30.07.2019

Qonunchilikdagi yangiliklarga bag‘ishlandi

Dunyoda kuniga 4 ming nafardan ortiq, O‘zbekistonda esa 14 kishi

gepatitning V va S turi bilan kasallangani oqibatida vafot etmoqda

Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti hamkorligida mamlakatimizda gepatit kasalligi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar hamda shifokorlar ishtirok etdi.

Tadbirda bugungi kunda dunyo miqyosida virusli gepatitning V va S turi bilan kasallanish ko‘payayotgani hamda gepatit V o‘z vaqtida aniqlanib davolanmasa, jigar sirrozi va gepatotsellyulyar karsinoma, ya’ni jigar saratoni kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, virusli gepatitning S turi bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha samarali dori vositalari amaliyotga kirib kelgan bo‘lsa-da, bu usulda davolash xarajatlari yuqoriligi sababli dun­yodagi ko‘pchilik mamlakatlar aholisi bu imkoniyatlardan foydalana olishi imkoniyatiga ega emas. Qolaversa, noyob va zamonaviy tibbiy amaliyotlardan biri — jigar transplatatsiyasi o‘tkazilishi imkoniyati ham cheklangan. Shunday sharoitda eng samarali va maqbul yo‘l gepatitlarning oldini olish va bu yo‘nalishda tibbiy-profilaktika ishlarini rivojlantirish, aholining barcha qatlamini tizimli tibbiy-sanitariya yordami bilan qamrab olishdir.

— 2001 yildan mamlakatimizda virusli gepatitning V turiga qarshi emlash amaliyotga kiritilgani va shu davr mobaynida emlangan aholi qatlamida virusli gepatitning V turi umuman qayd etilmayapti, — deydi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori, professor ­Erkin Musaboyev. — Respublikamizda hozirda 17-18 yoshga yaqinlashgan yigit-qizlarning birontasida ham virusli gepatitning V turi yo‘q. Lekin ming afsuski, bu kasallik yoshi katta odamlar orasida uchrab turibdi. Albatta, buning o‘ziga xos sabablari bor. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan O‘zbekistonda virusli gepatitning S turi bilan kasallangan bemorlarni bosqichma-bosqich davolash uchun davlat byudjetidan 42 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Yana shuni mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, AQShning nodavlat fondi Centerfor Disease Analysis Foundation (CDAF) tashkiloti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida yangi loyihani, ya’ni «O‘zbekistonda gepatitlarni bartaraf etish dasturi»ni amalga oshirish arafasida turibmiz. Ya’nikim, gepatit V va S bilan kasallangan bemorlarni kasallikning ilk bosqichlarida aniqlash maqsadida skrining ishlarini samarali tashkil etish uchun O‘zbekiston tibbiyotiga 1,02 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etildi. Shuningdek, aholi sog‘lig‘ini asrash, gepatit kasalliklari oldini olish maqsadida AQShning Centerfor Disease Analysis Foundation (CDAF) jamg‘armasi bilan hamkorlikda virusli gepatit V va S ning oldini olish bo‘yicha 2019-2020 yillarga mo‘ljallangan maxsus loyiha ishlab chiqildi.

Dastavval loyiha ishchi guruhi tuziladi, so‘ngra, loyihada ishtirok etadigan oilaviy poliklinikalar tanlab olinadi. Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti olimlari va malakali mutaxassislarini jalb etgan holda tibbiy-maslahat markazi tashkil etiladi va tadbir ishtirokchilari uchun seminar-treninglar o‘tkaziladi.

Ushbu loyiha, ya’ni «O‘zbekistonda gepatitlarni bartaraf etish dasturi» muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, kelgusida jigar kasalliklarining oldini olishga muvaffaq bo‘lamiz. Asosiy maqsadimiz ushbu kasallikka chalingan bemorlarni skrining tekshiruvidan o‘tkazish orqali aniqlash hamda davolashdir. Mana shu jamg‘arma ko‘magida O‘zbekiston sharoitida birinchi bo‘lib, Toshkent shahrida va keyinchalik respublikamizning qolgan hududlarida virusli gepatitning V hamda S turiga barham beriladi.

Tadbirda AQShlik mutaxassis, CDA Foundation jamg‘armasi direktori Homi Razavining aytishicha, ya’ni (ushbu ma’lumotlar nodavlat tashkilotlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlari hisoblanadi) hozirgi kunda dunyo bo‘ylab har yili 1,5 million, kuniga 4 ming nafardan ortiq, har 4 sekundda esa bir odam, ­O‘zbekistonda esa kuniga 14 odam aynan gepatit kasalligi oqibatida vafot etyapti. Shu boisdan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2030 yilgacha 90 foiz diagnostika bilan qamrab olishni, diagnoz qo‘yilganlarning 80 foizi davolanishini rejalashtirmoqda. Buning natijasida yangi kasallanishlar 80 foizga, o‘lim holatlari 60 foizga kamayishiga erishiladi.

— Yana shuni ma’lumot o‘rnida aytishim mumkinki, — dedi Homi ­Razavi — ushbu loyiha doirasida 20 foiz bemorga, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va nogironlarga dastlabki bosqichda davolanish uchun dorilar bepul, qolgan 80 foiziga esa imtiyozli narxlarda taqdim etiladi.

Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, professor Erkin Musabayevning fikricha, respublikamizda mazkur loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi natijasida  33 ming jigar raki, 15 ming 300 sirroz, 20 ming o‘lim holatlari oldi olinishiga erishiladi.

Shundan so‘ng jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga Erkin ­Musaboyev javob berdi.

— Nima sababdan dunyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, AQShning Centerfor Disease Analysis Foundation (CDAF) jamg‘armasining yangi loyihasi, ya’ni virusli gepatit V va S ning oldini olish bo‘yicha O‘zbekistonni tanladi? Bizda ushbu gepatitlar bilan og‘rigan bemorlar shunchalik ko‘pmi?

— Ushbu jamg‘arma, aynan bizning yurtimizni tanlaganligining boisi, bugungi kunda shaxsan Prezidentimiz tomonidan sog‘liqni saqlish sohasiga, ayniqsa, aholi salomatligiga qaratilayotgan jiddiy e’tibor tufaylidir.

— Dorilarning bemorlarga 20 foiz bepul beriluvchilar toifasi qanday mezonlarga qarab aniqlanadi? Umuman, loyihada ko‘zda tutilgan dori-darmonlar qimmat emasmi?

— 20 foizi bu ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar va nogironlar toifasidir. Ular respublikamizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali olingan ma’lumotlar asosida shakllantirilgan ro‘yxat asosida aniqlanadi. Qolganlarga dorilar 40-60 foizgacha arzon narxlarda beriladi. Faqat buning uchun bemorlar alohida retsept bilan maxsus dorixonalardan xarid qilishlari lozim bo‘ladi.

— O‘zbekiston sharoitida birinchi bo‘lib, nimaga loyiha Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda? Respublikamizning boshqa hududlarida emas?

— Bunga sabab boshqa viloyat, tuman, shaharlarga qaraganda aynan poytaxtimizda virusli gepatit V va S bilan og‘rigan bemorlar ko‘proqni tashkil etadi. Shu boisdan ham tajriba sifatida birinchilardan bo‘lib Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi markaziy 51-52-poliklinikalardan boshla­nadi va bosqichma-bosqich butun respublikamiz ­miqyo­sida davom ettiriladi.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


PREZIDENT  FARMONI

ijrosi ta’minlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan respublikada inson huquqlari himoyasi, diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning may oyida Prezidentning sa’y-harakatlari va tashabbuslari bilan Ramazon oyida Suriyadan 156 nafar O‘zbekiston fuqarolari Vatanga qaytarilgani bu insonparvar ishlarning yana bir yorqin misoli bo‘ladi.

Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi, bu ishlar hozirda davom ettirilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 2018 yil 19 sentabr kuni qabul qilingan farmonida terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish orqali ularni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi belgilab berildi.

Shu bilan birga, terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tasdiqlanib, Ichki ishlar vazirligi komissiyaning ishchi organi etib belgilandi.

Joriy yilning birinchi yarmida ishchi organga Farmon asosida jinoiy javobgarlikdan ozod etish so‘ralgan 33 ta murojaat kelib tushgan.

Ularning 16 tasi Farmon talablariga mos kelmagan, 8 tasi ishchi organ tomonidan o‘rganilmoqda, qolgan 9 tasi bo‘yicha tavsiyaviy ma’lumotlar tuzilgan.

2019 yil 2 iyul kuni Idoralararo komissiyaning yig‘ilishi o‘tkazilib, unda 9 nafar shaxsning murojaati muhokama qilindi.

Muhokama natijasiga ko‘ra, 5 nafar fuqaroni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish, 3 nafar shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni rad etish haqida komissiya xulosalari tuzildi.

Insonparvarlik prinsiplaridan kelib chiqqan holda, 1 nafar (ayol) shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish masalasi qayta o‘rganish uchun ishchi organga qaytarildi.

Joriy yilning 16 iyul kuni komissiya yig‘ilishida jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan 1 nafar shaxs Turkiya davlatidan O‘zbekistonga ota-onasi va oilasi bag‘riga qaytib keldi.

Jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan yana 4 nafar shaxsni ham yurtimizga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.

Komissiya tomonidan Farmon ijrosini ta’minlash ishlari davom etmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi.


Yer uchastkalarini olib qo‘yishda

kompensatsiyaning quyidagi turlari
amalga oshiriladi

— fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan boshqa teng qiymatli obod turar joyni mulk qilib berish va dov-daraxtlar qiymatini to‘lash;

— buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga to‘lash, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;

— yer uchastkasini o‘zlashtirish davrida 2 yilgacha muddatga ijaraga vaqtincha uy-joy berib, buzilayotgan uylar, imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini to‘liq to‘langan hamda yetkazilgan boshqa zararlarni qoplagan holda, fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berish;

— yer uchastkasi olib qo‘yilishi oqibatida yuridik shaxslarga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berish yoki ko‘chmas mulkning bozor qiymatini va yetkazilgan zararlarni qoplash;

— yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararlarni to‘laligicha qoplash;

— fuqarolarga va yuridik shaxslarga tegishli buzilishi kerak bo‘lgan uylar, imoratlar va inshootlarni ko‘chirish va yangi joyda tiklash, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash;

— yangi joyda uylar, imoratlar qurish hamda ularni fuqarolar va yuridik shaxslarga mulk qilib berish, shuningdek, yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash.

 

Mehnatga layoqatsizlik

varaqasi berishga kim haqli emas?

Quyidagi muassasalarning shifokorlari mehnatga layoqatsizlik varaqasi berishga haqli emas:

— tez tibbiy yordam va qon bilan ishlash xizmati;

— shifoxonalarning qabul bo‘limlari;

— sud-tibbiy ekspertiza muassasalari;

— pansionat va sanatoriy-kurortlar, sil kasalliklari sanatoriyalari bundan mustasno;

— fizioterapiya, davolash fizkulturasi va sport tibbiyoti ixtisosliklari bo‘yicha tibbiy muassasalar.

 

Voyaga yetmagan shaxslarga

yuk ko‘tarish va tashish normasi chegaralangan

16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarning ish vaqti faqat yuklarni qo‘lda ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlardan iborat bo‘lganda, ular uchun yuk ko‘tarish va tashish normasining chegarasi 4,1 kg dan og‘ir bo‘lmasligi, shuningdek, ular aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishlariga jalb etilmasligi lozim.

 

Ish haqi, nafaqalar, stipendiyalarni

asossiz kechiktirish jarima solishga
sabab bo‘ladi

Xo‘jalik yurituvchi subyektlarga va boshqa tashkilotlarga ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan o‘zga to‘lovlarni to‘lash uchun pul mablag‘lari berishni bankning mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan asossiz ravishda kechiktirish 4 054 600 so‘mdan 8 109 200 so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

 

Adliya vazirligining telegramdagi

«Huquqiy axborot» kanali.


XOTIN-QIZLAR IJTIMOIY-SIYoSIY FAOL BO‘LSA,

mamlakat taraqqiy etib, xalqning farovonligi oshadi

Dunyoda ayollar sha’niga aytilgan, ayol zotini ulug‘lovchi so‘zlar ko‘p, hikmatlar ko‘p. Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev joriy yil 21 iyunda Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida so‘zlagan nutqida jamiyatda «Shaxs-Oila-Jamiyat-Davlat» degan tushuncha va qadriyatlar nechog‘li muhim o‘rin tutishiga alohida e’tibor qaratar ekan, «Ayolga bo‘lgan hurmat-e’tibor — bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga bo‘lgan hurmat-e’tibor ifodasidir», deb ayol zotiga yuksak ta’rif berdi.

Haqiqatan ham, ayol eng yuksak e’zoz va e’tiborga munosibdir. Hadisi shariflarda ayollar xususida ko‘plab rivoyatlar mavjudki, ularning barchasida ayollarga yaxshi munosabatda bo‘lgan kishi eng yaxshi fazilatlarga ega inson sifatida ta’riflanadi. Imom Termiziy «Sizlarning yaxshilaringiz ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lganingiz. Men sizlarning orangizdagi ahli ayoliga yaxshi munosabatda bo‘lguvchingizman», degan muborak Hadisni yozib qoldirgan.

Xalqimiz qadim-qadimdan  xotin-qizlarimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatib kelgan. To‘maris va Bibixonim, Gulbadanbegim va Zebunniso, Nodirabegim va Anbar otin kabi oqila momolarimiz ayol zotining jasurligi, aql-zakovati timsoli bo‘lishgan. Ular Vatan himoyasida, ilm va ma’rifatda, davlat boshqaruvida faol ishtirok etishgan.

Yurtimizda ushbu an’ana izchil davom etmoqda. Bu haqda so‘z borganda, ko‘plab vatanparvar, fidoyi opa-singillar haqida to‘xtalish mumkin. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, ta’lim tizimining jonkuyar faoli va yoshlarimizning mehribon ustozi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining a’zosi Dilshodaxon opa Dadajonovani ulardan biri, deb hisoblayman.

Dilshodaxon opa Andijon tumanida tug‘ilgan, 1966 yili, ya’ni 17 yasharligida  Rossiyaning Kuban davlat universitetiga o‘qishga kirgan. Bu yerda 1971 yilgacha tahsil olib, o‘qituvchi va siyosatshunos mutaxassisliklarini egallagan.

So‘ngra yurtimizga qaytib, uzoq yillar Namangan viloyati Pop tumanida maktablarda o‘qituvchilik qildi.

Dilshoda opa ko‘p yillar davomida Pop tumani, keyinchalik Namangan viloyati yoshlar va partiya tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. O‘zbekiston Yoshlar qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida faoliyat olib borgan, 1985-1987 yillarda birga ishlaganmiz.

O‘sha davrda Dilshodaxon Dadajonova timsolida o‘zbek ayoli rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritish asnosida o‘zining iqtidori va salohiyatini namoyon qilishga qanchalik munosib ekaniga qat’iy amin bo‘lganman. Dilshodaxon opani olima sifatida ham yaxshi bilaman va hurmat qilaman.

U 1983-1985 yillarda Moskvadagi Ijtimoiy fanlar akademiyasining aspiranturasida tahsil olgan. Shundan keyin izchil tadqiqotlar olib borib, tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini yoqlagan.

Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki davrida Dilshodaxon Dadajonova Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, keyinchalik viloyat xalq ta’limi boshqarmasining boshlig‘i bo‘lib ishladi.

Qanday lavozimda ishlamasin, yurtimiz ravnaqi yo‘lida o‘z bilim va tajribasi, iqtidor va salohiyatini namoyon etishga hamisha intilib keldi.

Birgina misol: Dilshodaxon opaning sa’y-harakatlari tufayli Namangan viloyatida iqtidorli bolalarning litsey-internatlari soni 21 taga yetkazilgan. Bu o‘quv muassasalari bitiruvchilarining 85-97 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan.

Dilshodaxon Dadajonovaning mehnat faoliyati davomida viloyatdagi ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlangan. Maktablarni toza ichimlik suv bilan ta’minlash, isitish tarmoqlarini tabiiy gazga ulash, telefon tarmoqlarini ko‘paytirish, o‘quv sinflarini zamonaviy komputer texnikasi bilan jihozlash, yangi sport maydonlari qurish ishlariga e’tibor kuchaytirilgan. 1998-2011 yillarda birgina Namangan shahrida 5 ta yangi maktab bunyod etilgan. Barcha o‘quv muassasalariga homiy tashkilotlar biriktirilib,  har yangi o‘quv yilida maktablarni barvaqt va sifatli ta’mirlashga erishilgan. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalar farzandlari bepul darsliklar va o‘quv qurollari bilan muntazam ta’minlangan.

Hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda. Chunki 7,7 milliard kishidan iborat dunyo aholisining qariyb 51 foizi ayollardan iborat. Jahon xotin-qizlari orasida 14 yoshgacha bo‘lganlar – 9,7 foiz, 15-19 yoshgacha bo‘lganlar – 10 foiz, 60 va undan yuqori yoshdagilar  7 foizni tashkil etadi.

Bu ko‘rsatkichlarni O‘zbekiston misolida ko‘radigan bo‘lsak, hozirgi vaqtda 33,5 milliondan ortiq aholimizning qariyb 50 foizi xotin-qizlardir. Ular orasida 14 yoshgacha bo‘lganlar – 29 foiz, 15-30 yoshgacha bo‘lganlar – 28 foiz, 31-45 yoshlilar – 21 foiz, 46-60 yoshlilar – 15 foiz va 60 dan yuqori yoshdagilarning miqdori 7 foiz.

Sayyoramizda yashaydigan ayollarning 5 foizi yuqori boshqaruv lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich qancha? Biz bu borada dunyo mezonlaridan oldindamizmi yo ortda qolayapmizmi?

Yana raqamlarga murojaat qilamiz: bugungi kunda yurtimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 388 nafar ayol rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Shundan 39 nafari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida, 45 nafari vazirlik va idoralarda faoliyat yuritmoqda.

Oliy Majlis Senatida – 17 nafar senator, Qonunchilik palatasida – 21 nafar deputat, mahalliy Kengashlarda esa 23 foizdan ziyodi deputat xotin-qizlardan iborat.

Yurtimizdagi turli korxonalardagi rahbar ayollar miqdorida ham o‘sish kuzatilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2017 yili 44,2 foiz bo‘lgani holda, 2019 yilning o‘tgan davrida 45,3 foizga yetgan.

Iqtisodiyot sohasida agar tadbirkor ayollar jami tadbirkorlik subyektlarining 29 foizini tashkil etsa, fermer xo‘jaligi rahbarlarining 5,4 foizi ayollar ekan.

Siyosat bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlar 1 ming 837 nafarni tashkil etadi.  Kasaba uyushmalari jami a’zolarining 48 foizi ayollar. Shuningdek, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zolarining 40,8 foizi; Xalq demokratik partiyasi a’zolarining 49 foizi; «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi a’zolarining 44,7 foizi; «Milliy tiklanish» partiyasi a’zolarining 47,6 foizi; O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zolarining 36,9 foizi ayollar hisoblanadi.

Sud tizimida ishlayotgan xodimlarning 12,4 foizi ayollar, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizdan ziyodni, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at sohalarida 72 foizni, qishloq xo‘jaligida 45 foizdan ortiqni, sanoatda 38 foizni xotin-qizlar tashkil etadi.

 Bu raqamlardan xulosa qilib,  «O‘zbekiston xotin-qizlari – Vatanimiz insoniy salohiyatining oltin fondidir», desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi. Dilshodaxon Dadajonova ham ana shu oltin fondimizga bevosita mansubdir.

 BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh joriy yil 11-17 mart kunlari bo‘lib o‘tgan BMT Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha komissiyasining 63-sessiyasida qayd etganidek, «Qayerdaki siyosat va ijtimoiy hayotda xotin-qizlar faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, o‘sha joyda iqtisodiyot o‘smoqda, barqarorlik mustahkamlanmoqda va fuqarolarning farovonligi yuksalmoqda».

O‘z navbatida, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) Ijrochi direktori N.Kan keyingi yillarda O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish, xotin-qizlarni rag‘batlantirish, gender tenglik va reproduktiv salomatlikni ta’minlash borasida muhim o‘zgarishlar amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

Yevropa va Markaziy Osiyo uchun «BMT-Ayollar» tuzilmasi mintaqaviy rahbari A.El-Yasir ham O‘zbekiston hukumati ayollarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish yo‘lida amaliy choralar ko‘rayotganini yuksak baholadi.

O‘zbekistonning xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi siyosatining xalqaro darajada e’tirof etilayotgani bejiz emas. Zero, Harakatlar strategiyasida xotin-qizlarning mamlakat hayotidagi munosib o‘rnini belgilab berishga va jamiyatdagi mavqeini yanada yuksaltirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ko‘zda tutilgan.

Ayni chog‘da, bu boradagi ezgu ishlar samaradorligini yanada oshirish uchun hali ko‘p ish qilish talab etiladi. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, «Biz uzoq vaqt bu masalaga yetarlicha e’tibor bermasdan, hurmatli opa-singillarimizning dardu tashvishlariga beparvo qarab kelganimiz tufayli yillar davomida to‘planib qolgan ijtimoiy muammolarni hal qilish bugun, ochig‘ini aytish kerak, oson bo‘lmayapti».

Prezidentimiz tomonidan ayollar va oilaga e’tibor bilan bog‘liq ushbu g‘oyat muhim masala aynan parlamentning yuqori palatasi yalpi majlisi muhokamasiga havola etilgani bejiz emas. Binobarin, Senat mamlakatimiz barcha hududlarining vakillik organidir.

Bugun zamonning o‘zi barchamizdan yurtimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasidagi islohotlarning nafaqat ishtirokchisi, balki tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishni, boshqalarga namuna ko‘rsatishni talab etmoqda. Shu ma’noda, avvalambor, yurtimiz xotin-qizlarining siyosiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish maqsadida Oliy Majlis va mahalliy Kengashlarga oqila va yetuk ayollar imkon qadar ko‘proq deputat va senator bo‘lib saylanishlariga e’tibor qaratish lozim.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «Parlamentga va mahalliy Kengashlarga saylanadigan ayollar sonining o‘sishi qonun ijodkorligi jarayonida xotin-qizlarning manfaatlari va fikrlarini hisobga olish imkoniyatini beradi. Shuningdek, davlat byudjeti shakllanishida gender tengligi masalalarini inobatga olish mumkin bo‘ladi».

BMT ma’lumotlariga qaraganda, parlamentlarda ayollarning vakilligi butun dunyoda o‘sib bormoqda. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda 24,3 foizni tashkil etgan. Dunyodagi  mavjud parlamentlarning 279 palatasidan 55 tasida, ya’ni 19,7 foizida ayollar rahbardir. Masalan, Nonsi Pilossi – AQSh Vakillar palatasi spikeri hisoblansa, Valentina Matviyenko – Rossiya Federatsiya Kengashi raisidir. 

Mana, yaqinda O‘zbekistonda Senat raisligiga Tanzila Norboyeva saylandi. Bu voqea yurtimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ayollar ishtiroki faollashayotganini ko‘rsatadi.

Statistika ma’lumotlari o‘z parlamentlari va hukumatlarida ayollar 25-30 foizdan kam bo‘lgan davlatlar onalik va bolalikni muhofaza qilish, bola huquqlari, ijtimoiy muhofaza muammolarini hal etishda qiyinchiliklarga duch kelayotganligini ko‘rsatmoqda.

Shunday ekan, jahon demokratik amaliyotiga uyg‘un ravishda mamlakatimiz saylov qonunchiligida belgilangan vakillik organlarida xotin-qizlar uchun 30 foizlik kvotadan to‘g‘ri foydalanish, fikrimizcha, milliy manfaatlarimizga ham, xalqaro andozalar talablariga ham to‘la javob beradi.

Shu bilan birga, Prezidentimizning yaqin vaqt ichida «Erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risida» hamda «Ayollarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilishga doir takliflari ham nihoyatda dolzarb. Nega deganda, xalqaro andozalar talablari doirasida 2018 yili yurtimizda ayollar ahvolini tubdan yaxshilashga doir 15 ta normativ-huquqiy hujjat imzolangani holda, qonun ijodkorlari tomonidan bu borada bironta qonun qabul qilinmagan.

Davlatimiz rahbari ushbu tashabbuslarni o‘z vaqtida va to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun qaysi masalalarga e’tibor qaratish maqsadga muvofiqligi xususida atroflicha so‘z yuritib, «Avvalo, oilani mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ayollarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy va madaniy hayotda ayollarning ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qonun ijodkorligi va parlament nazoratini kuchaytirish lozim», dedi.

Shuningdek, ayollarni ish bilan ta’minlash, xotin-qizlarning zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish kerak.

Bundan tashqari, ayollar sog‘lig‘ini mustahkamlash, oilalarning tibbiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish, joylarda, xususan, mahallalarda xotin-qizlar o‘rtasida olib borilayotgan ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish zarur.

Shu bilan birga, mehr-oqibatli, oqko‘ngil ayollarimizga mutlaqo yarashmaydigan salbiy illatlar, ya’ni xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklar, jumladan, jinoyatchilik,  odam savdosi, oilaviy ajrimlar, erta nikohlarning, o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish doimiy e’tibor markazida bo‘lishi darkor.

Bu jarayonlarda, fikrimizcha, ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida turli rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat yuritib, bugun baxtiyor umr kechirayotgan Dilshodaxon opa Dadajonova kabi muhtarama ayollarimiz tajribalari va imkoniyatlaridan keng foydalanish lozim, deb hisoblayman.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda, «Er yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollarga nisbatan munosabati bilan belgilanadi», degan hikmatli so‘zlarining amaldagi ifodasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turibmiz. Shu o‘rinda  ko‘pchiligimizni to‘lqinlantirgan bir misolni takror eslashga to‘g‘ri keladi. Joriy yil xalqaro xotin-qizlar bayrami kuni atoqli ijodkorlarimiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov turmush o‘rtoqlariga davlat mukofotlari topshirildi. Ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasining «Erkaklar martabasiga yetgan orif ayollar zikri» nomli faslida moziydan to o‘z davrigacha yashab o‘tgan yoki o‘ziga zamondosh bo‘lgan islom olamida mashhur 35 nafar shayx, orifa xotin-qizlarning ruhiyati, shariati, tariqati, ijodlari xususida lavhalar bitganini bir eslaylik.

Yanada ahamiyatlisi, Navoiy bobomizning «Farhod va Shirin» dostonida ta’riflangan 10 nafar olima qiz, jumladan, mantiq ilmida tengsiz ­Diloso, astronom Gulandom, faylasuf Sumanbo‘y, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari real hayotdan olingan. Ularning prototipi hazratga zamondosh bo‘lgan zakiy momolarimizdir.

Shunday ekan, bugun zamondoshlarimiz bo‘lgan oqila va zukko xotin-qizlarni qadrlash hamda ulug‘lash, ularning tajribalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman

Akmal SAIDOV,

akademik


Mehr-shafqat tamoyili

hayvonlarga munosabatda ham ko‘rinishi lozim

O‘zbekiston Respublikasi barcha masjidlarining (respublikamizda 2000 dan ortiq masjid ro‘yxatdan o‘tgan) 2019 yil 19 iyul kunidagi juma namozi xutbasi Hayvonlarga insoniy, shafqatli munosabatda bo‘lish mavzusiga bag‘ishlandi.

Islom dinining kuch-qudrati shundaki, uning asosini mehr-muruvvat, rahm-shafqat, bag‘rikenglik tamoyillari tashkil etadi. Ushbu ezgu xislatlar nafaqat ota-onamiz, yaqinlarimiz, umuman, insonlarga, balki atrof-muhit, bizni qurshab turgan tabiat, o‘simlik dunyosi va albatta jonivorlarga nisbatan munosabatda ham namoyon bo‘lishi lozim. Zero, Yaratgan bu dunyoni inson, hayvonlar va o‘simlik dunyosi bilan yaxlit mushtaraklikda  yaratgan.

Ammo ayrim kishilar hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘ladi,  ularga jonsiz buyumdek qaraydi. Internetda jonivorlarga nisbatan vahshiyliklar tasvirlangan  videolarni ko‘rib, dahshatga tushasiz. Masalan, Toshkent viloyatining Olmaliq tumanida bir to‘da bola bo‘g‘oz itning qorniga sim tiqib, ustidan benzin quyib yoqib yuborgan. Qashqadaryoda Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan Himoloy qo‘ng‘ir  ayig‘ining vahshiylarcha o‘ldirilishi yoki Toshkent shahrining istirohat bog‘laridan birida bo‘ri deb taxmin qilingan itning Qutqaruv xizmati xodimlari tomonidan ko‘pchilik oldida, ular orasida voyaga yetmagan bolalar ham bor, shafqatsizlarcha o‘ldirilishi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shuningdek, shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish brigadasi tomonidan hayvonlarni tutishda benihoya shafqatsiz usullar (ayovsiz kaltaklash, qattiq  jismlar  bilan urib mayib qilish, oyoq-qo‘llarini uzish)  qo‘llanilish holatlari qayd etilmoqda.

 Sud statistikasining ko‘rsatishicha, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun huquqbuzarlik sodir etilish holatlari ortib borishi kuzatilmoqda.

Bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan hayvonlarni himoya qilish "Mehr va Oqibat" nodavlat notijorat jamiyatining O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorligi ham jamiyatimizda mavjud ushbu muammoni bartaraf etish, insonlarda hayvonlarga nisbatan mehr-shafqat hissini uyg‘otishga qaratilgan.

– Biz uchun O‘zbekiston musulmonlar idorasi kabi tashkilotlar bilan kuch-g‘ayratlarni birlashtirish juda muhim, – deydi "Mehr va Oqibat" NNT ijroiya qo‘mitasi raisi Timur Aripov. –  Sa’y-harakatlarimiz birlashsagina, bu yo‘nalishda kutilgan natijaga erishishimiz, hayvonlarga nisbatan gumanizm g‘oyalarini shakllantirishimiz mumkin. Juma namozida hayvonlarga nisbatan mehr-shafqatli bo‘lish haqidagi mavzuning ko‘tarilishi  birinchisi emas. Joriy yilning 4 yanvar kunidagi juma namozida ham   ushbu mavzu haqida so‘z borgandi.  Poytaxtdagi masjidlardan birida bo‘lib, imomlarning hayvonlarga nisbatan rahm-shafqat, insoniy munosabatda bo‘lishlik haqida so‘z yuritganlarining guvohi bo‘ldik. Fursatdan foydalanib, "Mehr va Oqibat" NNT xodimlari nomidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Mufti Usmonxon Alimovga mavzuniing yoritilishida bevosita yordami uchun minnatdorlik bildiramiz. 

– Dinimiz hayvonlarga nisbatan rahmli bo‘lishga chaqiradi, buning isboti sifatida ko‘plab hadislar ham mavjud, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov. – Masalan, chanqagan itga shafqat ko‘rsatib, quduqdan suv olib bergan ayolning bor gunohlarini Alloh taolo kechirgani rivoyat qilingan (Imom Buxoriy rivoyati). Sahobiylar safarda bir qushning polaponlarini olib qo‘yishganda, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam polaponlarni o‘z joyiga qaytarib qo‘yishni buyurdilar (Imom Abu Dovud rivoyati).  Hayvonlarni azoblash, tashnalik va ochlikda qoldirish,  o‘ldirish haromdir. Hadisi sharifda bir mushukni qamab qo‘yib qiynagan odamning oxiratda azoblanishi haqida xabar berildi (Imom Buxoriy rivoyati). Bundan tashqari, dinimiz hayvonlar ishtirokidagi janglarni ham qat’iy qoralaydi. O‘yinlarga pul tikib, qimor  tashkil qilish va hatto tomosha qilish ham  taqiqlangan. «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hayvonlarni urishtirishdan qaytardilar» (Imom Termiziy rivoyati). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yuz qismiga tamg‘a urilgan eshakni ko‘rib: «Bunga tamg‘a urganni Alloh la’natlasin!»,  dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Yana hayvonlarni «musla» qilish (tirik hayvonlarning a’zolarini kesib yaralash)dan ham qaytarilganmiz. Hayvonlarga rahm-shafqatning bundan-da oliy darajasi – hatto go‘shti uchun  so‘yilayotgan hayvonni qiynamaslikdir. Hadisi shariflarda so‘yilayotgan hayvonni qo‘pol ravishda sudramaslik, pichoqni hayvonni oldida qayramaslik va boshqa hayvonlar oldida so‘ymaslik buyuriladi. Qo‘yni yiqitib qo‘yib, pichog‘ini qayrayotgan bir kishiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: «Uni bir necha marta o‘ldirmoqchimisan?!»,  deb tanbeh berdilar (Imom Hokim rivoyati). Fatvo kitoblarda agar zarar yetkazmasa, hasharotlarni ham behuda o‘ldirish mumkin emasligi zikr qilingan. Hayvonlar Yaratganning bu dunyodagi tilsiz guvohlaridir, ammo chin dunyoda ular tilga kiradilar, deyiladi  hadislardan yana birida.

 Hayvonlarga mana shunday mehr-shafqat bilan muomala qilishga buyurgan shariatimiz. Demak, hayvonlarga ozor berish, azoblash va ularga nisbatan shafqatsizlik shariatimizda og‘ir jinoyat hisoblanadi. Zero, shafqat hissi axloqning asosidir, hayvonlarga shafqat qilmagan odamning insonga ham shafqatli bo‘lishiga ishonish qiyin. Shu bois farzandlarimizga bolaligidan hayvonlarga ozor bermaslik, ularga mehrli bo‘lishni o‘rgatish muhim.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan hayvonlarga zo‘ravonlik uchun javobgarlikni oshirishga doir «O‘zbekiston Respublikasining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi hujjat ham imzolandi.

Dildora YO‘LDOShEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


«Turonbank» ATB: mobil ilova orqali mijozlarga 5 million 130 ming AQSh dollari sotildi

1,5 milliard so‘m milliy valyutadagi pul mablag‘i

omonatlarga jalb qilindi

Milliy matbuot markazida «Turonbank» ATB tomonidan mijozlarga xizmat ko‘rsatish madaniyatining rivojlanishi, elektron banking xizmatlarining takomillashuvi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda o‘tgan vaqt davomida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida bankning kapitallashuv darajasi oshib, resurs bazasi va likvidligini yanada mustahkamlashga, investitsion faollikni kuchaytirishga hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan birga bankning barcha moliyaviy ko‘rsatkichlari barqaror o‘sishi ta’minlanganligi ta’kidlandi.

— Prezidentimizning 2018 yil 23 martdagi «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida bank zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanib, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va ko‘lamini oshirish, ayniqsa, masofadan turib bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimlarini yangi imkoniyatlar bilan boyitish, amalda foydalanilayotgan dasturiy vositalarni yanada takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda, — deydi «Turonbank» ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Akmal Risqulov. — Shuningdek, zamonaviy internet va mobil texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish orqali yuridik shaxslar uchun  yaratilgan «Korporativ internet-banking» va «Turon-mobayl» kabi tizimlar tamomila yangilandi hamda ularga bir qator qo‘shimcha xizmat turlari qo‘shildi. Xususan, ushbu tizimlar orqali valyuta ayriboshlash (konversiya) amaliyotlarini amalga oshirish yuzasidan OnLine buyurtmalarni shakllantirish, korporativ kartochkalarni kerakli hajmdagi mablag‘lar bilan to‘ldirish, plastik kartochka hisobvaraqlariga kirim qilish uchun o‘z xodimlarining ish xaqi reyestrini shakllantirib yuklash kabi xizmatlar joriy etildi.

Bundan tashqari, jismoniy shaxslar uchun «MyTuron» masofadan turib bank xizmatlarini ko‘rsatish tizimi qayta dasturlandi. Ushbu mobil ilova orqali jismoniy shaxslarga OnLine rejimda istalgan vaqtda konversiya amaliyotlarini o‘tkazish, bank omonatlariga mablag‘lar kiritish, kreditlarni so‘ndirish, kommunal, byudjet, soliq, aloqa, internet va boshqa ko‘plab xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘tkazish imkoniyatlari yaratildi. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mobil ilova orqali bank mijozlariga 5 million 130 ming AQSh dollari sotildi va 1,5 milliard so‘m milliy valyutadagi pul mablag‘lari omonatlarga joylashtirildi. Shuningdek, joriy yil iyun oyida ushbu mobil ilovaga HUMO plastik kartalari orqali kartadan kartaga pul mablag‘larini o‘tkazish hamda to‘lovlarni amalga oshirish funksiyalari ham qo‘shildi.

Bugungi kunda «Korporativ internet-banking», «Mobil bankning» va jismoniy shaxslar uchun mo‘jallangan «MyTuron» mobil ilovalari foydalanuvchilari soni kundan-kunga ortib bormoqda. Joriy yilning 1 iyul holatiga «Korporativ internet-banking» va «Mobil banking» tizimlari xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik shaxslar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 31 foizga, yil boshiga nisbatan esa 21 foizga ko‘paygan.

Shu bilan birga xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, mijozlarning ehtiyojlarini doimiy monitoring qilib borish maqsadida filiallarda elektron navbat tizimi, Call-centr va resepshn xizmati orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.

Matbuot anjumanida bank tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga yaratilayotgan yangi qo‘layliklar, kelgusida belgilanayotgan vazifalar, bank faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan ma’lumotlar berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

 


KLASTERLAR QIShLOQ XO‘JALIGI RIVOJIDA LOKOMOTIVGA AYLANMOQDA

Davlatimiz rahbarining elni farovon, xalqni boy qiluvchi innovatsion g‘oyalaridan biri — klaster tizimi mamlakatimizda keng joriy etilayotgan bo‘lib, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zining yuksak samarasini ko‘rsatmoqda.

Yurt taraqqiyotini, mamlakat qudratini belgilovchi omillar juda ko‘p. Ammo tinchlik va farovonlikni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. O‘zbekistonda so‘nggi ikki yilda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangilanishlar bugun dunyo hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etilayotir. Bu o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Prezident Shavkat Mirziyoyevning hayotiy tajribasi, oqilona siyosati, xalq dardi bilan yashashi — barcha yutuqlarning zamini bo‘lib xizmat qilmoqda.

IQTISODIYoTDAGI YaNGI TUZILMA

Xalqimiz yaqin-yaqingacha «dehqonning kosasi oqarishi» borasidagi gaplarga ishonmas edi. To‘g‘rida, bir paytlar mamlakatimiz agrar sohada ancha qoloq bo‘lgani, bobodehqonlar yil bo‘yi ming mashaqqat bilan yetishtirgan paxtaning rohatini boshqa davlatlar ko‘rgani ham ayni haqiqat. Bugun-chi, vaziyat tamomila boshqacha. Mamlakatimizdagi o‘nlab zamonaviy korxonalar tomonidan o‘zbek tolasidan tayyorlanayotgan mahsulotlar nafaqat bozorlarimizni to‘ldirmoqda, balki xorijda ham xaridorgir bo‘lib bormoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq iqtisodiyot sohalari, xususan, qishloq xo‘jaligining paxtachilik tarmog‘i tubdan isloh qilinmoqda.

Yurtimizda keyingi uch yilda barcha sohalar qatori qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham muhim dasturlar, «Yo‘l xarita»lari ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster modeli keng joriy etilayotir. So‘nggi ikki yilda paxta-to‘qimachilik klasterlariga ajratilgan yer maydonlari hajmi mazkur ekin turi uchun ajratilgan qishloq xo‘jaligi yerlarining 52 foizini tashkil etdi. Istiqlolning dastlabki yillarida zaminimizda yetishtirilayotgan paxta tolasining atigi 6-7 foizi o‘zimizda qayta ishlangan bo‘lsa, bugungi kunda kamida 80 foizini qayta ishlash imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Albatta, bu shunchaki raqamlar emas. Uning ortida yurt farovonligini yuksaltirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash kabi ezgu maqsadlar mujassam.

Paxtamiz rangi, tolasining uzunligi, pishiqligi va mikroneyyer ko‘rsatkichlari bilan xalqaro standartlarga to‘la javob beradi. Bu uning jahon tola bozorida xaridorligini ta’minlaydigan eng muhim jihatlaridir. Ammo Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ushbu tolani o‘zimizda qayta ishlab, tayyor mahsulot shaklida jahon bozoriga olib chiqsak-chi? Daromad bir necha barobarga oshishi tabiiy. Qolaversa, paxta o‘simligidan olinadigan yana yuzlab mahsulotlar ham borki, bularning barchasi iqtisodiy samarani bir necha barobarga oshiradi. Eng muhimi, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida O‘zbekiston — Buyuk Britaniya qo‘shma korxonasi «Bek cluster» mas’uliyati cheklangan jamiyati agrosanoat sohasida birinchi klaster sifatida tashkil etilgan bo‘lsa, bugun yurtimizning barcha hududlarida bu tajriba yanada ommalashmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yurtimiz iqtisodiyotidagi yangi tuzilma paxtachilik-to‘qimachilik klasterlari katta samaradorlikka erishishni boshladi.

NUFUZLI KOMPANIYa HAM MUHIM HAMKOR

Prezidentimizning mazkur g‘oyasini xorijiy davlatlarning nufuzli kompaniyalari ham qo‘llab-quvvatlab, bu sohada hamkorlikni amalga oshirayotganini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida «Indorama» (Singapur) kompaniyasi tomonidan zamonaviy paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida Cingapurning "Indorama" kompaniyasi mamlakatimizda paxtachilik-to‘qimachilik klasterini tashkil etish uchun 340 million dollar sarmoya kiritmoqda.

Shu o‘rinda "Indorama Group" kompaniyasi haqida bir og‘iz so‘z. Mazkur kompaniya 1976 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bosh qarorgohi Singapurda joylashgan. Janubi-Sharqiy Osiyoning eng yirik ip-kalava (500 ming kalava) ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Kompaniyaning to‘qimachilik korxonalari Indoneziya, Tailand, Turkiya va Shri-Lankada joylashgan. Yiliga ip-kalava ishlab chiqarish hajmi 135 ming tonnani tashkil etadi (shundan 26 foizi O‘zbekistonda). To‘qimachilikdan tashqari, kompaniya neft va gaz-kimyo tarmoqlarida, poliester va sintetik matolar, kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik quvvatlarga ega. Kompaniya jahonning eng yirik poliester ip ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, uning jahon bozoridagi ulushi 5 foizdan ortiq. Kompaniyaning 28 mamlakatda joylashgan 70 ishlab chiqarish korxonasida 30 mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Umumiy yillik daromad 10,5 milliard dollarni tashkil etadi.

Mazkur kompaniya mamlakatimizda ham yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. 2010 yilda qurilishi tugallanmagan «Qo‘qon tekstil kombinati» majmuasi mulki negizida «Indorama Kokand Textile» O‘zbekiston — Singapur qo‘shma korxonasi tashkil etildi. O‘tgan davrda loyiha asosida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hajmi 164 million dollarni tashkil etdi. Ayni paytda bu yerda 1 ming 250 ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning asosiy qismi xorijga eksport qilinayotir.

— O‘zbekiston paxtachilik va to‘qimachilik sohasida jahon bozorida o‘z o‘rniga ega, — deydi qo‘shma korxonaning ishlab chiqarish direktori Sendep Bora. — Korxonamizda bir yilda 50 ming tonna paxta qayta ishlanib, sifatli ip-kalava tayyorlanmoqda. Bu mahsulotlarga Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarda talab katta. Yaqinda Misrda xizmat safarida bo‘lganimda ekspertlar tomonidan o‘zbek tolasining sifati yuqori baholandi. Bu alohida e’tirofga loyiq. Shuningdek, kompaniyamiz turli yo‘nalishlarda yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Yurtingizda yaratilgan imkoniyatlar tufayli qo‘shma korxonamiz tomonidan ham paxtachilik klasterlarini tashkil etish ishlariga muhim e’tibor qaratilmoqda.

«Indorama Group» kompaniyasining 2019-2023 yillar uchun mo‘ljallangan paxtachilik-to‘qimachilik klaster loyihasi ikki bosqichdan iborat bo‘lib, ayni paytda Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida mazkur yo‘nalishdagi ishlar boshlab yuborilgan. Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida esa kelgusi yildan boshlanadi. 225 million dollar mablag‘ paxta xomashyosi, makkajo‘xori va boshqa mahsulotlar yetishtirishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, kompaniya paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash va paxtadan yigirilgan ip ishlab chiqarishni tashkil etish (ikkinchi bosqich) uchun yana 115 million dollar sarmoya kiritadi. Ishlab chiqarish "Indorama Kokand Textile" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonaning mavjud quvvatlarida joylashgan.

AGRAR SOHANING «LOKOMOTIVI»

Xo‘sh, paxtachilik-to‘qimachilik klasteri nima, uning qanday afzalliklari bor?

Klaster usuli qishloq xo‘jaligida yerni shudgorlashdan tortib, ekish, parvarishlash va xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayondagi ko‘p bosqichli kompleks tizimni o‘z ichiga oladi. Bu yagona texnologik zanjirga birlashtirilgan korxonalar majmui bo‘lib, u ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish imkonini beradi. O‘zbekiston to‘qimachilik va yengil sanoati tizimida klasterlarni shakllantirish masalasi mamlakat miqyosida emas, balki mintaqalar — viloyatlardagi aniq iqtisodiy — ijtimoiy shart-sharoitlar asosida, klaster nazariyasining mohiyatidan kelib chiqqan holda amalga oshirilayotgani eng oqilona yo‘llardan biridir.

Paxta-to‘qimachilik klasteri nafaqat yengil sanoatni, balki o‘z yo‘lida qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish kabi o‘nlab tarmoqlarni ham qamrab oladi. Mazkur tizimning pirovard maqsadida yuqori sifatli, "O‘zbekiston" brendi ostida mahsulotlar yaratish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish kabi muhim masalalar yechimi o‘z ifodasini topgan.

Paxtadan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2017 yil 14 dekabrdagi «To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Shu asosda Vazirlar Mahkamasi paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari va klasterlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasini qabul qildi. Pirovardida, paxtachilikda ilg‘or agrotexnologiyalar joriy qilinib, klaster korxonalari yordamida fermer xo‘jaliklari ham zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlanmoqda. Birgina 2018 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 14 paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil qilindi. Ular tomonidan 368 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirilib, qayta ishlanmoqda. Joriy yilda mamlakatimizda 48 paxtachilik-to‘qimachilik klasteri tashkil etildi.

Klaster tizimining yana bir afzal jihati texnikalar xarid qilishda ham qo‘l kelmoqda. Ya’ni, paxta-to‘qimachilik klasterlari qishloq xo‘jaligi texnikalari parkini yaratishi, ehtiyojiga ko‘ra zarur yangi qishloq xo‘jaligi texnikalarini chet eldan 2020 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlarisiz olib kelishi mumkin. Shu imtiyozdan foydalangan klaster korxonalari 2018 yilda 1400 ga yaqin zamonaviy, tejamkor qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qildi.

Sir emas, xomashyodan ko‘ra, uni tayyor mahsulot ko‘rinishida sotish, eksport qilish ham davlatga, ham ishlab chiqaruvchiga foyda keltiradi. Klaster tizimida esa shu maqsadga erishish mumkin.

«INDORAMA» KOMPANIYaSI: XOMAShYoDAN TAYYoR MAHSULOTGAChA

Qashqadaryo viloyatida klaster asosida ish boshlagan «Indorama agro tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona samarali faoliyat olib bormoqda. Mazkur xorijiy korxonaga viloyatning Kasbi va Nishon tumanlaridan qariyb 11 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Ayni kunlarda ushbu maydonlarda paxtaning «Buxoro-8» va «Buxoro-6» navlari parvarishlanmoqda.

— Asosiy e’tiborni sifatli mahsulot yetishtirishga qaratganmiz, — deydi korxona ish boshqaruvchisi Hikmatulla Bo‘riyev. — Buning uchun barcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. Dastlab chigit ekiladigan yer to‘liq shudgor qilinib, ikki sira dilnabaza qilindi. So‘ng pushta olinib, urug‘ qadaldi. Ekish bilan birga gektariga 200 kilogrammdan fosfor, 50 kilogrammdan kaliy va 50 kilogrammdan azotli o‘g‘it berildi. Bu chigitning bir tekis unib chiqishiga xizmat qildi. G‘o‘za qator oralariga 4 marta kultivatsiya va bir marta rixnitel bilan ishlov berdik. Uch bora mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirildi. O‘g‘itlar sarfi gektariga 800 kilogrammdan to‘g‘ri kelmoqda. Bundan tashqari, suv quyish tadbirlari ham vaqtida amalga oshirilayotir. Ayni paytda paxta maydonlarimizga ikkinchi suv olinmoqda. Chet ellik hamkorlarimiz tomonidan jo‘natilgan mutaxassislar tavsiyalari ish unumini yanada orttirmoqda. G‘o‘zalarning rivojlanishi ko‘ngildagidek. Nasib bo‘lsa, joriy yilda o‘rtacha 40 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallayapmiz.

Daraqiqat, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishida qishloq xo‘jaligi texnikalarining o‘rni beqiyos. Shu bois ayni paytda korxona tasarrufidagi g‘o‘za maydonlarida xorijdan keltirilgan «Orthman» rusumli 25 dona eng so‘nggi rusumdagi qishloq xo‘jalik texnikalari kunu tun ishlamoqda. Ular agrotexnik ishlarni sifatli bajarish bilan birga iqtisodiy samaradorlikka ham ega. Masalan, bunday traktorlar orqali bir kunda o‘rtacha 65-70 gektar g‘o‘zani kultivatsiya qilish mumkin.

— Texnika dehqonning kuchiga kuch qo‘shadi, — deydi korxona muhandisi Rahmatulla Cho‘lliyev. — Texnikalarimizning barchasi avtomatlashgan. Bitta traktorga 3 mexanizator biriktirilgan. Navbatma-navbat ishlanishi evaziga ish unumi yuqori. Traktorlar salonlarida yilning istalgan ob-havo sharoitida emin-erkin ishlash imkoniyati mavjud. Shuning uchun mexanizatorlarimiz qiynalmaydi. Dori sepadigan texnikalarimiz ham juda samarador. Bir kunda 200-250 gektar maydonga kimyoviy vositalarni sepa oladi. Ularning uzluksiz ishlashi uchun zamonaviy yoqilg‘i tashish texnikalari ham xarid qilingan. Har biri 8 ming litrdan ziyod yoqilg‘i sig‘imiga ega. Yoqilg‘i dalaning boshigacha yetkazib berilmoqda. Maqsad g‘o‘zaning baravj rivojlanishini ta’minlash.

G‘o‘za parvarishida sug‘orish tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilgani ham muhim. Chunki ishlov berilib gulga o‘tirgan g‘o‘zalar tez suvga keladi. Buning uchun korxona jamoasi mavsum boshidan puxta tayyorgarlik ko‘rdi.

— Korxonamizga qarashli yerlarda 113 suv olish inshooti, 267 kilometr suv yo‘llari mavjud, — deydi korxona bosh irrigatori O‘tkir G‘oyipov. — Sug‘orish mavsumi boshlangunga qadar 40,5 kilometr kanal va yer ariqlar tozalandi. 171 kilometr masofadagi shox va yer ariqlarda qo‘l kuchi bilan hayrov tadbirlari amalga oshirildi. Suvni rostlash uchun lotoklarga 70 dona, kanallardagi suvni rostlash uchun esa 34 dona har xil o‘lchamdagi yangi suv to‘sish darvozalari o‘rnatildi. 10 dona SNP 500/10 markali nasos va 10 dona tok beruvchi trasformatorlar to‘liq ta’mirdan chiqarilib, korxona hisobidan 2 dona SNP 500/10 markali yangi nasoslar o‘rnatildi. Shu bois sug‘orish tizimida muammolar yo‘q. Ishchi va xizmatchilarning barchasi maxsus etik, fonar va suv tarash uchun zarur bo‘ladigan boshqa ashyolar bilan ta’minlangan.

Masalan, Kasbi tumanidagi pudratchi G‘aybulla Haydarov dalasida ham ayni kunlarda ish qizg‘in. 52 gektar maydonda parvarishlanayotgan g‘o‘zalar baravj rivojlanmoqda. Boisi dalada ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Hozir brigadir paxtaga ikkinchi suvni olgan. Bir tekis egatlarda mahalliy o‘g‘it aralashtirilib, sharbat usulida oqizilayotgan suv qiynalmay yurmoqda.

— Mehnat qilgan, albatta, baraka topadi, — deydi G‘.Haydarov. — Ekish mavsumi boshlangandan buyon dala shiyponiga oilaviy ko‘chib kelganmiz. Shu yerning o‘zida ikki mahal issiq ovqat tashkil qilingan. O‘tayotgan har bir kun g‘o‘za rivoji uchun muhim. Shuning uchun kechayu kunduz ishlayapmiz. Oylik maoshlar vaqtida to‘lanmoqda. Hozir g‘o‘zalarimiz 12-13 tagacha ko‘sak soldi. Nasib etsa ularning soni 20 donadan oshsa, kutilgan natijani beradi. Hosil cho‘g‘i baland bo‘ladi. Klaster usulida ishlash bizga juda ma’qul bo‘ldi. Ilgari texnika, mineral o‘g‘it, yoqilg‘i, suv masalasi bo‘yicha juda ovora bo‘lar edik. Dalada ish qolib, o‘sha muammolarni hal qilish bilan band bo‘lib qolardik. Natijada hech birini vaqtida amalga oshira olmasdik. Hozir esa hammasi muhayyo. Faqat ishlash kerak.

Klaster usuli joriy etilishi odamlarimizning yerga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirmoqda. Bunga doimiy ish o‘rni hamda moddiy manfaatdorlikni ta’minlash orqali erishilmoqda. Muhimi, xom­ashyoni chuqur qayta ishlab, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot tayyorlash va uni eksport qilishdan katta daromad olishdir.

Korxona jamoasi g‘alladan bo‘shagan maydonlarga 2020 yil hosili uchun yerlarni tayyorlash ishlarini ham boshlab yuborgan. Shuning uchun hozirda 4 ta xorijdan keltirilgan zamonaviy lazerli dilnabaza yerlarni obdon tekislash ishlarini olib bormoqda. Ular orqali joriy yilda 400 gektar yerni tekislash rejalashtirilgan. Chunki yer qanchalik tekis bo‘lsa, samaradorlik shuncha yuqori bo‘ladi.

Darhaqiqat, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, "Paxtachilikda qishloq xo‘jaligining kelajagi, uning iqtisodiy samaradorligi klasterlar bilan bog‘liq. Klasterlar agrar sohani jadal rivojlantirishning «lokomotivi» bo‘lishi kerak". Davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan bu kabi ulkan islohotlar odamlarni hayotdan rozi qilish, yurt farovonligi va ravnaqi uchun xizmat qilishi bilan tarix zarvaraqlaridan joy oladi.

 

Ma’sudjon SULAYMONOV,

O‘lmas BARATOV,

O‘zA muxbirlari.


Qonunchilikdagi yangiliklarga bag‘ishlandi            

Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Loyihaga ko‘ra, davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich notariatning nodavlat shakliga o‘tkazish nazarda tutilgan. Shuningdek, barcha notarial idoralarining majburiy a’zoligiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi tashkil etiladi.

Mazkur hujjatga binoan ayrim turdagi bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibini  bekor qilish hamda yangi turdagi notarial harakatlarni joriy etish belgilangan.

Uy-joyni boshqa shaxsga o‘tkazish, mol-mulklarni ijaraga (arendaga), tekin foydalanishga berishda ayrim talablarni bekor qilgan holda ushbu bitimlarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish ko‘zda tutilgan.

Masofadan turib, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali notarial harakatlarni amalga oshirish mexanizmini joriy etish ham loyihada o‘z ifodasini topgan.

Fuqarolarni notarius kasbiy majburiyatlarini buzishi natijasida yetkaziladigan zarardan muhofaza qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash, notariusga elektron murojaat qilish mexanizmini takomillashtirish orqali tekzor notarial xizmatlar ko‘rsatish va boshqalar nazarda tutilgan.

Notariatning faol nodavlat shakliga o‘tishi natijasida notariusning moddiy manfaatdorligining oshishi aholiga tezkor va sifatli notarial xizmat ko‘rsatishini ta’minlaydi, nizolarning oldini oluvchi institut sifatida yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasi barcha nodavlat notarial idoralari notariuslarini birlashtiruvchi, ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi yagona tashkilot bo‘ladi.

Bundan tashqari, matbuot anjumani davomida Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan yana bir hujjat loyihasi — O‘zbekiston Respublikasi «Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi haqida ham  ma’lumot berildi.

Qonun loyihasiga asosan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tizimini boshqarish, muvofiqlashtirish va tartibga solish bo‘yicha yagona tizim joriy etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoiy sud ishini yuritish bilan birga ma’muriy va fuqarolik ishlarida davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishini ta’minlash ham belgilanayapti. Bepul yuridik yordam olish huquqi kafolatlangan shaxslar toifalari hamda bunday yordamni ko‘rsatish shartlari, davlat hisobidan jalb qilingan advokatlarning faoliyati natijadorligi va sifatini baholashga ham alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, loyihada davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatishni boshqarish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish Adliya vazirligi huzurida tashkil etiladigan Bepul yuridik yordam markaziga yuklatilmoqda.

Shuningdek, loyihada aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga huquqiy maslahat va huquqiy axborot shaklida birlamchi bepul yuridik yordam, advokatlar tomonidan fuqarolik, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha malakali yuridik yordam ko‘rsatishning shaffof mexanizmini yaratish belgilanmoqda. Loyihaning qabul qilinishi amaliyotda davlat hisobidan jalb etiladigan advokatlar bilan bog‘liq muammolarni to‘liq bartaraf etishga hamda tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida fuqarolarning yuridik yordamga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tadbirda jurnalistlar ushbu qonun hujjatlari loyihalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

 

Ravshan ShODIYeV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: