Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31 1
18.02.2020

MILLATNING BIRLAShUVI

Ilim, ma’rifatga da’vat – jadidcha milliy g‘oya demakdir

Prezidentimizning parlamentga qilgan Murojaatida 2020 yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib chiqqan alloma va adib Mahmudxo‘ja Behbudiyning 145 yillik tavallud sanasini keng nishonlash, umuman, jadidchilik harakati, ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Jamiyatimiz bugungi mafkuraviy kurashlar davrida milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari qadam qo‘ymoqda. Ana shunday bir sharoitda jadidchilik namoyandalari fikrlarini o‘rganish, ularning ijodiy merosini keng targ‘ib qilish katta ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari aytganidek, bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topishimiz hamda bebaho boylikni qancha faol targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi.

Milliy g‘oya, falsafiy ma’nosiga ko‘ra, bir millatning birlashuvi va milliy o‘zlikni anglab yetishni bildiradi. Jadidchilik asoschilaridan biri Ismoil Gasprinskiyga ko‘ra, milliy g‘oya millat taraqqiyoti uchun zarur va eng muhim ishlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan dastlabki poydevorni yaratishni anglatadi. Uning fikricha, insonlarni bir g‘oya ostida birlashtirish natijasida jamiyatning har bir a’zosi millat manfaatini o‘zining shaxsiy manfaati sifatida qabul qila boshlaydi. Natijada millatga foyda keltiradigan har qanday jamoat ishidan hech kim o‘girilib ketmaydi.

Gasprinskiyning Turkistondagi eng yaqin hammaslagi Mahmudxo‘ja Behbudiyga ko‘ra, quyi va yuqori maktabning isloh etilishi millatning isloh etilishiga olib keladi. O‘z navbatida, millatning isloh etilishi – bu milliy g‘oya bo‘lib, uni targ‘ib qilish millatning har bir vakili uchun ham farz, ham qarzdir.

Yosh avlodning jahon tillarini chuqur o‘zlashtirishi o‘z iqtidorini namoyon etishning asosiy yo‘llaridan biri. Shunday bo‘lsada, bugungi kunda jadid ma’rifatparvarlarning boshlang‘ich ta’limni ona tilida berishga mo‘ljallangan milliy maktablarning umummilliy institutini yaratishga qaratilgan dasturi o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

 Jadidlar ushbu dasturni tizimli amalga oshirish uchun millat foydasi uchun kerakli va eng muhim ishlarni bajarishning asosini belgilovchi “umummilliy g‘oya” ishlab chiqish va uni targ‘ib qilish yo‘llarini qidirdilar. O‘z navbatida, millatni bir “umummilliy g‘oya” ostida birlashtirish uchun ishga millat elitasini, ya’ni jamiyatning ziyoli qatlamini keng jalb qilish zarur edi. Ushbu ziyoli qatlamning “umummilliy g‘oya”ni targ‘ibotidagi sa’y-harakati, birinchi navbatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy institutlar tashkil etilishiga qaratilishi kerak edi.

Jadidlar “umummilliy g‘oya” mohiyatini tushuntirar ekan, ushbu g‘oya qolgan barcha g‘oyalardan yuqori turishi va millatni ulug‘lash, maqsadlarni yuqori ko‘tarish, millatning haqiqiy birligi – bu “umummilliy g‘oya”ning tub mohiyatini tashkil etadi, deb qaradilar. Bu g‘oya millatning intilishi va foydasini aks ettirishi lozim. Jadidlar nazdida “umummilliy g‘oya” – bu eng oliy va muqaddas bo‘lib, shariat qoidalariga ko‘ra eng ulug‘vor va qimmatbaho narsadir.

Jadidlar milliy g‘oyani targ‘ib qilish uchun eng birinchi vosita bo‘lgan xayriya jamiyatlarini tuzishga kirishdilar. Turkistonda musulmon xayriya jamiyatlarining tarixi XIX asrning so‘ngidan boshlanadi. Samarqand shahar qozisi Nizomiddinxo‘ja tashabbusi ostida 1894 yili 1500 so‘m mablag‘ jamlanib mahalliy aholi uchun “Dor ul-ojizin” ta’sis qilindi. Oradan ikki yil o‘tib, 1896 yili Farg‘ona viloyati O‘sh shahrida mahalliy musulmonlar birinchi “Dor ul-ojizin” tashkil qildilar. Ushbu “Dor ul-ojizin”ning moliyaviy tarafini shahar savdogarlari o‘z zimmalariga olishgan. Yuqoridagi ma’lumotlar Turkiston general-gubernatorligida mahalliy xalq tarafidan tashkil etilgan zamonaviy xayriya muassasalari to‘g‘risidagi ilk gazeta xabarlaridan olishgan Bu “Dor ul-ojizin”larning asosiy vazifasi shahar aholisidan yordamga muhtoj qatlamini issiq ovqat va boshpana bilan ta’minlash bo‘lgan edi. 1897 yili Buxoro amiri Abdulahadxon Buxoro shahrida kam ta’minlangan va nogironlarga mo‘ljallangan “Dor ul-ojizin” ta’sis qildi. Ushbu xayriya muassasasida beriladigan ikki mahal issiq ovqat amir hisobidan amalga oshirilgan. Ayni shu vaqtdan e’tiboran Turkistonda mahalliy xalqlarning zamonaviy musulmon xayriya tizimida yangi davr boshlandi.

Turkistonda keng qamrovli zamonaviy xayriya jamiyati ta’sis qilish masalasi birinchi bor 1906 yili “Taraqqiy” gazetasida kun tartibiga qo‘yildi. Ana shunday keng qamrovli musulmon xayriya jamiyati oradan 3 yil o‘tib, 1909 yili 15 iyul, ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 10 avgustda Toshkentda “Jamiyati Imdodiya” nomi ostida ta’sis qilindi. Ushbu muassasa ta’sischilari boshida Toshkent jadidlarining yetakchisi Munavvarqori Abdurashidxonov turdi. “Jamiyati Imdodiya”ning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lgan:

– mahalliy xalqning barcha qatlamlari ta’lim olishlari uchun turli yo‘nalishdagi maktablar tashkil etish;

– yo‘qsil bolalar va yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish;

– turli boshpanalar tashkil etish;

– musulmon talabalariga moddiy yordam ko‘rsatish va hokazo.

Albatta, har qanday xayriya ishini amalga oshirish uchun mablag‘, dastak lozim. Shu ma’noda Behbudiy matbuot sahifalarida e’lon qilgan o‘nlab maqolalarida savdo va ishlab chiqarish vakillarini boshlangan xayriya ishlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga da’vat eta boshladi. U shunday maqolalaridan birida “turli davrlarda taraqqiyot va islohotlarni sarmoya va uning vakillari dastaklab kelgan. Millatga dalda berish, maktablar islohi, yoshlarimizni Yevropa oliy o‘quv yurtlariga kirishlariga tayyorlash, umummilliy ishlarni amalga oshirish uchun bizga “Xayriya jamiyatlari”, kutubxonalar, jamg‘armalar, turli to‘garaklar, gazetalar, jurnallar, nashriyotlar va hokazolar kerak. Millatning taraqqiyoti mana shu yo‘l bilan amalga oshiriladi va bu ishlar uchun mablag‘ zarur. Mablag‘ esa bizning boylarimiz qo‘lida”, – deb yozdi va ularni millatni “uyg‘otish”ga qaratilgan ushbu xayrli ishlarni dastaklashga chaqirdi.

“Jamiyati Imdodiya”ning faoliyati juda og‘ir kechdi. Jamiyat daromadining asosini a’zolik badali tashkil qilgani uchun ham u ta’sis etilganidan boshlab bir yarim yil davomida yangi a’zolar jalb qilish va keyingi faoliyatini yurgizish uchun mablag‘ yig‘ishdan boshqa hech qanday faoliyat olib bormadi. Turkistonlik jadidlar Ichki Rossiya musulmonlari amalga oshirgandek sadaqa va zakotni xayriya jamiyati foydasiga jalb qilishga muvaffaq bo‘la olmadilar. Buning chuqur ijtimoiy muammolari bor edi. Shaharning katta boy va savdogarlari jamoat ishlariga bosh qo‘shmadilar va bunday xayriya ishlariga mablag‘ sarf qilishdan o‘zlarini tortdilar.

Behbudiy Turkiston ziyoli qatlamining bu tariqa ish tutganini “har kim o‘z foydasi va shaxsiy ishi bilan band. Bizda umummilliy yoki diniy va milliy ishlar foydasiga harakat qiladigan odamlar yo‘q. Bizda, boshqa millatlarda bo‘lganidek, millatning taraqqiyoti uchun jon kuydiradigan kishilar yo‘q”, deb tushuntirishga harakat qildi.

“Oyina” jurnalida chop etilgan bir maqolada Turkiston musulmonlari shartli ravishda uch guruhga taqsim qilingan edi:

– badavlat insonlar: yer egalari, savdogarlar, ishlab chiqaruvchilar;

– turli kontora yoki alohida odamlar qo‘lida xizmat qilayotgan o‘qimishlilar;

– “millat” haqida umuman tasavvurga ega bo‘lmagan oddiy xalq. Bu tasnif muallifining fikricha, agar mana shu guruh vakillari birlashsa va tillari va dillari bilan moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatsa, millat manfaati va ravnaqi uchun istalgan ishni amalga oshirish mumkin.

Turkistonda milliy g‘oyani xalq ongiga singdirish va uni keng targ‘ib qilish ishidagi oqsashiga eng katta to‘siq milliy matbuotning yo‘qligi edi. Ichki Rossiya musulmonlari sof siyosiy ishlar bilan shug‘ullangan vaqtlarda Turkiston jadidlari va ziyolilari yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish uchun turli jamiyatlar tuzish targ‘ibotini davom ettirayotgan yoki ayrim joylarda endi boshlayotgan edilar. Jadidshunos olim Begali Qosimovning fikriga ko‘ra, Turkiston jadidlarining gazeta, xayriya jamiyatlari ta’sis etish, yangi usul maktablarini yoyish, teatr ishlari va boshqa barcha harakatlari bir milliy g‘oya uchun xizmat qildi. Uning ta’kidlashicha, har bir g‘oyaning milliy g‘oyaga aylanishi uchun ikki talabga javob berishi kerak:

– g‘oya millatning haqiqiy ehtiyojidan, turmush tarzidan, asriy an’analaridan va albatta, imkoniyatlaridan kelib chiqishi kerak;

– ushbu g‘oya millat tomonidan anglab yetilishi, boshqa so‘z bilan aytganda, milliylashtirilishi kerak. Ya’ni, g‘oya millatning har bir vakili yuragiga yetib borishi kerak.

Behbudiy “A’molimiz yoinki murodimiz” sarlavhali maqolasida turkistonliklarning turli tadbir, to‘ylaridan tortib milliy o‘yinlarigacha bo‘lgan har kunlik turmush tarzini tahlil qilar ekan, xalqni ko‘zini ochib yon-tevaragidagi millatlar ishlariga va qanday yashayotganlariga qarashga chaqiradi. U xalqni isrofli tadbirlardan voz kechib, ularga sarf qilinadigan mablag‘ni iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga milliy kadrlar tayyorlash maqsadida davlat ta’lim muassasalarida bolalarni o‘qishi uchun yo‘naltirishga da’vat etadi. Behbudiy bu harakatlarini umummilliy ishlar, oliy maqsadlar, xohishlar va intilishlar deb ataydi.

Badiiy adabiyot, xususan she’riyat milliy g‘oya targ‘ibotida juda katta rol o‘ynadi. Jadid shoirlari birinchi navbatda yangi ilm, fanni ulug‘ladi va xalqni ushbu ilm va fanlarni o‘rganishga targ‘ib qildi. Ular zamonaviy ilm va fanga taraqqiyotga erishishning birdan-bir yagona yo‘li deb qaradilar. Samarqandlik shoir Siddiqiy-Ajziy she’rlaridan birida turkistonliklarni “bir g‘oya atrofida jipslashib, bir yo‘ldan bormoqni” va bir “oliy maqsad”ga intilib, u uchun “kurashishga” chaqirdi.

Turkistonlik jadidlar  eng avvalda musulmonlarga siyosiy huquqlar berilish tarafdorlari tomonida turmadilar. Sabab, savodsiz, zamonaviy ilm, ma’rifatdan bexabar xalqqa siyosiy huquq berilishi hech bir muammoning hal qilinishiga olib kelmasligini juda yaxshi tushunar edilar. O‘sha davrda zamon tili bo‘lgan rus tili va rus qonunlarini bilmaslik, va eng asosiysi – musulmonlarning zamonaviy bilimlardan xabarsizligi qo‘lga kiritilgan barcha siyosiy huquqlarni yo‘qqa chiqarishi aniq edi va “birgina rus ma’muri qirq o‘qimishli musulmonni jilovida ushlab yurishda davom etaveradi”. Shuning uchun ham Turkiston jadidlari milliy g‘oyani targ‘ib qilishdagi asosiy faoliyatlari xalq orasida zamonaviy ilm, ma’rifatning targ‘ibotiga qaratdi.

Buxoro jadidlarining mafkuraviy yetakchisi hisoblangan Abdurauf Fitrat “Qur’on” sarlavhali maqolasida millat taraqqiyoti xususida fikr yuritar ekan, o‘z fikrlarini ilm o‘rganishni ulug‘lovchi Qur’on oyatlari orqali tushuntirishga harakat qiladi. Fitrat Qur’onni istalgan millatni saodatli va kuchli qilishga qodir bo‘lgan ijtimoiy qonunga qiyoslaydi. Bundan tashqari, u musulmonlarning o‘sha vaqtdagi ahvolini Islom diniga qadar bo‘lgan arablarning “johiliyat davri”ga o‘xshatadi. Fitrat Qur’onda barcha musulmonlar saodat va tarqqiyotga erishish uchun harakat qilishlari kerakligiga chaqiriq ko‘radi. Maqolasining so‘ngida Fitrat turkistonliklarga savol bilan murojaat qiladi: “Ajabo, biz o‘zimizni inson deb atab, haqiqiy inson kabi harakat qilishni xotirga keltirmaymizmi? Nahotki, biz qiyomatgacha o‘zimizning johilligimizni tushuna olmasak va sabablarini qidirishga hamda ularni hal qilish choralarini topishga qodir bo‘lmasak?”.

Fitrat yana bir boshqa maqolasida “Biz qanday qilib taraqqiyotga erishamiz?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Maqola davomida u Turkiston musulmonlari taraqqiyot yo‘lini qanday topish ustida bosh qotirmasa ham bo‘ladi, bizgacha boshqa taraqqiy etgan millatlar barcha yo‘llarni ochib qo‘yganlar, biz faqat ularni o‘z ma’naviyatimiz, e’tiqodimiz va o‘zligimizdan kelib chiqqan holda o‘zlashtirishimiz kerak, degan g‘oyani ilgari surdi. Va eng asosiysi, Fitrat g‘arbning zamonaviy ilm-ma’rifatini o‘zlashtirishga bo‘lgan bu harakatning musulmon e’tiqodiga umuman daxli yo‘q ekanligini tushuntirishga harakat qildi.

Turkistonga Millat va Vatan nima ekanligini aniq tasavvur qila oladigan, o‘z xalqiga, yurtiga sodiq o‘qimishli va ziyoli yosh avlod kerak edi. “Sadoyi Turkiston” gazetasi yozganidek, bu yosh avlod o‘zining xizmati, harakati, yordami va sodiqligi bilan haqiqiy ziyoli ekanligini ko‘rsatishi kerak edi.

Turkiston jadidlari milliy g‘oyaning samarali targ‘iboti uchun 1914 yildan boshlab turli nashriyot, shirkat va kutubxonalar tashkil qila boshladilar. Bunday muassasalarning asosiy maqsadi milliy g‘oya targ‘iboti va siyosiy irodaning mustahkamlanishiga xizmat qiladigan gazeta, jurnal va kitoblarni nashr qilish va aholining orasida tarqatishdan iborat edi. Bunda asosiy e’tibor o‘rta avlod musulmonlar auditoriyasiga qaratildi. Ana shunday tashkil etilgan muassalar qatoriga Qo‘qondagi “G‘ayrat” kutubxonasini, Toshkentdagi “Nashriyot” shirkatini, Buxorodagi “Ma’rifat” kutubxonasi va “Barakat” kooperativini misol qilish mumkin.

Turkiston jadidlari millatni jisplashtiruvchi, yagona yo‘lga boshlovchi milliy g‘oyani Ichki Rossiya musulmonlaridan olgan bo‘lsalar-da, mahalliy voqelikka moslagan holda qayta shakllantirdilar va keng targ‘ib qildilar. Turkiston jadidlari boshlang‘ich pallada ta’lim, zamonaviy bilimlar targ‘ibi hamda mahalliy aholining turmush sharoitini o‘zgartirishga qaratilgan dastur asosida ish olib bordi. Aynan mana shu masalalar jadidlarning milliy g‘oyasi asosini tashkil etdi.

Jadidlarning g‘oya va maqsadlari, ular targ‘ib qilgan fikrlar bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganligi yuqorida aytilgan fikrlardan ham ko‘rinib turibdi. Elga sodiq, Vatanga muhabbatli, ilm-fanga rag‘batli, dunyoqarashi keng, zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan yosh avlodni tarbiyalash jadid ma’rifatparvarlarning ham eng yuksak maqsadlari edi. Ularning faoliyati, ijodi va hayot yo‘li bilan xalqimizni, ayniqsa yoshlarimizni keng oshno qilish, jadidlar ta’biri bilan aytganda, “millat ustuni” bo‘lgan ziyolilarga katta mas’uliyat yuklaydi. Bunday ishlarni kechiktirish esa ayanchli, hatto halokatli ahvolga olib kelishini yaqin o‘tmishdagi tariximiz isbotlab turibdi.

 

Zaynobiddin ABDURAShIDOV,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent  davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori, professor.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: