Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar ?021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda muhokamadan o‘tkazdi.
Dastlabki muhokamada aholi turmush darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlari o‘sishini ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish 2021 yilda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilanayotgani hisobga olinib, fraksiya a’zolari bunday siyosatni qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilgan edi.
Buning uchun aniq, shu bilan birga, partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan asoslar, raqamlar bor. Xususan, 2021 yilda Davlat byudjetining ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlariga jami 86 trln. 379 mlrd. so‘m, 2020 yilgi tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 15 foiz ko‘p rejalashtirilmoqda. Fraksiya a’zolari bu pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan, daromadidan vaqtincha ayrilgan oilalarni ijtimoiy tang ahvolga tushib qolishdan himoyalashda dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi.
Fraksiya a’zolari xalq ta’limi, dori-darmon xarajatlarini aniq ko‘rsatish, byudjet ijrosi shaffofligini ta’minlash bo‘yicha bergan takliflarning aksariyati hisobga olingani qayd etildi.
Shu bilan birga, deputatlar mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash uchun katta mablag‘lar yo‘naltirilayotgan paytda byudjet intizomini qat’iylashtirish, ochiqlikni ta’minlash tartibiga amal qilish zarurligini ta’kidlashdi.
Chunki, Davlat byudjeti ijrosi haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmasa, vazirlik, hokimliklarning rasmiy saytlariga joylashtirilmasa, jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish qiyin bo‘ladi. Shaffoflik tartibiga amal qilmasdan, byudjet mablag‘lari to‘g‘ri va samarali sarflanishini ta’minlash mumkin emas. Bu masalada dunyo yurgan yo‘ldan yurishimiz kerak, deyishdi deputatlar.
Ammo hukumat byudjet ijrosi bo‘yicha shaffoflikni ta’minlab bera olmayapti. Joriy yilda 58 vazirlik va idoralardan 33 tasi byudjet ijrosi bo‘yicha hisobotlarni o‘z saytlariga umuman joylashtirmay, 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun bilan belgilangan talabni bajarmagan. 200 ga yaqin tuman-shahar hokimiyat organlaridan esa hech biri 2020 yil byudjet ijrosi bo‘yicha hisobotlarni veb-saytlariga joylashtirmagan.
Fraksiya a’zolari bunday holat bilan umuman murosa qilib bo‘lmasligini, byudjet shaffofligi bo‘yicha mansabdorlarga jazo choralarini kuchaytirish shart, degan qat’iy fikr bildirishdi.
Shu asosda “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasiga fraksiya taklifi tayyorlandi.
Hukumat kiritgan mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (1757-modda) byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.
O‘zXDP fraksiyasi a’zolari gap Davlat byudjeti ijrosi, millionlab fuqarolar huquqlari haqida ketganda, bunday jarima mansabdorlarga juda yengil jazo bo‘ladi, degan qat’iy fikrni bildirishdi. Bu esa byudjet mablag‘lari ishlatilishida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilmaydi, aksincha, byudjet mablag‘larining ishlatilishi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqaradi. Natijada byudjet ijrosida kamchiliklar, suiiste’molchilik va korrupsiya holatlariga yo‘l ochiq bo‘lib qolaveradi.
Shuning uchun O‘zXDP fraksiyasi a’zolari byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzayotgan mansabdorlarga jazoni og‘irlashtirishni taklif etishdi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima belgilash, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima qo‘llash taklif qilindi.
Yig‘ilishda boshqa bir qator qonun loyihalari partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, muhokama etildi va tegishli takliflar bildirildi.
O‘zbekiston XDP
Markaziy Kengashi Axborot xizmati.