10.09.2019

DEPUTAT KOMILA KAROMOVA MAQSADIGA YETDI

G‘uzor tumanidagi «Mo‘minobod» mahallasida yangi maktab filiali qurildi

– G‘uzor tumanidagi 21-maktab «Botosh» qishlog‘ida joylashgan. «Mo‘minobod» qishlog‘i bilan uning o‘rtasida 5 km. masofa bor. Mo‘minobodlik bolalar 21-maktabga o‘qishga qatnashar edi, – deydi G‘uzor tumanidagi «Mo‘minobod» mahallasi faoli Amirhotam Mahmudov. – To‘g‘risi, qishning qorli, qirovli, yomg‘irli kunlarida bolalar shuncha masofadagi yo‘lda qiynalib maktabga borardi. Ayniqsa, bu boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun juda qiyin edi. Ular yo‘lda yig‘lab ketayotganiga o‘zim ko‘p guvoh bo‘lganman. Tasavvur qiling, ichi kitob va daftarlar bilan to‘la sumkani 5 km. yo‘lga ko‘tarib ketish jajji bola uchun qanchalar qiyin. Ayniqsa, yomg‘irli, qorli kunlarda ular goh yiqilib, goh surinib, loy ko‘chalar oralab maktabga ketardi. Yo‘l-yo‘lakay qaysidir bolaning sumkasi qo‘lidan tushib ketar, ba’zi o‘quvchilar charchab qolib, ora-sirada daraxtlar panasida dam olib, keyin yana yo‘lda davom etardi. Xullas, qishlog‘imiz bolalari uchun maktabga borib-kelish azob edi.

2014 yildan beri qishlog‘imizda maktab qurish bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat qilib kelamiz. Uch-to‘rt yil kutdik, masala hal bo‘lmadi. Bu orada iltimos bilan ariza yozmagan tashkilotimiz, taqillatmagan eshigimiz qolmadi hisob. Toqatimiz toq bo‘ldi, umidimiz kundan-kun so‘nib borardi. Oxiri, deputatimiz Komila Karomovaga murojaat qildik. Uning yordami bilan qishlog‘imizda maktab filialini kurish masalasi 2019 yilgi dasturga kiritildi. Qurilish ishlari shu yildan boshlandi. Maktabimiz qurilishi nihoyalab qoldi. Lekin hali kamchiliklari ko‘p. Deputatimiz bosh-qosh bo‘lib tursa, hamma ish oxiriga yetadi. Yomg‘irli, qish-qirovli kunlar yaqin. Mahallamiz bolalari maktab yaqin bo‘lishini o‘ylab, qanchalik quvonayotganini tushungan odam tushunadi. Hammamiz tumanimiz hokimiga, deputatimiz Komila Karomovaga ming rahmat aytamiz, tashkilotchilar, quruvchilarni duo qilyapmiz...

«Mo‘minobod» mahalla fuqarolar yig‘inida Fayziobod, Mo‘minobod, Darvozakam, Tinchlik va Batosh qishloqlari bor, 675 ta xo‘jalik, 975 ta oila va 4288 nafar aholi istiqomat qiladi.

Deputat Komila Karomova bu muammoni hal etishga qattiq bel bog‘ladi. Kunlab, haftalab, kerak bo‘lsa, oylab shu hududda bo‘ldi, mutasaddilar bilan uchrashdi, takliflarini berdi.

– Tunu-kun shu muammoni yechish haqida o‘ylardim. Bolalarning qishning izg‘irinli, sovuq kunlarida 5-6 km. uzoqlikdagi maktabga qanday qiyinchiliklar bilan qatnashi xayolimdan ketmadi. To‘g‘ri, butun bir maktab qurish, uni jihozlash oson ish emas, lekin men hammasi uchun qat’iy turishga, masalani oxirigacha yechishga jiddiy kirishdim. Chunki buning ortida bir emas, minglab fuqarolarning, ko‘plab oilalarning, yuzlab farzandlarimizning manfaati turibdi. Bunga befarq qarashga haqqimiz yo‘q, – deydi Komila Karomova suhbat jarayonida.

Shunday qilib mahalla hududidan yer ajratildi. Mutasaddi tashkilotlar, shu masalaga aloqador barcha idoralar vakillari bu yerga jam bo‘lishdi. Albatta, deputatimiz Komila Karomovaning o‘zi hamma ishning boshida turdi. Yozning quyoshli, jazirama kunlarida ham maktab filiali qurilayotgan hududdan bir daqiqa bo‘lsa-da, boshqa joyga ketmadi. Hammasini o‘z nazoratida ushlab turdi. Eng muhimi, bu harakatlar besamar ketmadi.

Endilikda Mo‘minobod, Fayziobod qishloqlarining bolalari o‘z uyiga, qishlog‘iga yaqin bo‘lgan maktabga ega bo‘lishdi. «Mo‘minobod» qishlog‘ida 120 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan maktab filiali binosi qurildi. Ota-onalar oldinda turgan qishning izg‘irinli, sovuqli kunlaridan xavfsiramaydigan bo‘ldi. Chunki endi farzandlari maktabga borish uchun 5-6 km. yo‘lni bosib o‘tishiga hojat qolmadi...

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, maktab filiali dasturga asosan 2019 yilning 4-choragida qurib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Lekin qishloq aholisining istagini inobatga olgan holda tuman xalq ta’limi bo‘limi ichki imkoniyatdan kelib chiqib, maktab filiali o‘z faoliyatini 2019 yil 3 sentabr kuni boshladi. Ochilish marosimi esa shu yilning oktabr oyida o‘tkazilishi kutilmoqda. Sababi, dasturga ko‘ra, ta’lim maskani uchun parta va stollar, doskalar, laboratoriya jihozlari va boshqa o‘quv anjomlari 2019 yilning IV choragida keltirilishi rejalashtirilgan va tuman moliya bo‘limi rejasi asosida moliyalashtirilgan.

Shunga qaramasdan ta’lim dargohi 21-maktabning asosiy binosidan keltiriligan parta, doska va stullar bilan o‘z ishini boshlab yuborgan. Maktab filialida 8 ta sinf xonasi bo‘lib, 120 nafar o‘quvchiga moslashtirib qurilgan va o‘g‘il-qizlar 2 smenada o‘qitilmoqda.

O‘quchilar ham, ota-onalar ham xursand. Deputatning o‘zi ham. Bugun Komila Karomova bilan bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha, deputat ayni kunda ham G‘uzor tumanining «Mo‘minobod» qishlog‘ida ekan.

– Maktabda o‘quvchilar tahsil olishni boshlab yuborishdi. Lekin hali bir-ikkita yechilishi kerak bo‘lgan masalalar bor. Hamma muammo hal bo‘lgach, ko‘nglim xotirjam bo‘lsagina, keyin bu yerdan ketaman, – deydi deputat...

 

Laziza SHEROVA,

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: