Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Yanvar 2021   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
25.11.2020

YaNGILANAYoTGAN O‘ZBEKISTON

xalq farovonligi va roziligiga xizmat qiladi

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Chunki, mamlakat va aholining hayotiga doir farmon va qarorlar, ular asosidagi dasturlar xalq bilan bevosita muloqot asosida, maslahatlashilgan holda qabul qilinmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda barcha sohalarda yangilanish davri – “Yangi O‘zbekiston”ni barpo qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar boshlanib ketdi.

Muhtaram Prezidentimiz ­Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 23 sentabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida “Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O‘zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi”, deb ta’kidladi. Mazkur masalaning ahamiyatidan kelib chiqib, 2020 yilning 30 sentabrida Prezidentimiz O‘qituvchilar va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda: “O‘qituvchilar va murabbiylar – yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta kuch, tayanch va suyanchimizdir” nomli nutqida ham “keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi O‘zbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda”, degan gapni yana bir bor takrorladi.

Xo‘sh, Yangi O‘zbekistonning mazmun-mohiyati nimalarda namoyon bo‘layapti? Bu savolga javob berish uchun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga nazar solib, oldingi holatimizga nisbatan nimalar o‘zgarganligini bir mushohada qilib ko‘raylik. Yangilanayotgan O‘zbekiston qiyofasi, bizning fikrimizcha, quyidagilarda namoyon bo‘lmoqda:

Birinchidan, 2019 yilda Parlamentga o‘tkazilgan saylovlar aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta’siri oshganini namoyish etdi. Shu tufayli ushbu saylov “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida amalga oshirildi.

Ikkinchidan, barcha bo‘g‘indagi davlat rahbarlari bevosita joylarga borib, aholi bilan muloqot qilib, ularning dardu-tashvishlarini eshitib, ko‘z bilan ko‘rib, mavjud muammolarning amaliy yechimlari bilan mashg‘ul bo‘lmoqda. Hozirgi kunda hokimiyat faqat rahbar emas, balki tom ma’nodagi ijrochiga aylandi. Oldin faqat yuqori tashkilotlar topshirig‘ini ijro qiladigan hokimiyat endilikda xalq talabini ham ijro qiladigan bo‘g‘inga aylandi. 2017 yildan boshlab barcha hududlarda o‘z faoliyatini boshlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi aholi uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Pirovardida amalda “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan yangi g‘oya shakllandi va bu har bir xodimning faoliyati mezoniga aylandi. Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi ham ushbu yo‘nalishning takomillashgan bo‘g‘ini hisoblanadi.

Uchinchidan, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan har bir rahbar xodimning mas’uliyati oshdi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar uchun xalq va qonun oldida javob beradigan tizim shakllanayotgani tufayli rahbarlarning shaxsiy javobgarligi va mas’uliyati oshdi. Xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, prokuratura va ichki ishlar organlarining vazifalari tubdan o‘zgardi. Ushbu tashkilotlar jazolovchi organdan, xalq manfaatini himoya qiluvchi ijro organiga aylandi. Hozirgi kunda har bir viloyat, tuman va shaharda xalq dardi-tashvishlari bilan shug‘ullanadigan to‘rtta sektor bor. Ularning biri prokuratura organlariga va yana biri ichki ishlar organlariga berildi. Bu ham oldin umuman qilinmagan ish bo‘lib, mazmunan yangi yo‘nalishga aylandi.

To‘rtinchidan, sud-huquq sohasida sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlashga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Ular faoliyatining shaffofligi ta’minlanmoqda. Sud majlislarining bir qismi sayyor sud shaklida bo‘lib, aholi ishtirokida mahallalarda, tashkilotlarda amalga oshirilmoqda. Bu holat birinchidan, adolatni ta’minlashga xizmat qilsa, ikkinchidan, aholi uchun juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ham ega.

Beshinchidan, jamiyatni boshqarishda jamoat tashkilotlarining roli oshirildi. 2017 yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil etildi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” va “Nuroniy” jamg‘armalari hamda boshqa nodavlat tashkilotlari ishini yanada faollashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. 2020 yilning 15 aprelida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil qilindi. Ushbu vazirlikning tashkil qilinishi inson huquq va erkinliklarini amalda ta’minlashga qaratilgan ishlarimizning yaqqol ko‘rinishi bo‘ldi. Bunda bir qancha tashkilotlarning faoliyati birlashtirilib, aniq yo‘nalishlarda faoliyat olib borish imkoniyatlari yaratildi.

Oltinchidan, inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay o‘zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to‘liq tugatildi. Inson huquqlari bo‘yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Shu yilning o‘zida yurtimizda yashab kelayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan 1100 dan ortiq shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi va bu ish tizimli ravishda davom etmoqda.

Yettinchidan, 2017-2020 yillarda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, mutlaqo yangi asosda tashkil etishga va yanada erkinlashtirishga, uning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilindi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha puxta o‘ylangan dasturlar ishlab chiqildi va ularni mamlakat miqyosida izchil amalga oshirilish choralari ko‘rilmoqda. Iqtisodiyotda ham chuqur tarkibiy o‘zgarishlar qilinmoqda. Agrar iqtisodiyotdan agrar-industrial, so‘ngra industrial iqtisodiyot shakllandi. Endilikda jahon mamlakatlari ichida raqobatbardoshlikni ta’minlashga qaratilgan innovatsion va raqamli iqtisodiyotning shakllanishiga katta ahamiyat berilib, amaliy choralar ko‘rilmoqda. Buni yurtimizda ilk bor Innovatsion rivojlanish vazirligining tashkil qilinishi, innovatsiya bozorining takomillashuvi va innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish masalasi kun tartibiga asosiy vazifa sifatida qo‘yilganligida ko‘rish mumkin.

Sakkizinchidan, mamlakatimiz iqtisodiy siyosatidagi yangilanishlardan eng muhimlaridan biri – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz parlamentiga Murojaatida ta’kidlanganidek, “noreal raqamlar ortidan quvish, amalga oshmaydigan xom xayollarni haqiqat sifatida taqdim etishdek noma’qul ish uslubi tanqidiy qayta ko‘rib chiqildi”. Mamlakatimizda amalga oshiriladigan ishlarning barchasi “amaliy natijadorlik, inson manfaati va yana bir bor inson manfaati”ga qaratildi. Izchillik bilan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017-2020 yillar davomida barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari 5,5 foiz atrofida o‘sishni tashkil etdi. Yana bir real ko‘rsatkich, mamlakatimizning eksport hajmi qariyb 15 foizdan ortiqroq darajaga ko‘paymoqda. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi qariyb bir milliard dollar darajasiga yetdi. Xullas, inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilanganligini amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijalaridan ayon bo‘lib turibdi.

To‘qqizinchidan, mamlakatimizda milliy valyutamizni erkin konvertatsiya qilishga erishildi. Yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklovsiz sotib olish va erkin sotish imkoniga ega bo‘ldi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, chet el valyutasining oldi-sotdi operatsiyalari hajmi liberalizatsiya davriga nisbatan 1,5 barobar oshib, o‘rtacha 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, davlatimizning oltin-valyuta zaxiralari oxirgi yillarda o‘rtacha 1,0 milliard dollardan ko‘paymoqda. Muhimi, valyuta operatsiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiya elementlariga ham chek qo‘yildi.

O‘ninchidan, biz uchun g‘oyat muhim bo‘lgan yana bir muammo – yangi ish o‘rinlarini tashkil etishdir. Bu masala bo‘yicha ta’kidlash joizki, oldinlari har yili qariyb bir millionga yaqin ish o‘rinlari yaratildi, degan axborot tarqatilar edi. Ushbu masala mamlakatimiz rahbari va quyi bo‘g‘inlar rahbarlarining doimiy e’tiborida bo‘lishiga qaramasdan, 2017 yilda yangi sanoat korxonalarini qurish, xizmat ko‘rsatish obyektlarini ishga tushirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan atigi 336 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. 2018-2020 yillar davomida ham ushbu ko‘rsatkich saqlanib qolmoqda.

Mamlakatimizda har yili aholi besh yuz mingdan ziyod ko‘payayotgan bo‘lsa, demak bu ko‘rsatkich hali yetarli emas. Bundan tashqari, qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz xorijda mehnat qilmoqda. Ularning hammasini ish bilan ta’minlash juda katta tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo qiladi. Aholi bandligini ta’minlashda bu masalaga nafaqat son, balki sifat jihatidan ham alohida ahamiyat qaratish lozim. Chunki odamlar shunchaki ish bilan band bo‘lmasligi kerak, ular o‘z ish joyida oilasini boqadigan darajada daromad olishga, kambag‘allik chegarasidan chiqib ketish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.

O‘n birinchidan, mamlakatimizda ko‘pdan buyon o‘zining hal qilinishi kutib kelayotgan eng og‘ir ijtimoiy muammolardan biri – bu kam ta’minlangan kambag‘al oilalarni uy-joy bilan ta’minlash muammosi edi. 2017 yilda xalqimizning talab va istaklari inobatga olinib, imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasi amalga oshirila boshlandi. 2018-2020 yillarda ushbu tadbir jadallik bilan rivojlantirildi. Bugungi kunda minglab uysiz oilalar va yosh oilalar uyli-joyli bo‘ldi. Shu bilan birga nogironligi bor juda ko‘plab insonlar, yosh oilalar nafaqat shaharlarda, hatto qishloqlarda ham zamonaviy sharoitga ega bo‘lgan uy-joy bilan ta’minlandi va bu jarayon davom etmoqda. Bunday xayrli ishlar xalqimizni mamnun etmoqda, ertangi kuniga ishonchni mustahkamlamoqda.

O‘n ikkinchidan, ta’lim tizimi hal qiluvchi kuch sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Chunki, Yangi O‘zbekiston ostonasi Prezidentimiz ta’kidlaganidek, maktabdan boshlanadi. Uzluksiz ta’lim tizimida, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’limning jamiyatimiz hayotidagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib, ushbu jarayonni takomillashtirish borasida katta tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizda Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Ushbu sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yaqin 3-4 yilda barcha hududlarda minglab yangi bog‘chalar qurish, ta’lim-tarbiya sifati va darajasini yangi bosqichga ko‘tarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni joriy qilish yuzasidan belgilangan ishlar maktabdan boshlanmoqda. Yoshlarimizning “ay-ti” texnologiyalarga qiziqishini yanada oshirish va ularning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun sharoit yaratish maqsadida Prezidentimiz ta’kidlaganidek, 2020 yilda – 14 ta, kelgusi yilda – 82 ta, 2022 yilda – 64 ta, 2023 yilda – 45 ta axborot texnologiyasiga ixtisoslashgan maktablar tashkil etiladi va barcha tuman va shaharlar qamrab olinadi. O‘qituvchilar ishini yengillashtirish va ularning salohiyatidan oqilona foydalanish uchun kelgusi yilda ta’limni raqamlashtirish ishlarini yakunlab, “Onlayn maktab”, “Raqamli va xavfsiz maktab”, “Elektron darslik”, “Elektron kundalik” kabi tizimlar joriy etiladi. 2020 yil oxirigacha maktablarni keng polosali Internet tarmog‘iga ulash darajasi 70 foizga yetkaziladi. Kelgusida barcha maktablar 100 foiz Internet bilan ta’minlanaishi ko‘zda tutilgan. Barcha mablag‘lar Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.

Ko‘plab ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar hamda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asosida yurtimizda 11 yillik ta’lim qayta tiklandi. Ta’lim tizimidagi innovatsiya va kreativ yondashuvlar asosida Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bek nomlari bilan ataladigan, aniq fanlar chuqur o‘qitiladigan maxsus maktablar, Prezident maktabi va bir qancha ijod maktablari tashkil qilindi. Oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-2021 yillarda oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Yangi o‘quv yurtlari ochildi, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil qilindi. Oliy ta’limga qabul jarayoni takomillashtirildi, iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va kechki bo‘limlar ochildi.

O‘zbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishi inobatga olinib, mazkur sohaga ham katta ahmiyat berilmoqda. Xususan, oxirgi yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati tiklandi, yangi akademik institutlar ochildi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng Fanlar akademiyasiga saylov o‘tkazilib, o‘zining ilmiy ishlari bilan mamlakatimiz va xalqaro miqyosda nom qozongan iste’dodli olimlar akademik degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldilar. Bulardan maqsad –olimlardan yangi ilmiy ishlanmalar, istiqbolli tadqiqotlar yaratish bo‘yicha amaliy natijalarga erishishdan iboratdir. Shundagina mamlakatimiz iqtisodiyotini innovatsion va raqamli iqtisodiyotga aylantirish imkoniyatini yaratishimiz mumkin.

Ko‘plab o‘zgarishlar orasidan yana biriga alohida to‘xtalib o‘tishni lozim topdik. Turizm sohasi iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Mustaqillikdan oldin turizm to‘g‘risida birorta me’yoriy-huquqiy hujjat yo‘q edi. Mustaqillik yillarida “Turizm to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Sohaga oid o‘nlab Farmon, qarorlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar, sohani rivojlantirishga oid Davlat va Hududiy dasturlar qabul qilindi. Sohani rivojlantirish borasida 2017-2020 yillarda o‘nlab farmon va qarorlar e’lon qilindi, ko‘plab chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

AQShning mashhur “Huffington Post” internet nashri sayyoramizning sayyohlar borib ko‘radigan 50 ta eng go‘zal shaharini e’lon qildi. Bu ro‘yxatda Samarqand shahri ham borligi bizda iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi, albatta. Endi Yevropaning 20 ta, Osiyoning 15 ta, Shimoliy va Janubiy Amerikaning 10 ta, Afrikaning 4 ta, Avstraliyaning 1 ta go‘zal shaharlari qatorida Samarqand ham bir marta ko‘rish orzu qilinadigan shahar sifatida o‘rin oldi. Mamlakatimizda turizm tarmoq sifatida hech qanday o‘ringa, hatto e’tiborga ham ega emas edi. Endilikda turizm tarmoq sifatida shakllandi va u iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanishi uchun tegishli chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Bugungi kunda turizm bo‘yicha mamlakatimiz eng xavfsiz davlatlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Oldin turizmning o‘zi singari, uning hech qanday infratuzilmasi ham deyarli bo‘lmagan. Endilikda turizmning infratuzilmasi shakllandi va u ham kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Mamlakatimizda minglab mehmonxonalar, yuzlab restoranlar, avtomobillar turistlar ixtiyorida va ularga samarali, jahon andozalari darajasida xizmat qilmoqda.

Yurtimiz hayotida ro‘y berayotgan yangilanishlar, erishilgan yutuqlarni ko‘p sanash mumkin edi. Ammo ushbu dalillarning o‘zi ham, bugungi kunda xalqning faravonligi va roziligi yo‘lida qilinayotgan ishlar butunlay yangi yo‘nalishda “Yangi O‘zbekiston” ruhida olib borayotganligidan dalolat berib turibdi. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan vazifalarning bajarilishi, barcha sohalarni qamrab olish bilan birga aholining hamma qatlamlari manfaatlarini o‘zida ifodalaydi. Demak, bunga biror kishi befarq bo‘lishga haqqi yo‘q. Bugun o‘z burchimizga, hayotga munosabatimiz yangicha, ya’ni hozirgi jarayonlarga munosib bo‘lishi kerak.

Mamayunus PARDAYeV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori,

Orif PARDAYeV,

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti “Bank-moliya xizmatlari” fakulteti dekani, iqtisodiyot fanlari doktori.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: