Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
22.11.2011

Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish: O‘zbekiston tajribasi

Toshkentda «BMT Mingyillik rivojlanish maqsadlariga oid vazifalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki: O‘zbekiston tajribasi» mavzuida xalq­aro seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Ekologik harakati tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi, YuNESKO va Germaniyaning Fridrix Ebert nomidagi jamg‘armasining mamlakatimizdagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda Germaniya, Sloveniya, Ukraina, Janubiy Koreya, YeXHT, BMT agentliklari va boshqa ­xalqaro tashkilotlarning yetakchi ekspertlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, davlat va jamoat tuzilmalari vakillari, olimlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha global jarayonning faol ishtirokchisi sifatida 2000 yilda o‘tgan Mingyillik sammitida mamlakatlar oldiga qo‘yilgan vazifalarni izchil amalga oshirayotgani, ularni bajarish borasida ko‘plab ko‘rsatkichlar bo‘yicha yetakchi ekanligi ta’kidlandi. Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan barcha jabhalarda fuqarolarning siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash, ularning turmush darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning izchil amalga oshirilishi bunday muvaffaqiyatli rivojlanishda muhim omil bo‘lmoqda.

Xorijlik ekspertlar davlatimiz rahbari tomonidan ishlab chiqilgan va mamlakatimizda barcha demokratik tub o‘zgarishlar, jumladan, davlat boshqaruvi tizimini erkinlashtirish, iqtisodiyotni modernizatsiya qi­lish, ijtimoiy institutlar ham­da fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qilayotgan, har tomonlama keng qam­rovli va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan «o‘zbek modeli» hamda rivojlanishning besh tamoyili yuqori samara ­be­rayotganini alohida ta’kidladi. Ishtirokchilarning umumiy fikriga ko‘ra, Prezident Islom Karimov Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chu­qurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsep­siyasida belgilab bergan kompleks tub o‘zgarishlar yangi bosqi­chining ustuvor yo‘nalishlari va bu borada qayd etilgan chora-tadbirlar O‘zbekistonda Ming­yillik rivojlanish maqsadlari vazifalariga to‘la javob beradigan davlat siyosati hayotga izchil tatbiq etilayotganining yorqin ifodasidir.

Ekspertlarning fikricha, Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish dunyoning barcha davlatlarida ham O‘zbekistondagi kabi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari darajasiga ko‘tarilgani yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 26 yanvarda qabul qilingan qarori ham shundan dalolatdir. Ushbu hujjatga muvofiq O‘zbekistonda 2015 yilgacha BMTning Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga doir kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Ushbu tizimli chora-tadbirlar Mingyillik deklaratsiyasida belgilangan barcha sakkiz maqsad bo‘yicha 88 ustuvor yo‘nalishni o‘z ichiga olgan.

Mustaqil rivojlanish davrida mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 3,5 barobardan oshdi. So‘nggi yillarda jahon moliyaviy-iqtisodiy inqiroziga qaramay, O‘zbekistonda dunyoda eng yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlaridan biriga erishildi. Shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanmoqda. Ushbu sohaning yalpi ichki mahsulotni shakllantirishga qo‘shayotgan ulushi Yevro­padagi o‘rtacha ko‘rsatkichga yaqinlashdi. Seminarda qatnashgan mutaxassislarning fikriga ko‘ra, aniq maqsadga qaratilgan investitsiya siyo­sati, tarmoqlarni rivojlantirishga doir amalga oshirilayotgan kompleks dasturlar mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining har yili izchil o‘sib borishi, 2015 yilda uning hajmini 1,5 barobarga ko‘paytirish uchun aniq shart-sharoitlar yaratadi.

Iqtisodiyotda erishilgan yutuqlar sog‘liqni saqlash, ta’­lim va aholi turli qatlamlarini aniq yo‘naltirilgan tarzda qo‘llab-quvvatlash sohasida samarali ijtimoiy siyosatni ro‘yobga chiqarish imkonini berayotir. Joriy yilda Davlat byudjeti barcha sarf-xarajatlarining 60 ­foizi ijtimoiy maqsadlar uchun, jumladan, 48 foizi ta’lim va sog‘liqni saqlash tizi­mini rivojlantirishga yo‘­naltirilgan.

«O‘zbekiston mamlakat Prezidenti rahnamoligida yuksak natijalarga erishmoqda, — dey­di «ABU consult Berlin GMBH» loyihasi direktorlar kengashi a’zosi Yeva Mariya Xenkel (Germaniya). — Iqtisodiyot va ijtimoiy sohaga katta miqdorda yo‘naltirilayotgan investitsiyalar aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Xususan, mamlakatingizda ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar dunyodagi yetakchi mamlakatlar natijalaridan kam emas. O‘zbekistonda 12 yillik umumiy bepul ta’lim va aholiga zamon talablariga mos tibbiy xizmat ko‘rsatish ta’minlangan. Bunday ijtimoiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan davlatlar hozir juda kam. Yevropa Ittifoqining ekspert hamjamiyati Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar jarayoni va bosh­qa davlat dasturlariga alohida e’tibor bilan qaramoqda. Ularning hayotga tatbiq etilishi Mingyillik rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarni hal etish va O‘zbekistonni yanada rivoj­lantirishga xizmat qiladi».

Xorijlik ekspertlar ta’lim sifatini tubdan va tizimli ravishda oshirishga qaratilgan, o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra noyob Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish samaralarini ham yuksak baholadi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida barcha fuqarolarning bepul umumiy ta’lim olishi kafolatlangan. Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari va xalq­aro standartlarga binoan o‘quv dasturlari hamda kasbiy ta’lim yo‘nalishlari takomillash­tirildi.

Sog‘liqni saqlash sohasi­da keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Yuqori malakali bepul shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi, qishloq vrachlik punktlari, skrining va perinatal markazlari tarmog‘i tashkil etildi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiyot sohasi uchun kadrlarni tayyorlashga yondashuvlar tubdan o‘zgardi. Natijada mamlakatimizda istiqlol yillarida onalar va bolalar o‘limi uch barobar kamaydi. Aholining kasallikka chalinish umumiy darajasi ham pasaydi. Aholining hatto qishloq joylarda ham sifatli tibbiy xizmatlardan keng foydalanishi ta’minlanmoqda. Umuman olganda, Mingyillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish borasidagi muhim ko‘rsatkichlardan biri — odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshga, ayollarning umr ko‘rishi esa 75 yoshgacha oshdi. Ekspertlarning qayd etishicha, bu MDH davlatlaridagi eng yuqori ko‘r­satkichdir.

«O‘zbekistonda iqtisodiyotni rivojlantirish uchun noyob investitsion muhit yaratilgan, mamlakatingiz dunyoda yalpi ichki mahsulot va asosiy kapitalga sarflanayotgan in­vestitsiyalar bo‘yicha eng yuqo­ri ko‘rsatkichlardan birini namoyish qilmoqda, — deydi Janubiy Koreyaning «Shingdon risorsez» kompaniyasi bosh mas­lahatchisi Sang Yun Kim. — O‘zbekiston o‘z ijtimoiy siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy yutuqlardan, ayniqsa, inson resurslarini rivojlantirishga ko‘maklashuvchi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida erishilgan samaralardan oqilona foydalanmoqda. Bugungi zamon talablariga javob bera oladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ko‘p bosqichli noyob tizim amalga oshirilmoqda. Har bir fuqaro tibbiyot sohasida yuqori malakali xizmatlardan bahramand bo‘l­moqda. Eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan va bepul xizmat ko‘rsatadigan ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari tarmog‘ining tashkil etilgani onalar va bolalar o‘limini bir necha barobar kamaytirish imkonini bermoqda — bu mazkur yo‘­nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy va muhim samaralaridandir. O‘zbekiston hukumati Ming­yillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha 2011-2015 yillarga mo‘l­jal­langan noyob dasturni qabul qildi. Mingyillik rivojlanish maqsadlarini markaz, hududlar va tarmoqlar darajasida amalga oshiradigan milliy infratuzilmani tashkil etish dasturning ana shunday noyob jihatlaridandir».

Seminar qatnashchilari Mar­kaziy Osiyoda ekologik barqa­rorlikni va mintaqaning suv hamda energetika resurslaridan bu yerda yashayotgan barcha xalqlar manfaatidan kelib chiqqan holda oqilona foy­dalanishni ta’minlash Ming­yillik rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim aha­miyat kasb etishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan mamlakatimizning ushbu muhim masalalarni hal etish borasidagi qat’iy pozitsiyasi va sa’y-harakatlari alohida qayd etildi. O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qi­lishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda qator davlat dasturlari va milliy harakat rejalari hayotga tatbiq etilayotir. Mamlakatimiz ushbu sohada xalqaro huquq hujjatlari bo‘yicha o‘z zim­masiga olgan barcha majbu­riyatlarni izchil bajarib kel­moqda.

Seminarda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlanishda fuqarolik jamiyati institutlari — siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari va birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirok etayotgani O‘zbekistonning bu borada erishayotgan yuksak natijalaridan hisoblanishi ta’kidlandi. BMT Mingyillik maqsadlariga hamohang milliy rivojlanish maqsadla­riga erishish bilan bog‘liq ko‘p­lab masalalarni hal etishda, bu borada amalga oshirilayotgan davlat dasturlari ijrosini monitoring qilishda ularning roli tobora ortib borayotir. Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan fuqarolik institutlari aholining ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda, jamiyatda manfaatlar muvozanatini saqlashga ko‘maklashmoqda, jamiyatning davlat bilan samarali muloqotini ta’­minlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan xorijlik ekspertlar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida bayon etilgan fuqarolik institutlarini rivojlantirishga doir qonunchilik tashabbuslari alohida dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Unga muvofiq yangi qonunlar paketining qabul qilinishi sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi band­ligini ta’minlash sohasidagi davlat dasturlari va katta ijtimoiy ahamiyatga ega boshqa hujjatlarni bajarishda fuqarolik institutlarining ishtirokini kengaytirish bo‘yicha huquqiy asos yaratadi.

«O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini faol rivojlan­tirish uchun o‘ziga xos tashkiliy-huquqiy baza shakllantirilgan, — deydi Fuqarolik jamiyati muammolarini tad­qiq etish markazi direkto­ri Vitaliy Kulik (Ukraina). — Mil­liy parlament huzuridagi Nodavlat notijorat tash­kilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va mahalla kabi fuqarolik institutining samarali faoliyati ­ekspertlar e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda. Negaki, bu g‘oyat noyob hodisadir. Mingyillik rivojlanish maqsadlari islohotlarning «o‘zbek modeli» doirasida amalga oshirilayotgan vazifalarga to‘liq mos keladi. O‘zbekistonning Ming­yillik rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish, fuqarolik jamiyati, ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani yanada rivojlantirish borasidagi tajribasi Ukraina hamda boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yana shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston fuqarolik jamiyati ins­titutlari, xususan, Ekologik harakatning Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etish, Orol dengizi havzasini ekologik sog‘lomlashtirish, mintaqa suv resurs­la­ridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishga doir loyihalarining amalga oshirilishi mazkur institutlar faoliyatining Mingyillik rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etishga oid ishlardagi muhim natijasidir. Bundan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ibrat olsa arziydi».

Muxtasar aytganda, amaliy muloqot ruhida o‘tgan xalqaro seminar qatnashchilari Ming­yillik rivojlanish maqsadlariga erishishga doir vazifalarni bajarishda O‘zbe­kiston katta ijobiy tajribaga ega ekanini ta’kidladi. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatiga a’zo ko‘plab boshqa rivojlanayotgan davlatlar uchun model bo‘lib xizmat qi­lishi mumkin, degan xulosaga keldi.

Anna IVANOVA,

O‘zA muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: