O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
19.11.2019

Neft va gazgeologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish va olib borish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash, neft-gaz tarmogʻini moliyaviy sogʻlomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4388-son qaroriga muvofiq, shuningdek, uglevodorod xomashyosi uchun geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini yanada oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Oʻzbekneftgaz AJning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda Davlat geologiya qoʻmitasi) quyidagi funksiyalarni topshirish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin:

yangi uglevodorod xomashyosi konlarini ochish uchun neft va gaz istiqbolli tuzilmalarini aniqlash va tayyorlashga qaratilgan ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burgʻulash ishlarini olib borish;

respublika uglevodorod xomashyosi zaxiralarini jadal rivojlantirish va qayta tiklash, yangi uglevodorod xomashyo konlarini ochishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan geologiya-qidiruv ishlari samaradorligi va natijadorligini oshirish ishlarini tashkillashtirish.

Oʻzbekneftgaz AJ 2019-yil yakuniga qadar Davlat geologiya qoʻmitasiga ilmiy-tadqiqot va geofizik ishlarini olib borishning amaldagi loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hamda barcha mavjud istiqbolli maydonlar, investitsiya bloklari va uglevodorod xomashyosi konlari boʻyicha fond va boshqa materiallarni taqdim etsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

2020-yildan boshlab neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;

neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalari va mutaxassislarini jalb etgan holda, geologiya-qidiruv ishlarini tashkil qilishning xalqaro standartlarini tatbiq etish choralari amalga oshiriladi;

neft va gaz boʻyicha ilmiy-tadqiqot, regional geologik-tasvirlash, geofizik va burgʻulash ishlari hamda zamonaviy uskunalar, ilmiy hajmdor texnologiyalar, dasturiy mahsulotlar, maxsus va avtotransport texnikalari bilan jihozlash choralari neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlarida koʻzda tutiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Davlat geologiya qoʻmitasining asoslangan hisob-kitoblari asosida moliyalashtiriladi;

neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga burgʻulanib, qurilishi yakunlangan quduqlar ularni Davlat geologiya qoʻmitasi va uning tashkilotlari tomonidan yer qaʼridan muayyan foydalanuvchilarga berilguniga qadar soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Moliya vazirligi va Davlat geologiya qoʻmitasining Oʻzbekneftgaz AJ va Oʻzburgʻuneftgaz AJning Oʻzbekgeofizika AJ hamda Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti AJning ustav kapitallaridagi ulushlarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga (keyingi oʻrinlarda Agentlik) oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Moliya vazirligi, Agentlik va Davlat geologiya qoʻmitasi bilan birgalikda 2020-yilning
1-iyuliga qadar geologiya-qidiruv xizmatlari sohasi va ushbu tarmoqdagi raqobat darajasini oʻrgangan holda 1-ilovaga muvofiq Davlat geologiya qoʻmitasi tarkibiga kiruvchi davlat korxonalarini Agentlikka aksiyador (taʼsischi va ishtirokchi) huquqini berish orqali qayta tashkil etishni taʼminlasin.

Davlat geologiya qoʻmitasi Agentlik va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda har bir davlat korxonasini qayta tashkil etish boʻyicha tadbirlar rejasini ularning aniq muddatlari va masʼul ijrochilarini koʻrsatgan holda ishlab chiqsin, tasdiqlasin hamda amalga oshirilishini taʼminlasin.

Belgilansinki, Oʻzbekgeofizika AJ, Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti AJ hamda qayta tashkil etilayotgan davlat korxonalari oʻz faoliyatini Davlat geologiya qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi tarkibida amalga oshiradi.

4. Quyidagilar belgilansin:

Oʻzbekneftgaz AJ va Oʻzburgʻuneftgaz AJning Oʻzbekgeofizika AJ hamda Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti AJning ustav kapitallaridagi ulushlarining Agentlikka berilishi balans qiymatida Oʻzbekneftgaz AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi kamaytirilishi hisobiga amalga oshiriladi;

ushbu qarorga asosan bir tashkilotdan boshqa tashkilotga berilayotgan va qabul qilinayotgan mulklar, mulkiy huquqlar, shu jumladan, aksiyalar va ustav kapitallaridagi ulushlar barcha soliq turlari boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi;

Oʻzbekgeofizika AJ hamda Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti AJ aksiyalari Agentlik egaligiga oʻtishi yangi sotib olingan aksiyalar paketi deb hisoblanmaydi;

Oʻzbekneftgaz AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning Oʻzbekgeofizika AJ hamda Neft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti AJ bilan amaldagi shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlari saqlanib qolinadi.

5. Davlat geologiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan:

Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan bajariladigan 2020-2021 yillarda yer qaʼrini uglevodorod xomashyosiga geologik oʻrganish ishlarining asosiy parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekgeofizika AJ hamdaNeft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti AJ moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash va mustahkamlash uchun sotib olinadigan zamonaviy geofizik, laboratoriya va boshqa qurilmalar, dasturiy mahsulotlar, maxsus va avtotransport texnikalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Mineral-xomashyo, jumladan, neft va gaz bazasini rivojlantirish va qayta tiklash boʻyicha faoliyatni bosqichma-bosqich isloh qilish va tijoratlashtirish yoʻli bilan geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha Yoʻl xaritasi 4-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida Davlat geologiya qoʻmitasiga har yili tasdiqlanadigan mineral-xomashyo bazasini (shu jumladan, neft va gazni) rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlariga muvofiq, shuningdek, ushbu qaror bilan topshirilayotgan funksiyalarni hisobga olgan holda mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi 2017-2021 yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi PQ2954-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha Ishchi guruh zimmasiga (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh) ushbu qarordan kelib chiqadigan topshiriq va chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilsin.

8. Amaldagi loyihalar doirasida ilgari boshlangan parametrik va izlov quduqlarini burgʻulash ishlarini tugatish sharti bilan uglevodorod xomashyosi uchun geologiya-qidiruv ishlarini litsenziya olmagan holda olib borish huquqi Oʻzbekneftgaz AJda saqlab qolinsin.

9. Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Oʻzbekneftgaz AJ bilan birgalikda uch oy muddatda:

2020-2025 yillarda uglevodorod zaxiralarini koʻpaytirishning maqsadli koʻrsatkichlarini;

toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasi boʻyicha Oʻzbekneftgaz AJga yer qaʼridan foydalanish huquqini beruvchi tegishli litsenziyani taqdim etgan holda, neft va gazgeologiya-qidiruv ishlari doirasida u tomonidan quduqlarni burgʻulash ishlari amalga oshiriladigan istiqbolli tuzilmalar va uglevodorod konlarining roʻyxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Quyidagilarga:

Oʻzbekneftgaz AJga Neft va gaz mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturi doirasida avval boshlangan loyihalar boʻyicha Oʻzbekgeofizika AJ hamdaNeft va gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti AJ bilan ilmiy-tadqiqot, tematik, geofizik va laboratoriya ishlarini bajarish yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga;

Oʻzbekneftgaz AJ, Davlat geologiya qoʻmitasi va ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga, shu jumladan, aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etilayotgan davlat korxonalariga 2021-yilning oxiriga qadar geologiya-qidiruv va qoʻshimcha ishlarni bajaruvchi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta tiklash yillik davlat dasturlari doirasida tender savdolarisiz tanlov oʻtkazish yoʻli bilan davlat xaridlarini amalga oshiruvchi pudratchilarni aniqlashga ruxsat berilsin.

11. Xorijiy investorlar tomonidan Oʻzbekneftgaz AJ bilan ilgari tuzilgan kelishuvlar doirasida keyinchalik Davlat geologiya qoʻmitasi bilan yer qaʼrini geologik oʻrganish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun taqdim etilgan materiallar oʻrganiladigan investitsiya bloklari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Belgilab qoʻyilsinki:

xorijiy investorlar bilan kelishuvlar muddati tugaganidan soʻng investitsiya bloklari va istiqbolli uchastkalar Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufiga oʻtadi;

investitsiya bloklari chegaralari va maydonlari Davlat geologiya qoʻmitasi tasarrufiga oʻtganidan soʻng investorlarni jalb etish jarayonini optimallashtirish uchun bir yil ichida qayta koʻrib chiqiladi.

12. 2020-yil 1-yanvardan quyidagi mexanizm joriy etilsin, unga muvofiq:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi Strategik muhim turdagi qattiq foydali qazilma konlarini geologik oʻrganish va oʻzlashtirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi PQ3000-son qarorida koʻrsatilgan strategik foydali qazilma turlari mavjud yer qaʼri uchastkalarini foydalanishga topshirish litsenziyalarni berish shaffofligini taʼminlovchi auksion savdolar asosida amalga oshiriladi;

strategik foydali qazilma turlariga ega yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlangʻich bahosi geologik tadqiqot uchun imzo bonusi stavkasi miqdorida, qazib chiqarish uchun tijorat topilma bonusi stavkasi miqdorida qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda belgilanadi. Bunda strategik foydali qazilma turlariga ega yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlangʻich bahosi Davlat geologiya qoʻmitasi tomonidan bajarilgan qidiruv va razvedka ishlari xarajatlaridan kam boʻlmasligi kerak;

strategik foydali qazilma turlariga ega yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi realizatsiyasidan tushgan mablagʻlar auksion savdolarini tashkillashtirishga ketgan xarajatlar chegirilgandan keyin, oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yoʻnaltiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlarning ishlatilganligi hamda erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi Davlat geologiya qoʻmitasining hisoboti har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etiladi;

xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining texnik koʻmagi, auditorlar va mustaqil maslahatchilarni jalb etgan holda, shaffof tartib-taomillar asosida tender hujjatlarini tayyorlash va savdolarni tashkillashtirish, investitsion geologik obyektlarni baholash yoʻli bilan strategik turdagi foydali qazilmalarni qazib chiqarishga doir investitsiya bitimlarini tuzish amaliyoti qoʻllaniladi.

Davlat geologiya qoʻmitasi tasdiqlangan mineral-xomashyo bazasini (jumladan, neft va gazni) rivojlantirish va qayta tiklash davlat dasturlari boʻyicha ishlarni moliyalashtirish uchun Davlat geologiya qoʻmitasiga ajratiladigan yillik mablagʻlar doirasida yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqining boshlangʻich qiymatini baholash boʻyicha xizmatlar haqi toʻlovi uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.

13. Belgilab qoʻyilsinki, Davlat geologiya qoʻmitasi:

Ishchi guruhning ishchi organi va ilmiy-tadqiqot va geofizik ishlar, shuningdek, barcha istiqbolli uchastkalar, investitsiya bloklari va uglevodorod xomashyosi konlari boʻyicha amaldagi loyihalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning egasi hisoblanadi;

Oʻzbekneftgaz AJ tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalardan tashqari, salohiyatli xorijiy investorlar ishtirokida neft va gaz istiqbolli tuzilmalarini geologik oʻrganish sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va muvofiqlashtirish uchun masʼul ijrochi organ hisoblanadi;

neft va gazgeologiya-qidiruv ishlarini olib borayotgan yer qaʼri foydalanuvchilari uchun umuman respublika mineral-xomashyo bazasini mutanosib rivojlantirish va qayta tiklashni taʼminlashni hisobga olgan holda uglevodorod xomashyo zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha vazifalarni belgilaydi.

14. Belgilansinki, yer qaʼrini geologik oʻrganish, foydalanish va uni muhofaza qilish, shuningdek, konchilik munosabatlarini boshqarish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Davlat geologiya qoʻmitasi bilan kelishilishi shart.

15. Davlat geologiya qoʻmitasining markaziy apparati tuzilmasida:

xodimlarning cheklangan soni 9 nafardan iborat Neft va gaz geologiyasi boshqarmasi;

xodimlarning cheklangan soni 7 nafardan iborat Neft va gazburgʻulash ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi;

xodimlarning cheklangan soni 4 nafardan iborat Xarid ishlarini tashkillashtirish boshqarmasi tashkil qilinsin.

Davlat geologiya qoʻmitasiga ushbu bandga asosan tashkil etiladigan boshqarmalarni butlash maqsadida qoʻshimcha 14 nafar boshqaruv xodimlari shtat birliklari ajratilsin.

Davlat geologiya qoʻmitasi raisining neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish masalalarini muvofiqlashtiruvchi oʻrinbosari lavozimi kiritilsin.

16. Davlat geologiya qoʻmitasi markaziy apparatining yangilangan tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi PQ3578-son qarorida:

10-bandning uchinchi xatboshisi, shuningdek, 5-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

11-banddagi 339 va 92 raqamlari tegishincha 391 va 107 raqamlari bilan almashtirilsin.

18. Davlat geologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S.Sultanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 18-noyabr


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: