Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31 1
10.06.2020

BUYuK AYRILIQ

Unvonu martaba do‘ngligi uzra

In qurgan chigirtka mendan yirikmi?

Shovqini azizmi nolamdan ko‘ra,

Meni o‘ldi degan o‘zi tirikmi?

Anvar OBIDJON

2019 yilning kuzi oyoqlayotganida Anvar Obidjon Farg‘onaga ketdi. Dastlab, bu har doimgi safarlar qatorida edi. Odatdagidek, yo‘lga chiqishdan oldin qo‘ng‘iroq qildilar, hol-ahvol so‘radilar. «Oltiariqqa ketyapman. Bir-ikki hafta ota yurtda bo‘laman. Tinch o‘tiringlar”, dedilar. Biz yengilgina xayrlashdik...

O‘zbekiston xalq shoiri, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, o‘zbek xalqi uchun pokdomonlik, halollik timsoli bo‘lgan Anvar Obidjonning buyuk asarlari tug‘ilgan, yuzlab shogirdlariga ham darsxona, ham yaxshi-yomon kunlarda boshpana bo‘lgan, mehr va tafakkur yog‘dularidan charog‘on bu qadrdon go‘shaga endi hech qachon qaytib kelmasliklarini hali hech birimiz bilmasdik. Yillar davomida hamisha egasini e’zozlagan, minglab mehmonlarni, muxlislarni iliq kutib olgan, hech kimni norizo qaytarmagan bu qutlug‘ ostona ham donishmand shoirni oxirgi marta ko‘rayotgani, endi uning qadrdon qadamlarini kutib, sog‘inib kun sanashi u paytda bizning tushimizga ham kirmagandi. Serqirra iste’dod sohibi, o‘zining rangin, fikrchan va jozibali asarlari bilan o‘zbek bolalariga yurtni sevishni, ardoqlashni, tafakkur qilishni o‘rgatgan buyuk millatparvar shoir Anvar Obidjon shu aziz ostonani mo‘tabar vatan deb bilardi...

Qo‘ng‘iroqlashib turdik. Dekabrning oxirida men davolanish uchun Moskva­ga boradigan bo‘ldim. Telefonda gaplashdik. Mabodo go‘shakni ko‘tarmasalar, albatta o‘zlari qo‘ng‘iroq qilardilar. Biz oilamiz bilan ustozning mehrlari, e’tiborlariga shu darajada o‘rganib qolgan edikki... Yangi yil kuni qo‘ng‘iroq qilganimda, rahmatli ukam Farhodjonning farzandlarini so‘radilar, “Otasiga o‘xshagan, hammaning havasi keladigan insonlar bo‘lishsin. Farhodjon, “Bolalarimni o‘zim tahsil olgan Moskva davlat universitetida o‘qitaman”, derdi. Rahmatli ko‘ngli ochiq yigit edi, niyatlari ijobat bo‘libdi. Madinabonu bilan Hojiakbarga mening nomimdan ham tayinlang, yaxshi o‘qishsin”, dedilar.

Safardan qaytgach, tug‘ilgan kunlarida qo‘ng‘iroq qildim. 1997 yildan beri har yili 8 yanvarda O‘zbekiston radiokanalida Anvar Obidjon ijodiga bag‘ishlangan bir necha qismdan iborat dastur tayyorlardik. Bu eshittirishlarni ustozning muxlislari orziqib kutishardi. Har doim yangi gap aytishga intilardim. Chunki shoirning hatto kitoblarini yoddan biladigan minglab zukko ixlosmandlari bor ediki, ularga biron fikrni ma’qul qildirish oson emasdi. Ba’zan eshitolmay qolsalar, albatta dasturni ko‘chirib berardik. Muxlislarning xatlarini ham yetkazardim. Xursand bo‘lardilar.

2020 yil 8 yanvar – tug‘ilgan kunida Anvar Obidjonning ovozlari biroz horg‘in edi, qiynalibroq gapirdi. Ochig‘i, Farg‘onaga borishga juda ko‘p marta otlandim. Goh, dovonni qor bosdi, goh o‘zlari ham “bahorda bolalarni olib, bemalol kelasizlar”, deb, meni yo‘ldan qaytardilar. Fevralning oxirida Moskvaga, xalqaro konferensiyaga borib keldim. Lekin ko‘nglimda bitta ilinj, “Anvar Obidjonni ko‘rib kelishim kerak”, degan fikr bor edi...

Olloh nasib qilgan kun 7 mart ekan. Ancha suhbatlashdik. Moskva safarini gapirib berdim. Konferensiya haqida so‘radilar. «Boburnoma»da san’at terminlari» mavzusida ma’ruza qilganimni, asardagi raqs haqidagi fikrlar ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘yganligini, Bobur hazrat raqs san’atini oddiy ijro bilan ixtironi ajratadigan darajada idrok qilganlaridan hayratga tushganimni aytdim. «Mustaqillikdan oldin bolalar nashriyotida «Boburnoma»ning 200 ming adadda chiqishi A’zam O‘ktamning xizmati edi, A’zamjonni Xudo rahmat qilsin, katta ishlar qilib ketdi. Bobur Mirzoga kelsak, endi ulug‘ xazina, bitmas-tuganmas tafakkur boyligi, so‘z boyligi. Hali yana 100-200 yillab o‘rganiladi. Chunki har bir avlod o‘zi uchun hazratning merosidan qandaydir yangilik albatta topadi”, dedilar Anvar Obidjon va meni yana hayratga solib, o‘zbek milliy raqsi haqida shunaqa fikrlarni aytdilarki... “Munojot” va “Tanovar”ni asosan vodiyda ijro etilganligi, ularning mohiyati, turlari... Mening hayajonimni ko‘rib, “Bunaqa sohalarga qiziqadi, deb o‘ylamasdingiz-a? Endi Bobur hazratga yetolmasak ham, uncha-muncha farqiga boramiz. Hali raqsga oid maqol va iboralar haqida gapirdingiz, masalan, “Men ne deyman, qo‘bizim ne deydi”, maqoli ham aynan bugungi san’at haqida. Yoki bolalar raqslari. Milliy raqsning eng og‘ir, eng og‘riqli, eng muammoli qismi. Shuning barobarida tarix bilan bog‘lab turuvchi ildizi. ”Ajinasi bor yo‘llar” esingizdami, “Ho‘kiz o‘yini” haqida lavha bor. Biz bolaligimizda shunaqa o‘yinlar o‘ynaganmizda. Ularni tiklash kerak. Bular xalqning milliy boyligi, ma’naviy xazinasi. Axir, bolalar adabiyotisiz kattalar adabiyotining taraqqiyoti haqida gapirib ham bo‘lmaganidek, bolalar raqslari ham millatning o‘zligini, ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarini aks ettiruvchi in’ikosidir. Ular bolalarni go‘zallik va nafosat olamiga oshno qiladi. Bolalar raqslaridan uzilgan har qanday milliy raqs san’ati ildizi qurigan daraxt misolidir. Ochig‘ini aytish kerak, milliy o‘zlikni anglatadigan bolalar folklor raqsi yillar davomida butunlay unutildi. Prezidentimizga ming rahmat, kitob bilan bir qatorda ma’naviyat, san’atning hamma sohasiga e’tibor beryapti...

Shunda men Anvar Obidjonning “Girey xonim”,”Ochilxon hofiz qo‘shig‘i”, “Bastakor Anor Nazarov”, “Topishmoq” kabi she’rlari bejiz yozilmaganligini anglaganday bo‘ldim. Anvar Obidjon milliy raqs san’ati, uning tarixi, davrlar zanjiridan uzilib, tushib qolgan halqalari haqida, bolalar folklor raqslari, ularning hududiy elementlari xususida shunchalik zavq bilan gapirdilarki... ruhan yengil tortdim.

Suhbat asnosida Toshkentdan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, taniqli shoir, senator ­Minhojiddin Mirzo qo‘ng‘iroq qildi. Xursand bo‘lib gaplashdilar. ”A’zamjonni shogirdlarining ichida shu yigitga tan beraman. Ijodda ham, odamgarchilikda, ma’naviyatu, madaniyatda uning oldiga tushadigani yo‘q. Minhojiddinning “Sohibqiron yog‘dusi” ma’rifiy dostoni haqidagi eshittirishingiz yaxshi chiqibdi. O‘zim ham o‘qigandim. Betakror asar. Jahon adabiyoti mezonidan qaralganda ham, bu doston “Temur tuzuklari”ning birinchi she’riy varianti. To‘g‘ri aytdingiz, uni davom ettirish shart, tili nihoyatda ravon, bolalarga tushunarli. Uslubini juda chiroyli topgan. Maktab darsliklariga ham kiritilishi zarur. Bolalar she’riy tildagi tarixni tezroq tushunadilar. Umuman, darsliklarni qayta ko‘rib chiqish kerak”.

Mavzuimiz ona tili va maktab darsliklariga ko‘chdi. Prezidentimizning boshi omon bo‘lsin, 21 oktabrdagi nutqini tinglab, juda to‘lqinlandim. Tilni asrash faqat tilshunos olimlarning ishi, deb kutib o‘tirish kerak emas, ijodkorlar ham Erkin Vohidovning “So‘z latofati” kitobi kabi asarlar yaratishi kerak”. Fikrni chiroyli joyidan ilib ketishga harakat qildim: “Moskvada Dostoyevskiy, Tolstoy nomida kitob do‘konlari bor ekan. Men ham vaqti kelib, Toshkentning markazida Anvar Obidjon kitob markazi barpo etilishini, unda asosan kitob savdosi yo‘lga qo‘yilishini va bir necha bo‘limlardan iborat bo‘lishini, masalan, uning kino zalida sizning ssenariylaringiz asosida olingan filmlar namoyishi, san’at bo‘limida she’rlaringizga bastalangan qo‘shiqlar yangrashini, qolgan bo‘limlaridan siz qatnashgan ko‘rsatuvlar, radioeshittirishlarning disklari o‘rin olishini orzu qilaman. Bu bizning bolalarimiz uchun ham ma’naviyat, ham madaniyat, ham san’at, ham tafakkur bo‘stoni bo‘ladi”, dedim. Ustoz siniqqina jilmaydilar...

 “A’zam O‘ktam nomidagi kutubxona nima bo‘lyapti?”, kutilmaganda so‘rab qoldilar. Bu men uchun eng og‘riqli nuqta edi. Atayin, unga yaqinlashmayotgandim. Gap, bundan uch yil muqaddam Anvar Obidjon boshchiligida O‘zbekiston xalq shoirlari Enaxon ­Siddiqova, Iqbol Mirzo, taniqli shoir Minhojiddin Mirzo, yozuvchi Isajon Sulton, professor Ikromiddin Ostonaqulovlar nomidan A’zam O‘ktam tug‘ilib o‘sgan qishloqda kutubxona va muzey tashkil qilish uchun Buvayda tumani hokimiga yozilgan xat haqida ketayotgandi. Orada hokim o‘zgardi. Yana qaytadan xat qilindi. Ikki yil oldin “Farg‘onaliklar” kitobini yozish jarayonida Anvar Obidjon Buvaydaga bordilar, tuman hokimi Behzod Ibragimov bilan uchrashganlarida menga hokimning kabinetidan qo‘ng‘iroq qildilar, “Mana, Behzodjon bilan kutubxona haqida gaplashib turibmiz. tez orada kutubxona qurilishini boshlashar ekan, albatta, kelib uchrashing,” dedilar. Shoirning ko‘ngli o‘zi jonidan ortiq yaxshi ko‘rgan bolalarniki kabi sodda, ishonuvchan edi. O‘shanda Buvaydaning hokimiga ishondilar. Hatto “Farg‘onaliklar” kitobiga ham kutubxona qurilishi haqidagi g‘oyani kiritdilar. Shu suhbatdan keyin men atayin Buvaydaga bordim. Lekin baribir masala hal bo‘lmadi...

Biz besh soatcha suhbatlashdik. Tovuq go‘shtining shifobaxshligi haqida gurunglashib, shoirning umr yo‘ldoshi Karomat opam obi-tobiga keltirib pishirgan tovuq sho‘rva bilan tushlik qildik. Yangi chop etilgan “Oddiy ayriliq” kitoblariga dastxat yozib berdilar. ”Nomi chiroyli ekan”, dedim. Ustoz siniqqina jilmaydilar. Bir oy o‘tar-o‘tmas bizni buyuk ayriliq kutib turganini, bu oxirgi diydor ekanligini uchchalamiz ham bilmasdik. Bu bizning buyuk ayriliq oldidan so‘nggi suhbatimiz edi, o‘zimiz sezmagan holda muhim, nomuhim hamma masalalar, hatto oilaviy muammolargacha gaplashayotgandik. Samarqandda moliya texnikumida o‘qigan yillarini, Tursunboy Adashboyev bilan men o‘qigan ilm dargohi – Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 17-maktabning yangi binosini ochib berganlarini, o‘quvchilar bir kitob she’rni yoddan o‘qiganlarini esladilar. Aynan o‘sha maktabda “Farg‘onaliklar” kitobining taqdimotiga taklif qilishganini, Kattaqo‘rg‘onga borish haqidagi va’dalari eslariga tushdi, “Mana, bahorga ham yetdik, Xudo xohlasa, kunlar isiyversin, albatta Payshanbaga boramiz”, dedilar.

Har bir asari ijod olamida o‘ziga xos voqea bo‘lgan, adabiyotning barcha janrlarida yuksak iste’dod bilan qalam tebratgan, kitoblari qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgan, bir umr o‘zini ayamay qalam tebratgan, ham kattalar, ham kichkintoylar auditoriyasiga birdek sevimli va mashhur yozuvchi Anvar Obidjon hayotda juda ham oddiy, xokisor, samimiy va mehribon, bolaqalb inson edilar. Barchani birdek avaylardilar, hech kimdan mehrlarini ayamasdilar... Men doimo, agar, shoirning bittadan she’rini yod olgan bolalar qo‘l ushlashib, davra bo‘lishsa, yer sharini o‘rab olish mumkin deb o‘ylardim. Yana, mening O‘zbekiston radiokanalida efirga uzatilgan 32 akademik haqidagi “Fikrat darg‘alari” eshittirishimni esladilar. ”Respublika Kardiologiya markazi direktori Ravshan Qurbonov bilan suhbatlashganingizda Erkin Vohidovning “Kardiogramma”, Rauf Parfining “Yurak” she’rlari bilan, Innovatsion rivojlanish vaziri, genetik olim Ibrohimjon ­Abdurahmonov bilan muloqotni Abdulla Oripovning “Genetika” she’ri va Isajon Sultonning “Genetik” asari bilan mantiqan to‘g‘ri bog‘ladingiz, aniq fanlar bilan adabiyot hamisha bog‘liqlikda rivojlangan, ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Bir biridan uzoqlashsa, xalqdan ham uzoqlashadi. Ilm bilan adabiyotning uzviy bog‘liqligini saqlab qolishda, uni xalqqa yaqinlashtirishda eng katta mas’uliyat jurnalistlarning zimmasiga tushadi... ” .

Anvar Obidjon ijodi haqida “O‘zlik” nomli ajoyib kitob yozgan taniqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Abdug‘afur ­Rasulovni esladik. Men suhbatlarimizdan birida, domla “Anvar Obidjon o‘zbek bolalar adabiyotida juda katta reformalar qildi, “Reformator” degan kitob yozmoqchiman”, deganlarini, men “Kashfiyotchi” desangiz-chi?”, deya fikr bildirganimda, Abdug‘afur aka: “Har bir ijodkor qaysidir ma’noda adabiyotda kashfiyot yaratadi. Ohorli so‘z, ohorli qofiya ham o‘ziga xos yangilik. Bu nuqtai nazardan qaraganda Anvar Obidjonning ijodi boshdan-oyoq kashfiyot, lekin uning reformatorligi butunlay boshqa mavzu, bu borada uni hech kim bilan taqqoslab bo‘lmaydi”, deb o‘z so‘zlarida turib olganlarini gapirdim. Domlaning niyatlari amalga oshmaganidan afsuslandim. Qarangki, professor Rasulov bu fikrni Anvar akamning o‘zlariga ham aytgan ekanlar. ”Siz haqingizdagi “Biz bilgan (bilmagan!) Anvar Obidjon” kitobimni qayta ishlab, nashr qildirmoqchi edim. Ruxsat bersangiz, “Reformator” deb nomlardik”, dedim ming bir xijolat ichida...

Hozir o‘sha suhbatni eslab, mutafakkir shoirning har bir so‘zini bir-bir yuragim chig‘irig‘idan o‘tkazyapman. U, bizning yig‘ilib qolgan armonlarimiz, dardlarimiz, sog‘inchlarimiz ekan. Anvar Obidjonning hammani kuldirayotib ham, tubida hazinlik turgan nigohlaridan hamisha samimiyat, mehr ufurib turardi. Hech qachon nolimasdilar, hamisha o‘z hayotlaridan, farzandu nabiralaridan, oilasi, taqdiridan va o‘zining shoirlik qismatidan rozi edi. Hayot va mangulik, muhabbat va ayriliq, mehr va xiyonat, samimiyat va yomonlik, haqiqat va jamiyat oralig‘ida o‘tgan kunlari, uchratgan odamlaridan biron marta norozi bo‘lmadilar. Aslida shuning o‘zi ulug‘ ibrat edi.

Biz keyin ham telefonda bir necha marta suhbatlashdik. Men Anvar ­Obidjonning Milliy kutubxonada bo‘lib o‘tgan, “Quvnoq- quvnoq bolalar” kitobining taqdimoti, meni bu tadbirga shoir Dilshod Rajab taklif qilganligini, taqdimotdagi fikrlar, undagi o‘zimning ma’ruzam, A’zam O‘ktamning “Tavsif” she’rini o‘qib berganimni, O‘zbekiston xalq artisti Shermat Yormatovning “O‘zbek bolalar san’ati hamisha Anvar Obidjondek zaxmatkash, bola dunyosini anglaydigan shoirlarga muhtoj”, degan so‘zlarini, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning meni yonlariga chaqirib, Anvar Obidjonning salomatliklarini alohida so‘raganlarini aytaman. Kursdoshim Sharofat Toshmirzayeva maktab darsligiga kiritish uchun Anvar akamning “Alisher ila Husayn yoki uch dono va o‘g‘ri” dostonlarini so‘raganligini, dostonning elektron variantini yuborganimni aytaman. Zamira Ibrohimova, Rahmatulla Barakayev, Dilshod Rajab, Zulfiya Mo‘minova, Farog‘at Xudoyqulovaning salomlarini yetkazaman.

Anvar Obidjon umr bo‘yi she’rni ardoqladilar, chin adabiyotni katta muhabbat bilan sevdilar, bu muhabbatni balandparvoz so‘zlar bilan izhor qilmadilar, lekin unga fido bo‘lishni hayotlarining mazmuni deb bildilar. Millatsevar, fidoyi adib, donishmand ustoz, oilaparvar ota sifatida turmush yo‘llari va ijod so‘qmoqlarida duch kelgan mashaqqatlarni, bo‘htonu fitnalarni mardona yengdilar, tanishu notanishga birdek beg‘araz yordam berdilar... Biz – uning muxlislari – hammamiz uning o‘zidan ham, asarlaridan ham ruhiy taskin, jo‘shqin ilhom, o‘zimizga ishonch quvvatini olishga intilganmiz. Uning har so‘zidan, erta oqargan oppoq sochlaridan, nuroniy yuzi, siniq tabassumidan, xalqona mutoyibalaridan — hamma-hammasidan serjilo bir mehr, latif xokisorlik, iliq harorat taralardi. Daryodil, bag‘rikeng inson edilar, tanishu notanishga dasturxoni ham, ko‘ngli ham doimo ochiq edi... Men tanishgan kunimizdan umrlarining oxirigacha, Anvar Obidjonning har bir suhbatlaridan ajoyib kitob o‘qiyotgan kabi zavq va zakovat, hikmat ilm va hilm oldim. Hayotni o‘rgandim. Bu kitobning eng aziz, eng qadrli sahifalarida ota-onamning aziz yodlari bilan bir qatorda umrimning hamma past-baland kunlarida menga, oilamga suyanch bo‘lgan, yolg‘izligimizni bildirmagan, har qanday sharoitda ko‘nglimizga qaragan, bizning ko‘nglimizni avaylagan Anvar Obidjonning mo‘tabar nomlari bor... Ming afsuski, 7 martdagi muloqotlarimiz bu sevimli kitobning armonli, sirli, yakunlanmagan... so‘nggi sahifalari bo‘lib qoldi...

 “Yolg‘izlik dahshatdir, yolg‘izlik yomon, Do‘stning jonin mendan oldin olmasin. Toki bolasiga izlar ekan non, Hatto dushmanlarim do‘stsiz qolmasin”, bu satrlarni Anvar Obidjon A’zam O‘ktamning vafotidan 8 yil o‘tib, 2010 yilda yozgan edi.

Anvar Obidjon... Nazarimda, “Bolakaylar, kechiring, Aytolmayman u yog‘in, Chunki, avtoruchkamning Tugab qoldi siyohi”, deb, jilmayib turganga o‘xshaydilar. Demak, so‘ngi muloqotimiz har eslaganimda ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilayotgan suhbat aslida buyuk ayriliq oldidagi vasiyat ekan, vido ekan... Umrimiz, ko‘nglimizning, orzu-niyatlarimizning Anvar Obidjon atalmish buyuk ayriliq kitobining, qalb daftarining yangi sahifalarini endi donishmand shoir, oliyhimmat inson haqiga qilgan duolarimiz, uning asarlariga ixlosimiz, sog‘inchlarimiz davom ettirsin... Go‘zal va yorug‘ xotiralarimiz to‘ldirsin! Xuddi o‘zlari bashorat qilganday:

Dovrug‘lar ortidan yugurib-elib,

Shoiring hali ko‘p daftar oladi.

Bilaman,

Qachondir jimjit kun kelib,

Qaysidir daftarim to‘lmay

qoladi...

 

Hulkar HAMROYeVA,

filologiya fanlari nomzodi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: