Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31 1 2 3 4 5 6
15.07.2020

HOKIMLIKNING MAS’UL XODIMI

o‘z vazifasini to‘g‘ri bajarmadi. Buning oqibatida nogiron farzandlari bor oilalar ovvora-yu sarson bo‘ldi

Yaqinda tahririyatimizga Toshkent viloyati, Zangiota tumani, A.Temur ko‘chasi 210-uyda doimiy ro‘yxatda turuvchi Olim Nurmurodov shikoyat ariza bilan murojaat qildi. Ma’lum bo‘lishicha, u ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan o‘g‘li bilan duch kelgan joyda yashab kelgan. Hozir «Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» (eski nomi TTZ) yonidagi qurilish maydonidagi vagonlardan birida yashamoqda.

— Kulfat kelaman desa, ketma-ket kelar ekan, — deydi u. — O‘g‘lim Odiljon Jo‘raqulov Toshkent shahridagi harbiy maktablardan birida tahsil olardi. Bundan onasi va men juda xursand edik. Ayniqsa, harbiy kiyimda uni ko‘rganimizda dunyoda bizdan baxtli inson yo‘q edi guyo. O‘g‘limning bir olam orzulari bor edi. Kelajakda harbiy akademiyaga o‘qishga kirib, ofitser bo‘lmoqchi edi. Shunday shirin orzular og‘ushida yashayotgan baxtli oila edik. Afsuski, baxtsiz bir hodisa sabab, o‘g‘lim boshidan og‘ir tan jarohati olib, ikkinchi guruh nogironi bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng oilada tushunmovchiliklar yuzaga kela boshladi va xotinim bilan ajrashib ketdik. O‘g‘lim men bilan qoldi. Bu ham yetmaganidek, bir firibgarning gap-so‘zlariga laqqa tushib, ikki xonali kvartiramni sotib, pulini o‘sha muttahamning qo‘liga topshiribman. Chunki u yaxshiroq joydan uch xonali kvartira olib berishni va’da qilgandi. U hozir O‘zbekistonda emas, menga o‘xshagan ishonuvchan ko‘plab odamlar ishonchiga kirib, pullarini olib, chet elga qochib ketgan. Bu voqealarga ham 11 yil bo‘ldi. Men nogiron o‘g‘lim bilan duch kelgan joyda yashashga majbur bo‘lyapman, masalan, biron joyda qurilish bo‘layotgan bo‘lsa, oshpazlik qilish qo‘limdan kelishini tushuntirib, o‘sha joyga ishga joylashaman. Shu tariqa vagonda bo‘lsa ham yashash imkoniyati paydo bo‘ladi.

 O‘g‘lim bosh miyasidan jarohat olganligi sababli tutqanoq kasalligiga chalingan. Har doim uning oldida kimdir bo‘lishi zarur. U xorijda ishlab chiqarilgan 6 turdagi dori vositalarini ichib turishi va yiliga ikki marta shifoxonada davolanishi zarur. Hozir ahvoli og‘irlashgan. Bu ham yetmagandek, qurilish ishlari yakuniga yetay deb qoldi, yashab turgan vagonimizdan ketishimiz kerak.

Shu sababli yana Zangiota tuman hokimligiga murojaat qildim. To‘g‘risini aytsam, uch yildan buyon ariza bilan murojaat qilaman.

Prezidentimiz tomonidan chiqarilgan qarorda birinchilardan bo‘lib, oilasida nogironi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan hamda muhtoj oilalar arzon uy-joy bilan ta’minlansin, deyilgan. Ammo uch yildan buyon tuman hokimligiga uy-joy beringlar, deb qatnayman. Oldiniga ular tuman hokimligi huzuridagi Talabgorlarni tanlash bo‘yicha komissiyaning tavsiyasini oling, deyishdi. Komissiyaning uy-joy berilsin, degan tavsiyanomasini olganimga ham uch yildan oshmoqda, hokimiyatdagilar har yili «bu yil sizga uy-joy beramiz», deyishadi. Lekin yozning jazirama issig‘ida, qishning qahratonli kunlarida bu odam nogiron farzandi bilan qayerda yashayapti ekan, deb o‘ylashmaydi.

Zangiota tuman hokimining 2019 yil 26 dekabr kuni imzolangan 460-sonli javob xati:

«Sizning 2019 yil 06 dekabrdagi 506809/19 raqam bilan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga veb-sayt orqali kelib tushgan murojaatingiz Zangiota tuman hokimiyati mutasaddi xodimlari tomonidan belgilangan tartibda atroflicha o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ?017-2021 yillarga mo‘ljallangan uy-joyga muhtoj bo‘lgan oilalarni yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joy bilan ta’minlash masalasiga qaratilgan Dastur asosida arzon uy-joylar qurish va imtiyozli kredit asosida berish to‘g‘risida»gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 103-sonli qarori asosida uy-joy olish tartibi tushuntirildi. Zangiota tumanida 2020 yilda quriladigan namunaviy loyihalar asosida qurilishi rejalashtirilgan arzon uy-joylardan olish taklifi berildi...».

Tuman hokimi A.Tamikayev.

Endi tuman prokuraturasining javobi bilan tanishamiz:

Zangiota tuman prokuraturasining fuqaro O.J.Nurmurodovning 2020 yil 07 aprelda yozilgan 10/20-sonli murojaatiga javob xati:

Sizning tuman hokimligi tomonidan arzon uy-joy ajratilishida amaliy yordam berishni so‘rab yo‘llagan murojaatingiz tuman prokuraturasi tomonidan ko‘rib chiqildi.

Aniqlanishicha, siz Vazirlar Mahkamasining 09.02.2018 yildagi 103-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Ariza beruvchi uy quruvchining 2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risida»gi Nizom talabiga muvofiq tuman hokimiyatining uy-joy komissiyasiga ariza va tegishli hujjatlarni topshirgansiz.

Shuningdek, AT«Asaka bank»ning Toshkent viloyati filialida sizni nomingizga omonat daftarchasi ochilgan va hozirgi kunda hisob raqamingizda 14 500 000 so‘m pul mablag‘i mavjud.

 Tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga asosan sizga 2020 yildagi dastur bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joylardan ajratilishi ta’minlanishi ma’lum qilingan.

Bundan tashqari, sizning murojaatingizni o‘z vaqtida ko‘rib chiqmagan tuman hokimligi iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Sh.Nasriddinov Toshkent viloyati iqtisodiyot va sanoat boshqarmasi boshlig‘ining 22.03.2020 yildagi 38-sonli buyrug‘i bilan lavozimidan ozod etilganligi ma’lum bo‘ldi...

Tuman prokurori N.A.Abdullayev.

— O‘sha Shavkat Nasriddinov ko‘plab fuqarolarni chalg‘itib yoki aldab kelgan. Haqiqatan, uy-joyga muhtojligi to‘g‘risida komissiyaning tavsiyasi bor fuqarolarga bankka borib, omonat daftarchasi ochtirib, bankka 14 million 500 ming so‘mdan to‘lashi kerakligini aytgan. Odamlar esa bankka to‘lov qilsam bo‘ldi, uy berilarkan, deb ko‘ngli xotirjam bo‘lgan. Ammo keyinchalik bilsak, «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi, tijorat banki va fuqaro o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzilgandan so‘ng bankka pul to‘lanishi lozim ekan, — deydi Olim Nurmurodov. — Shavkat Nasriddinov bankka borib to‘lov qiling, omonat daftarchasi ochtiring, deb bizga o‘xshagan haqiqiy muhtojlarni laqillatib, boshqalarga uch tomonlama shartnoma qildirgan va ular uyli bo‘lishgan. Agar tumanda 2017 yildan buyon qurilgan uylar kimlarga berilganini qaysidir idora tekshirib ko‘rsa, masala oydinlashgan, biz esa haqiqat uchun bekorga kurashmayotganimiz ma’lum bo‘lardi.

Bu gaplarga o‘zingiz ishonch hosil qilishingiz uchun ertaga tuman hokimligiga borsangiz, qanchadan-qancha fuqarolar menga o‘xshib aldanib qolib, uy-joy ololmasdan ovvora-yu sarson yurganiga guvoh bo‘lasiz. Yana sizga qo‘shimcha ma’lumot sifatida aytishim mumkinki, tuman prokuraturasining javobida Sh.Nasriddinov ishdan bo‘shatilgan deyilgan. To‘g‘ri, u Zangiota tumanidan bo‘shatilgan, ammo Toshkent tumani hokimligining iqtisod bo‘limida ishlayotgan emish...

Ertasi kuni bu murojaatchining gap-so‘zlariga ishonib-ishonmay Zangiota tuman hokimiyatiga yo‘l oldik.

Karantin qoidalari hali unchalik yumshatilmaganiga qaramasdan, tuman hokimligining oldida bir guruh bo‘lib to‘planib turgan fuqarolarga ro‘baro‘ bo‘ldik.

— Bizni eshitadigan biron tashkilot yoki idora bormikin, — deya gap boshladi G‘ayrat Safarov. — O‘zim Zangiota tumani, Eshonguzar qo‘rg‘oni, 1-mitti tuman «Navro‘z» MFY, 3-uy, 13-xonadonda istiqomat qilaman. Ikki yildan beri o‘g‘lim Alisher Safarovga uy-joy beringlar, deb tuman hokimiyatiga qatnayman. Hokimiyatdan foyda bo‘lmagach, murojaat qilmagan idoramiz qolmadi. Hammasidan bir xil javob: «Murojaatingiz qonuniy hal etiladi». Ammo har safar tuman hokimligiga kelganimizda «uy-joy bilan ta’minlanuvchilar qatoridasiz, bu yil sizga albatta uy-joy beriladi», degan javob olamiz. Yanada ochiqroq aytadigan bo‘lsam, bundan ikki yil oldin biz bilan birga uy-joy olishga hujjat taqdim etganlar allaqachon uy-joyli bo‘lishdi. Biz esa haligacha sarson-sargardon yuribmiz.

To‘g‘risini aytsam, uch xonali kvartirada hozirda 10 kishi bo‘lib yashayapmiz. 37 yoshga kirgan o‘g‘limga uy-joy so‘rab murojaat qildik. U oilali, 3 nafar farzandi bor. Ikkinchisi 34 yoshga kirdi. Uni uylantirishim kerak. Yana ikki nafar — 31 va 30 yoshli o‘g‘illarim bor. Ularni qachon uy-joyli qilaman? Bir so‘z bilan aytganda, o‘g‘illarimning hammasini uylantiradigan vaqt allaqachon bo‘lgan. Uy-joy yo‘qligidan uylantira olmayapman. Men va onasi shu narsalarni o‘ylab, ikki yildan beri ko‘zimizga uyqu kelmaydi.

Tuman hokimligida ehtiyojmand oilalarni uy-joy bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lgan Shavkat Nasriddinov bizning shu ahvolga tushib qolishimizga sababchi. 2017 yildan buyon qanchalab ko‘p qavatli uy-joylar qurildi. Eshitishimizcha, uy-joylarga unchalik ehtiyoji bo‘lmagan fuqarolarga ham uy berilibdi. Biz Sh.Nasriddinov ustidan hokimiyat va prokuraturaga shikoyat qilsak, u o‘z vazifasidan ozod qilinganini aytishmoqda. Xo‘p, u vazifasidan ozod etilibdi, ammo biz haligacha uy-joysiz sarson-sargardon bo‘lib yuribmiz-ku. Bizning aybimiz Sh.Nasriddinovning gapiga kirib, o‘tgan yili bankka borib, omonat daftarchasi ochtirib, 14 million 500 ming so‘m to‘lov qilganimizmi? Biz bilmaganmiz-ku, uch tomonlama shartnoma qilgandan so‘ng bankka pul topshirish lozimligini. Keyin bilsak, u uy-joyga muhtoj barcha fuqarolarga bankka borib, omonat daftarchasi ochdirib pul topshirtirgan.

Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, uy-joyli bo‘larkanman, deb  qarindosh-urug‘, do‘stu birodarlardan qarz-qavola qilib bankka pul to‘lasak, uy berilmasa. Bankdan so‘rasak, mablag‘ingiz omonat daftarchasida turibdi, deyishadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, pulimizni bank aylantirib foyda ko‘ryapti. Biz bu pullarni bank foyda ko‘rishi uchun emas, uy-joyli bo‘lish uchun to‘lov qilganmiz. To‘lov qilganimizga ikki yil bo‘lyapti. Hamon qanchalab idoralar eshigi oldida sarg‘ayib yuribmiz...

  Bu boshimdan nimalar o‘tdi, o‘zim bilaman, — deydi Zangiota qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan Dilrabo Xampirova. — Yaxshi niyat bilan oila qurgandik, bo‘lmadi, ajrashdik. Ayni vaqtda ikki nafar farzandim bilan onamning uyida istiqomat qilyapmiz. Oilada 10 jonmiz. Uy torlik qilyapti.

Hokimiyatga murojaat qilganimda uy-joy masalalari bilan shug‘ullanuvchi Shavkat Nasriddinovga uchrashimni aytishdi. U kishi hujjatlarimni ko‘rdi. Bizga avval bankka borib, to‘lov qilishimiz zarurligini bildirdi. Xalq bankining tuman bo‘limiga 17,5 million so‘m to‘lov qildik. Undan keyin na hokimiyat xodimlari, na «Qishloq qurilish invest» xodimlari hech qanday shartnoma tuzishmadi. Har gal quruq va’da berishadi. Sizga yolg‘on, menga chin, ikki yildan buyon hokimiyatga qatnab, sarson-sargardonman. Xohlasang, pulingni qaytarib ol, degan gapni ham eshitdim.

— Bu qizimning gaplari to‘g‘ri, — dedi murojaatchilardan biri Rustam Toshkentboyev. — Bizga o‘xshab sarson bo‘layotganlar ko‘p. Har birining o‘z haqiqati bor.

Prezidentimiz tashabbusi bilan arzon uy-joylar qurish dasturi ishlab chiqilgani uyga muhtojlar uchun quvonchli yangilik bo‘lgandi. Shu ishga bosh-qosh bo‘lganlarni duo qildik. Mazkur dastur asosida boshpanaga ega bo‘lganlar bilan suhbatlashib, adolatli tizim yaratilganidan xursand edik. Biroq arzon uy-joylar qurish dasturidagi nizom talablariga amal qilinmay, o‘z mansabini suiiste’mol qilish holatlariga ham guvoh bo‘ldik.

Ko‘p qavatli uylarning birida uch ro‘zg‘or birga yashaymiz. Shu boisdan oila a’zolarimiz bilan maslahatlashib, arzonlashtirilgan uy-joylardan olishga qaror qildik. So‘ngra Zangiota tuman hokimiyatiga 2018 yilning may-iyun oylarida «Tariqteshar» mahallasi hududida qurilayotgan namunaviy ko‘rinishdagi 4 sotixli uy ajratilishi yuzasidan ariza va unga ilova etilishi lozim bo‘lgan hujjatlarni ro‘yxat asosida to‘liq taqdim qildik. Hujjatlarni bir hafta, ya’ni haftaning seshanba va payshanba kunlari qabul qilishdi. Keyingi haftasiga qabul tugaganini aytishdi. Ariza va ilova hujjatlar komissiya tomonidan qabul qilinganidan so‘ng uning nusxasiga qabul qilingan sanani ko‘rsatib, imzo qo‘yib berishmadi. Buning sababini so‘raganimizda, sizga keyinroq uy beramiz, deyishdi. Deyarli uch oy davomida hokimiyatga qatnadik. Har gal «hali hech kimga tavsiya berish boshlanmadi, xabar olib turing», degan javobni oldik.

Qurilish ishlari boshlanib, 55 nafar fuqaroga hokimiyat tomonidan tavsiya berilganini eshitib, rosti, hayron qoldim. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, deyarli har kuni hokimiyat binosiga shu masalada borib, ular tomonidan boshqa javobni olib, oxirida barcha harakatlarim zoye ketganini bilish juda achinarli emasmi? Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin?

Bilasizmi, eng achinarlisi nimada? To‘lovni amalga oshirish uchun o‘zimiz istiqomat qilib turgan uyni garovga qo‘ygandik. Garov muddati tugab, masala hal bo‘lavermagach, uyimizdan ham ajraldik. Birgina e’tiborsizlik oqibatini ko‘ryapsizmi?

Ayni vaqtda bojamning kuyovi uyida yashayapmiz. Bu qachongacha davom etadi, bilmadim. Bizni aldagan Shavkat Nasriddinovni ishdan bo‘shatishdi. Bu inson tumandagi uy-joyga muhtoj qanchadan-qancha fuqarolarni sarson-sargardon bo‘lib yurishiga sababchi bo‘lganligini o‘zi anglarmikin...

Hokimiyatga kelib-ketib yurganimda, nogironlik aravachasida yurgan insonga bir necha bor ko‘zim tushgandi. Uni olib yurgan ayol bilan suhbatlashgandim. Nogironlik aravachasidagi yigit Dilshodjon Komolov o‘g‘li ekanini, uy olish uchun ariza topshirganini eshitib, dardimiz birligini bildim. Shunda sizning murojaatingiz tez orada hal bo‘lsa kerak, deb aytgandim. Ammo bu uchrashuvimiz oxirgisi bo‘lmadi. Ko‘p marotaba hokimiyat binosida ular bilan to‘qnash keldim. Rosti, o‘zimga emas, ularga achindim. Men-ku sog‘lom odamman. Kunda ikki marta kel, deyishsa ham aytgan joyiga yetib boraman. Ularning kunning jazirama issig‘ida yoki izg‘irinli sovug‘ida jamoat transportini kutishini tasavvur qilib, yuragim orqaga tortib ketadi. Shundan so‘ng hokimiyat binosida u xonadan, bu xonaga o‘tib, ishi bitishini kutgan onaning yuzidagi iztirobni hech unutolmayman. Istasangiz, telefon raqamini beraman, gaplashib ko‘rishingiz mumkin.

Rustam Toshkentboyev bergan raqam bilan bog‘lanib, Dilshod Komolovning manzilini oldik. Yo‘lda ketayotib Rustam aka ozroq bo‘lsa-da his-hayajonga berildi chog‘i, nogironligi bo‘lgan insonni bu darajada ovora qilishmasa kerak, deb o‘yladik. Ammo...

— Sizlarni ko‘rib, xursand bo‘ldim, — deydi ko‘zida yosh bilan 61 yoshli onaxon Muxtabar Komolova. — Rosti, televizorda nogironligi bo‘lgan insonlarga boshlang‘ich to‘lovsiz uy berilayotgani, ularning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, xursand bo‘laman. O‘zgarishlar, islohotlardan ko‘nglim yayraydi. Biroq bularning barchasi doim ham hayot bilan bir xil bo‘lavermas ekan.

Ko‘rib turganingizdek, 8 sotixli hovlida uch oila yashaymiz. O‘g‘lim Dilshod birinchi guruh nogironi. Unga ozgina shovqin ham yomon ta’sir etadi. Turmush o‘rtog‘im ham avtohalokatga uchrab, jarohatlangan. Ayni vaqtda ikkinchi guruh nogironi. U kishiga asabiylashish mumkin emas. Nevaralarimiz bor. Ularning o‘yin-kulgusi, sho‘xliklari bor, shovqin qilmanglar, deb doim ham tushuntira olmaymiz-ku.

2017 yilda davlatimiz tomonidan imtiyozli ravishda uy-joylar berilayotganini eshitib, xursand bo‘lib, hujjatlarni topshirdik. Shukrki, uyli bo‘lish xabarini eshitib, bolam ham xursand bo‘ldi. Shu orada Zangiota tumani hokimi A.Tamikayev uyma-uy yurib aholi muammolarini o‘rganayotgan ekan. Ko‘chada turganimda oldimga kelib, men bilan suhbatlashdi. Sharoitimni tushuntirdim. Oldimda uy-joy masalalari bo‘yicha mas’ul bo‘lgan iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Shavkat Nasriddinovga telefon qilib, o‘g‘limga uy berilishi kerakligini aytdi. Shavkat Nasriddinov vaqt o‘tib, biz bilan bog‘landi. Uch kun ichida to‘lov qilishimiz kerakligini, bo‘lmasa, uy ololmay qolishimizni bildirdi. Shunda biz qarz-qavola qilib, 25 million to‘lov qildik. Oradan ko‘p o‘tmay yaqin tanishlarimiz nima asosda to‘lov qilganimizni so‘rashdi, qo‘limizda shartnoma yo‘qligini bilishgach, pulni qaytarib olishni maslahat berishdi. Biz shunda ham pulni olmadik. Pandemiya vaqtidagi og‘ir oilaviy sharoitimiz sabab, pulni qaytarib olishga majbur bo‘ldik. Oradan ancha vaqt o‘tib, yana Shavkat Nasriddinov qo‘ng‘iroq qilib, uch kun ichida to‘lov qilishimiz kerakligini takrorladi. Ikkinchi marta to‘lov qildik, lekin vaqt o‘tyapti, uydan darak yo‘q. Hokimning qabuliga boraman. Topa olmayman. Joylarga chiqib ketgan bo‘ladi. O‘rinbosarlarining qabul kunlarini aniqlab, yana hokimiyat binosi tomon yo‘l olaman. Seshanba kuni borsam, payshanba keling, payshanba kuni borganimda esa seshanba keling, deydi. Tuman hokimiyati ikkinchi uyim bo‘lib qoldi. Ko‘rib turibsiz o‘g‘limning ahvolini. Doimiy nazoratda turishi, oldida kimdir bo‘lishi kerak. Shuning uchun nogironlik aravachasida buni ham olib boraman.

Yaqinda ikkinchi bor to‘lov qilingan pulni ham qaytarib oldik. Boisi, uy-joydan haligacha darak yo‘q. Uning o‘rniga o‘sha pulga sigir olib, boqyapmiz. Nevaralarimning og‘zi oqardi. Kuni kecha hokimiyatdan bir yigit telefon qilib, yana uch kun muddatda to‘lov qilishimiz kerakligini aytdi. Endi ishonchim ham, mas’ullarning orqasidan yugurishga kuchim ham qolmadi, rosti. Bilasizmi, biror tashkilotga borganimda hech bir inson menga yomon gapirmadi. Hammasi «xo‘p bo‘ladi», «beramiz, xolajon» deb yaxshi gapirib, qaytarib yuboradi. Yig‘ladim, yalindim, yolvordim. Foydasi yo‘q. Men bilaman. Endi to‘lov qilsak ham ushbu voqealar takrorlanadi. Umid qilganimiz qoladi.

— O‘zim bu ahvoldaman, — deydi  birinchi guruh nogironi Dilshod Komolov. — Onamni xat-hujjat ishlariga yugurishini ko‘rib ezilaman. Qo‘limdan kelsa-yu, shu aravachadan turib, yurib ketsam. Onamning og‘irini yengil qilsam. 13 yil oldin baxtsiz tasodif tufayli aravachaga mixlanib qoldim. Oldin o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. Hozir ikki o‘g‘lim bor. Oilam to‘kis, shukr. Lekin shu muammo sillamizni qurityapti. Hokimiyat binosi uyimizga yaqin emas. Borib-kelishimiz ham xarajat. Boshqa gapirolmayman...

Bu shikoyatlarni eshitib bo‘lganimizdan so‘ng, hokim bilan uchrashish maqsadida, ya’ni bu muammolardan xabari bormikan, degan xayolda hokimiyatga bordik. Hokim va o‘rinbosarlari ish bilan boshqa joyga ketishgan ekan. O‘sha Shavkat Nasriddinovning o‘rnida vaqtincha vazifasini bajaruvchi bo‘lib turgan Oybek Mo‘minov bilan uchrashdik. U bu vazifaga yaqinda kirishganini va bu voqealardan xabari yo‘qligini aytdi. «O‘sha sizlarga murojaat qilgan fuqarolarning muammosini bir haftada hal qilamiz», dedi.

Maqola tayyorlash jarayonida yana Oybek Mo‘minov bilan bog‘landik. U ushbu fuqarolarning murojaatlarini ijobiy hal etish borasida ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Biroq, hokim yoki o‘rinbosarlaridan biri bilan uchrashib, bu fuqarolarning dardini yetkazish maqsadida yana tuman hokimligiga bordik, hokimning birinchi o‘rinbosari Ilhom Saidqulov bilan uchrashdik.

— Ushbu sizlarga murojaat qilgan fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash bizning burchimizdir, — deydi Ilhom Saidqulov. — Aslida tumanimiz bo‘yicha uy-joy so‘rab murojaat qilganlar uch mingdan ortiq. Ularning ikki mingdan ziyodi oilasida nogironlar bor. Ularning uy-joy to‘g‘risidagi murojaatlariga qarab, ayniqsa, nogironi bor oilalarni birinchi navbatda uy-joy bilan ta’minlashga harakat qilmoqdamiz. O‘tgan yili 44 ta uy-joyni eng muhtojlarga berdik. Bu yil ham 72 ta uy-joyni fuqarolarning qanchalik darajada muhtojligiga hamda ularning navbatiga va oilasida nogironi borligiga qarab taqsimladik. Boisi, Prezidentimizning qarorida ham birinchi navbatda nogironligi bo‘lgan fuqarolar uy-joy bilan ta’minlansin, deyilgan.

Endi sizlarga murojaat qilgan fuqarolarning ikki nafariga, ya’ni Olim Nurmurodov hamda G‘ayrat aka Safarovning o‘g‘liga uy-joy ajratildi va ular bilan uch tomonlama shartnoma tuzildi. Murojaatchilarning qolganlarining taqdiri nima bo‘ldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ular bilan bog‘landik. Hozir birinchi to‘lovini amalga oshirishga imkoniyati yo‘q ekan. Chunki, ular oldingi yillarda bankka borib, omonat daftarchasi ochdirib, uy-joyga to‘lov qilgan. Ma’lum vaqt o‘tgach, o‘zlarining ehtiyoji uchun pul zarur bo‘lganda, uni bankdan olib ishlatib yuborgan. Uy-joy uchun boshlang‘ich badal to‘lovi qilinmasa, ularga uy-joy bera olmaymiz.

Bu mazkur fuqarolar keyingi yilga qoldi, degani emas, hozirda ko‘p qavatli uylarni qurish uchun investor jalb qilganmiz, ikki mingta xonadonli uy-joylar qurilmoqda. Ushbu qurilayotgan uy-joylar aholimizning imkoniyatiga qarab bunyod etilmoqda, ya’ni narxi oldingi qurilgan uy-joylar bilan bir xil. Shu boisdan ham sizlarga murojaat qilgan fuqarolarning qolganlari ham joriy yilda uy-joy bilan ta’minlanadi, deyishimizga asos bor.

Ha, yana bir gap, murojaatchilarning biri Rustam Toshkentboyev masalasida shuni aytishim mumkinki, 4 sotixli uylar endilikda tumanda qurilmaydi. Faqat ko‘p qavatli uy-joylar quriladi. U fuqaro bilan 4-5 marotaba suhbatlashganman. Unga tushuntirishga harakat qildik. Xohlasa, ko‘p qavatli uylardan bir kvartirasini beramiz, dedik. U bizda ishlagan Shavkat Nasriddinov aytgani uchun 4 sotixli uy-joyga to‘lov qilganman, deb aytayapti. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida shuni aytmoqchimanki, men Shavkat Nasriddinovga fuqarolarni bankka borib omonat daftarchasiga pul to‘lashi to‘g‘risida hech qanday ko‘rsatma bermaganman. U fuqarolar bilan qanday ish olib borganidan bexabar bo‘lganmiz. Shu bois uni ishdan bo‘shatdik. Biz uy-joy olish uchun murojaat qilgan fuqarolarga uch tomonlama shartnoma tuzilgandan so‘ng bankka to‘lov qildirmoqdamiz.

Hokim o‘rinbosari fikrlariga e’tiroz bildirmoqchi emasmiz. Ammo, qarang, hokimiyat mas’ul xodimi — Sh.Nasriddinovning o‘z vazifasiga mas’uliyatsizligi, odamlar taqdiriga befarqligi qancha muammolarni keltirib chiqardi. Eng yomoni, odamlarda davlatga bo‘lgan ishonchni susaytirdi. Bu yomon asorat, odamlarni shu darajada ovora qilgan Shavkat Nasriddinov o‘z qilmishiga yarasha jazo olmay, osongina ishdan bo‘shab ketgani ham kishini o‘ylantiradi.

 

Toshtemir XUDOYQULOV,

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: