Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31 1
19.08.2020

MILLATGA NAJOT YO‘LINI KO‘RSATGAN JADID

Turkiston jadidchiligining g‘oyaviy yetakchilaridan biri, o‘z davrida yozuvchi, shoir, jurnalist, siyosiy arbob sifatida tanilgan Abdurauf Fitrat shubhasiz, XX asr birinchi choragi Markaziy Osiy ziyolilarining eng ko‘zga ko‘ringan va ta’sir doirasi kuchli bo‘lgan vakillaridan biri hisoblanadi. Uning hayoti va ijodi tadqiqotchilar tomonidan keng o‘rganilganiga qaramay, ilk faoliyati va tarjimai holi, xususan Turkiyada o‘tkazgan yillariga oid ko‘p savollar o‘z javobini topgani yo‘q.

XX asr boshlarida Turkiston bo‘ylab kuchga kira boshlagan jadidchilik harakati o‘lkaning barcha sohadagi ishlari kelajagini belgilab berdi. Jumladan, yangi adabiyot, publitsistika, siyosat va hokazolar. Davr ushbu yo‘nalishlarning xarakterini aniqlab bergan namoyandalarini ham o‘rtaga chiqardi. O‘sha davrning ko‘zga tashlangan islohotchi shaxslaridan biri Abdurauf Fitrat (1886 – 1938) bo‘lib, uning faoliyati va ijodi hali to‘liq o‘rganilgani yo‘q, deb o‘ylayman.

Fitratning ilk hayot yo‘li haqida, ayniqsa 1909 yilgacha bo‘lgan davri borasida biz deyarli hech narsa bilmaymiz. Fitrat ijodi va hayot yo‘lini o‘rgangan barcha tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, u 1886 yili savdogar oilasida dunyoga kelgan. Fitrat an’anaviy boshlang‘ich eski maktabni tugatgandan so‘ng o‘qishini avval Mir Arab madrasasida, so‘ng Buxorodagi yana bir boshqa madrasada davom ettirgan. Buxoro amiri Abdulahadxon saroyida xizmat qilgan Ne’matulloh Muhtaram XX asr boshlarida tuzgan tazkirasida qayd etishicha, Fitrat yosh bo‘lishiga qaramay Buxoro adabiy davralarida yetarli darajada mashhur bo‘lgan. U “Mijmar” (Yoqimli hid tarqatuvchi cho‘g‘don) taxallusi ostida she’rlar yozgan. Ne’matulloh Muhtaram Fitratni Hoji Mulla Abdurauf, deb tilga oladi. Bundan ko‘rinadiki, Fitrat yoshlik chog‘ida haj amalini bajarish uchun sayohatga chiqqan va Sharqda Turkiya, Hindiston, Arabiston hamda markaziy Rossiya (Moskva, Peterburg) bo‘ylab sayohat qiladi. Fitrat o‘sha vaqtda haj safarining an’anaviy yo‘li hisoblangan Hindiston orqali emas, balki temir yo‘l bilan Odessa, Turkiya orqali Arabistonga safar qilgan va Hindiston orqali Buxoroga qaytib kelgan.

Fitrat, o‘zi yozishiga qaraganda, dastlab jadidlarga qarshi bo‘lgan va ayrim kishilarning ta’siri ostida unda yangi usul maktabi va, umuman, jadidchilikka moyillik, qiziqish paydo bo‘lgan. U buxorolik yoshlarning birinchilari qatorida Turkiyaga o‘qishga ketdi. 1910-1914 yillar davomida Turkiyada tahsil olgan Fitrat Turkistonga anchagina mashhur shaxs sifatida qaytib keldi. Uning 1911-1912 yillarda Istanbulda nashr qilingan “Munozara” va “Bayonoti sayyohi Hindiy” kabi birinchi nasriy asarlari hamda “Sayha” she’riy to‘plami nafaqat Buxoro, balki butun Turkiston jadidlarini yanada kuchlantirdi. Sadriddin Ayniyning ta’biri bilan aytganda, Fitratning birgina “Munozara”si davr taraqqiyotiga g‘oyat kuchli va samarali ta’sir ko‘rsatdi.

XIX asr oxirigi choragida Qrimda dunyoga kelgan “usuli jadid” maktablari Rossiya imperiyasining musulmonlar yashaydigan mintaqalarida, so‘ngra Turkistonga ham keng yoyila boshladi. Lekin bu maktablar dinga zid kelishini da’vo qilgan ulamolar qarshiligiga duch keldi. Ayniqsa, bunday qarshilik Buxoroda 1908 yilda ochilgan maktab atrofida juda katta janjalga sabab bo‘ldi. Fitrat ana shu maktab janjali ta’sirida yaratgan “Munozara” asari yangi usul maktablaridan musulmon dunyosi shariat yuzasidan foydalanishi mumkinligini isbot eta oldi. Faqat shu asarning bosilib chiqishi tufayligina Buxoroda yangi usul maktablari qayta ochildi va ulardan mulla-mudarrislarning tavqi la’natlari olib tashlandi.

“Munozara”ning markazida buxorlik yoshlar tashkil etgan birinchi “usuli jadid” maktabi va uning atrofida paydo bo‘lgan janjal voqealari turadi. Ushbu maktabning tarixiga qisqacha nazar tashlaymiz. Maktab 1908 yil 5 oktabr kuni Sadriddin Ayniy, Abdulvohid Munzim, Homidxo‘ja Mehriy va Ahmadjon mahdum Hamid (bu ikkisi Ayniyning madrasadosh do‘stlari edi) tarafidan Abdulvohid Munzim hovlisida ochiladi. Oradan deyarli bir yil o‘tib, 1909 yil 6 sentabr kuni maktabda tantanali ochiq imtihon o‘tkaziladi. Buxoroda jadid maktablarini ta’qiqiga olib kelgan voqealar aynan shu kuni sodir bo‘ldi. Fitrat bu haqda oradan 20 yil o‘tib yozgan bir maqolasida shunday eslaydi:

“1908 yilda (Fitrat bu yerda yilni yanglish ko‘rsatadi, asarning markazida turgan voqealar 1909 yil bo‘lgan edi. Yuqorida bu haqda yozib o‘tildi – A.Z.) yozganim bir asarimda Buxoro amiriga qaratilgan bir xatim bor... (bu xat “Munozara”ning so‘nggida ilova qilingan – A.Z.) Lekin 8-yilda Buxoro xonligida hukm surgan diniy taassubni va shunga tayangan idora usuli... hibs qilish, o‘ldirish, sangsor (toshbo‘ron – A.Z.) qilish kundagi odatlardan edi. U zamonlarda kitob yozishning o‘zi “kofirlik” edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarimni yozdim. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir ko‘p rasmiy idoralarni tanqid qildim”.

“Munozara” Istanbulda chop etilganidan keyin Buxoroga turli yo‘llar bilan yashirincha olib kelindi. “Munozara”ning asl forscha matni hatto 1914 yilda ham Rossiya imperiyasi hududiga olib kirilishi Peterburgdagi chet el nashrlari senzorligi tarafidan ta’qiqlandi. “Munozara” Mahmudxo‘ja Behbudiyning yaqin izdoshlaridan bo‘lgan Hoji Muin ibn Shukrulloh tarafidan o‘zbekchaga tarjima qilinib, oldin “Turkiston viloyatining gazeti”ning 1912 yilgi sonlarida, so‘ng 1913 yili kitobcha shaklida Toshkentda bosilib chiqdi. Ushbu asarga birinchi bo‘lib Mahmudxo‘ja Behbudiy, so‘ngra rus olimi V.Andreyevning taqrizlari e’lon qilindi.

Turkiyadan qaytgan Fitrat maktab ishlari bilan shug‘ullanar ekan, 1915-1916 yillar davomida qator asarlar ham nashr qildiradi. Bular “Oila”, “Rahbari najot”, “Qisqacha islom tarixi” va boshqalar. 1920-yillarda Fitratning “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari”, “Abo Muslim” dramalari sahnaga qo‘yildi va o‘z davri adabiy tanqidchilari tarafidan juda iliq kutib olindi. Ayniqsa, uning bu davrdagi ijodi ozodlik tuyg‘ulari bilan to‘lib toshgan edi. Yuqoridagi asarlarning barchasida bir maqsad – millat ozodligi, mustaqillik nashidasi, hurriyat, erkinlik mavzusi ilgari surildi. Bu holat uning she’rlarida yaqqol seziladi. Uning “Mirrix yulduziga” she’rida davrning manzarasi, bolsheviklar siyotsatining tub mohiyati, ular olib borgan siyosat bus-butunligicha ochib berilgan edi:

Go‘zal yulduz, Yerimizning eng qadrli tuvg‘oni!

Nega bizdan qochib, muncha uzoqlarg‘a tushubsen?

Tuvg‘oningg‘a nechun sira gapurmasdan turibsen?

So‘yla yulduz. Holing nadur? Nechuk topding dunyoni?

Bizning Yerda bo‘lub turg‘on tubanliklar, xo‘rliqlar

So‘yla yulduz, sening daxi quchog‘ingda bo‘lurmi?

 

Bormi senda bizim kabi insonlar,

Iki yuzli ish buzarlar, shaytonlar.

O‘rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar,

Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar.

Bormi senda, o‘ksuz, yo‘qsulning qonin,

Gurunglashib, chog‘ir kabi ichganlar?!

Bormi senda, butun dunyo tuzugun

O‘z qopchug‘in to‘ldurg‘ali buzg‘onlar?

Bormi senda, bir o‘lkani yondirib,

O‘z qozonin qaynatg‘uchi xoqonlar?

Bormi senda, qorin, qursoq yo‘lida

Elin, yurtin, borin, yo‘g‘in sotqonlar?

1917 yildan boshlab Fitrat maorif ishlaridan biroz chekinib, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullana boshladi. Buxoro jadidlarining tashabbusi bilan tuzilgan “Yosh buxoroliklar” partiyasi sarkotibligi vazifasini bajardi, Samarqandda nashr qilingan “Hurriyat” gazetasida, avval, faol muallif sifatida qatnashgan bo‘lsa, qisqa vaqt o‘tishi bilan uning bosh muharriri sifatida faoliyat olib bordi.

Fitrat bu davrda Rossiyadagi Muvaqqat hukumat bilan o‘zaro tenglik asosida aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida juda ko‘plab maqolalari bilan siyosiy faoliyatini davom ettirdi. Ammo Fitrat orzu qilgan tenglik, hurriyat orzusi bolsheviklar tomonidan chilparchin qilindi. Shu sabab, “bolshevik balosi” bosh ko‘targan, 1917 yilning oktabrida sodir bo‘lgan to‘ntarishni “yurt qayg‘usi” sifatida qabul qildi.

1918 yili Toshkentga kelgan Fitrat o‘z atrofiga yoshlarni yig‘ib “Chig‘atoy gurungi”ni tashkil qildi. Bu jamiyat 3 yil faoliyat olib borgan bo‘lishiga qaramay, nafaqat o‘zbek tili va adabiyoti, balki umuman, yangi o‘zbek madaniyatining shakllanishi va taraqqiyoti tarixini butkul yangi, zamonaviy ilm asosida o‘rganishni boshlab berdi. “Chig‘atoy gurungi” yangi O‘zbekiston tarixidagi mahalliy ziyolilar tarafidan tuzilgan birinchi ilmiy-tadqiqot jamiyati sifatida tarixga kirdi. Ayni shu jamiyat hozirgi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining ham tamal toshini qo‘ydi. Gurung a’zolari tomonidan qator ilmiy risolalar, ayniqsa, til, imlo masalasiga oid nashrlar e’lon qilindi.

1920-1923 yillar davomida yangi tuzilgan Buxoro hukumati tarkibidan turli yuqori lavozimlarda ishlagan Fitrat turli siyosiy ayblovlar bilan ishdan bo‘shatildi va Moskvadagi “Jonli sharq tillari” institutiga yuborildi. Shu davrdan boshlab Fitrat umrining oxiriga qadar faqat ilmiy izlanishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi.

Fitratning adabiy asarlari, xususan, uning dramaturg sifatidagi faoliyati zamondoshlari tomonidan yakdillik bilan e’tirof etildi. 1916-1930 yillar oralig‘ida u o‘ndan ortiq dramalar yozdi. Ayniqsa, 1920-yillarda yozgan “O‘g‘uzxon”, “Chin sevish”, “Hind ixtilolchilari”, “Abulfayzxon” kabi dramalari katta shuhrat qozondi. “Chin sevish” dramasida biz oldingi Fitrat, ya’ni g‘arb ilm-fanini o‘rganishga bo‘lgan targ‘ibotning boshqa bir darajaga o‘tgani, ya’ni siyosiy jihatdan yetuklikka erishgan Fitratni ko‘ramiz. Asar qahramoni Karimbaxsh tilidan bu g‘oya quyidagicha ifodalanadi: “Ovrupo ishlarini o‘rganmak albatta kerakdir. Ovrupoda o‘qimoq oprupolilarni insofli, adolatli deb maqtamoq uchun emas, ulardan o‘zimizni saqlamoq, tishli-tirnoqli bo‘lish uchun kerakdir.”

Fitrat bundan biroz avvalroq yozilgan “Sharq siyosati” nomli maqolasida g‘arbga bo‘lgan munosabatini, uning haqiqiy siyosati nimada ekanligini ochib tashlagan edi. Bir vaqtlar: “Sharqg‘a madaniyat maktablari, insoniyat madrasalari ocharmiz”, degan bahona bilan Turkistonni qonga botirib, uning yuzini toptagan bosqinchi “jahongirlar fohishaxona va mayxonadan boshqa bir narsa” olib kelmadi. Fitrat shu o‘rinda o‘ziga-o‘zi savol beradi: “Ajabo, Ovrupa jahongirlari bu ishlarini bilibmi qildilar, bilmasdanmi qildilar?” Javobi esa: “Albatta, bilib qildilar, jo‘rttaga qildilar”. Fitrat maqolasida mustamlakachilarning asosiy maqsadlari qo‘l ostiga olingan mazlum xalqqa “madaniyat berish”, “maorif tarqatish”, “taraqqiy etdurmak” emas, “turli fohishaxonalar, mayxonalar ochib, bizning axloqimizni buzmoq” va oxir-oqibatda “bizni ishdan chiqarmoq va o‘z qo‘llarig‘a muhtoj qilib qo‘ymoqdir”. Fitrat bu fikrlarni yozar ekan, siyosiy jihatdan ancha yetishgan, xalqni haqiqiy ahvoldan boxabar qilish uchun hech narsadan tap tortmay, fikr yuritadigan shaxs sifatida ko‘rinadi.

Mantiqan olib qaraganda, “Hind ixtilolchilari”ni “Chin sevish”ning davomi deyish mumkin. Lekin, ular ayri ikki asar. “Hind ixtilolchilari”da Fitratning ona Vatanga bo‘lgan muhabbati, uning erki uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan “Yurtimizni qutqaramiz. Yashasin istiqlol!”, deb mustabid tuzumga qarshi qo‘zg‘algan isyonkorni ko‘ramiz. Uning 1922 yilda nashr etilgan “O‘zbek yosh shoirlari” to‘plamidan joy olgan “O‘gut” she’rida Fitratning yurt erkinligi uchun kurash, bir daqiqa ham hurriyatga erishish maslagidan qaytmaslikka undov juda yaxshi ko‘rinadi:

Og‘ir yigit! Sening go‘zal, nurli ko‘zingda

Bu millatning saodatin, baxtin o‘qudim

O‘ylashingda, turushingda hamda o‘zingda

Bu yurt uchun qutulushning borlig‘in ko‘rdim.

 

Turma. Yugur, tinma, tirish, bukulma yuksal,

Hurkma kurash, qo‘rqma yopish, yo‘rilma, qo‘zg‘ol,

El yo‘lini to‘sub turg‘on eski bulutlarni

Yondirib, qo‘y, yirtib tashla. Barchasini yo‘q et!

Qilolmasang shu ishlarni

Sening uchun xo‘rliqdir bu....!

Yiqil, yo‘qol, ket!

Fitrat o‘z dramalarida, she’rlarida Sharq, xususan, Hindiston xalqining mustamlakachi inglizlarga qarshi kurashi orqali ona Vatan – Turkistonning tuganmas dardlarini ifoda qildi.

Fitrat tarixiy drama janriga asos soldi. U “Abulfayzxon”, “Abo Muslim” kabi dramalarida tarixga yuzlanar ekan, o‘tmishdagi voqelikning mazmun-mohiyatini tarixiy shaxslar obrazi orqali ularning taqdirlari misolida qayta jonlantirishga hamda ulardan zamon uchun kerakli xulosalar chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Fitratning hayoti va ijodiy faoliyati tarixning eng qaltis damlarida millat va Vatanga xizmat qilishning yorqin namunasidir. Yirik jadidshunos olim B.Qosimovning so‘zlari bilan aytganda, har qanday holda ham xalq bilan birga bo‘lish, uning manfaatini har narsadan ustun qo‘yish, har narsadan muqaddas bilish Fitrat shaxsiyatining eng muhim xususiyatlaridan edi.

 

Zaynobiddin ABDURAShIDOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent

davlat o‘zbek tili va adabiyoti

universiteti prorektori, professor.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: