Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
15.10.2019

O‘ZBEKISTONNING KUCh-QUDRATI

millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikdadir

«O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari tahririyatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, O‘zbekiston milliy-madaniy markazlari  vakillari ishtirokida «Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik mamlakat taraqqiyotining kafolati» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

 «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri Safar OSTONOV davra suhbati boshlanishi oldidan gazetalarimiz tarixi, bugungi asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

So‘ngra O‘zbekistonni 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi beshinchi yo‘nalishi diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalalariga qaratilgani zamirida katta maqsad, ma’no-mazmun borligi to‘g‘risida to‘xtaldi.

– Qachon taraqqiyot bo‘ladi? Qachonki, yurtda tinchlik-osoyishtalik bo‘lsa. Qachon tinchlik-osoyishtalik bo‘ladi? Qachonki millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik bo‘lsa, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat bo‘lsa, – dedi Bosh muharrir.

Shuningdek, bugun yer yuzida diniy bag‘rikenglik, konfessiyalararo o‘zaro hurmat, hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etayotgani, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi asosida 2019 yilning 12 dekabrida BMT tomonidan Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik rezolutsiyasi qabul qilinganiga e’tibor qaratdi. Bugun respublikamizda millatlararo munosabatlar, milliy masala bo‘yicha olib borilayotgan siyosat to‘g‘risida milliy-madaniy markazlar faoliyati to‘g‘risida fikrlashish, dilingizdagi gaplarni bilish, takliflaringizni eshitish uchun to‘planganmiz, – dedi Safar Ostonov.

Davra suhbatida qiziqarli ma’lumotlar keltirildi, turli fikrlar bildirildi.

G‘ayrat ShUKUROV,

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari:

– O‘zbekiston imijini dunyoda mustahkamlashda o‘zbek xalqiga xos bag‘rikenglik katta rol o‘ynaydi. Bu xislatlar Ikkinchi jahon urushi davrida tarixiy vatanlaridan O‘zbekistonga badarg‘a qilingan koreys, qrim-tatar, nemis, mesxeti turklariga o‘zbek xalqi ko‘rsatgan mehribonchiliklar misolida yaqqol namoyon bo‘lgan. Bugun Respublikamizda millatlararo munosabatlarga berilayotgan e’tiborni xorijiy mamlakatlardan kelayotgan mehmonlar, ekspertlar alohida e’tirof etishmoqda. O‘zbekistonda yashayotgan har bir millat o‘z milliy urf-odatlari, qadriyatlarini asrab-avaylashi, rivojlantirishi uchun katta imkoniyat va sharoitlar yaratib berilganiga havas bilan qarashmoqda. Darhaqiqat, milliy-madaniy markazlar juda qimmatli loyihalarni amalga oshirishmoqda. Suhbat davomida bunga ishonch hosil qilasizlar, deb o‘ylayman.

Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi, o‘tgan yili mamlakatimizga Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar bo‘yicha Oliy komissari Lamberto ­Zaner rahbarligidagi delegatsiya keldi. U O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustam ­Qurbonov bilan uchrashganidan keyin Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi turli etnik qatlamlarning hayot tarzi, ular uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mamlakatda 7 tilda ta’lim olib borilayotgani, turli millat va elat vakillarining davlat boshqaruvi va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki uning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Ular yurtimizda faoliyat olib borayotgan qozoq, tojik, qirg‘iz, rus, tatar va turkman milliy-madaniy markazlari vakillari bilan uchrashdi, katta taassurot olishdi. Lamberto Zaner mamlakatimizda olib borilayotgan milliy siyosatga yuqori baho berdi.

Men arab mamlakatlaridan biriga borganimda, u yerda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan muloqotda bo‘ldim, ularning fikrlariga quloq tutdim. Garchi ajdodlari bu yurtga borganlariga yuz yildan oshgan, oradan ikki-uch avlod almashgan bo‘lsa-da, ularga haligacha fuqarolik berilmagan ekan. Bizda o‘tgan uch yil mobaynida taqdir taqozosi bilan bir paytlar qo‘shni mamlakatlardan ko‘chib kelib, shu yerda joylashib qolgan, O‘zbekistonni o‘z Vatani deb hisoblaydigan qanchadan-qancha insonlarga fuqarolik berilganini dunyo ahli yaxshi biladi.

Rahmatillo JABBOROV, O‘zbekiston qirg‘iz milliy-madaniy markazi raisi:

 

– Eslaringizda bo‘lsa, 1992 yil 13 yanvarda MDH davlatlari o‘rtasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Respublika baynalmilal markazi tashkil etildi, turli millat vakillari o‘zlarining milliy-madaniy markazlarini tashkil etdi. 2017 yilgacha bu markazlar soni 138 taga yetdi va O‘zbekistonda o‘tkaziladigan barcha bayram va tantanalarda o‘z milliy urf-odatlarimizni, qadriyatlarimizni namoyish etib kelayapmiz. Ayniqsa, keyingi ikki-uch yilda milliy masalaga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilayapti. Yondashuv ham boshqacha bo‘lmoqda, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Qirg‘iz milliy-madaniy markazi 1995 yilda tashkil topgan. Qirg‘iz millatiga mansub aholi O‘zbekistonning turli joylarida o‘zbeklar va boshqa millat vakillari bilan bahamjihat yashaydi. Masalan, Farg‘ona vodiysining o‘zida 300 mingdan ziyod qirg‘iz yashaydi. 56 ta qirg‘iz maktabi bor, shundan 31 tasida darslar faqat qirg‘iz tilida olib boriladi. Buning uchun barcha darsliklar, o‘quv qurollari O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ta’minlab berilayapti. Andijon pedagogika universitetida qirg‘iz filologiyasi fakulteti bor, hozir Jizzax pedagogika universitetida ham ochilayapti. Bu nimani ko‘rsatadi? Bu – O‘zbekistonda yashayotgan har bir millat vakiliga Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilganidek, tenghuquqlilik asosida faoliyat ko‘rsatishga, o‘z iqtidorini namoyon etishiga kafolat hisoblanadi.

 Yana bir gapni qayta-qayta aytishdan charchamayman. Bilasizlar, 2017 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Do‘stlik tumanidagi qirg‘izlar yashaydigan «Manas» qishlog‘ida «Obod qishloq» dasturi asosida bunyodkorlik ishlari olib borildi. Ma’lumki, o‘tgan asrning 66-yillarida cho‘l hududida qurilgan uylar, ko‘chalar juda xarob ahvolga kelib qolgan edi. Ana shu hudud 45 kun ichida butunlay yangi shaharchaga aylandi. «Marjon» badiiy-havaskorlik ansamblini tashkil etdik, unga Xalq ansambli maqomi berildi.

Yaqinda Quvasoy shahri tashkil etilganining 65 yilligi munosabati bilan o‘sha yerga borib qoldim. Qirg‘izlar bu yerga keladigan mehmonlar uchun ulkan o‘tov qurishibdi, ichida shahardagidan qolishmaydigan shart-sharoitlar qilib qo‘yilgan. Bu yerda rus, tojik, koreys, qirg‘iz, qozoq va boshqa millat vakillari qadriyatlarining o‘ziga xos namoyishining guvohi bo‘ldik.

Men juda ko‘p yurtlarda bo‘lganman, kam sonli millat vakillarning kamsitilish hollarini ko‘rganman. Barcha millat vakillariga teng huquq va imkoniyat yaratib bergan O‘zbekistonday mamlakat hech qayerda yo‘q! Men bunga aminman.

Vladimir BOYKO,

Slavutich nomli Ukrain milliy-madaniy markazi boshqaruvi raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

 

– O‘zbekiston buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, qadim-qadimdan bu yerga turli mamlakatlardan kelgan turli millat vakillari o‘troqlashib qolgan. Ana shunday taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston hududida ukrain xalqi vakillari 2 ming yillardan buyon yashaydi. Lekin shu davr ichida biror marta ikki xalq o‘rtasida ixtilof chiqmagan.

O‘tgan asrning 30-yillarida ocharchilik tufayli yuzlab ukrainlar bir burda non topish ilinjida O‘zbekistonga kelgan va o‘zbek xalqi ularni mehr bilan qabul qilgan, non bergan. Shuning uchun «Toshkent non shahri», deb bejizga aytishmaydi. Ikkinchi jahon urushida o‘zbek xalqi yana ming-minglab oilalarni, yetim bolalarni o‘z bag‘riga oldi, hech kim ko‘chada qolgani yo‘q. Bularni ko‘z yoshsiz eslamay bo‘lmaydi. O‘zbek xalqining bag‘rikengligini, bolajonligini hech bir tarozi bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Millati, irqi va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, fuqarolar ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida «O‘zbekiston — umumiy uyimiz» shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarda, Navro‘z, Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik bayramlarida, yurtimizda yashayotgan turli millat vakillarining urf-odat va an’analari tadbirlarida ukrain milliy-madaniy markazi faol qatnashib kelayapti.

O‘zbekistonda yashab kelayotgan, islohotlar jarayonida faol ishtirok etayotgan, o‘z iqtidorini namoyon qilayotgan millatimiz vakillari hukumat tomonidan munosib taqdirlanib kelinmoqda. Masalan, boshqaruv a’zosi, iste’dodli xonanda Zinaida Solovey O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi, mashhur olimimiz Zinoviy Navitskiy ham hukumat mukofoti bilan taqdirlangan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Mana, yaqinda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ukrain milliy-madaniy markazi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi hamkorligida ukrain xalq qo‘shiqlari birinchi festivali o‘tkaziladi. Undan keyin Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan davra suhbati tashkil etiladi. Bularning hammasi bizni quvontiradi. Biz barcha millat vakillari o‘zaro hamjihatlikda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlarda faol ishtirok etayotganimizdan xursandmiz.

Sergey MIRONOV,

O‘zbekiston rus milliy-madaniy markazi boshqaruvi raisi.

– Men Rossiyada tug‘ilgan bo‘lsam ham, ongli hayotim davomida O‘zbekistonda yashab kelayapman. Hozirgi davrda dunyoning ko‘p joylarida milliy etnik ziddiyatlar murakkablashib bormoqda. Hammamiz ko‘rib turibmiz ilgari sobiq ittifoq tarkibida bo‘lgan ba’zi davlatlarda oz sonli millat vakillarini ochiqdan-ochiq kamsitish holatlari kuzatilayapti. Lekin O‘zbekistonda barcha millat va elat vakillari ahil bo‘lib yashayapti, har bir inson o‘zining ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarish imkoniga ega. Buning uchun men eng avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor deb bilaman.

Barcha milliy-madaniy markazlarning samarali faoliyat olib borishi uchun davlat tomonidan har tomonlama ko‘mak berilayapti, turli millat vakillarining o‘z ona tili, madaniyati, san’ati, hunarmandchiligi va milliy qadriyatlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilayapti.

Hozir O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat, shahar va tumanlarida markazning 23 ta madaniy-ma’rifiy tuzilmalari faoliyat ko‘rsatib turibdi. O‘tgan yillar mobaynida ular son jihatidangina emas, sifat jihatidan ham o‘sdi. Ko‘pgina masalalar ana shu markazning o‘zida hal etilmoqda.

Rus milliy madaniy markazi 1994 yilda tashkil topgan bo‘lib, bu yil uning 25 yilligini nishonladik. O‘zbekistonning barcha joylarida 200 dan ziyod tadbir o‘tkazildi. Bayramga juda katta tayyorgarlik ko‘rdik. Tadbir doirasida xalqaro konferensiya o‘tkazdik, unda Rossiya Federatsiyasidan kelgan mehmonlar, barcha milliy-madaniy markazlar vakillari, Prezidentning davlat maslahatchisi Rustam Qosimov va boshqalar qatnashdi.

Tadbir doirasida Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Kirill Lavrovning bizga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi, juda xursand bo‘ldik. Mehmonlar Sergey Yesenin uy-muzeyi ko‘rishdi, Pushkin haykali, Ikkinchi jahon urushi yillarida 14 nafar yetim bolani asrab olgan Shomahmud Shoahmedov haykali majmuasiga gulchambarlar qo‘yildi. Aytgancha, gul qo‘yish marosimida temirchi ustaning asrab olgan qizi ham qatnashgani quvonchli bo‘ldi. Shundan keyin Xalqlar do‘stligi san’at saroyida taniqli o‘zbek-rus xonandalari ishtirokida galakonsert namoyish etildi.

Prezidentimizning O‘zbekiston mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan qilgan ma’ruzasida qanday muvaffaqiyatga erishayotgan bo‘lsak, bu ko‘p millatli xalqimizning fidokorona mehnati samarasidir, degan gaplari mening xotiramga muhrlanib qolgan. Bunday e’tibordan biz xursandmiz, albatta.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 800 mingga yaqin rus millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Mustaqillik yillarida xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilib, fan-texnika, tibbiyot, sport va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan 700 nafarga yaqin rus millati vakillari davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi.

Markaz tomonidan har yili yanvar oyida Rojdestvo kechalari, fevral-mart oylarida Maslenitsa, aprel-may oylarida Pasxa bayramlari o‘tkaziladi. 1994 yildan buyon har yili rus yozuvi va adabiyoti an’analariga bag‘ishlangan slavyan madaniyati va yozuvi kunlari o‘tkazilib kelinadi. Rus tili bugungi kunda millatlararo va davlatlararo til sifatida keng qo‘llanilayapti. Markaz tomonidan ishlab chiqilgan dastur bo‘yicha rus tilini o‘rganishni istagan, millatidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun bepul kurslar tashkil etilgan bo‘lib, unda turli millat vakillari til o‘rganmoqda.

Lyudmila NI,

O‘zbekiston koreys milliy-madaniy markazi assotsiatsiyasi Toshkent shahar bo‘limi rahbari:

– 2017 yilda O‘zbekistondagi koreys diasporasi shu zaminda yashayotganining 80 yilligini nishonladi. O‘tgan asrning 37-yilida Stalin repressiyasi tufayli Uzoq sharqdan 74 mingdan ziyod koreys O‘zbekistonga badarg‘a qilingan edi. O‘zbek xalqi urush arafasi qiyinchiliklariga qaramay, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatdi, oxirgi bir burda nonini, bir piyola sutini birga baham ko‘rdi. Aytish kerakki, koreys va o‘zbek xalqi turmush tarzida, vatanga muhabbat, oilaga sadoqat bobida yaqin o‘xshashliklar bor.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin bu yerda yashayotgan koreys xalqi boshqa millat vakillari kabi o‘zining ko‘p asrlik urf-odatlari, madaniy merosi, ona tili va qadriyatlarini avloddan-avlodga yetkazish, ularni rivojlantirish imkoniga ega bo‘ldi.

Koreys xalqining O‘zbekistonda muqim o‘rnashishi va tomir otishida o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va bag‘rikengligi muhim rol o‘ynadi. O‘tgan 80 yil mobaynida ular o‘z milliy qadriyatlarini saqlagan holda O‘zbekistonda yashayotgan xalqlarning ajralmas qismiga aylandi. Shu davr mobaynida ulardan 283 nafari O‘zbekiston hukumatining yuqori unvon va mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Xevadagi Mehribonlik uyi direktori bo‘lib uzoq yillar mehnat qilgan Vera Borisovna Pak O‘zbekiston qahramoni unvoni bilan taqdirlandi. Ikki nafar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, ikki nafar oliy o‘quv yurti rektori, yuzlab turli sohalarda muvaffaqiyatli ishlayotgan koreys millatiga mansub insonlar bor. Bugun turli darajadagi xalq deputatlari Kengashlarida 8 nafar koreys millatiga mansub fuqaro faoliyat yuritayapti, O‘zbekiston koreys milliy-madaniy markazi assotsiatsiyasi raisi Viktor Pak Oliy Majlis deputati, Agrepina Shin Maktabgacha ta’lim vaziri va hokazo. Bularning hammasi koreys xalqining bugungi islohotlarda faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.

Yaqinda poytaxtimizdagi Koreys madaniyati va san’ati uyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi O‘zbekiston koreys milliy-madaniy markazlari uyushmasi bilan hamkorlikda «Millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda milliy-madaniy markazlarning o‘rni» mavzusida muloqot o‘tkazdi. Bilasizmi, bu tadbir juda katta bayramga aylanib ketdi. O‘zbekistonda yashayotgan koreys, qrim-tatar, nemis, rus, ukrain, uyg‘ur, turkman, tojik va boshqa millat vakillari o‘z hunarmandchilik, pazandalik ko‘rgazmalari bilan qatnashdi, barcha tillarda kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Millatlararo munosabatlar sohasida yaxlit siyosatni amalga oshirish, davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish, tur­li millat va elat, din vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash masalalari bo‘yicha ko‘pgina loyihalarimizni ana shu tadbirda ekspertlar e’tiboriga havola etdik. Bu borada bir qator vazifalar ham belgilab olindi.

Serikboy USENOV,

O‘zbekiston qozoq milliy-madaniy markazi raisi:

– O‘zbekistonda qozoq milliy-madaniy markazi tashkil etilganiga 30 yil, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tganiga 27 yil bo‘ldi. O‘zbek-qozoq do‘stligi aslida ming yilliklarga borib taqaladi. Lekin hech qachon «sen qozoq, men o‘zbek», deb bir-birining ko‘kragidan itargan emas. Yaqinda olingan ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda 3,5 milliondan ziyod qozoq yashar ekan. Lekin bu yerda millat sanog‘i rol o‘ynamaydi, eng muhimi, ahillik, totuvlik, bag‘rikenglik yuqori turadi.

E’tibor bering, O‘zbekistonda 376 ta qozoq maktabi bor. Bir qator oliy o‘quv yurtlarida qozoq filologiyasi fakultetlari faoliyat ko‘rsatayapti. «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan Mirzacho‘l tumanidagi Gagarin shahrini borib ko‘ring, tanimay qolasiz. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida 89 nafar kishiga O‘zbekiston Qahramoni unvoni berilgan bo‘lsa, shundan 14 tasi boshqa millat vakillari, 3 nafari qozoq millatiga mansub. Qirqqa yaqin fan doktori, professor, 250 dan oshiq fan nomzodlari O‘zbekistonda yashab, o‘z bilimini, boy tajribasini yoshlarga o‘rgatayapti.

Boya Bosh muharrir o‘rinbosiri Tatyana Kistanova yangi loyihalar, g‘oyalar haqida so‘radi. Bizda g‘oyalar, loyihalar juda ko‘p. Maktab o‘quvchilari uchun o‘zbek adabiy tilining asoschisi, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonini, g‘azallarini, xalqimizning suyukli shoirlari, O‘zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarning she’rlarini qozoq tiliga tarjima qilib, darsliklarga kiritdik. Joylarda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva maktablari tashkil etilmoqda. Biz ham Navoiy shahrida Abay maktabini tashkil etish haqida ish olib borayapmiz, bu haqda hukumatga ham murojaaat etdik.

2020 yilda qozoq va o‘zbek xalqining faxri bo‘lgan buyuk oqinimiz, shoir Abay Qo‘nonboyevning 175 yilligi, buyuk mutafakkir bobokalonimiz al-Forobiy tavalludining 1150 yilligi xalqaro miqyosda nishonlanadi. Hozir ana shu tadbir doirasida joylarda uchrashuvlar o‘tkazayapmiz. Yaqinda bir kollejda uchrashuv o‘tkazilganida, o‘quvchilar Abay hayoti va faoliyati haqida insho yozishdi. Unda birinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan o‘quvchiga «Spark» avtomashinasi, qolgan o‘rinlarni olganlarga muzlatgich, Qozog‘istondagi oliy o‘quv yurtiga bepul yo‘llanma berildi.

Navoiy viloyatining adoqsiz sahro-cho‘llardan iborat Uchquduq tumanidagi Juzquduq qishlog‘i xarob ahvolga tushib, tamoman huvillab qolgan edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018 yil aprel oyida Navoiy viloyatida bo‘lganida, Uchquduq, Tomdi tumanlarida aholi turmush tarzi bilan tanishdi. Natijada mazkur tumanlardagi bir qancha qishloqlar, shu jumladan, Juzquduq qishlog‘i ham «Obod qishloq» dasturiga kiritildi. Bu yerda yashaydigan 56 ta oila uchun to‘rt oy ichida yangi mahalla guzari qurib berildi. 52 nafar o‘g‘il-qizlarimiz uchun zamonaviy 9 yillik maktab barpo etildi, qishloq vrachlik punkti qurildi, aholiga tez tibbiy yordam berishni tashkil etish maqsadida unga Damas avtomashinasi ajratildi. 22 nafar kichkintoylar uchun maktabgacha ta’lim muassasasi qurildi. O‘ydim-chuqur bo‘lib yotgan yagona ko‘chaga asfalt yotqizilib, chiroqlar o‘rnatildi. Endi bu yerda hayot qaynayapti, mahalliy aholi uchun kichik tadbirkorlik korxonalari tashkil etilayapti. Qarang, olis bir sahroyu-biyobonda, juda ozchilikni tashkil etadigan aholiga qanchalik g‘amxo‘rlik! Buni so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi.

Bugungi kunimizga ko‘z tegmasin. O‘zbek-qozoq xalqi et bilan tirnoqdek, uni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Yana bir gapni aytish esimdan chiqibdi, milliy-madaniy markazimiz turizmni rivojlantirish ustida ham ish olib borayapti. Bizning sa’y-harakatimiz bilan 2018 yilda 50 ming, 2019 yilda 70 ming qozog‘istonlik sayyohlar O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylarini ko‘rib ketishdi. Keyingi yilda ular sonini 200 mingga yetkazish harakatini qilayapmiz.

Ilxamiya YaZÛDJIYeVA, Toshkent shahar qrim-tatar milliy-madaniy markazi faoli:

– Biz qrim-tatarlar o‘zbek xalqidan juda minnatdormiz. Buning sababi shundaki, 1944 yilda qrim-tatarlar gardaniga «sotqin» degan tamg‘ani bosib, tarixiy vatanidan O‘zbekistonga ko‘chirishganiga qaramasdan, o‘zbek xalqi bu yerga kelgan oilalarga o‘z bag‘ridan joy bergan, bir burda nonini birga baham ko‘rgan. O‘shanda otam urushda bo‘lgan ekan, buvi-bobolarimizni, qarindosh-urug‘larimizni Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumaniga ko‘chirib kelishgan. Otam urushdan qaytib, so‘rab-surishtirib, oilasini topib kelgan. Shundan keyin men tug‘ilganman.

Onam maktabda o‘qituvchilik qilgan. Bulung‘urda koreys, qrim-tatar, nemis, rus, ukrain, uyg‘ur, turkman, tojik va boshqa millat vakillari juda ahil yashagan. Onam menga, ularga o‘zbek tilini o‘rganinglar, dunyoning har tomonidan sig‘indi bo‘lib kelgan turli millat vakillariga uyining, qalbining to‘rini bergan bu xalqning o‘zi ham, tili ham aziz, derdi. Shaxsan men o‘zbek xalqining mehrini hech narsaga almashtirolmayman. Chunki bunday mehrli, ko‘ngli ochiq xalqni boshqa joyda uchratganim yo‘q. Shuning uchun biror joyga borib, uzoqroq qolib ketsam, O‘zbekistonni sog‘inaman, tezroq qaytib kelishga oshiqaman.

Qrim-tatar milliy-madaniy markazida yoshlarga urf-odatlarimizni, yozuvlarimizni o‘rgatamiz, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan barcha bayramlarda, tadbirlarda o‘z urf-odatlarimizni namoyish qilamiz, qo‘shiqlar kuylaymiz. Bundan tashqari, har yili 22 sentabrda hosil barakasi va to‘ylar mavsumi sifatida nishonlanadigan «Derviza», yangi yilning boshlanishi sifatida 22 dekabrda nishonlanadigan «Yil gejesi» kabi bayramlarimiz bor, bu tadbirlarni boshqa millat vakillarini taklif etib, ular bilan birga nishonlaymiz. 22 dekabrda o‘zimizning «kubete» deb ataladigan ulkan pirogimizni pishirib, o‘rtasiga qaynatib pishirilgan tuxum qo‘yamiz. Bu yangi yilning boshlanishi, kelajagimiz oydin bo‘lishi ma’nosini anglatadi.

Isroil elchisi O‘zbekistonga ta’rif berganida: «Bu mamlakat yahudiylar quvg‘in qilinmagan dunyodagi yagona mamlakatdir» degan ekan. Qrim-tatar milliy madaniy markazi faoli Febzi Yakubovning yozgan kitobida shunday satrlar bor: «Singapur mikrotexnologiya, Germaniya sanoat texnikasi, Niderlandiya qishloq xo‘jaligida eng ilg‘or o‘rinda turadi desak, unda shak-shubhasiz O‘zbekiston boshqa millat va elatlarning sha’ni va qadr-qimmatini qadrlashda eng oliy o‘rinda turadi». Bu qrim-tatar xalqi taniqli vakilining samimiy e’tirofi, o‘zbek xalqiga berilgan baholarning eng a’losi, deb hisoblayman. Biz O‘zbekistonday bag‘rikeng yurtda yashayotganimizga shukrona aytamiz.

Jaxsiliq JO‘RIKBOYeV,

qozoq milliy-madaniy markazi Chirchiq shahar bo‘limi raisi:

– Men ilgari Chirchiqda avtobus parkida ishlaganman. San’atdan ham xabarim bor, buyuk oqinimiz Abay she’rlariga kuy bastalab, yig‘inlarda ijro etaman. 2018 yilda televizorda O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlarining uchrashuvini, ularning bir-biriga mehr-muhabbatini ko‘rib, o‘sha kecha uxlolmay chiqdim. Ertasi kuni ertalab shahar hokimining huzuriga kirdim, o‘zbek-qozoq do‘stligining ramzi sifatida o‘zimga tegishli joydan Do‘stlik uyi qurmoqchiligimni bildirdim. Hokim mening bu tashabbusimni qo‘llab-quvvatladi, Hozir 2 qavatli Do‘stlik uyi bitay deb qoldi, Xudo xohlasa, bu yerga 9 ta milliy-madaniy markaz joylashadi. Chirchiq davlat pedagogika institutida qozoq filologiyasi fakulteti ochilib, bu yil 25 nafar talaba qabul qilindi. Shular orasidan san’atga ishtiyoqi, iste’dodi bo‘lgan yoshlarni tanlab olib, ansambl tuzmoqchiman. Bu borada institut rahbariyati bilan memorandum imzoladik.

O‘tgan yili Qozog‘istonda O‘zbekiston yili o‘tkazilgan edi, bu yil  O‘zbekistonda Qozog‘iston yili deb e’lon qilingan. Ana shu munosabat bilan biz shu yilning dekabr oyida Abay tavallud topganligining 175 yilligiga bag‘ishlab festival o‘tkazishni va talabalar bilan birga spektakl qo‘yishni rejalashtirganmiz, shunga tay­yorgarlik ko‘rayapmiz. Biz og‘a-ini xalqmiz, shundan faxrlanamiz.

O‘ljaboy QARShIYeV,

mustaqil jurnalist:

– Ma’lumotlarga qaraganda, hozir dunyoda 13 million bola to‘yib ovqat yemaydi, kiyim-kechagi yo‘q, maktabga bormaydi, chunki imkoniyati yo‘q. Bizda Xudoga ming qatla shukr, bu yerda yashayotgan barcha millat vakillari farzandlari uchun hamma shart-sharoitlar muhayyo qilingan, ular tinch-farovon mamlakatda unib-o‘sayapti.

Keyingi ikki-uch yil ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim, xalq ta’limi, oliy ta’lim sohasida amalga oshirilgan va davom etayotgan islohotlar xalqimizni quvontirmoqda, dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.

Turli millatlar vakillari o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vatandoshlarimiz ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini shakllantirishda albatta milliy-madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyati beqiyos va ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Lekin taassuf bilan aytish kerakki ommaviy axborot vositalari ana shu masalani yetarlicha yoritib bormayapti. Buni biz jurnalistlar tan olishimiz kerak.

Bugun dunyoning mafkuraviy manzarasi kundan-kunga o‘zgarib bormoqda. Ayrim mamlakatlarda yuz berayotgan beqaror vaziyat ertaga qanday bo‘lishini hech kim bilmaydi. Ana shunday bir sharoitda necha ming yillik totuvlik va ahillik an’anasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston dunyo xalqlarining tinchligi va omonligi uchun namunadir, deb o‘ylayman.

O‘zbekistonda Dalvarzintepa manzilgohidan ud chalayotgan budda haykalchasi topilishi, diniy konfessiyalarning erkin faoliyati, xoh musulmon, xristian yoki yahudiy bo‘lsin, hazrati Doniyor qabri ziyoratiga shoshilishi bu zaminda azaldan bag‘rikenglik va hamjihatlik ustuvor bo‘lganligidan dalolat beradi.

Insonga nima kerak? Tinchlik kerak. Tinchlik bo‘lmagan joyda xotirjamlik, barqarorlik bo‘lmaydi, Millatchilik, separatizm kabi siyosiy o‘yinlar, fitnalar aslida ma’lum bir manfur siyosiy oqimlarning millatlarni bir-biriga gij-gijlatishga, o‘yindan o‘t chiqarishga qaratilganini hammamiz yaxshi anglab yetmog‘imiz kerak. Ularning nayrangidan hamisha ogoh bo‘lib yashashimiz, xalqlar, dinlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashimiz kundalik ishimizga aylanishi kerak. Chunki Bosh Qomusimizning 31-moddasida yozilganiday, O‘zbekistonda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi.

Firdavsiy GUSEYNOV, Ozarbayjon milliy-madaniy markazi raisi:

– Bizning milliy-madaniy markazimiz o‘z tarkibida 7 ta hududiy filiallarni birlashtirgan bo‘lib, ular Samarqand, Buxoro, Navoiy, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari, va Toshkent shahrida faoliyat yuritadi. O‘zbekistondagi 40 mingdan ortiq ozarbayjon diasporasi boshqa millatlar vakillari bilan hamjihatlikda yashaydi. Ular orasida turli sohada muvaffaqiyat qozongan, mamlakat iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shayotgan kasb egalari, tadbirkorlar, ziyolilar, fan doktorlari va professorlar bor.

Biz o‘zimizni O‘zbekiston farzandi deb bilamiz va bundan faxrlanamiz. Milliy-madaniy markazimiz qoshida oqsoqollar kengashi, xotin-qizlar kengashi faoliyat olib boradi. Ular milliy qadriyatlarimizni, an’analarimiz, urf-odatlarimizni asrab-avaylash, rivojlantirishda yoshlarimizga o‘rnak bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, markaz qoshida xalq cholg‘u ansambli, badiiy havaskorlik ansambli, raqs ansambli ishlab turibdi.

O‘zbekistonda hukm surayotgan millatlararo bag‘rikenglik asosini YuNESKO tomonidan ?6 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni» deklaratsiyasi, O‘zbekistonning Konstitutsiyasi va tegishli qonunlari, «Harakatlar strategiyasi» va Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning 72-Assambleyasidagi ma’ruzasida ilgari surilgan g‘oyalar tashkil etadi, desam yanglishmagan bo‘laman.

Oliy Majlis qoshida nodavlat-notijorat tashkilotlarga grant tariqasida moddiy yordam ko‘rsatadigan Jamoat fondi bo‘lib, bizga ham ikki marta grant berildi. Bizning minglab yigit-qizlarimiz turli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor berib kelmoqda. Bundan juda xursandmiz. Fursatdan foydalanib, Prezidentimizga insonparvar siyosati, barcha millatlar manfaatini o‘ylab olib borayotgan islohotlari uchun minnatdorchiligimizni bildiraman. Davra suhbati davomida yurtimizdagi bag‘rikenglik, millatlararo va dinlararo munosabatlar, o‘zaro totuvlik mustahkamlanib borayotgani ko‘p ta’kidlandi. Shuningdek, qo‘shni respublikalar bilan chegaralar ochilgani, bordi-keldi emin-erkin yo‘lga qo‘yilgani minnatdorlik bilan tilga olindi.

Bosh muharrir Safar Ostonov ta’kidlaganidek, Davra suhbati davomida bir masala alohida sezilib turdi. «O‘zbekiston – umumiy uyimiz», degan so‘zlar oddiy shior emas, balki yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillarining qalb sadosidir. Ular «Shu aziz Vatan barchamizniki», deb yashamoqda va shu Vatan taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan mehnat qilishmoqda.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Nurulloh DOSTON yozib oldi.

 

 


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: