Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyun 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 1 2 3 4 5
21.05.2020

TURKISTONDAN RUHIY MADAD OLGAN ShAXS

Ulkan mutafakkir va islohotchi jadid Ismoil Gasprinskiy, professor Begali Qosimov ta’biri bilan aytganda, «butun vujudi bilan Turkiston uchun ham najot yo‘llarini izladi va buni yangilanishda, islohotda ko‘rdi».

O‘zbekistonning yangi tarixidan joy olgan yaqin yuz yil naridagi jadidchilik harakati ibrat va saboq olishga loyiq voqea-hodisalarga boyligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bilan bir qatorda, jadidchilik o‘zining murakkab tarixiy jarayonligi sabab qiziqarli, keng qamrovli ko‘lami bilan murakkab, ammo ezgu orzu-niyatlar, hurlik va mustaqillik g‘oyasining mujassami bilan ulug‘vor bir tarix sanaladi.

XIX asrning 70-yillaridan XX asrning 30-yillarigacha bo‘lgan qisqa, ammo keng qamrovli jadidchilik harakatining tub mohiyatida chor Rossiyasi qo‘l ostidagi Turkiston o‘lkasining ichki hayoti, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy, adabiy-ilmiy turmush tarzini yangilashga, yangi fikrlar, yangi g‘oyalar, umuman olganda, bugungi kunda biz keng targ‘ib qilayotgan innovatsiyani olib kirish yotadi.

Jadidchilik O‘zbekistonning ijtimoiy, siyosiy, madaniy, adabiy, ma’rifiy tarixidagi nisbatan qisqa, ammo juda shiddatli va murakkab davr sanaladi. Mutaxassis olimlar orasida jadidchilikning mohiyati xususida turli fikrlar bor. Mustabid sovet hukmronlik davrida bu harakatning birorta faoliyat qirrasi umuman ijobiy baholanmadi. Ayniqsa, 1937-38-yillar davomidagi qatag‘on davrida millatni ma’naviy tafakkurini o‘yg‘otish, boyitishga jadidchilik harakatiga qo‘shilgan har bir shaxsga «xalq dushmani», «millatchi», «ayg‘oqchi», «turkparast», «islomparast» kabi tamg‘alar bosildi. Davrlar o‘tishi, ijtimoiy-siyosiy vaziyatlar o‘zgarishi jarayonlarida jadidchilik harakatining mazmuni nisbatan teran anglashila boshlandi. To‘g‘risi, jadidlar bilan bog‘liq bu tarixiy davr va shiddatli voqea-hodisalarning asl mazmun-mohiyati faqat istiqlol yillariga kelibgina o‘zining eng xolis va adolatli bahosini oldi. Tarix yangicha idrok qilindi va qilinmoqda.

Jadidchilikning birinchi tadqiqotchi va nazariyotchilaridan bo‘lgan professor Begali Qosimov o‘z tadqiqotlari bilan jadidchilik oqim emas, ijtimoiy, siyosiy, ma’rifiy harakat ekanligini isbotlab berdi. Uning fikricha, yaqingacha ham jadidchilik – ma’rifatchilik harakati, deb kelindi. Bu ataylab qilingan edi. Maqsad – jadidchilikning doirasini toraytirish, sotsialistik-kommunistik mafkuradan boshqasi keng xalq ongini qamrab olishi, egallashi mumkin emas, degan soxta tushunchaning asorati edi.

 Haqiqatan ham jadidchilik harakatining tub mohiyati va mazmunida:

- jamiyatning barcha qatlamlariga kirib borish;

- milliy uyg‘onish mafkurasini ilgari surish;

- mustaqillik uchun kurash;

- maorifni yangilash;

- el-yurtni dunyoning eng ilg‘or mamlakatlari qatoriga qo‘shish;

- matbuotni rivojlantirish;

- aholining ijtimoiy, siyosiy va madaniy saviyasini yuksaltirish;

- dunyo adabiyoti bilan bo‘ylasha oladigan adiblar yetishtirish kabi qator muhim masalalarni qamrab olgan edi.

Jadidchilik harakati namoyandalari dunyoga, o‘z millatdoshlarining turmush tarziga yangi, toza, pokiza bir nazar bilan qaradilar. Bu nazar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. XIX asr oxiri ijtimoiy hayotidagi jaholat, dunyo afkor ommasidan, texnikaviy taraqqiyotdan ortda qolish kabi ijtimoiy-siyosiy holatlar ziyo ahlini o‘ylashga, tafakkurga chorladi. Turkiston ziyolisi dunyoga tafakkur ko‘zi, ochiq nazar bilan qarash zaruratini angladi. Har jihatdan taraqqiy etgan, rivojlangan g‘arb davlatlari hayotida sodir bo‘layotgan voqelik barchani qiziqtirdi.

Jadidchilik harakati tarixi xususida so‘z borganda, hamisha beixtiyor qrimlik Ismoilbek Gasprinskiy yodga tushadi. Ta’kidlash lozimki, Turkistonning uyg‘onish yo‘liga chiqishida Ismoil Gasprinskiy (1851-1914) tashkil etgan «Tarjimon» (1883 yil 10 aprelda chiqa boshladi) gazetasining o‘rni katta bo‘ldi. Ismoilbek Turkistonga befarq qaray olmadi, yozgan qator asarlarida shu e’tiborning belgilari kuzatiladi. Qolaversa, o‘zi 1893 va 1908 yillarda ikki marta Turkistonga sayohat qildi.

Darhaqiqat, Ismoil Gasprinskiy va uning «Tarjimon» gazetasi Turkiston jadidlari, umuman olib qaraganda, butun o‘lkada jadidchilik harakatining shakllanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. XIX asrning oxiriga kelib Gasprinskiy nafaqat Rossiya imperiyasining barcha burchaklarida, balki Qohiradan Bombeygacha bo‘lgan hududlarda jadidchilik g‘oyalarining yoyilishiga katta ta’sir o‘tkazgan shaxsga aylanib bo‘lgan edi. Uning yangilanishga oid fikr va qarashlari ko‘plab mahalliy ma’rifatparvar ziyolilar va islohotchilarning, ayniqsa, ta’lim, turg‘unlikdan qutulish masalasiga oid nashr qilgan ishlarida yaqqol ko‘rina boshladi. Bu hol Turkiston uchun ham istisno bo‘lmadi. Gasprinskiy Turkiston jadidlari uchun islohotchilik lideriga aylandi va barcha ishlarda ma’naviy ustozlik vazifasini bajardi.

Ismoil Gasprinskiy «Tarjimon»da Turkistonga alohida e’tibor qaratdi. Gazetaning birinchi yillarida faqat rasmiy gazetalardan olingan xabar va ularga o‘zi yozgan sharhlar bilan chegaralangan bo‘lsa, keyinchalik bu ishga bevosita turkistonliklarni jalb qilishga kirishdi. Gazetaning 1885 yilgi sonlarida Turkiston harbiy kampaniyasida ishtirok etgan general A.Kuropatkinning (1848-1925) o‘lkani zabt etilishi bilan bog‘liq xotiralarini chop etdi va alohida kitobcha shaklida ham nashrdan chiqardi. Keyinchalik, 1906 yilda esa Kuropatkinning bu xotiralariga o‘z qarashlarini ilova qilgan holda «Tarixi jadidi Turkiston» («Turkistonning yangi tarixi») nomi bilan turkum maqolalarini e’lon qildi. Ushbu maqolalarda Gasprinskiy, ayniqsa, Turkiston xonliklarining Rossiya bilan munosabatlariga katta e’tibor qaratdi. Bu xususda Buxoro – Rossiya aloqalari alohida ahamiyat kasb etadi. Gasprinskiyning bu boradagi maqolalari va qarashlari tahlil etilganda, uning Buxoroga bo‘lgan qiziqishi kuchli ekanligi yaqqol sezilib turadi. Uni ko‘proq Buxoro madrasalari qiziqtiradi. Gasprinskiy umrining oxiriga qadar ushbu madrasalarga ma’rifatchilik g‘oyalarini tatbiq etish istagi bilan o‘tdi. Uning so‘zlari bilan aytsak, Gasprinskiy «Evropa sivilizatsiyasi ta’sir qilmagan» Turkistonda o‘z g‘oyalarini yoyishga ishtiyoqi baland edi. Mana shu sabablar uni Turkistonga yetakladi.

Gasprinskiy Turkistonga bo‘ladigan safari oldidan «Tarjimon»da o‘lka hayoti, tarixi va geografiyasiga oid turkum maqolalar beradi va gazeta o‘quvchilarini Turkiston bilan oshno qiladi. Ayniqsa, Gasprinskiyning Buxoro amirligi haqidagi maqolalari ancha ma’lumotlarga boy edi. Muallif Buxoroning buyuk o‘tmishi, madrasalari va hukmdorlari borasida ancha qiziqarli faktlarni keltiradi. 1893 yilning fevral oyida Buxoro amiri Abdulahadxon (1859-1910) Peterburg safaridan qaytishda Qrimga – Bog‘chasaroyga keladi. Yuksak mehmonni kutib oluvchilar qatorida Gasprinskiy ham bor edi. Bu ikki shaxs 1883 yildan e’tiboran g‘oyibona tanish edilar. O‘shanda valiahd bo‘lgan Abdulahadxon Gasprinskiyga «Tarjimon»ga obuna bo‘lish istagi bitilgan telegramma yuborgan edi. Oradan 10 yildan so‘ng ular yuzma-yuz ko‘rishdilar. Bu uchrashuv natijasida Abdulahadxon Gasprinskiyni rasman Buxoroga taklif qildi. Keyinchalik Ismoilbey bu taklif anchadan beri rejalashtirilib kelayotgan safarga katta turtki berganini yozadi.

Gasprinskiy Turkistonga birinchi sayohatini 1893 yil may oyida boshlaydi. Bu safardan ko‘zlangan maqsad, Gasprinskiyning yozishicha, Turkistonning haqiqiy tarixi va o‘sha davrdagi ahvoli bilan yaqindan tanishish bo‘lgan. Gasprinskiy safar davomida yana mahalliy musulmon ziyolilari bilan tanishish hamda ular orasidan o‘z maslakdoshlarini topishni; «Tarjimon»ni o‘lkada keng targ‘ib qilish va yangi obunachilarga ega bo‘lishni, yangi usul maktabi ochishni rejalashtiradi. Safardan so‘ng «Tarjimon» sahifalarida e’lon qilingan sayohat kundaliklarida Turkistonda bo‘lgan uchrashuvlari, suhbatlari haqida batafsil ma’lumot bermaydi. Va bunday holatni gazeta imkoniyatlari cheklangani bilan izohlaydi. Shunday bo‘lsa-da, Gasprinskiyning Turkistonga safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad rus va mahalliy amaldorlarni yangi usul maktabi ishiga jalb qilish bo‘lganligini aytish mumkin.

Gasprinskiy poyezd bilan Yangi Buxoroga yetib kelgach, birinchi navbatda Rossiya siyosiy agentligi ma’murlari bilan ko‘rishadi va tashrif maqsadini bildiradi. Mehmonning rasmiy taklif bilan kelganligi darhol Buxoro amiri devonxonasiga xabar qilinadi. Shundan so‘ng Ismoilbey Qushbegi bilan ko‘rishadi va yuksak mehmonlar uchun belgilangan joyga joylashtiriladi. Amir Abdulahadxon bu vaqtda Shahrisabzda bo‘lganligi uchun Gasprinskiy Buxoroda u bilan ko‘risha olmaydi. Sayohat so‘ngida Shahrisabzga tashrif buyuradi va amir bilan u yerda ko‘rishadi. Bu haqda quyida yana batafsil gapiriladi. Qushbegi yordamida Gasprinskiy Buxoroning boshqa yuqori martabali amaldorlari – Devonbegi va Qozi Kalon bilan uchrashadi. U vaqtda Buxoroning barcha ta’lim muassasalari Qozi Kalon tasarrufida edi. Buni bilgan Gasprinskiy imkoniyatdan foydalangan holda Qozi Kalonni ta’limning yangi usuli bilan batafsil tanishtiradi va o‘zining «Hojai sibyon» (Bolalar o‘qituvchisi) darsligini hadya qiladi. Qozi Kalon Gasprinskiy taqdim qilgan yangi ta’lim usul juda samarali va foydaliligini ma’qullaydi.

Buxoroda Gasprinskiy maktab va madrasalarga borib, u yerdagi hayot bilan tanishadi. O‘quvchi va talabalar bilan suhbat qiladi. Buxoroda 4 kun bo‘lgach, Gasprinskiy Samarqandga qarab yo‘l oladi. Samarqandda ham u birinchi navbatda rus ma’muriyatiga uchraydi. Uni Samarqand harbiy gubernatori graf Rostovsev qabul qiladi. Gasprinskiy gubernator bilan bo‘lgan yarim soatlik uchrashuv davomida u bilan o‘zini qiziqtirgan barcha masalalar: gazetadan maktabgacha suhbatlashib ulguradi. Suhbatdan ta’sirlangan gubernator «Tarjimon»ga obuna bo‘lish istagini bildiradi va Gasprinskiyga maktablar borasida batafsil ma’lumot olish uchun shahardagi rus-tuzem maktabi o‘qituvchisi bilan uchrashishni maslahat beradi. Afsuski, maktablarda yozgi ta’til bo‘lganligi sababli Gasprinskiy gubernator aytgan muallimni topa olmaydi. Samarqandda ham 4 kun bo‘lish davomida Gasprinskiy shaharning rus va mahalliy qismlari bilan batafsil tanishib chiqadi. Ismoilbey Samarqandda safardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri – yangi maktab ochishga muvaffaq bo‘ladi. Turkiston musulmonlari uchun ochilgan ushbu birinchi jadid maktabi norasmiy tarzda ochilishiga qaramay, xalq orasida tez shuhrat qozondi.

Samarqanddan so‘ng Gasprinskiy Turkistonning bosh shahri – Toshkentga keldi. Buxoro va Samarqanddan farqli o‘laroq u shaharga kelishi bilanoq rus ma’murlari huzuriga bormadi. Uni Toshkentga kelishini mahalliy ziyolilar kutayotgan edilar. Gasprinskiyni Toshkentning mashhur qozilaridan Muhyiddinxo‘ja kutib oladi va uni o‘z uyiga taklif qiladi. O‘sha kuni Muhyiddinxo‘ja uyiga Toshkentning barcha ko‘zga ko‘ringan musulmon ziyolilarini yig‘adi va Gasprinskiy sharafiga katta ziyofat beradi. Gasprinskiy Toshkentda shunday bir ziyoli jamoani ko‘rdiki, bu uning Turkiston haqidagi barcha tasavvurlarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Ismoilbey rus matbuotida turkistonliklar «savodsiz va johil» sifatida bong urayotgan xabar va ma’lumotlar asossiz ekanligiga amin bo‘ladi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Gasprinskiy Toshkentda 6 kun qolib ketadi.

Toshkentda ekan Gasprinskiy o‘sha vaqtdagi Turkiston general-gubernatori baron A.Vrevskiy (1834-1910) hamda o‘lka ta’lim tizimiga mas’ul bo‘lgan shaxslardan biri N.Ostroumov (1846-1930) bilan ham ko‘rishadi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar tafsilotlari bizga noma’lum. Shunday bo‘lsa-da, Gasprinskiyni birinchi navbatda 1892 yili Turkiston general-gubernatoriga ta’lim sohasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan islohotlar haqida fikrlarini bayon qilib yuborgan maktubining taqdiri qiziqtirgani shubhasiz. Bu masala N.Ostroumov bilan muhokama qilinganligi ehtimoli ko‘proq. Gasprinskiy Ostroumovni 1880-yillardan ancha yaxshi tanigan va o‘lka ta’lim tizimiga katta ta’sir o‘tkazuvchi shaxs ekanligini yaxshi bilar edi. Ismoilbey Ostroumov bilan yangi usul maktablari borasida ham suhbatlashadi va Samarqandda ochilgan maktabni rasman ro‘yxatdan o‘tishiga ko‘maklashishini iltimos qiladi. Lekin Ostroumov bergan va’dalari ustidan chiqmadi.

Gasprinskiy Toshkentdan yana Samarqandga qaytadi. U yerda uni Shahrisabzga olib borish uchun amir tarafidan yuborilgan odamlar kutib turgan edilar. Ayni shu vaqtda Samarqandga yetib kelgan taniqli pedagog, bokulik Majid o‘anizoda (1866-1937) Gasprinskiyga hamroh bo‘ladi. Safar so‘ngida Majid o‘anizoda Gasprinskiyning iltimosiga binoan Samarqandda 40 kun qolib, yangi ochilgan usuli jadid maktabida dars berish bilan bir qatorda mahalliy muallimlarga yangi metodika asoslaridan ham saboq beradi.

Gasprinskiy Shahrisabzga Qurbon hayiti arafasida yetib keladi va Abdulahadxon bilan bayram namozidan so‘ng ko‘rishishga muvaffaq bo‘ladi. Ularning bu ko‘rishuvi rasmiy tarzda bo‘lib 15 daqiqagina davom etadi. Gasprinskiyning Abdulahadxon bilan asosiy ko‘rishuvi va suhbati o‘sha kuni tushdan keyin bo‘ladi. Bu safar ular batafsil suhbatlashish imkoniga ega bo‘ladilar. Suhbat chog‘ida Gasprinskiy Buxoroda yangi usul maktabi ochish masalasini o‘rtaga qo‘yadi. Chunki Abdulahadxon Ismoilbey bilan Bog‘chasaroyda ko‘rishgan vaqtida unga Buxoroda yangi usul maktabi ochishga va’da bergan edi. Ammo amir va’dasining ustidan chiqmadi. Abdulahadxonning bu tarzda harakat qilishiga sabab, tadqiqotchilarning fikriga qaraganda, amir davlat ichida olib boriladigan barcha ishlarda bevosita diniy ulamolar izmida bo‘lib, ularga qarshi harakat qila olmas edi. Buxoro hayotidagi har qanday yangilik ulamoning qarshiligiga uchrashi va ular xalqni amirga qarshi ko‘tarishlari mumkin edi. Abdulahadxon buni juda yaxshi bilar edi. Boshqa tarafdan Rossiya ham Buxoroda har qanday o‘zgarishlarga qarshi turar edi.

Abdulahadxonning jur’atsizligi va qat’iyatsizligidan Gasprinskiy ranjigan va uchrashuvning ertasigayoq Qrimga jo‘nab ketishiga sabab bo‘lsa-da, uning amirga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmadi. Ular 1910 yilgacha, ya’ni Abdulahadxonning vafotiga qadar deyarli har yili Bog‘chasaroy va Yaltada ko‘rishib turishgan. Amir yilda bir marta dam olish va davolanish uchun Qrimdagi qarorgohiga borar edi.

Gasprinskiyning Turkistonga ikkinchi sayohati 1908 yilga to‘g‘ri keldi. Bu galgi safar oldingisidan maqsad jihatdan butunlay farq qiladi. Gasprinskiyning birinchi sayohatidan maqsad, yuqorida aytilganidek, ko‘proq tanishish bo‘lsa, ikkinchi sayohat esa aniq, rejalashtirilgan maqsadga ega edi. Masalaning mohiyatini yaxshiroq anglash uchun mavzudan biroz chetlashishimizga to‘g‘ri keladi. 1905 yil oktabrda oq podshoh tomonidan e’lon qilingan Manifestdan so‘ng Rossiyadagi musulmon jamiyati yangi bir yo‘lga chiqdi. Yangi yo‘lboshchilar, yangi g‘oyalar va oqimlar paydo bo‘ldi. Ayni shu vaqt liberal pozitsiyada turuvchi Gasprinskiyning mavqei biroz e’tibordan tusha boshladi. Chunki yangi yo‘lboshchilar chor hukumatining oldiga aniq siyosiy talablar qo‘yish, Manifest bilan berilgan erkinliklardan ko‘proq manfaatga ega bo‘lishga da’vat qila boshladilar. Gasprinskiy bu kabi tez harakatlarni umuman ma’qullamadi va birdan katta siyosiy talablar bilan chiqishga qarshi edi. Bu esa o‘z navbatida uning siyosiy mavqeiga ta’sir etmay qolmadi. Abdurashid Ibrohimov (1857-1944) boshchiligidagi federalistlar musulmonlar yashaydigan hududlarga muxtoriyat maqomi berilishi tarafdorlari sifatida o‘rtaga chiqdi. Gasprinskiy va Ibrohimov orasida katta siyosiy kelishmovchilik chiqadi va ikkisi bir-biriga qarshi harakat qila boshladilar. Musulmon jamoasi orasida siyosiy bo‘linish bo‘ldi. Shundan so‘ng, Gasprinskiyning o‘zi yozishiga qaraganda, musulmonlar orasida bo‘layotgan barcha narsalarga ko‘ngli «sovib» ketgan.

1908 yilning boshlarida Gasprinskiy yangidan, 1905-1907 yillar orasida bo‘lib o‘tgan siyosiy jarayonlardan keskin farq qiladigan siyosiy ish boshlash harakatiga tushdi. Ayni shu vaqt u o‘zining uzoq yillar davom etgan pedagog sifatidagi faoliyati tugaganligini va faoliyatining ikkinchi, yanada shiddatli, kuchli siyosiy davri boshlanganligini e’lon qiladi. Gasprinskiy yangi siyosiy faoliyatga kirishar ekan «Tarjimon»ni ham sof siyosiy dastakka aylantirish fikriga keladi.

1908 yil bahorida «Tarjimon»ning keng nishonlangan 25 yillik yubileyi Gasprinskiyga yanada katta kuch beradi va boshlayotgan ishlariga ilhom bag‘ishlaydi. U «Tarjimon» orqali o‘z izdoshlari va hammaslaklariga ochiq maktub bilan murojaat qiladi va o‘ylagan fikrlarini bildiradi. Gasprinskiy bu xat orqali joylardagi o‘z izdoshlaridan gazetaga ko‘proq obunachi jalb etishni so‘raydi va shaharlar ro‘yxati bilan lozim bo‘lgan obunchilar sonini e’lon qiladi. Turkistondan jami 248 obunachi talab qilinadi. Gasprinskiyning turkistonlik izdoshlari bu chaqiriqqa birinchilardan bo‘lib javob beradilar va tez orada istalgan miqdordagi obunachilarni yig‘adilar.

Oradan oz vaqt o‘tib, Gasprinskiy musulmonlarga ikkinchi ochiq maktub bilan murojaat qiladi. Bu safar u to‘la siyosat ishiga berilayotgani va «Tarjimon»ni Peterburgga ko‘chirib Davlat Dumasidagi Musulmon fraksiyasining siyosiy organiga aylantirish istagida ekanligini bildiradi. Gasprinskiy o‘zining eng yaqin hammaslaklaridan bo‘lgan Alimardon To‘pchiboshevga (1865-1934) yozgan maktubidagi fikrlarni amalda qo‘llashga kirishadi.

Gasprinskiy yuqoridagi ishlarni amalga oshirish uchun o‘ziga madad qidiradi va Rossiyaning musulmonlar yashaydigan hududlariga ikki oylik safar uyushtirishni rejalashtiradi. Uning 1908 yilgi Turkiston sayohati ham ko‘mak izlashni maqsad qilgan edi. Gasprinskiyning ikkinchi sayohati birinchisidan aynan shu jihati bilan farq qiladi.

Gasprinskiy ikkinchi sayohatnomasi kundaliklarida ko‘proq Turkistonning siyosiy muammolariga e’tibor qaratadi: ruslarning turkmanlarga qarshi urushi, shaharlar qurilishi, shaharlarning musulmonlar yashaydigan qismlari ahvoli, rus muhojirlarining o‘lkaga ko‘chirib kelinishi, tatarlarning Turkistonda mol-mulk ololmasligi va hokazo. Gasprinskiyning bu safardan maqsadi Samarqand shahri edi. Bu shaharda uning Turkistondagi eng yaqin maslakdoshi Mahmudxo‘ja Behbudiy istiqomat qilardi.

Gasprinskiyning Buxoro amiri bilan bo‘lgan uchrashuvi juda qisqa bo‘lib, rasmiyatchilikdan nari o‘tmaydi. Bu vaqt Gasprinskiy Buxoroda ko‘rganlaridan Abdulahadxondan bir narsani amalga oshirishiga umid ham qilmay qo‘yganligi sezilib turadi. O‘z yozuvlarida u Buxoro hukumatining ichki siyosatini qattiq tanqid ostiga oladi. «Agar ish shu tariqa davom etsa, – deb yozadi u, – shak-shubhasiz, Buxoro yaqin orada Turkiston general-gubernatorligining bir viloyatiga aylantiriladi.» Bu bilan Gasprinskiy oxirigi vaqtlarda rus amaldorlari va olimlarining Buxoro to‘g‘risida matbuotda paydo bo‘la boshlagan fikrlariga o‘z munosabatini bildirib o‘tadi va Buxoro amirligi nima bo‘lganda ham tugatilmasligi, yashab qolishi kerakligini aytadi.

Gasprinskiy Buxoroda ushlanib qolmasdan to‘g‘ri Samarqandga yo‘l oladi va shaharga keliboq Mahmudxo‘ja Behbudiy homiylik qilayotgan Abdulqodir Shakuriyning yangi usul maktabiga boradi. Samarqandda Gasprinskiy bir hafta turadi. U Behbudiy bilan bo‘lgan uzoq suhbatlari haqida bizga hech qanday ma’lumot bermaydi. O‘z fikrlari tasdig‘ini topmaguniga qadar bu haqda bildirishni istamagan ko‘rinadi. Gasprinskiy jo‘nab ketganidan keyin Behbudiy Toshkentga va Farg‘ona vodiysiga safar qiladi. Oradan bir yil o‘tib, «Tarjimon»da e’lon qilingan bir maqolasida Behbudiy ushbu safari haqida eslatib o‘tadi. Gasprinskiy Turkistonda faqatgina Behbudiy bilan o‘ziga xos «muzokara» olib bordi. Hatto Toshkentga ham kelmadi. Behbudiyning Toshkentga va Farg‘ona vodiysiga bo‘lgan safarini esa Gasprinskiy bilan bo‘lib o‘tgan «muzokara»larning samarasi, deb qarash mumkin. Gasprinskiy yangi dasturining Turkistondagi tamsilchisi Behbudiy bo‘lib, u boshqa musulmon ziyolilariga uni yetkazishni zimmasiga olgan ko‘rinadi.

Gasprinskiy Qrimga qaytishi oldidan, Samarqanddaligi vaqtida Buxorodan ikki kishi kelib undan Qozi Kalon bilan yangi usul maktabi ochish borasida yana bir bor gaplashib ko‘rishini iltimos qilganliklari sababli u yerda ikki kun qolishiga to‘g‘ri keladi. Uning Qozi Kalon bilan uchrashuvi besamar bo‘lmadi. Yangi maktab ochilishiga Qozi Kalon rozilik beradi. Gasprinskiyning buxorolik ziyolilar bilan suhbatidan keyin majlisdagilar shaharda ikki yildan beri faoliyat olib borayotgan tatar maktabini kengaytirishga va unga mahalliy aholi bolalari ham qabul qilinishiga kelishib oladilar.

Gasprinskiyning 1908 yilgi Turkiston sayohati qisqa bo‘ldi. Chunki u Rossiya bo‘ylab rejalashtirgan ikki oylik ish sayohatini vaqtida tugallashga shoshilar edi. Gasprinskiy Turkistonga 15 yil oralig‘ida qilgan ikki sayohatidan ko‘zlagan maqsadlariga yetdi. Bu sayohat unga ham, turkistonlik izdoshlariga ham foydadan xoli bo‘lmadi.

Ismoil Gasprinskiy, professor Begali Qosimov ta’biri bilan aytganda, «butun vujudi bilan Turkiston uchun ham najot yo‘llarini izladi va buni yangilanishda, islohotda ko‘rdi». Bu ulkan mutafakkir va islohotchining fikr-qarashlari ifodasi, asarlari uchun qahramonlarni Turkistondan tanlashi ham bejiz emas. Turkiston osmonida yulduzlar porlashi, ma’rifat yog‘dusi Ismoilbekning eng ko‘p o‘ylantirgan orzularidan, eng ulkan qayg‘ularidan biri edi. Turkistonning qadim madaniy tarixi, mutafakkirlari, olim va ulamolari Ismoil Gasprinskiyga ruhiy madad berdi. Bu zamin ahli tomirlarida buyuk ajdodlari qoni oqayotganiga, qayta uyg‘onishga, chorizm mustamlakasi asoratidan to‘la-to‘kis qutulishlariga qattiq ishondi. Turkiston va Ismoil Gasprinskiy – bu alohida mavzu.

O‘zbek jadid ziyolilari uning g‘oyalaridan ilhom olgani, o‘zlari uchun ustoz sanagani, xususan, Bog‘chasaroyda nashr bo‘lgan «Tarjimon» gazetasini doimiy ravishda o‘qib, o‘zlarining turmush tarziga nazar tashlaganlari tarixiy haqiqat. U zamonlarda Bog‘chasaroy barcha turkiy xalqlar talpinadigan, fikr va g‘oya oladigan tabarruk tafakkur maskani bo‘lgani rost.

 

Zaynobiddin ABDURAShIDOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent

davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti prorektori, professor.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: