01.10.2019

O‘tgan 8 oy davomida 4,3 milliondan ortiq xorijlik sayyohga

854,5 million dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatilgan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda turizmni rivojlantirishda Prezident farmon va qarorlarining ijrosi xususida ma’lumot berildi.

— Respublikamizda turizm salohiyatini yanada oshirish, xorijiy ­sayyohlarni ko‘proq jalb qilish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi ­Abdulaziz Akkulov. – Xususan, mamlakatimizda ilk bor O‘zbekistonda 2019-2025 yillarda turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 2025 yilga qadar soha rivojining asosiy yo‘nalishlari, maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida yurtimizga joriy yilning o‘tgan 8 oyida 4,3 milliondan ortiq xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,7 foiz ko‘pdir. Sayyohlarga 854,5 million dollarlik turizm xizmatlari ko‘rsatildi. O‘tgan yilga qiyoslaganda turizm xizmatlari eksporti 28 foiz o‘sdi. O‘tgan davr mobaynida sohaga oid qator hujjatlar qabul qilindi. Viza rejimi tubdan isloh qilinib, soddalashtirildi. Qo‘shimcha tarzda yana 47 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim tatbiq etildi. Bugungi kunda elektron viza olish imkoniga ega mamlakatlar 77 tani tashkil etmoqda. Ikki va ko‘p marotabali elektron viza berish tizimi joriy etildi. Ushbu ko‘rilgan  choralar natijasida joriy yilning 8 oyida viza rejimi bekor bo‘lgan mamlakatlardan tashrif buyuruvchi turistlar soni o‘rtacha 56 foizga o‘sdi.

Bundan tashqari, turizm tarmog‘iga mablag‘larni keng jalb qilish maqsadida investorlarning mehmonxona qurilishi uchun sarflagan mablag‘larini Davlat byudjetidan qoplash bo‘yicha Nizom tasdiqlandi. Subsidiya ajratish jarayoni shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida esa mehmonxonalarning sertifikatsiya jarayoniga «KPMG Audit» va «Ernst Young» kabi nufuzli xalqaro kompaniyalar jalb etilgan. Dastlabki subsidiya joriy yilning oktabr oyida ushbu xalqaro kompaniyalar ishtirokida toifa olgan 6 mehmonxonaga ajratilishi kutilmoqda. Uch yulduzli mehmonxonalarning har bir xonasi uchun 40 million so‘m, to‘rt yulduzli mehmonxonalar uchun 65 million so‘m miqdorida mablag‘ davlat byudjetidan qoplanadi.

Aholini turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, bu borada yaratilgan imkoniyatlar natijasida respublika hududlarida 750 oilaviy mehmon uylari tashkil etildi.

Joriy yilning 8 oyida 3,8 ming xonaga ega jami 164 joylashtirish vositalari barpo etildi. Bugungi kunda 24 mingdan ortiq xonaga ega jami 1 ming 78 joylashtirish vositalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan

Yil yakuniga qadar 6,5 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foiz ko‘pdir.

Shuningdek, 2018 yilda 106 mehmonxona tashkil etilgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 800 dan oshdi.

Shu bois turizm faoliyatining asosiy subyekti sanalgan turoperatorlar soni 1 ming 400 dan ortadi. Bundan tashqari, sohada faoliyat olib boruvchi subyektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli yo‘nalishlarda ularni rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi tartiblar ishlab chiqiladi.

Yana bir yangilik, tadbirkorlik subyektlarining turizm sohasidagi innovatsion loyihalarini grantlar asosida moliyalashtirish, xorijiy kompaniyalarning mamlakatimizda amalga oshiriladigan kino loyihalari bo‘yicha xarajatlarning ma’lum qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplanishi, tadbirkorlarning tematik ovqatlanish punktlarini tashkil etishga yo‘naltiruvchi xarajatlarga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda yuqori turizm salohiyatiga ega qishloq, mahalla va ovullarga «turizm qishlog‘i», «turizm mahallasi», «turizm ovuli» maqomini berish ishlari ham davom etmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimiz turizm salohiyatidan to‘la va samarali foydalanish chora-tadbirlarini ko‘rayapmiz. Bu esa iqtisodiyotimiz yuksalishi, xalqimiz turmushi farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Anjuman davomida ko‘pgina ijtimoiy tarmoqlarda Registon maydonida, shunga o‘xshagan muqaddas sanaladigan joylarda bayram dasturlari o‘tkazilishi haqida e’tirozlar bildirilgani va bunga qo‘mita qanday qarashi haqida fikr so‘raldi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Akkulov qo‘yidagicha javob qildi:

— Samarqand ham, Buxoro ham faqatgina ziyoratgoh emas, omma uchun ochiq joy. Bunday hududlarga daromad manbai sifatida qaraladi, ularni maksimal darajada monetizatsiya qilish biz uchun muhim. Lekin diniy tomondan muqaddas hisoblangan nuqtalarda muayyan qoidalarga rioya etilishi zarur. Bu jihatlar ishlab chiqilayotgan nizomda qayd etiladi, albatta.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ziyorat turizmi bo‘yicha mas’ul vakili Saidkomil Xolxo‘jayev:

— Tabiiyki, mamlakatimizga faqat musulmon diniga emas, balki boshqa dinga e’tiqod qiladigan sayyohlar ham keladi. Shu bois turistlarning hozirgi kunda ham diniy an’analar amalga oshiriladigan binolarda ba’zida noodatiy harakatlar qilishlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushmoqda.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda nafaqat Islom, balki boshqa diniy muassasalarga ham sayyohlarning kirib-chiqishi, ust-boshi, o‘zini tutishi bilan bog‘liq qat’iy tartiblar ishlab chiqilmoqda. Bu tartib tegishli binolarning barchasiga taqdim qilinadi. Turistik kompaniyalarga ham yetkaziladi. Individual tarzda keladigan sayyohlar ham bunday tartib-qoida bilan tanishtiriladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi Behruz Hamzayev:

— Xivadagi minora fonida video tasviriga olingan bloger qizning hatti-harakatlari haqida ham e’tirozli fikrlar bildirildi. Bu haqda shuni ta’kidlash joyizki, o‘sha qiz o‘z blogi orqali sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilgan, shuning uchun ham shunaqa video olingan. U tushgan video yoga targ‘iboti. Ochiq kiyim emas, sport nuqtai nazaridan talab etilgan elastik kiyimda bo‘lgan. U turgan joy diniy xarakterga ega bo‘lgan bino emas. Unga har bir joyga borganda nimalarga e’tibor berishi kerakligi haqida ma’lumot berilgan. Talab etilgan joyda kerak bo‘lsa, ro‘mol ham o‘ragan.

O‘zbekiston faqatgina keksa avlod vakillari, ya’ni buvijon va bobojonlar sayohatga keladigan mamlakat emas. Bu yerga yoshlar, zamonaviy odamlar ham keladi. Kelgan blogerlar nojo‘ya tasvirlarni tarqatishgan hollarda aloqaga chiqib, tushuntirib, suratlarni oldirtirganmiz. Biz ham bunga e’tibor beramiz. Lekin yurtimizga kelayotgan har bitta turistga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishimiz lozim. Yana shuni qo‘shimcha qilib aytmoqchi edim. Bu bloger qiz Avstraliyadan kelgan bo‘lib, uning ijtimoiy tarmoqlardagi obunachisi 6 mingdan ko‘proqni tashkil etadi. Qolaversa, ushbu davlat aholisi juda boy hisoblanib, ular ko‘pincha boshqa davlatlarga sayohat qilishni xo‘sh ko‘rishadi. Ushbu bloger qiz tasvirini ko‘rgan qanchalab yoshlar O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirayotgan bo‘lishlari mumkin.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: