Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
19.11.2019

Avtosanoat kelajagi: avtomobilmi yoki elektromobil?

Mamlakatimizda avtomobilsozlikka asos solingani mustaqillik inoyati. O‘tgan yillar davomida biz uchun butkul yangi bo‘lgan sohaning yurtimiz iqtisodiyotidagi salmog‘i ortib bormoqda. 2018 yilga kelib O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotida avtomobil ishlab chiqarishning hissasi 6,6 foizni, sanoat majmuidagi ulushi 28 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda «O‘zavtosanoat» AJ korxonalarida 30 minga yaqin, ularga butlovchi qismlar va materiallar yetkazib beruvchi sohalarda 200 mingdan ortiq kishi mehnat qiladi.

Global iqtisodiyot bag‘oyat ulkan imoratki, u avtomobilsozlikning poydevori ham yangidan yangi inovatsion g‘oyalar ustida izlanish, eng zamonaviy, hamyonbop va tejamli modellarni ishlab chiqarish, ularni ichki va tashqi bozorda sota bilish kabi tayanchlar bilan mustahkam. Binoabarin, kelajak bugundan boshlanishi hammamizga yaxshi ma’lum. Shu jihatdan olganda, hozirgi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan loyihalar, belgilangan vazifalar mohiyati O‘zbekiston avtomobilsozligining yaqin istiqboliga nazar tashlash imkonini beradi. Tabiiyki, bu jarayonlar dunyodagi evrilishlar bilan uyg‘unlikda kechadi. Sohaning real holatiga doir qiyos va tahlillar esa, bu boradagi tasavvurlarimizga yanada oydinlik kiritadi.

«QURBAQA» VA «G‘OZLAR GALASI» KONSEPSIYASI: QAY BIRI AFZAL?

«O‘zavtosanoat» AJ raisi Shavkat Umurzoqov 2018 yilning 24 sentabrida «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida qayd etishicha, «Iqtisodiy rivojlanishning ikki xil turi mavjud: «qurbaqa» va «g‘ozlar galasi. Biz shu paytgacha, taraqqiyotning «gala» yo‘lini tanlaganmiz... Biz bufndan voz kechishimiz kerak, negaki, biz eski yo‘ldan borsak, yetakchilar bilan oralig‘imizdagi masofa tobora olislab boraveradi. «Qurbaqa» yo‘li – bu hali hech kim ega bo‘lmagan mashinalarni o‘zlashtirish. Xitoy shu yo‘ldan borib, eng yaxshi avtomobillarni ishlab chiqarib keladi. Biz ham eng yaxshilarini, haqqoniy hamkorlarni tanlab olishimiz zarur».

Qiziq tomoni, jamiyatning yangi  rahbari «GM Uzbekistan» bilan hamkorlikning 22 yili davomida avtomobilsozlik uchun eng zarur bo‘lgan mutaxassislar, hatto u yoki bu ehtiyot qism, foydalanilayotgan material, xarajatlar tizimi va boshqa jihatlar tannarxini tahlil etadigan bironta injener-baholovchi bo‘lmaganligini tushunmay, ajablanadi.

Ha, shunday. «O‘zavtosanoat»da tushunib bo‘lmaydigan, hayron qoladigan ishlar ko‘p bo‘lgan. 2018 yil 26 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda avtomobilsozlik mamlakat  iqtisodiyotida muhim o‘rin tutishi e’tirof etilib, lekin keyingi paytda tarmoqning barcha darajadagi boshqaruvida korrupsiya, tovlamachilik, tanish-bilishchilik kabi illatlar ildiz otganini tanqid qildi. Tizimda qarzdorlik yuzaga kelgan, avtomobillar yillar davomida o‘z tannarxidan past qiymatda eksportga sotilgan...

Buning oqibati ayon. «GM Uzbekistan»ning imkoniyat quvvati 300 ming dona bo‘lgani holda 2016 yilda bor-yo‘g‘i 88,2 mingta, 2017 yilda 135, 5 mingta yengil avtomobil ishlab chiqardi. Esport ham shunga yarasha pastlashib ketdi.

Davlat rahbari yig‘ilishda avtomobilsozlikda mahsulot tannarxini kamaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, mahsulotlarni ichki va tashqi bozorda sotish tizimini takomillashtirish, importni qisqartirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Boshqaruv rahbarlari almashtirilgani, tizimni zamonaviylashtirish, illatlarni barham toptirish, ahvolni tubdan yaxshilashga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ko‘rilgani  ko‘p kuttirmay o‘z samarasini berdi. Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga qaraganda, 2019 yilning yanvar – oktiyabr oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 41,8 foizga ortib, qariyb 219 mingtani tashkil etgan, yuk avtomobillari 31,8, avtomobil dvigatellari 43,3 foizga ko‘paygan. Ushbu o‘sish jarayonlariga katta yo‘l boshidagi marra sifatida qarash kerak. Chunki mamlakat rahbarining joriy yil 8 iyul kuni o‘tkazgan yig‘ilishida va 18 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarorida 2023 yilga qadar yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 350 ming donagacha, mahalliylashtirishni o‘rtacha 60 foizga, yuk avtomobillari va avtobuslarni 10 000 taga, eksportni 100 ming donaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

 

MAQSAD-MARRALARGA QANDAY YO‘LLAR BILAN ERISHILADI?

 

Haqiqatan, rejalar miqyosi katta, muddat esa, qisqa. Hattoki, «Buyuk kelajak»  XNNT tomonidan taqdim etilgan O‘zbekistonni 2035 yilgacha rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasida ham ana shu yilga borib yengil avtomobillar ishlab chiqarishni 300 mingtaga yetkazilishi nazarda tutilgan edi. Davlat rahbari qarorida esa, 350 ming dona avtomobil tayyorlashga to‘rt yarim yilda erishish vazifasi qo‘yilgan. Shu maqsadda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari, shuningdek, «ERP» avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimi joriy etiladi, aholining keng qatlamlari uchun hamyonbop bo‘lgan avtomobillarning modellar  turi yangilanadi.

Yengil avtomobillar tannarxini yaqin yillarda 15-20 foizga kamaytirish uchun esa, «O‘zavtosanoat» AJ raisining o‘rinbosari Azizbek Shukurovning bildirishicha, hozirgi paytda «UzAuto Motors»da 5 turdagi yengil avtomobil 5 ta alohida platformada ishlab chiqarilayapti.Bu xarajat, resurs va vaqt sarfini ko‘paytirib, mahsulot narxiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Yagona platformada bir necha markadagi avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bu muammoni yechishning to‘g‘ri yo‘li hisoblanadi. Har bir avtomobil uchun 1000 -1500 butlovchi detal zarur. Yagona platforma bu qismlarni bir yo‘lakayiga yig‘ish imkonini beradi. Shu tariqa ishlab chiqarish miqyosi kengayadi, tannarx esa, 15-20 foizga kamayadi.

Qayd etish joiz, bu va boshqa loyihalarni amalga oshirish uchun 700 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur qaror bilan 2019 yil 1 oktabrdan keyin tuziladigan shartnomalar bo‘yicha «UzAutoMotors» AJ tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarga aksiz solig‘i bekor qilindi.

Xullas, «UzAutoMotors» zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklanishi barobarida uning faoliyati yanada qo‘llab-quvvatlanayapti. Ommaviy axborot vositalarida boshqa monopol kompaniyalar kabi mazkur jamiyatning ham milliy ishlab chiqaruvchi sifatida himoya qilinishi raqobatdoshlikka olib kelmasligi, import tariflaridan voz kechib, «inomarka»lar uchun mamlakat darvozalarini ochib qo‘yish haqidagi fikrlar ko‘zga tashlanib qoladi. Asos – bozor  iqtisodiyoti tamoyillari. Lekin davlat idoralari mulozimlari bunday cheklovlar boshqa mamlakatlar tajribasida ham qo‘llanib kelinayotganiga urg‘u beradi. Bu jihatdan avvalgi haftada Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda 2020 yil 1 yanvardan boshlab qimmatbaho avtomobillar importiga imtiyozli stavka bekor qilinishi, monopoliya sharoitida bu qanchalik to‘g‘ri bo‘lishi haqidagi savolga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Bobir Karimovning javobi e’tiborni tortadi.

«Buni Yaponiya yoki Janubiy Koreya misollarida olsa bo‘ladi, ularda ham proteksionizm, ya’ni o‘zining iqtisodiyotini himoyalash siyosati olib borilgan. Bu siyosat ularga juda yaxshi natijalarni bergan. Biz ham avtomobil qurish sohasini yo‘lga qo‘ydik. Juda sifatli mashinalar chiqaryapmiz. Lekin har qanday imtiyozlar muddatli bo‘lishi kerak. Muddatsiz bo‘lishi kerak emas. GM esa muddatsiz vaqtga imtiyozlar olgan. Bu davlat siyosati. Agar hukumatimiz korxona buyog‘iga o‘zi ishlab ketishi mumkin, degan xulosaga keladigan bo‘lsa, bojxona stavkalari kamayishi va O‘zbekistonga boshqa mashinalar ham kirishi mumkin. Ha, bu raqobatni cheklaydi. Biz buni ko‘p joyda aytganmiz. Agar sohada siyosat boshqacha olib borilsa, mashinalar kirib keladigan bo‘lsa, bojxona stavkalari kamaysa, mashina sotadigan korxonalar ham ko‘payadi va GM bilan bemalol raqobatlashishadi. Iste’molchilar arzonroq va sifatliroq mashina olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi».

Izohga hojat bo‘lmasa kerak. Nazarimizda, muddatsiz imtiyozlarni cheklash vaqti ham keladi. Faqat vaqt shiddat bilan o‘tib borayapti.Sohani jadal rivojlantirish uchun jadal ishlash kerak bo‘ladi. Qaror mohiyatidan kelib chiqqanda. ilg‘or xalqaro tajriba asosida zamonaviy bozor mexanizmlari va boshqaruv usullari tatbiq etishni, ichki va tashqi bozorda ham yaraydigan raqobatbardosh ishlab chiqarish, oshkora hamda shaffof tizim yaratishni paysalga solmaslik zarur. Kuchli raqobat «iqlimi» yuzaga kelgan sharoitda korrupsiya, poraxo‘rlik va tanish-bilishchilik kabi illatlar urchiy olmaydi, mavjudlari ham barham topadi.

 

 TA’MAL TOShI: ILM VA AMALIYoT UYG‘UNLIGI

 

— Elektromobil  haqida ko‘p o‘qigan, lekin ko‘rmagan edik, bugun hammamiz bildik va bevosta tanishdik.

Bu fikrni taqdimot-seminarda so‘z olgan respublika innovatsion rivojlanish vazirining o‘rinbosari Sharof Rajabboyev bildirdi.

Xalqimiz ham topib aytgan : ming eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal. Quyosh energiyasi xalqaro instituti bilan XXRning Henan Suda Electric Car Technology Co.Ltd. hamkorligining dastlabki natijalari buning yana bir dalolati. Mavzuga doir oldingi sharhimizda institutga 20 ta elektromobil keltirilgani, buning sababi va hamkorlikdagi innovatsion loyihalarning maqsad-rejalari haqida so‘z yuritgan edik.

Shundan keyin Quyosh energiyasi xalqaro institutida o‘tkazilgan taqdimot-seminarda O‘zbekiston FA, tegishli vazirlik va idoralar, OAV vakillariga «Suda» rusumli elektromobillarning texnik xususiyatlari va afzalliklari haqida batafsil ma’lumot berildi. Qatnashchilar Xitoydan keltirilgan avtoulovlarda yurib ko‘rishdi, quvvatlash jarayonlari bilan bevosita tanishishdi, elektrodvigatel, elektron boshqaruv tizimidan tortib, uzatish, to‘xtatish, yoritish moslamalarini ko‘zdan kechirishdi. Sinov-tajriba laborotoriyasida namoyishga qo‘yilgan elektromobilning asosiy qismlariga xos xususiyatlar haqidagi bayonini kompaniya prezidenti Li Fuxo shunday xulosaladi:

— Bularning hammasini o‘zimiz yaratganmiz, dunyo avtomobilsozligining eng ilg‘or g‘oyalari mujassam, qay jihatdan olsak ham betakror, innovatsion, tejamkorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ham jahonda tengi yo‘q texnologiyalar joriy etilgan. Avtomashina rusumiga va xaridor buyurtmasiga qarab, to‘rt yoki ikki g‘ildiragiga ushbu vositani qo‘ysak, yurgan vaqtda zarur quvvatni beradi. Quyosh nuridan quvvat oladigan elektromobil yaratish ishlari nihoyaga yetib qoldi...

Arximed izlagan tayanch nuqtani Henan Suda Electric Car Technology Co.Ltd.ning elektromobil sohasida topishi aslida oson kechmagan. Li Fuxo va uning maslakdoshlari o‘ta mashaqqatli yo‘lni tanlab, yeng shimarib ishga kirishdi. O‘z loyihalari asosida zavod qurishdi, o‘z ilmiy ishlanmalarini ishlab chiqarishga tatbiq etishdi.

2010 yilda asos solingan korxona bugungi kunga kelib, ichki va tashqi bozorga yiliga 100 mingta eng zamonaviy elektroulovlar yetkazib beradigan zavodga aylandi. 1300 nafar ish o‘rniga ega bo‘lgani holda 100 ga yaqin xorijlik va xitoylik mashhur olimu ekspertlar uning kelajak loyihalarini yaratish, mavjudlarini takomillashtirish borasida izlanishlar olib boradi. Barcha jabhadagi innovatsion jarayonlar asosi  ilm va amaliyotning uyg‘unligi bilan bog‘liq.

Henan Suda Electric Car Technology Co.Ltd. o‘zining O‘zbekistondagi hamkorligini, eng avvalo, fan va amaliyot poydevorini qurishdan boshlayotgani e’tiborga molik. Kompaniya Xalqaro quyosh energiyasi instituti bilan mamlakatimizda amaliy tadqiqot institutni tashkil etayapti.

— Bu yerda o‘zbekistonlik va xitoylik olimlar yelkama-elka turib ish olib borishadi, — deydi institut direktori Nuraddin Matchonov. – Bundan  tashqari, elektromobil texnologiyalari uchun sinov-sertifikatlash hamda texnik markazlari ham tez orada ish boshlaydi. Bu markazlar negizida quvvatlash qurilmalari va shoxobchalarini tashkil etish, xalqaro standartlarga milliy standartlarni uyg‘unlashtirish, ilmiy-texnik va marketing izlanishlari olib boriladi. Bir so‘z bilan aytganda, fan bilan amaliyot baqamtiligiga amal qilinadi. Bundan tashqari bizga taqdim etilgan 20 ta elektromobil va quvvatlash stansiyasi yurtimizning barcha hududlarida sinovdan o‘tkaziladi, uning asosida ishlab chiqarishga va xizmat ko‘rsatishning eng ma’qbul yo‘nalishlari tanlanadi. 2021 yilga borib elektromobillar ishlab chiqarishga kirishish mo‘ljallangan.

Keyingi paytda OAVda O‘zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarilishiga doir xabarlar chiqib turibdi. O‘zbekiston Prezidentiga joriy yilning 14 sentabr kuni «Qo‘qon» erkin iqtisodiy zonasidagi «Shaffof omadli sanoat» qo‘shma korxonasida tayyorlanishi mo‘ljallanayotgan elektromobillar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda mazkur loyihani xitoylik hamkorlar ishtirokida 2021 yilda amalga oshirish uchun 30 million AQSh dollari miqdorida investitsiya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

 Xonobod shahrida shunday korxonani tashkil etish Vazirlar Mahkamasining ?019 — 2022 yillarda Andijon viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» gi qarorida belgilangan. Uning ham ishga tushirish muddati  — 2021 yil.

 Bundan ikki oy oldin Xitoyning Hebei Good Hope Logistics Development Co. Angrenda elektromobillar(pikaplar) ishlab chiqarishni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

 Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bu boradagi loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Poytaxtimizdagi transport yo‘nalishlaridan birida beloruslik ishlab chiqaruvchilarning elektroavtobusi sinovdan o‘tayapti. Yurtdosh olim-mutaxassislarimiz, tadbirkorlarimiz o‘z tashabbuslari bilan elektromobillar ixtiro qilayotgani, yig‘a boshlagani xususidagi xabarlar sohaning ertangi kuniga umidvorlik uyg‘otadi.

 Keyingi paytda elektromobillar ishlab chiqarishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga doir masalalar huquqiy-normativ hujjatlarda ham o‘z ifodasini topa boshladi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, import qilinadigan elektr transport vositalari uchun aksiz solig‘i va bojxona boji to‘lash bekor qilindi. Faqat ularning narxidan 20% miqdorda QQS, 0,2% bojxonada rasmiylashtirish yig‘imi va respublika yo‘l fondiga 3% yig‘im to‘lanadi.

 Davlat rahbarining joriy yil 4 oktabrdagi ?019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil «iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» gi qarorida , mamlakat avto­transportini rivojlantirishning o‘rta va olis yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga doir hujjatlarda elektromobilni taraqqiy ettirish bo‘yicha qaydlar vaqt kelib aniq rejaga aylanishidan darak beradi.

 Aytish joiz, elektromobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yayotganlar uchun davlat tomonidan boshqa bir imtiyoz va rag‘bat hozircha belgilanmagan. Bu yo‘lni tanlaganlar o‘z kuch-gayratlariga tayanishlari, moliyaviy imkoniyatlarini ishga solishlari zarur.

 «UzAutoMotors» AJ ning hozirgi paytda elektromobillarga oid biron-bir loyiha ustida ish olib borayotganligi ma’lum emas, kelajak rejalari ham mavhum. Jurnalist sifatida bizning ham bu boradagi murojaatimiz javobsiz qoldi.

 

 JAHON TAJRIBASI SABOQLARI

 

 Mana,  XXI asrning ikkinchi o‘n yilligi ham oxirlab borayapti. «Industriya 4.0» g‘oyasi butun dunyoni zabt etishni boshladi. Ya’ni mashinalar boshqa mashinalarni yaratishni boshlaydigan, hayotimizni tubdan o‘zgartiruvchi yangi sanoat inqilobi ostonasidamiz. Qizig‘i shundaki, elektromobil dunyodagi dastlabki transport vositasi sifatida ikkinchi industrial inqilob paytida (XIX asr oxiri — XX asr boshi) — elektrlashtirish, konveyyer, mehnat taqsimoti, ommaviy ishlab chiqarish davrida kirib kelgan. 1881 yilda Gustav Trobe o‘zining uch g‘ildirakli elektromobilini Parijdagi xalqaro ko‘rgazmada namoyish etgan. Oradan to‘rt yil o‘tib, Germaniyaning mashhur Daimler-Benz kompaniyasiga asos solgan Karl Bens ichki yonish dvigatelida ishlovchi avtomobilni yaratadi.Zamonamizning dastlabki elektromobili 1992 yilda yo‘lga chiqqan...

 Yana bir ajablanarli tomoni, elektromobil har doim uchqur va kuchli hisoblanadi. Uning quvvat vositasi samaradorligi koefitsenti 88-95 fozni tashkil etgani holda ichki yonish dvigateliniki atigi 22-42 foizga teng. Ko‘plarda haligacha elektromobilni quvvatlantirish uchun, albatta, maxsus stansiyalar kerak, deb o‘ylaydi. To‘g‘ri,. ular ham zarur. Hozirgi kunda Xitoyda bunday stansiyalar soni 200 mingdan ortiq bo‘lsa, yaqin kelajakda uch milliontaga yetkazilishi mo‘ljallangan. Chunki ular nainki, yengil, shu bilan birga jadal sur’atda ko‘payib borayotgan yuk elektromobillari va avtobuslarga ham xizmat ko‘rsatadi. Vaholanki, ayni paytda elektromobilni uyingizda 200 kVtli elektr tarmog‘i orqali xuddi qo‘l telefoni kabi zaryadlash mumkin.

 Iqtisodiy jihatdan olganda, 1kVt elektr energiyasini 300 so‘m, deb olsak, 99 kVt quvvatli va 300 km yo‘l bosadigan Hyundai Kona Electric elektromobilini to‘la zaryadlash uchun 29000 so‘mlik elektr energiyasi sarflanadi. Agar ana shu masofa benzinda bosib o‘tilsa, o‘rtacha 90 000 so‘m to‘lashga to‘g‘ri keladi. Iqtisodiy tejam qariyb 3 barobar.

 Michigan transport tadqiqotlari instituti olimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar AQShda elektromobildan foydalanish xarajati yiliga o‘rtacha 485 dollarni, ichki yonish dvigatelli avtomobillarniki esa, 1 117 dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari, elektromobilning ehtiyot qismlari kamligi tufayli undan foydalanish va ta’mirlash xarajatlari ham past bo‘dadi. AQSh Energetika vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilda butun mamlakat hududida 406 million tonna benzin sotilgan.

Transport vositalarining 18, 5 foizi hozirgi kunda elektrodvigatelli ekanligi inobatga olinsa, bu yiliga 75 million tonna yoqilg‘i iqtisod qilinganligini ko‘rsatadi. Muqobil mashinalar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda.

 Elektromobilsozlik rivojiga eng katta ta’sir ko‘rsatayotgan omillardan biri — bu uning ekologik tozaligi va shovqinsiz harakati. Davlat ekologiya qo‘mitasi yaqinda yurtimizda kuzgi «Toza havo» operatsiyasini o‘tkazdi. Atmosferani muhofaza qilish qonunchiligini buzganligi uchun 2400 dan ortiq avtomobil egalari jami 157 million so‘mdan ziyod jarimaga tortildi. Mamlakatimiz miqyosida atmosferaga ifloslantiruvchi moddalarning umumiy tashlamalari bo‘yicha transport vositalarining ulushi 60 foizni, Toshkentda esa, bu miqdor 90 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Demak, bizning ko‘chalarimizda ham elektromobillar ko‘paygani sayin havoning ifloslanish darajasi shunchalik kamayib boraveradi. Zero, toza havo – sog‘lom inson, sog‘lom millat, sog‘lom avlod degani.

 Shu bois ham Norvegiya 2025 , Isroil 2030 yilga borib yonilg‘i dvigatellaridan to‘la voz kechib, elektr transportiga o‘tishni rejalamoqda. Bunday maqsadli davlatlar safi tobora kengayib borayapti. Bu borada bizga Xitoy tajribasi qo‘l kelishi mumkin.

 2015 yilda XXR hukumati tomonidan «Made In China 2025» dasturi qabul qilindi,unga ko‘ra, 2025 yilga borib, mamlakat dunyodagi rivojlangan o‘nta yetakchi davlat safidan joy olishi zarur. Mazkur dasturning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri – mahalliy elektromobil ishlab chiqarish hajmini 80 foizga, eksportdagi ulushini 10 foizga yetkazishdan iborat. Mazkur strategiyani amalga oshirish borasida davlat tomonidan shu paytga qadar soliq va bojxona imtiyozlari berib kelindi. Xorijiy kompaniyalar ham bundan mustasno emas. Ularga imtiyozli kreditlar taqdim etilgani holda zavod qurish uchun joy ajratishda , jihozlash uchun xorijiy texnologiyalar olib kirishda soliq va bojxona yengilliklari ko‘zda tutilgan.Bu kabi chora-tadbirlar samarasini elektromobillarning sotilishi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. 2018 yilning o‘zida 1 milliondan ortiq xitoylik ekologik toza transport egasi bo‘ldi.

 Joriy yilning ikkinchi yarmidan boshlab Xitoyda ham elektromobilsozlik va iste’molchilar uchun berilayotgan subsiyadalardan voz kechila boshlandi. Chunki tarmoq oyoqqa turib oldi. Endilikda har bir korxona o‘z aravasini o‘zi torta oladi.Lekin yangi tartib bo‘yicha, avtomobilsozlik korxonalarining ishlab chiqarishi tarkibida 2019 yilda 10, keyingi yilda 12 foizi elektromobillar bo‘lishi zarur. Aks holda katta jarimaga tortiladi.

 Endi dunyo elektromobilsozligiga doir ma’lumotlarga e’tiboringizni tortsak. «Bloomberg New Energy Finance»ning tadqiqotlariga ko‘ra, 2019 yilda ekologik toza mashinalar soni dunyo bo‘yicha 23-48% ortib, 2,4-2,9 million dona atrofida ishlab chiqarilishi, 2025 yilga borib esa, ularning yillik sotuv hajmi 25 milliontaga yetishi kutilyapti. Hozirgi kunda jahonda xarid qilinayotgan elektromobillarning 60 foizi xitoylik ishlab chiqaruvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi.

 Bu turdagi transport vositalarining jahondagi ommalashuvi 2025-2030 yillarda eng avj nuqtaga chiqishi bashorat qilinmoqda, Buning natijasida 2040 yilga kelib, elektrda yuradigan mashinalarning global bozordagi sotish hajmi 54 foizga yetadi va har uchta avtomobildan biri elektrlashgan bo‘ladi.

 Yuqorida sanab o‘tilgan loyihalardan ham ayonki, O‘zbekistonda elektromobil ishlab chiqarish yoki uning import qilinishi endigina shakllanish bosqichiga yetib-etmay turganligidan dalolat beradi. Buning sababini mutaxassislar butun dunyodagi kabi qimmatligi va infratuzilmaning rivojlanmaganligi bilan izohlashadi. Haqiqatan, hozircha mamlakatimizda biron bir maxsus elektr quvvatlovchi stansiya yo‘q, faqat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan keltirilgan elektromobillar Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Xivada sayyohlarga xizmat ko‘rsatayapti.

 O‘zbekiston o‘z oldiga 2030 yilga borib dunyodagi eng yetakchi 50 ta davlat orasidan joy olishni maqsad qilib qo‘ygan.Jahon tajribasi bu maqsadga boshqa ustuvor yo‘nalishlar singari elektromobil sanoatini rivojlantirish, yoqilg‘i va xomashyo resurslarini tejash , tabiatni avaylab asrash orqali erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shu bois xalqimizning islohotlar jarayonini yanada shiddatlashuvi va chuqurlashuvidan umidi katta. Mamlakatimizning jlektromobil sohasidagi yutuqlaridan ham olis kelajakda emas, balki yaqin istiqbolda bahramand bo‘lishni istaydi.

Abdurauf QORJOVOV,

Iqtisodiy sharhlovchi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: