O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
16.07.2019

Oʻzaro hamkorlikning ijobiy natijalari nafaqat ikki mamlakat ravnaqiga, balki butun mintaqa taraqqiyotiga ham xizmat qilmoqda

Bugungi kunda Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlari barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda. OʻzA muxbiri keng qirrali hamkorlikning joriy holati va istiqbollari haqida Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim bilan suhbat uyushtirdi.

Elchi xonim, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan mintaqada tinchlik va barqarorlikni qaror toptirish, izchil taraqqiyotga erishish boʻyicha ilgari surilayotgan xalqaro va mintaqaviy tashabbuslar haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning turli tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda va muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Mintaqada tinchlikni qaror toptirish masalasiga keladigan boʻlsak, 2017-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusni eslamaslikning imkoni yoʻq. Uning asosida BMTning “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilingan edi.

Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshni mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va sheriklikni rivojlantirish tarafdori boʻlgani holda, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalar va oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashni qatʼiy ilgari surmoqda. Chegaralar, suv resurslaridan foydalanish kabi mintaqada toʻplanib qolgan muammolarni bartaraf etishga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda. Aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi. Bu mintaqa mamlakatlari hamkorligida yangi sahifa ochdi.

Shuningdek, Oʻzbekiston rahbarining Bir makon, bir yoʻl loyihasi doirasida diniy bagʻrikenglik, yoshlar masalalari, mintaqada tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga qaratilgan muhim tashabbuslarini ham alohida taʼkidlash oʻrinli.

Hozirgi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida qanday fikrdasiz?

Oʻzbekiston Prezidenti Xitoyda uzoqni koʻra biladigan, qatʼiyatli islohotchi sifatida tanilgan. Soʻnggi ikki yarim yil ichida Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida turli sohalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi, bu borada yorqin natijalarga ham erishildi.

Bu jarayonda xalq manfaatlari hamisha eʼtibor markazida boʻlib kelmoqda. Prezident Xalq qabulxonalari tashkil etildi, korrupsiyaga qarshi kurash olib borilmoqda, davlat hokimiyati organlari faoliyati samaradorligi monitoring qilinmoqda. Taʼlim tizimi takomillashtirilib, oylik maoshlar va pensiyalar bir necha bor oshirildi, xotin-qizlar va bolalar bilan ishlash, milliy madaniyat, tarixiy merosni asrab-avaylashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston iqtisodiyoti yanada ochiq va shaffof boʻldi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohasi jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, investitsiya muhitining sezilarli yaxshilanganini alohida taʼkidlash joiz. Buning samarasida Oʻzbekistonga keng koʻlamli xorijiy, jumladan, Xitoy investitsiyalari ham kirib kelmoqda. Mamlakat xorijiy davlatlar bilan muloqotni faol tarzda yoʻlga qoʻydi, qoʻshni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshiladi va xalqaro maydondagi oʻz pozitsiyasini yanada mustahkamladi.

Shahar koʻchalari boʻylab sayrga chiqqanimda, atrofimdagi insonlarning turmushidan mamnunligini koʻraman. Ishonchim komilki, Oʻzbekistonni yanada ajoyib istiqbollar kutmoqda. Xitoy, Oʻzbekistonning samimiy doʻsti sifatida davlat boshqaruvi sohasida oʻz tajribasi bilan oʻrtoqlashishga hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda yaqindan hamkorlikka tayyor.

Oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi haqida ham soʻzlab bersangiz.

2017-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Xitoy Xalq Respublikasida boʻldi. Ushbu tashrif doirasida xalqaro hamkorlik boʻyicha Bir makon, bir yoʻl birinchi xalqaro forumida ishtirok etdi. Ushbu yirik tadbir yakunlari boʻyicha koʻplab kelishuvlarga erishildi.

2018-yilda Oʻzbekiston davlat rahbari SHHTning Sindao sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Ikki mamlakat rahbarlari Xitoy Oʻzbekiston strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va SHHTni yanada rivojlantirish boʻyicha yangi kelishuvlarga erishdi.

Joriy yilda Shavkat Mirziyoyev Bir makon, bir yoʻl ikkinchi xalqaro forumida ishtirok etish uchun Xitoyga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif davomida davlat rahbarlari yana bir bor uchrashishdi va uning doirasida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan yangi vazifalar belgilab olindi.

Oliy darajali muloqotlar chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida hamkorlikda Yoʻl xaritasi ishlab chiqildi. Uning ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun oʻz samarasini bermoqda. Neft-gaz, gidroenergetika, qishloq xoʻjaligi, gumanitar sohalarda qator loyihalar amalga oshirildi. Turli sohalar boʻyicha delegatsiyalar almashinuvi jadal rivojlanmoqda. Oʻzbekistonda yetishtirilgan gilos va moshni Xitoyga eksport qilish yoʻlga qoʻyildi.

Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan yili Xitoy Oʻzbekistonning yirik savdo hamkori sifatidagi oʻz oʻrnini saqlab qolgan. Joriy yilning may oyida Toshkentda maktabgacha taʼlim sohasida Oʻzbekiston Xitoy forumi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, arxeologiya, turizm, ilmiy-texnik sohalarda ham ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib bormoqda. Toshkentda Farmatsevtika ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilgani ham fikrimizga misol. Muntazam ravishda arxeologik topilmalar koʻrgazmalari oʻtkazib kelinmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan xitoylik sayyohlar soni ham ortib bormoqda.

Eng quvonarlisi, ushbu erishilgan barcha natijalar ikki mamlakat ravnaqiga xizmat qilish barobarida butun mintaqa uchun ham birdek manfaatli boʻlmoqda.

Ulugʻbek SHONAZAROV, OʻzA

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: