O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Fevral 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 1
25.01.2020

Azmu shijoatli xalqimiz tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 24-yanvar kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.

Toshkent shahridagi Xalqaro kongress markazida boʻlib oʻtgan anjumanda Oliy Majlis Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, nodavlat tashkilotlar faollari, jamoatchilik ishtirok etdi.

Tadbir Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining teleradiokanallari, shuningdek, hududiy va nodavlat telekanallar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilindi.

Mamlakatimiz siyosiy hayotida yangilik boʻlgan bunday tadbir ilk bor 2017-yil 22-dekabrda oʻtkazilgan edi. 2018-yil 28-dekabrda Oliy Majlisga ikkinchi Murojaatnoma taqdim etildi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan mazkur dasturiy maʼruzalarda mamlakatimizni taraqqiy ettirish va xalqimiz farovonligini oshirish, jonajon Oʻzbekistonimizning xalqaro obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga qaratilgan koʻplab muhim vazifalar belgilab berilgan va ushbu maʼruzalar xalqimizda, jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotgan edi.

photo5285241447580282258.jpg

Bu galgi Murojaatnomada ham oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi, joriy va kelgusi 5 yilga moʻljallangan istiqbolli rejalar, davlatimiz ichki va tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari bayon etilib, dolzarb qonunchilik tashabbuslari ilgari surildi.

Prezidentimiz jonajon Oʻzbekistonimiz yangi oʻn yillikka qadam qoʻygani, erishilgan natijalarimiz tarixga aylanib, endilikda oldimizda yangi-yangi oʻzgarishlarni amalga oshirish, bundan-da ulkan marralarni egallash boʻyicha vazifalar paydo boʻlayotganini taʼkidladi.

Maʼlumki, 2019-yil Prezidentimiz taklifi bilan mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb eʼlon qilingan edi. Zamon shiddat bilan oʻzgarib, dunyo miqyosida manfaatlar kurashi, raqobat tobora avj olib borayotgan bir paytda taraqqiyotimizning ustuvor yoʻnalishlari aniq-ravshan belgilab olingani samarasida oʻtgan yilgi natijalar ham salmoqli boʻldi. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshlikni kuchaytirish dasturlari jadal amalga oshirilgani natijasida iqtisodiy oʻsish 5,6 foizni tashkil etdi.

Xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash islohotlarning oʻzagini tashkil etdi, shahar va qishloqlar obodligiga alohida eʼtibor qaratildi. Biznesga shart-sharoit kengaydi, yangi tartib-taomillar joriy qilindi. Bu tashabbuslar tufayli tadbirkorlarning manfaatdorligi ortdi. Natijada Oʻzbekiston Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida 7 pogʻona koʻtarilib, biznesni roʻyxatga olish koʻrsatkichi boʻyicha 190 ta mamlakat orasida 8-oʻrinni egalladi va eng yaxshi islohotchi davlatlar qatoridan joy oldi. bunday yutuqlarni yana koʻplab keltirish mumkin.

photo5285241447580282257.jpg

Taʼlim mazmunini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan izlanishlar davom ettirildi. Sogʻliqni saqlash, kam taʼminlangan aholi qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish, uy-joy qurish qamrovi kengaydi. Bir soʻz bilan aytganda, barcha sohadagi islohotlar, avvalo, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, hayotini oʻzgartirish tamoyili asosida olib borildi.

Prezidentimiz yangi parlament va hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – Oʻzbekistonda yashayotgan koʻp millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat boʻlishi shartligini taʼkidladi.

Har birimiz ishni ana shunday tashkil qilsak, zimmamizdagi masʼuliyatni toʻliq his etib, vijdonan ishlasakkina xalqimizning ishonchini oqlaymiz, mehrini qozonamiz, dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishdek oliy maqsadga erishish uchun barcha sohadagi islohotlar ilm-maʼrifat va innovatsiyaga yondashgan holda amalga oshirilmoqda. Murojaatnomada ilm-fanni rivojlantirish, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tayyorlash orqali mamlakatni yuksaltirish strategik maqsadimiz boʻlib qolishi taʼkidlandi.

photo5285030380002454833.jpg

Shu maqsadda Prezidentimiz taklifiga muvofiq, 2020-yil mamlakatimizda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb eʼlon qilindi. Davlatimiz rahbarining ushbu taklifi tadbir ishtirokchilari tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi.

Prezidentimiz deputat va senatorlarga, ularning timsolida butun xalqimizga Murojaatida mamlakatimizdagi demokratik islohotlar hech qachon ortga qaytmasligini taʼkidlab, yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasidagi ulugʻvor maqsadlarni bayon etdi, 2020-yilda ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi.

Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʻl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansak, ishimizni puxta va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʻzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʻzgaradi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Murojaatnomada buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan azmu shijoatli xalqimiz bir tanu bir jon boʻlib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsa har qanday marralarni egallashga, boshqacha aytganda, tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodir ekani qayd etildi.

Bir soʻz bilan aytganda, xalqimiz Prezidentimiz boshchiligida marrani baland oldi. Mamlakatimiz taraqqiyot yoʻlining yangi davriga qadam qoʻydi. Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yoʻnalish ijrosi mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtaradi, xalqimizga munosib hayotni barpo etishda poydevor boʻlib xizmat qiladi.

photo5285030380002454832.jpg



Matnazar ELMURODOV, Oqil GʻULOMOV (surat), OʻzA

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: