O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
01.10.2019

Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga bayram tabrigi

Muhtaram ustoz va murabbiylar!

Avvalo, siz, azizlarni, taʼlim-tarbiya sohasida mehnat qilayotgan barcha pedagog xodimlarni Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Ushbu qutlugʻ ayyomda barchamiz bizga ilm oʻrgatgan, hayot sabogʻini bergan jonkuyar, fidoyi oʻqituvchi va domlalarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan taʼzim qilamiz.

Haqiqatan ham, oʻzining koʻz nuri, qalb qoʻri, butun borligʻini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar mehnati, jasorati har qanday yuksak baholarga munosibdir.

Bu haqda fikr yuritar ekanmiz, ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiyning: “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini oʻrgating”, degan soʻzlari beixtiyor yodimizga tushadi.

Chindan ham, dunyo miqyosida raqobat yanada kuchayib boradigan, oʻta murakkab bir davrda yashaydigan bolalarimizni kelajakka tayyorlab, sogʻlom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish taʼlim-tarbiya sohasi, oʻqituvchi mehnatining tub mohiyatini tashkil etadi.

Ana shu oʻtkir haqiqatni hisobga olib, biz taʼlim-tarbiya sohasidagi islohotlarni davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtardik.

Oʻtgan qisqa davrda maktabgacha taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, maktab taʼlimida 11 yillik tizimga oʻtish, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini optimallashtirish, nodavlat taʼlim xizmati koʻrsatish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirdik.

Bugungi kunda sizlarning, butun el-yurtimizning qizgʻin qoʻllab-quvvatlashi bilan maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanib bormoqda.

Buyuk allomalarimiz, atoqli shoir va adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, Temurbeklar maktablari, Prezident maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi zamonaviy va innovatsion taʼlim maskanlari ayni shu maqsadga xizmat qiladi.

Bu borada umumtaʼlim maktablari tizimini rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Buning tasdigʻini soʻnggi ikki yilda 238 ta yangi maktab barpo etilganida ham koʻrish mumkin. Holbuki, 2010-2016 yillarda bu sohaga yetarli eʼtibor berilmagani tufayli 99 ta maktab yopilgan edi.

Mazkur sohani rivojlantirish uchun ajratilayotgan byudjet mablagʻlari hajmi ham ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilda maktablarga 2017-yilga nisbatan 81 foizdan ziyod mablagʻ ajratildi.

Yurtimizda bogʻcha, maktab va oliy taʼlim tizimida ishlayotgan tarbiyachilar, oʻqituvchi va domlalar mehnatini munosib qadrlash, ularning ish haqini, jamiyatdagi nufuzini oshirish boʻyicha muhim qadamlar qoʻyilmoqda.

Soha rivojiga boʻlgan ana shunday eʼtibor maktablarda oʻquv-tarbiya jarayonlarini sifat jihatidan oʻzgartirishga, oʻqituvchilar tarkibini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Biz taʼlim-tarbiya masalasiga kompleks yondashgan holda, bogʻcha taʼlimi bilan birga oliy taʼlim tizimini ham uzviy rivojlantirishga alohida eʼtibor bermoqdamiz.

Shu maqsadda mamlakatimizda maktabgacha taʼlim hamda oliy taʼlimni rivojlantirish dasturlari qabul qilindi va shu asosda tub islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, keyingi ikki yilda mamlakatimizda 35 ta, jumladan, 13 ta xorijiy oliy oʻquv yurti tashkil etildi. Yuzdan ortiq yangi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari hamda 94 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Ana shunday chora-tadbirlar natijasida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi uch yil burungi 9 foizdan 20 foizga oshdi. Biz yaqin kelajakda bu koʻrsatkichni 25 foizga yetkazishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz.

Yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli Oʻzbekiston yoshlari turli sohalarda oʻz bilim va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz shuhratini butun dunyoga tarannum etmoqda.

Kuni kecha Rossiyaning Yekaterinburg shahrida dunyoning 80 ga yaqin mamlakatidan mohir sportchilar ishtirok etgan boks boʻyicha jahon chempionatida milliy jamoamiz vakillari yuksak azmu shijoat va mahorat namunasini koʻrsatib, birinchi oʻrinni egallagani barchamizni quvontirib, gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Bunday ulkan yutuqlarni biz avvalo sizlar kabi fidoyi ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati natijasi sifatida qabul qilamiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Barchamiz yaxshi tushunamizki, bugungi shiddatli zamon barcha sohalar qatorida taʼlim-tarbiya tizimini rivojlantirish boʻyicha ham oldimizga gʻoyat muhim va dolzarb vazifalarni qoʻymoqda.

Albatta, yoshlarimizning bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, oʻquv binolarini qurish, ularni zamonaviy jihozlash mumkin. Lekin farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida taʼlim-tarbiya beradigan, yangicha, innovatsion fikrlaydigan muallim va oʻqituvchilarni tayyorlash – bu eng ogʻir vazifa boʻlib, juda katta mehnat va masʼuliyatni talab etadi.

Shu maʼnoda, bugungi kun oʻqituvchisi universal mutaxassis, ham oʻrgatuvchi, ham oʻrganuvchi boʻlishi, yaʼni oʻz ustida tinimsiz ishlashi, doimo izlanib yashashi kerak.

Eng muhimi, oʻqituvchi chinakam vatanparvar inson boʻlishi zarur. Qalbida oʻz kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli boʻlgan oʻqituvchigina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi.

Bizning barcha saʼy-harakatlarimiz Oʻzbekistonda eng obroʻli inson muallim boʻlishi kerak degan gʻoyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablagʻ, resurs va imkoniyatlar zarur boʻlsa, barchasini safarbar etamiz.

Maktablarda xorijiy tillarni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini oʻrgatishni takomillashtirish, oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasida boshqaruvni isloh qilish, yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishimiz lozim.

Professional taʼlim sohasida bugungi mehnat bozori va xalqaro standartlarga toʻla mos keladigan butunlay yangi tizimga oʻtishni jadallashtirishimiz kerak.

Taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, oʻqitish sifati va pedagog xodimlarning bilim va malakasini oshirishga qaratilgan Zamonaviy maktab davlat dasturini amalga oshirish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Barchamizga ayonki, bugungi kunda yon-atrofimizda yoshlarning qalbi va ongini zaharlab, ularni toʻgʻri yoʻldan ogʻdirishga qaratilgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Bunday mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida barchamiz birgalikda kurashmogʻimiz, oila, maktab va mahalla hamkorligini mustahkamlashimiz zarur.

Ayniqsa, bu vazifa barcha boʻgʻindagi rahbarlar, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ijodkor ziyolilarimiz, diniy ulamolar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, butun jamiyatimiz uchun vijdon ishiga aylanishi kerak.

Aziz va muhtaram ustozlar!

Bugun taʼlim-tarbiya sohasida, hurmatli oʻqituvchi va murabbiylarimiz, farzandlarimiz hayotida yangi davr boshlanmoqda. Bu davrni yanada chuqur maʼno-mazmun bilan toʻldirib, milliy yuksalishga erishish faqat va faqat oʻzimizga, shu yoʻlda hamjihatlik bilan qattiq mehnat qilishimizga bogʻliq.

Biz xalqimizning eng katta boyligini millionlab farzandlarimiz, jondan aziz oʻgʻil-qizlarimizning taqdirini, Oʻzbekiston istiqbolini sizlarga ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani masʼuliyat bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

Sizlarni Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: