmoqda.  Bunday bunyodkorlik ishlari Sayxunobod, Sirdaryo va Sardoba tumanlarida ham jadal davom etmoqda. Sayxunobod tumanidagi «Sayxun planet» savdo majmuasi   endilikda butun viloyat ahliga xizmat ko‘rsatmoqda. 

Mamlakatimiz Prezidentining alohida ­e’tibori va g‘amxo‘rligi, yaratilayotgan imkoniyatlar sharofati bilan Sirdaryo viloyati agrar viloyatdan ishlab chiqarish sanoati rivojlangan hududga aylanmoqda. Viloyatdagi ko‘plab qo‘shma korxonalarda, tadbirkorlik subyektlarida yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi muammolari bartaraf etilmoqda. Ayniqsa, chekka qishloqlardagi xotin-qizlarni, yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi katta–kichik mutasaddilarning diqqat e’tiborida turibdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan hayotga tadbiq etilgan, Sirdaryoda tug‘ilgan besh tashabbusning  mamlakatimiz bo‘ylab keng quloch otgani sirdaryoliklarni tamoman ruhlantirib yubordi. Ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlar qizg‘in davom etmoqda. Ayniqsa, eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlarni  ko‘plab ishlab chiqarish borasida bergan ko‘rsatmalari bugungi kunda Sirdaryo tumanidagi «Peng-sheng», «Mega Lyuks», «Sirdaryo universal oyna», Guliston shahrida joylashgan «Zinnur» O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonalari faoliyatini yanada jonlantirib yubordi. Endilikda ular viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda. Masalan, «Sirdaryo universal oyna» qo‘shma korxonasida xotin-qizlar va  yoshlar uchun 500 ta ish o‘rni yaratildi.  Ishlab chiqarayotgan mahsulotlari esa, xorijga eksport qilinmoqda. Guliston shahrida joylashgan «Best feyshn» O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasining trikotaj mahsulotlari, Sirdaryo tumanidagi «Reka-med-farm» korxonasida dori-darmonlar uchun maxsus shisha idishlar ishlab chiqarilmoqda. Ushbu korxonalarda asosan yoshlar xizmat qilmoqda.

Mirzaobod tumanida faoliyat yuritayotgan «Bek-Klaster» — ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish birlashmasi xotin-qizlarimizga ish o‘rinlari yaratish borasida  ibrat bo‘lmoqda. Sardoba tumanida bunyod etilgan «Sardoba suv ombori» minglab yoshlarni ish bilan ta’minladi. Ayni paytda, suv ombori sohillarida yangi  bog‘lar yaratilmoqda,   dam olish hududlari va oromgohlar barpo etilmoqda. Kelajakda bu dam olish maskanlari viloyatga kelayotgan xorijiy sayyohlarning e’tiborini tortadigan oromgohlarga aylanadi. Sirdaryo viloyatining o‘ziga xos tarixi, boy madaniy merosi, urf-odatlari va an’analari mavjud. Qadimiy Xovos tepaligida olimlarimiz olib borgan ilmiy izlanishlar, arxeologik qazishmalar vohamiz 2500 yillik tarixga egaligidan dalolat bermoqda. Ushbu maskan ham yaqin yillarda  turistik manzillar qatorida xorijlik sayyohlarda  katta qiziqish uyg‘otadi, deb o‘ylaymiz.

Xalq xo‘jaligining turli tarmoqlarini rivojlantirish uchun viloyatga xorij investitsiyasini jalb qilish masalasi doimiy e’tiborda. Shu yilning 22-23 avgust kunlari o‘tkazilgan I Xalqaro investitsiya forumi Sirdaryo tarixida yorqin iz qoldirdi. Unda 200 dan ortiq xorijiy kompaniyalarning rahbarlari ishtirok etdi. Mazkur forumning Sirdaryo viloyatida o‘tkazilishidan maqsad – O‘zbekistonni jahon hamjamiyatiga chuqur integratsiyalashuvini ta’minlash, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar sohalarda hamkorlik qilish, viloyatning iqtisodiy salohiyati, yaratilgan shart-sharoitlar va mavjud imkoniyatlar to‘g‘risida xorijiy hamkorlarga ma’lumotlar berish hamda iqtisodiyotimizning shaffofligini ta’minlashdan iborat edi.

Tadbir doirasida Sirdaryo viloyatining ichki imkoniyatlari hamda investorlarning e’tiborini jalb etuvchi ustuvor yo‘nalishlar quyidagilardan iborat bo‘ldi:

birinchidan, qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni ishga solish – paxtachilik klasteri, zamonaviy gidroponik issiqxonalar, intensiv bog‘lar, logistika markazlarini qurish, shuningdek chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik klasterlarini tashkil qilish;

ikkinchidan, sanoat sohasi, shu jumladan yengil sanoat, ipakchilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, kimyo sanoati va shu bilan birga muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantarish;

uchinchidan, turizm, shu jumladan, yangi mexmonxonalar, istirohat markazlari va boshqa turizm infratuzilmalarini rivojlantirish.

to‘rtinchidan, texnoparklar va xorijning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining filiallarini tashkil qilish, xususiy tibbiyot hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun davlat tomonidan istisno tariqasida taqdim qilinayotgan imtiyoz va preferensiyalar mavjud. Oxirgi ikki yarim yil davomida Sirdaryo viloyati sharoiti va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun davlatimiz rahbari tomonidan ko‘plab imtiyoz va qulayliklar taqdim etilgan. Investitsion forumda 200 mln. dollardan oshiq investitsion va eksport shartnomalari imzolandi.

Ushbu forumdan ilgariroq Italiya davlatidagi O‘zbekiston elchixonasining tashabbusi bilan joriy yil 9 iyun kuni Italiya davlati kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari viloyatimizga tashrif buyurgan edi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, o‘zaro madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, viloyatda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish va mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda investitsion loyihalarni amalga oshirishni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif davomida «Rim arxitektorlari» uyushmasi prezidenti Flavio Manjione kelajakda arxitektura, ishlab chiqarish texnologiyalari va turli kasb egalarining ko‘nikma va malakalarini oshirish bo‘yicha viloyatimizda o‘quv kurslari tashkil etib, doimiy ravishda o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qildi. Shuningdek, «Vivai Zanzi» kompaniyasi prezidenti Jiovanni Zanzi viloyatda intensiv bog‘dorchilikni tashkil etish maqsadida qisqa muddat ichida mazkur loyihaning biznes rejasi taqdim etilishi hamda ushbu loyihani samarali ishga tushirish uchun viloyat hududidan yer maydoni ajratish zarurligini ta’kidladi. Bundan tashqari viloyat hokimligi va «Rim arxitektorlari» uyushmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum, «Sirdaryo mebel fabrikasi» MChJ va «Klassimo» kompaniyasi o‘rtasida umumiy qiymati 1 mln. AQSh dollari bo‘lgan «Klassimo» brendi ostida mahalliy va xorijiy bozorlar uchun mebel mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida investitsiya shartnomasi imzolandi.

Bu yangilanishlar avvalo eng dolzarb masalalardan biri bandlikni hal etmoqda. Ikkinchidan, Prezidentimiz qo‘ygan muhim vazifa–eksportbob va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, o‘zimizning xomashyo va imkoniyatlardan foydalanib, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish, ko‘lamini keskin oshirish ta’minlanmoqda.

Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida Sirdaryo tumani «Istiqbol» mahallasida «Sirdaryo Baraka Chevarlari» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli 125 ish o‘rniga ega, zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozlangan yangi tikuvchilik korxonasi foydalanishga topshirildi. «ARGE FASHION» O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi tomonidan kiritilgan sarmoya hisobiga «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi barpo etgan zamonaviy binoga 100 dan ziyod tikuv mashinasi keltirib o‘rnatildi. Mazkur tikuv korxonasi ishga tushirilishi natijasida 125 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi. Tikuvchilik fabrikasida ayollar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan,   60 o‘rinli oshxona, 2 mahal yengil nonushta, 1 mahal tushlik bepul yo‘lga qo‘yilgan. Xodimlarning ishga kelib ketishlari uchun 2 ta zamonaviy rusumdagi avtobus bepul xizmat ko‘rsatadi. E’tiborlisi, bu yerda tikib, tayyorlanayotgan ayollar, bolalar va kattalar kiyim-kechaklari Rossiya davlatiga to‘liq eksport qilinadi.  Ana shunday tikuvchilik  korxonalari Xovos, Oqoltin, Sayxunobod tumanlarida ham ishga tushirildi. Bu korxonalarning har birida ish ikki smenada tashkil qilinib, jami 240 nafar ayol ish bilan ta’minlandi. Xuddi ana shunday tikuv korxonalari Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Sardoba tumanlarida ham qurib bitkazilgan, ish faoliyatini boshlash arafasida. Mana shu korxonalar to‘liq ishga tushirilsa, bu yil oxirigacha xotin-qizlar uchun 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

Besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar haqida gapirganda, viloyatda O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabining ish boshlaganligini aytib o‘tish o‘rinlidir. Ijod maktabiga 120 nafar iqtidorli o‘g‘il-qiz qabul qilindi. Ijod maktabi uchun qurilayotgan maxsus bino loyihasi uchun 7 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Unda farzandlarimizning yayrab bilim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo. Viloyat musiqali drama teatri yangidan ta’mirlanib, ishga tushirildi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limi tomonidan viloyat ijodkorlarining «Sayxun sabolari» nomli she’riy, «Sirdaryo mavjlari» nomli nasriy antologiyalari nashrga tayyorlandi. Ushbu antologiyalar «Ijod» jamoat fondi tomonidan nashr etilib, viloyatning oliy o‘quv yurtlari va maktablarning kutubxonalariga tarqatiladi. Shuningdek, «Sirdaryodagi ulug‘vor o‘zgarishlar» nomli badiiy-publitsistik to‘plam O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashrga tayyorlanmoqda.

Guliston shahrida istiqomat qiluvchi, Ikkinchi jahon urushi   qatnashchisi Bektursun ota Pirmatov shunday deydi:

– Yoshim yuzga borayapti, bugun Gulistonning jamolini ko‘rib, mamlakatimizdagi ulug‘vor yangilanishlarning guvohi bo‘lib, umrguzaronlik qilib yurganim uchun yaratganga behisob shukronalar aytaman. Men mana shu shaharning, viloyatimizning tarixini juda yaxshi bilaman, shahrimizning o‘rnida kapaday-kapaday qamishlar o‘sib yotardi. Qishda botqoq, yozda changi osmonni tutib yotgan ko‘chalari ko‘z o‘ngimda. Vokzalimizdagi temir yo‘l bekatida katta-katta harflar bilan «Golodnaya step» degan yozuv osilib turardi. Har ko‘rganda yuragim uvishardi. Mana bugun cho‘l o‘rnida muhtasham shaharlar qad ko‘tardi. Bu hammasi mustaqillik sharofatidan, muhtaram Prezidentimizning Sirdaryo viloyatiga bo‘lgan e’tibori natijasi deb o‘ylayman. Ilohim, bu ishlar bardavom bo‘lsin.

Muxtasar qilib aytganda, Sirdaryo vohasida ulug‘ o‘zgarishlar, yuksalishlar yuz bermoqda. Bu yuksalishlarning zamirida sirdaryoliklarning samarali, zahmatli mehnati, hamjihatligi va tashabbuskorligi yotibdi. Ular o‘z  mehnatlari rohatini ham ko‘rishmoqda, hayotlari farovonlashib bormoqda. Birgina maqolada Sirdaryo vohasida bo‘layotgan o‘zgarishlarni  bayon etmoq mushkul. Bugungi o‘zgarishlar haqida, bugunning qahramonlari haqida nasib etsa, hali katta asarlar yaratiladi. Bir paytlar «qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuygan» cho‘llarni o‘zlashtirgan ota-bobolarimiz bizlarga meros qilib qoldirgan voha bugun chinakam Gulistonga aylanib, gullarga burkandi. Biz ham o‘z farzandlarimizga dunyoning mashhur shaharlaridan qolishmaydigan muhtasham shaharlar, obod va shinam qishloqlar, gullarga cho‘milgan so‘lim xiyobonlar va ravon ko‘chalarni, madaniyat va istirohat muassasalarini – bir so‘z bilan aytganda, ozod va obod Vatanni meros qilib qoldiramiz.

 

Ko‘klamni cho‘llarga burgan elimsan,

Bir so‘zli, ahdida turgan elimsan,

Yaxshi-yomon kunni ko‘rgan elimsan,

Bolangman, erkalab yurgan elimsan

Jannatim, ko‘nglimga ekkan gulimsan.

 

Gaplashsang yuragi ko‘rinib turgan,

Ko‘nglingni olishga urinib turgan,

Fe’li daryosiday vazmin, sokinim,

Qosh-ko‘zday qadrdon dilga yaqinim

Onamsan, og‘amsan jon-u dilimsan

 

Oftob o‘pib o‘tar ayvonlaringni,

Iforin hovuchlab rayhonlaringni,

Kezib lolazorlar sayxonlaringni

Ta’rifin izlasam imkonlaringni

Oy kabi to‘linsan, gulday so‘limsan...

 

Hayotxon ORTIQBOYeVA,

O‘zbekiston Respublikasida

xizmat ko‘rsatgan

madaniyat xodimi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: