Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
14.10.2020

HOKIM IShDAN BO‘ShATILDI

Ammo u yetkazgan ziyonni bartaraf etish uchun va¿t kerak

Gazetamizning joriy yil 24 iyun sonida chop etilgan “Kim haq va nohaq” sarlavhali maqolada Shahrisabz tumani hokimining noqonuniy harakatlari to‘g‘risida fikr yuritilgan edi. Tahririyatimizga xat yozgan fermerlar boshqa qator idoralarga ham murojaat qilishgandi. Oradan ko‘p o‘tmay hokim bo‘shatildi, uning o‘rniga Muborak tumanida prokuror vazifasida ishlayotgan Abdisamad Hasanov tayinlandi. Jabrlangan ko‘pgina fermerlar sud qarori asosida o‘z yerlarini qaytarib olishdi. Ammo, sobiq hokimning boshqa noqonuniy qarorlari, xatti-harakatlarining asorati saqlanib turibdi. Hokimning noqonuniy ishlari nimalardan iborat edi.

Yaqinda shahrisabzlik yosh fermer Feruz No‘monov qo‘ng‘iroq qilib, bir kelishni iltimos qildi. Men o‘tgan gal tanqidiy maqolani tayyorlash jarayonida ko‘plab oqsoqollar, dehqon va fermerlarning fikrini eshitgan, Feruzning ham dalasini borib ko‘rgandim. Shu yilning 5 avgustida Shahrisabz tuman ma’muriy sudi tuman sobiq hokimi Isroil Amanovning “Feruz Nu’monjon o‘g‘li” fermer xo‘jaligining 12 gektar yerini zaxiraga olish haqidagi qarorini bekor qildi. Haqiqat qaror topdi. Shu yilning 10 apreli kuni juda qalin qor yoqqani, may oyi boshida kuchli do‘l ekinlarga zarar yetkazganiga qaramay, 6 gektar maydonga g‘alla ekkan Feruzjon mo‘l hosil olibdi. Hozir 4 gektar yerdagi paxta hosilini terish bilan band ekan.

Bordim va ko‘rdim. Xo‘jalikning mollarini viloyat veterinariya tashkilotining vakili sanab ketganda, ularning anchasi tog‘da ekan. Chunki ozuqa maydoni bor-yo‘g‘i 2,5 gektar. Xo‘jalikda aslida 36 bosh qoramol, 50 bosh qo‘y-qo‘zi, 5 bosh yilqi parvarish qilinmoqda. Kimdir mollarning pasportini so‘rabdi. Shunda esimga Shahrisabz tuman chorvachiligini rivojlantirish va yo‘l qo‘yilgan xatolar haqidagi voqealar tushdi.

Saksoninchi yillarning boshida respublika hukumati Shahrisabz tumanida chorvachilikda “katta sakrash” qilish haqida alohida qaror qabul qiladi. Ammo ozuqa maydonlarini ko‘paytirmasa bunga erishib bo‘lmas edi. Natijada barcha rejalar barbod bo‘ldi. Faqat shahrisabzlik jonkuyar chorvadorlar naslli mollarni saqlab qolishdi. Natijada tumanda shvets, qora-ola va boshqa zotli mollar saqlanib qoldi. Feruzjonning xo‘jaligidagi qoramollar ham ana shunday mahalliy, sersut naslli edi. Ammo zamon o‘zgarayapti. Feruzjon akasining qo‘shqavatli do‘konini garovga qo‘yib, xorijdan 30 bosh zotli g‘unojin sotib olish yuzasidan banklar bilan shartnoma tuzmoqda.

— Siz ko‘p narsani bilmaysiz, — deydi dalasiga borganimda Feruzjon o‘ksinib. – Otam 50 yildan ziyod shu xo‘jalikda mehnat qilgan. Bundan o‘n besh yil burun 3 gektar eski bog‘ni oldim. Bu bog‘ eskirgan, yaxshi hosil bermasdi. Ularni qo‘parib, yerlarni tekislab, molxona qurdik, 12 gektar yerda chorvachilik xo‘jaligini tuzdim. Bu 2013 yilda edi. Ammo Bozorov degan hokim 2017 yilda 5 gektar bedazorimizni majburan haydatib tashladi. Bedazorlari nohaq buzilgan barcha fermerlar birlashib, Toshkentdagi blogerga murojaat qildik, hammasini internet orqali ko‘rsatdi. U hokim bo‘shab ketdi. O‘rniga kelgan sobiq hokim Amanov ham ishlatgani qo‘ymadi. Birinchi sektor o‘ziga qarashli bo‘lgani uchun doim meni xo‘rlab keldi. Molxonani buzasan, deb sudga berdi. Sud jarima soldi, uni to‘ladim. Axir, qish qilichini qayrab kelayotgan bir paytda mollarimni qayerga olib boraman? Qolaversa, molxona joylashgan 35 sotix yer haqini 15-20 baravar qilib qoplab kelayapman. Shunga qaramay, hech qanday qarzimiz bo‘lmasa-da, sobiq hokim yerimizni tortib oldi...

Hozir yigirma to‘qqiz yoshga yetgan Feruzjon tumandagi o‘nlab yosh tadbirkor — fermerlardan biri.

— Yangi hokim tayinlangani, adolat qaror topib, sud yerimizni o‘zimizga qaytarganidan juda xursand bo‘ldik, — davom etadi Feruzjon. – Ammo bu uzoqqa bormadi. Hu, ana ko‘rinib turgan 2,5 gektar bedazorni haydab tashlash uchun traktorlarni olib kelishdi. Ularga sud qarorini ko‘rsatdim, natijada o‘zaro maslahatlashib, qaytib ketishdi.

Feruzjonning iztirob to‘la so‘zlari sobiq hokim Amanov tumanda qoldirgan noxush vaziyatni esimga soldi. Bir-bir ayrim voqealarni eslay boshladim. Sud orqali 10 gektar yerini qaytarib olgan “Saxovatpesha kesh” chorvachilik fermer xo‘jaligining raisi Oybek Po‘latov bundan bir yil burun may oyining boshida 5 gektar bedazorini buzib, chigit ekishga majbur qilishganini gapirib bergan edi. “O‘shanda na ozuqa ololdik, na paxta”, degandi alam bilan Oybek.

Qiyomshayx qishlog‘idagi 12 gektar maydonda Go‘lshan Xudoyqulova rahbar chorvachilik fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Uning yeri ham zaxiraga olib qo‘yildi. Tuman ma’muriy sudi bu adolatsizlikka ham barham berdi.

— Murakkab sharoitda mehnat qilayapmiz, — deydi fermerning umr yo‘ldoshi, tajribali iqtisodchi Qo‘chqor Almatov. – Tepalik ustida katta qiyinchilik bilan molxona qurdik. Artezan qudug‘i qazib, suv chiqardik. O‘ttiz olti bosh qoramolimiz, yuz boshga yaqin qo‘y-qo‘zimiz bor. Har yili asosiy maydonlarga paxta ektirib kelishdi. Axir, zaxiraga olib qo‘yilgan yerlarni kimlarga berib, nima ektirib kelish­yapti, buni so‘raydigan odam yo‘q. Ozuqasiz chorva rivojlanadimi? Yana xorijdan o‘ttiz bosh zotli mol sotib olish uchun bank bilan shartnoma tuzganmiz. Gapning sirasi tumanda chorvachilikni rivojlantirishni o‘ylaydigan odam yo‘q.

Men Shahrisabz shahri markazidagi “Kesh” dehqon va oziq-ovqat bozorida bo‘ldim. Mol go‘shtining har kilosi 58 ming so‘mdan, qo‘y go‘shti 65 ming so‘mdan sotilayotgan ekan. Do‘konlardan birida Toshkentda tayyorlangan saryog‘ning har kilosi 120 ming so‘mdan, sal bundayrog‘i 57-60 ming so‘mdan savdoga chiqarilgan. Yana bir gap. Tibbiyot olimlarining fikricha, dunyo­­ni qamrab olgan, o‘lim keltirayotgan tojli virus oqsilni parchalarkan. Shuning uchun rossiyalik tibbiyot mutaxassislari go‘sht, jigar, baliq, sut-qatiqni ko‘proq iste’mol qilishni tavsiya qilishmoqda. Bundan tashqari, bir vaqtlar Rossiyaning Ural oziq-ovqat texnologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari Shahrisabzga kelib, eng sifatli pishloq va boshqa mahsulotlar tayyorlash uchun Shahrisabzning suti mos ekan, deya xulosa chiqarishgan edi. Hozir birgina Shahrisabzning o‘zida 20 dan ortiq sutni qayta ishlash korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning mahsulotlari Toshkent, Qarshi, Samarqand va boshqa shaharlarga yetkazib berilmoqda. Agar tumanda chorvachilik rivojlanmasa, bu korxonalar sutni qayerdan olishadi?

Tumanda alamzadalar ko‘p. Men Sinabog‘ qishlog‘ida Doston Ziyadullayev degan fermer yigit bilan tanishib qoldim. Yoshi 25 da, orzulari ko‘p ekan. Uning ham ohi olamni tutadi.

— Dastlab sobiq “O‘zbekiston” xo‘jaligidan 3 gektar eski bog‘ oldik, — deydi Doston. — Ammo yolchitib meva ololmadik. Ularni qo‘porib, yerni tekisladik va xo‘raki uzum ko‘chatlarini o‘tqazdik, bog‘dorchilik xo‘jaligi tuzdik. Ammo ilgari bo‘shab ketgan sobiq hokimimiz Norov hosilga kirgan toklarni qo‘portirib, o‘rniga paxta ektirdi. U ishdan ketgach, otam Samarqanddagi bog‘dorchilik va uzumchilik institutining filialidan serhosil yong‘oq ko‘chatlarini sotib oldi, 1 gektar yerga o‘tqazdik. O‘zim Kitob tumanidagi tajriba uchastkasidan erta pishadigan qaroli nihollarini olib keldim va 2 gektar yerga ekdik. Bunga ham 30-40 million so‘m pul sarfladik. Yana 65 million so‘mga artezian qudug‘i qazdirdik. Mevalarimizning oldi hosilga kirgan, qarolini eksportga jo‘natamiz, deb reja tuzayotgan edik. Ammo shu yilning may oyi boshida tuman hokimi Amanov o‘zi boshida turib, meva daraxtlarini qo‘portirib tashladi. Yerimizni olib qo‘ydi va qaysidir oshnosiga “in’om” qildi. Men sud orqali xarajatlarimni sobiq hokimdan undirib olaman...

Doston bilan boshlashib, uning yerini ko‘rdik. Sobiq hokim orqali yer olgan shovvoz faqat 10 sotix joyga kartoshka ekibdi. Ekin qarovsiz. Qolgan maydonlarga hech narsa ekilmagan. O‘t bosgan, qarovsiz qolgan bu yeri sobiq hokim vijdoniga havola.

— Endi mening dostonimni eshiting, — deydi Mo‘minobod qishlog‘ida yashayotgan oliy ma’lumotli muhandis, sobiq fermer Asqar Nomozov. – 2015 yilda 5 gektar yer olib bog‘dorchilik xo‘jaligi tuzdik. Shu yilning 2 may kuni sobiq hokim o‘zi bosh bo‘lib, ba’zi deputatlarni ergashtirib bog‘imizga keldi. Samarqand bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy tadqiqot institutining filialidan 2 ming tup serhosil gilos olib kelib o‘tqazgan edik, oldi hosilga kira boshlagandi. Amanov o‘zi bosh bo‘lib, gilos daraxtlarini kestirib tashladi. Yoshim 50 dan oshdi. Yig‘ladim, “Kesmang, ular noyob daraxtlar”, dedim. Yo‘q, xo‘rlashdi, ustimdan kulishdi.

Bunday fig‘oni falakka chiqayotgan jabrdiydalar ko‘p. Masalan, tumanning asosiy yo‘nalishlaridan biri sabzavotchilik. Bir paytlar eng ko‘p sabzavotni viloyatda shu tuman yetishtirgan. Yeri olib qo‘yilgan sabzavotchilik xo‘jaliklari orasida Faxriddin Raimovlar oilasi ham bor. Uning 11 gektar yeri oldingi yili noqonuniy olib qo‘yilgandi. U Respublika Senatiga murojaat qiladi va yerini qaytarib oladi. Ammo bir yil o‘tgach, hokim Amanov yana xo‘jalikning 11 gektar yerini zaxiraga olib qo‘yadi. Natijada 2 gektar yerda g‘o‘za o‘stirilganiga qaramay, kadastr tashkiloti xo‘jalik bilan shartnomani bekor qiladi. Ammo ekinlarni oilaning o‘zi parvarishlaydi. G‘o‘zani o‘stirish va terib topshirish uchun 25-30 million so‘mdan oshiq mablag‘ni naqd yonidan to‘lab, shartnoma rejasini oshirib bajaradi. Ammo noqonuniy olib qo‘yilgan yerini qaytarolmay hanuz ovora...

— Sobiq hokimning o‘ziga yaqin odamlari bo‘lgan, — deydi o‘ychanlik bilan Mo‘minobod qishlog‘ida yashayotgan oliy ma’lumotli muhandis Abdixoliq Rasulov. — Jami 42 gektar yerimiz bor edi. Oldingi yili yiriklashtirish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi va biz g‘olib chiqdik. Ammo ishdan ketgan hokimning sobiq o‘rinbosari Serkayev va shaxsan sobiq hokim Amanov yerimizni “To‘rayev Mirobid Zaripovich” xo‘jaligiga qo‘shib berdi. Yana unga 30 gektar bog‘ni berdi, u daraxtlarni kesib, g‘alla ekdi. So‘raydigan odam yo‘q-da. Yuqori tashkilotlarga yozganimdan keyin menga 10 gektar yer berishdi va chorvachilik xo‘jaligi tuzdik. Ancha molimiz bor. Xorijdan har biriga 1 400 AQSh dollaridan to‘lab, olti bosh zotli g‘unajin sotib oldik. Ammo shu yilning may oyida sobiq hokim yerimizni yana tortib oldi. Haqiqat bor ekan, gazetangizda tanqid qildingiz. Avgust oyining boshida sobiq hokimning qarorini sud bekor qildi, adolat qaror topdi. Biroq noto‘g‘ri o‘tkazilgan tanlov yuzasidan sudga murojaat qilyapman.

— Tumanimiz haqida ancha ma’lumotlar to‘plapsiz, — deydi gaplarimga quloq solib, shudgorlangan yeriga achinib qarab o‘tirgan Feruzjon No‘monov. – Hamma gapingiz to‘g‘ri, sobiq hokimning o‘z oshnolari bor edi. Ulardan biri bizning qishlog‘imizdan 10-15 kilometr uzoqlikdagi Noqi qishlog‘ida katta yerlarni egallagan bir fermer. Mening yerim zaxiraga qaytarilgach, sobiq hokim zudlik bilan unga qaror chiqarib beradi. “Er endi meniki”, deb ko‘p bezor qilgan edi. Yangi hokimimizni ham chalg‘itibdi. Hatto mening yerim evaziga qishlog‘imizdagi MFYga qo‘shimcha xona qurib berarmish, menga esa boshqa yer ajratisharmish. “Amanov qaror chiqarib ketgan, uni buzmaymiz”, deyishmoqda.

— E, hali ham pishmapsiz, — deyman Feruzjonga. — Avvalo sobiq hokim Amanov qonunlarni yaxshi bilmagan. Qarang, sizni yeringizni zaxiraga qaytarishning hech qanday asosi yo‘q edi. Xalq deputatlari tuman kengashining 2020 yil 21 apreldagi qarori asosan bog‘ va tokzorlardan unumli foydalanmaganlar haqida edi. Amanov ro‘yxatga chorvachilik xo‘jaliklarini ham qo‘shib qo‘yadi. Bu — birinchidan. Ikkinchidan, shoshilganidan fermer xo‘jaligingizni davlat hisobidan (reyestrdan) chiqarishni unutadi. Natijada Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xo‘jalik vazirligi, Respublika dehqon, fermer va tomorqa egalari kengashi, Davlat statistika idoralari, bank, soliq tashkilotlariga sizning xo‘jaligingiz va sizning nomingiz ko‘rsatib kelindi. G‘allani o‘z nomingizdan topshirdingiz, puli bankdagi hisobingizga tushdi, paxtani o‘z nomingizdan topshiryapsiz. Soliqni o‘z nomingizdan to‘laysiz. Shunday ekan, qanday qilib sizning xo‘jaligingiz tugatilgan bo‘ladi? Bundan tashqari, sobiq hokim Amanovning ish uslubi qoralandi, u chiqargan qarorni sud bekor qildi. Endi kim sizni yeringizga daxl qilsa qonun oldida javob beradi. Ekin ekishingizga xalaqit berayotganlar mas’uliyatga tortiladi. Sizdek yosh tadbirkorlarni davlatimiz hamisha qo‘llab kelayapti. Faqat molxonangizni sud qaror chiqarsa, buzishingiz mumkin yoki jarima to‘laysiz. Hali qishdan mollarni nobud qilmay chiqib olishingiz kerak.

2000 yillarda men Qashqadaryo viloyat kengashining deputati edim. O‘shanda Toshkent shahrida katta vazifalarda ishlab kelgan sobiq viloyat hokimi xo‘jalik rahbarlarini asossiz bo‘shataverar edi. Shahrisabz tumanidagi bir fermer ayol bilan viloyat hokimining asossiz janjali haqida Respublika televideniyasi ko‘rsatuv tayyorlagan edi. “O‘zbekiston ovozi”da esa mening “Hokim bo‘lish qiyin” sarlavhali maqolam chiqayotgandi. Sobiq hokim shunchalik qudratli ekanki, ertalab soat 4 larda gazeta sahifasidagi tanqidiy maqola olib tashlandi. Qarshida men va sobiq hokim o‘rtasida og‘ir suhbat bo‘lib o‘tdi.

Shu-shu bo‘ldiki, hokimlarning ish uslubini kuzatib kelaman. O‘tgan yili viloyat uchun og‘ir keldi. Mirishkor tumanining ikkita hokimi odamlarni haqorat qilgani uchun birin-ketin ishdan olib tashlandi. Yakkabog‘ tumanida do‘kon qurgan tadbirkor bilan bo‘lgan janjallar oqibati noxush bo‘ldi. Yakkabog‘ tumanining hokimi ishdan ketdi. Yaqinda Kasbi va Nishon tumanlarining hokimlari xalqdan kechirim so‘radi. Shahrisabzda esa sobiq hokim Amanovning jabrlari ko‘p qalblarda saqlanib qoldi.

Shular haqida o‘ylab, tumandagi Qiyomshayx qishlog‘idagi “Elmurod o‘g‘li Elbek” fermer xo‘jaligi dalasiga yo‘l oldim. Qizig‘i shundaki, viloyat ma’muriy sudi qaror chiqargani, sobiq hokimga jarima solgani bilan yer maydonlari bir yil orasida fermerga qaytarib berilmadi. Faqat yangi hokim ish boshiga kelgach, masala ijobiy hal qilindi.

— Men qonunni pisand qilmaydigan hokimlar bilan 10 yillar davomida kurashib kelayapman, — deydi xo‘jalik raisi Elmurod Qurbonov. — Ancha yillar oldin tanqid qilganim uchun meni jazolashga urinishgan, Toshkentga ketib, jon saqlaganman. Ammo yo‘limdan qaytmadim. Ayniqsa, agorsug‘urta tashkilotlari kirdikorlarini fosh qilib shikoyatlar yozdim. Ming afsuski, biror natijaga erisha olmadim. Ana qarang, bu yil ham chirigan, iqlimlashmagan kartoshka urug‘ini keltirib, g‘alla o‘rniga ekishga majbur qilishdi. Yana fermerlar kuyib qolishadi. E, quying shularni, qarang, ancha maydonda tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yyapmiz. Shahrisabzliklar mehnatkash, bag‘rikeng odamlar. Nasib etsa, yuksalish kunlariga yetamiz...

Tuman qishloq xo‘jaligiga ko‘p xizmati singan Bozor Eshdavlatovning mashinasida tog‘li qishloqlarning biriga — G‘uzor Mamatov huzuriga yo‘l oldik. Bozorjon zo‘r iqtisodchi. Sobiq Bolta Fozilov nomli xo‘jalikka rais bo‘lganda, 100 dan oshiq yangi texnika sotib olgan, qishloqlarni gazlashtirgan, keyin tuman hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan edi. Bu orada Sho‘rtangaz kimyo majmuida mehnat qilib, yangi bog‘lar yaratdi. Uning ko‘ksini “Do‘stlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari bezab turibdi. Hozir Shahrisabz shahriga qarashli MFYlardan birining raisi.

Bozorjon tuman yerlarining unumdorligi pasayib ketgani, hosildorlikni ko‘tarish, tog‘ yonbag‘irlarida yangi bog‘lar yaratish, endilikda Tamshush va Oqsuv daryolarining suvlarini adirlarga chiqarib, urug‘lik kartoshka yetishtirish rejalari tuzilayotgani haqida gapirib berdi. Endilikda tumanda paxta va g‘alla yerlari qisman kamaytirilib, yangi bog‘lar, sabzavotzorlar ko‘payadi, chorvachilik izchil rivojlantiriladi. Bu qutlug‘ ishlar tumanning yangi hokimi zimmasida.

G‘uzor aka Mamatov suv xo‘jaligi bo‘yicha mutaxassis, katta qurilishlarda ishlagan, xo‘jalik boshqargan, ancha yil xalq deputatlari Shahrisabz tuman kengashining raisi bo‘lgandi. Keyin o‘n yillar davomida qishloq xo‘jalik xodimlari tuman kasaba uyushmasining raisi bo‘ldi. Tadbirkor, odamlarga mehribon. Ammo og‘ir qandli diabet kasalligiga chalinib, jarrohlar ikki oyog‘ini kesishdi. U kishining irodasi metindek, hozirgi kuniga shukur qiladi, yurtimizdagi o‘zgarishlardan sevinadi.

— Kelinglar, — deydi G‘uzor aka yuziga kulgu yarashib. – Odam taftini odam oladi, deydilar. Eshitdim, tumanimizning yangi hokimi Shahrisabzni yanada obod qilaman, deb odamlarni ishontiribdi. Xalqimiz elga el qo‘shilsa — davlat, deydi. Yangi hokim odamlarni norozi qilmay, mehr berib ishlasa, martabasi ulug‘ bo‘ladi.

Darhaqiqat, shunday. Hokimni tayinlash bir gap. Ammo hokim ishonchni oqlashi oson ish emas. Buning uchun tinimsiz mehnat, odamlarga hurmat va mehr ko‘rsatish kerak bo‘ladi.

 

Yunus Uzoqov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat

ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: