Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyun 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 1 2 3 4 5
04.02.2020

O‘ZBEKISTON XDP: USTUVOR VAZIFALAR

Odamlarning fikri, hayotga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish islohotini o‘zimizdan, ishga bo‘lgan mas’uliyatga aylantirishdan boshlanadi

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishi videomuloqot tarzida tashkil etildi. Partiyaning joylardagi tashkilotlari faollari, mahalliy Kengashlardagi 500 nafarga yaqin deputat hududiy studiyalar orqali ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar yana bir bor o‘rganildi, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldidagi vazifalar aniqlashtirildi, muhokama etildi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov kirish so‘zi bilan ochar ekan:

— Prezident Mrojaatnomasida juda ham muhim va dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tildi. Ularning barchasi bevosita xalq manfaati, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan o‘ta ahamiyatlidir, — dedi u. — Xususan, yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlashish dolzarb masala sifatida belgilandi. Bu g‘oyani hayotga samarali joriy etish fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat tashkilotlar, ayniqsa, siyosiy partiyalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashini hammamiz chuqur tushunib olishimiz zarur.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, oldimizda uzoq va mashaqqatli yo‘l turibdi. Jipslashib, tinimsiz o‘qib-o‘rgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oldinga dadil intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz o‘zgaradi, degan da’vat hammamizga birdek tegishlidir.

Murojaatda aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bosh vazifalardan biri bo‘lib qolishi alohida qayd etildi. Bu borada juda aniq va muhim vazifalar belgilandi. Ularning aksariyati partiyamiz deputatlik birlashmalari bir necha yillardan beri ko‘tarib kelgan, lekin yechimini topishga qiynalgan masalalar ekani hammamizni jipslashtirishi, boshqa partiyalarga qaraganda ikki barobar mas’uliyatimizni oshirishi zarur.

Kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand aholi sonini kamaytirish, ularni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish partiyamiz maqsadlarining asosidir. O‘zimizga savol beraylik: bugun kam daromadli inson kim? U nega murakkab vaziyatga tushib qolgan? Albatta, bu savollarga turli nuqtai nazardan turib turlicha javob berish mumkin. Lekin kam daromadli inson deganda birinchi navbatda, o‘ylashimizcha, o‘z vaqtida yaxshi ilm ololmagan, kerakli hunar o‘rganolmagan, bir so‘z bilan aytganda, tezkor zamonga vaqtida moslasholmayotgan, o‘z yo‘lini topishga qiynalayotgan odamlar ko‘z oldimizga keladi. Bunday insonlarning avvalo fikri, hayotga munosabati o‘zgarishi kerak. Prezidentimiz bu masalada juda muhim g‘oyani ilgari surdi: davlat va jamiyat kam ta’minlangan odamlarga yordam berishi, ularni ishga, hunarga, kerak bo‘lsa, tadbirkorlikka o‘rgatishi, buning uchun sharoit yaratishi zarur.

Xalq demokratik partiyasi bu muhim g‘oyaga o‘z dasturiy maqsadlariga erishish yo‘lidagi ustuvor vazifa, deb qaraydi. Partiyamiz tizimida ehtiyojmand oilalarga o‘z ishini yo‘lga qo‘yishga yordam berish bo‘yicha bir nechta loyihalar amalga oshirib kelingan, ularning muayyan amaliy natijalari ham bo‘lgan. Ammo biz bu yo‘nalishdagi ishlarimiz va loyihalarimizni bugungi yuksak talablardan kelib chiqib, qaytadan rejalashtirishimiz kerak, — dedi o‘z ma’ruzasida U.Inoyatov.

Birinchi. Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasini chuqur o‘rganib chiqish, undagi taklif va tashabbuslarning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng tushuntirish.

Ikkinchi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari hamda mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida xalq bilan muloqot tizimini izchil yo‘lga qo‘yish. Xususan, mahalliy Kengash deputatlari orqali muammolarni aniqlash va ularni tizimlashtirish lozim. Har bir deputat o‘z hududidagi aholi muammolarini hal etish maqsadida Xalq qabulxonalari bilan doimiy ishlashini tashkil etish kerak. Fraksiya a’zolari saylovchilar bilan belgilangan muddatlarda uchrashuvlar tashkil etish va saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni Parlamentga kiritish muhimdir.

Uchinchi. Murojaatnomada ko‘rsatilgan muhim ijtimoiy vazifalar ijrosi bo‘yicha Parlamentda tashkil etiladigan hukumat soatiga masalalar tayyorlab borish.

To‘rtinchi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha hukumat hamda mahalliy hokimliklar tomonidan ishlab chiqilishi rejalashtirilgan hujjatlarga partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib takliflar tayyorlash.

Beshinchi. Byudjet mablag‘larining maqsadli hamda manzilli sarflanishi ustidan parlament va deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish.

Oltinchi. Litsenziyalanadigan va ruxsatnomalar beriladigan faoliyat turlarini qisqartirish, tartib-taomillarini yanada soddalashtirish bo‘yicha elektorat manfaatlaridan kelib chiqib, takliflar tayyorlash. Ayniqsa, o‘zini o‘zi band qilib, daromad topayotgan yurtdoshlarimizga qulay qonuniy sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Yettinchi. Bandlikni ta’minlash maqsadida xorijdan qaytgan migrantlarni qo‘llab-quvvatlash uchun ularga tekin ijara asosida ekin yerlarini ajratish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. Shuningdek, ularga qiziqishi va xorijda orttirgan tajribasi asosida o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Sakkizinchi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni jadallashtirish va bunda davlat buyurtmasini bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritish. Qishloq xo‘jaligi sohasini boshqarish tizimini isloh qilish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasida hukumatning dasturlariga fraksiya hamda mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari tomonidan takliflar tayyorlash va Hukumatga kiritish.

To‘qqizinchi. Mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va mas’uliyatini qayta ko‘rib chiqish. Dasturiy maqsadlarimizdan kelib chiqib, partiya fraksiyasi bilan birgalikda mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. Bunda hokimning ayni vaqtda xalq deputatlari Kengashiga hisobdorligiga alohida e’tibor qaratish.

Viloyat va tuman hokimlari o‘z dasturlari va ularning ijrosi to‘g‘risida viloyat kengashlarida hisobot berish mexanizimini takomillashtirish. Mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash so‘rovi institutini joriy etish borasida takliflar berish.

O‘ninchi. Sud hokimiyatining mustaqilligi va shaffofligini oshirish yuzasidan hududlarda sudlar faoliyatiga oid muammolarni o‘rganish va tizimlashtirish. Aniqlangan masalalarni tegishli mutasaddi tashkilotlarga va Parlamentdagi partiya fraksiyasiga taqdim etib borish.

O‘n birinchi. Aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlar va oilalarning daromadini oshirish bo‘yicha takliflar berib borish. Jumladan, Hukumat tomonidan ishlab chiqilayotgan, 2020 yil uchun bandlikka ko‘maklashishning davlat dasturiga, shuningdek, Parlamentda tashqi mehnat migratsiya agentligini eshitish, ishchi kuchiga muhtoj bo‘lgan xorijiy davlatlarni o‘rganganligi va ular bilan hamkorlik holatini bilish, sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash kerak.

O‘n ikkinchi. Xalqimizning hayot darajasini yuksaltirish uchun mehnatga munosib haq to‘lash tizimini shakllantirish va aholi real daromadlarini oshirish bo‘yicha «Yashash minimumi» hamda «Minimal davlat ijtimoiy standartlari» to‘g‘risidagi qonun loyihalarini ishlab chiqishda tashabbuskor bo‘lish.

O‘n uchinchi. Pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish, tizimni isloh qilish yuzasidan takliflar berish.

O‘n to‘rtinchi. Ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish masalalarini mutaxassislar yordamida chuqur o‘rganish.

O‘n beshinchi. «Mehribonlik uylari»da tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, xususan, ularni ish bilan, uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilayotgan dasturlarga takliflar berish uchun respublika bo‘yicha vaziyatni o‘rganish.

Ana shu yo‘nalishlarning elektoratimiz uchun eng muhimlari bo‘yicha har tomonlama pishiq va puxta takliflar ishlab chiqish maqsadida deputatlar, partiya faollari va mutaxassislardan iborat ishchi guruhlari tuzilishi lozim. Shunda Murojaatnoma asosida yo‘lga qo‘yayotgan ishlarimizda aniq natija va samara bo‘ladi.

Shuningdek, Murojaatnoma asosida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar va dolzarb ijtimoiy masalalar bo‘yicha partiya takliflarini partiya sayti, ­ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda faol hamda ta’sirchan tarzda yoritib borish kerak bo‘ladi, dedi partiya rahbari.

Yig‘ilishda deputatlar, partiya guruhlari faoliyatini kuchaytirish, ularning aniq takliflar ishlab chiqishiga erishish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Fraksiya a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari yetakchilari kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Xalilla YeShIMBETOV,

O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisi:

— Prezidentimizning Parlamentga Murojaatnomasini butun xalqimiz, xususan qoraqalpog‘istonliklar katta qiziqish bilan tingladi. Davlatimiz rahbarining parlamentga murojaatida jamiyatimiz rivoji, xalqimiz farovonligi, yosh avlodning kamol topishiga va barcha muhim yo‘nalish hamda sohalarga oid vazifalar ilgari surildi.

E’tirof etish kerakki, keyingi uch yil ichida davlat xalqqa yaqinlashdi, xalq uchun ishlay boshladi. Bu boradagi ijtimoiy masalalarda mavjud muammolarning bosqichma-bosqich bartaraf etilayotgani O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining maqsad va vazifalariga ham to‘la mos keladi.

Agar e’tibor beradigan bo‘lsak, davlatimiz rahbarining har bir chiqishida ijtimoiy masalalarga alohida e’tibor berib, aholini yillar davomida qiynab kelayotgan, bir so‘z bilan aytganda hayotiy masalalarga yechim ko‘rsatib berildi. Bugungi kunda islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad ham xalq hayotini yaxshilash, fuqarolarning emin-erkin yashashi, rivojlanishi, bunyodkorlik hamda tadbirkorlik ishlari bilan faol shug‘ullanishi, turmush mazmunining boyishiga erishishdan iboratdir.

Ochig‘ini aytganda, jamiyatimizda ijtimoiy adolatni ta’minlagan holda aholini, xususan, yoshlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berish, ya’ni ta’lim grantlarining sonini ikki barovarga oshirish, qizlarimiz uchun qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etish, pedagogika sohasi bo‘yicha bakalavr darajasini olish uchun muhim bo‘lgan ba’zi bir yo‘nalishlarining o‘qish davrini uch yil qilib belgilash, umuman olganda maktabgacha ta’lim va umumiy o‘rta ta’lim sohasida tub islohotlar qilinishi nazarda tutilgan tashabbuslar ilgari surildi.

Misol uchun, «O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz», deb alohida urug‘u berildi. 2020 yilda Qoraqalpoq yoshlari uchun katta yangilik Nukusda IT park qurilishini aytib o‘tdi. Bu orqali bizning ham farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni tezda egallab, o‘zlarining jamiyatda o‘rinlarini egallashlariga juda katta imkoniyat bo‘ladi.

Umuman olganda, Murojaatnomada bugunimiz va kelajagimiz uchun muhim bo‘lgan masalalarga oid qilinishi lozim bo‘lgan ishlar aniq-ravshan ko‘rsatib berildi. Ularni tinglab shaxsan menda deputat sifatida bor kuchim, bilimim va imkoniyatlarimni ishga solib, tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish borasida tinimsiz ishlashim kerak, degan qat’iy fikr paydo bo‘ldi.

Olim RAVShANOV,

O‘zbekiston XDP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi:

— Aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy himoya qilish maqsadida ularga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam pullari to‘lab kelinmoqda. Lekin bu ularning hayot kechirishlari uchun yetarli emas. Joylarga chiqib aholi muammolarini o‘rganganimizda, sayyor qabullar jarayonida hamda Jamoatchilik qabulxonalariga bo‘layotgan murojaatlardan ham ko‘rayapmizki, kam ta’minlangan aholi vakillari olayotgan ijtimoiy nafaqalar yoki moddiy yordam pullari ularning oddiy kundalik ehtiyojlariga ham yetmayapti.

Murojaatnomada davlatimiz rahbari bu masalaning muqobil yechimlarini ilgari surdi. Ya’ni aholining kam ta’minlangan qatlamini tadbirkorlikka o‘rgatish, ular uchun munosib ish o‘rinlari yaratish orqali kambag‘allikni kamaytirish vazifalari belgilab berildi.

Partiyamiz ham bu boradagi ishlarni izchil davom ettirgan holda, kam ta’minlangan aholi vakillarini oilaviy tadbirkorlikka keng jalb qilish, ular uchun yangi ish o‘rinlarini tashkil etish ustidan samarali jamoatchilik nazoratini olib borishni oldimizda turgan ustuvor vazifa, deb bilaman.

Bundan tashqari, Murojaatnomada ijtimoiy nafaqalarni to‘lashning mukammal tizimini joriy etish, nafaqa tayinlashdagi mezonlarni qayta ko‘rib chiqish va ularni belgilashda ochiq va adolatli tizim yaratish bo‘yicha takliflar ilgari surildi. Joriy yilda keksalar, jumladan, yolg‘iz keksalar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaxlit va ta’sirchan tizim yaratish zarurligi, bu toifa uchun ajratilayotgan ijtimoiy to‘lovlar miqdori ham qayta ko‘rib chiqilishi kerakligi ta’kidlandi. Biz ushbu toifa insonlar manfaatlarini himoya qilishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan siyosiy kuch sifatida, bu borada o‘zimizning aniq takliflarimizni ilgari surishimiz kerak.

Rustam KALANOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi:

— Murojaatnoma ham hajman, ham mazmunan juda keng qamrovli bo‘lish bilan birga uning mazmun-mohiyatida xalq manfaati, xalqqa xizmat qilish, xalqni e’zozlash kabi ezgu tamoyil mujassam. Xususan, mamlakatimiz hayotiga doir qarorlar xalqimiz bilan bevosita muloqot, odamlarning xohish-istaklari asosida qabul qilinishi shartligi, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishiga e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. Shu jihatdan Murojaatnoma faqat parlamentga emas, butun xalqimizga tegishli, deb bilaman.

Bugungi kunda, partiya tizimida faoliyat yuritayotgan jamoatchilik qabulxonalariga uy-joy masalalari bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Muammoning asosli yechimi uy-joy ­qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilishdir. Ushbu amaliyot aholining uy-joyga bo‘lgan talabini to‘liq ta’minlashga hissa qo‘shadi.

O‘tgan yili kam ta’minlangan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj 5 mingta oilaga, jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollarga ipoteka krediti asosida arzon uy-joy sotib olish uchun 116 milliard so‘mdan ziyod boshlang‘ich badal to‘lab berildi. Joriy yilda ham mana shunday jadal olib borilayotgan islohotlarda og‘ishmay harakat qilinishi alohida ta’kidlandi. Viloyatlardagi shaharlar hamda Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingga yaqin uy-joy xususiy sektor tomonidan qurilishi ma’lum qilindi. Banklar o‘rtasida sog‘lom raqobatni ta’minlash maqsadida ularga qariyb 4 trillion so‘m mablag‘ auksion orqali ajratilishi aytildi.

Kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olish uchun boshlang‘ich badal va kredit foizi qoplashga davlat byudjetidan 1 trillion so‘m subsidiya ajratiladi. Bu shunchaki raqamlar emas. Bu raqamlar kimlargadir baxt, xotirjamlik beradi. Kelajagini ishonch bilan qurishga olib keladi.

Biz bu jarayonda bevosita ishtirokchi bo‘lishimiz, har bir so‘m manzilli ishlatilishini, uylar haqiqiy egalarini topishida jamoatchilik hamda deputatlik nazoratini o‘rnatishimiz zarur.

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Murojaatnomada siyosiy partiyalar faoliyatiga alohida e’tibor qaratilib, baho berilgani va partiya a’zolari safini oshirish borasidagi ko‘rsatmalar ham faoliyatimizni tubdan o‘zgartirish va yanada takomillashtirishni talab etadi. Murojaatnoma shu yurt kelajagi, farzandlari kamoliga befarq bo‘lmagan har bir fuqaroni amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni shunchaki kuzatuvchisi bo‘lmay, islohotlarda xalqparvar tashabbus va g‘oyalar bilan faol ishtirok etishga da’vat qildi.

Partiyamiz Saylovoldi dasturida aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, farovonligini oshirish vazifalari ustuvor etib belgilangan. Murojaatnomada mazkur yo‘nalishda qamrovi keng, mohiyatan yuksak ishlar amalga oshirilishi belgilangan. Bu esa Xalq demokratik partiyasi, uning barcha darajadagi 1600 nafarga yaqin deputatlari oldida katta vazifalar turganini bildiradi.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan Murojaatnomada xalqimizga munosib hayot barpo etish yo‘lida ezgu tashabbuslar belgilangan. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yangi pog‘onaga olib chiqish, xalqimizni bugun o‘ylantirib turgan muammolarni hal etish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surildi. Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnomada belgilangan vazifalar xalqimizning turmush darajasini butunlay yangi pog‘onaga ko‘tarishga mustahkam asos bo‘ladi. Endi faol va mas’uliyatli bo‘lib, ularni ro‘yobga chiqarish, hayotimizga samarali joriy etish haqida qayg‘urib ishlashimiz zarur.

Hayotxon ORTIQBOYeVA,

Oliy Majlis Senati a’zosi:

— Aytish kerakki, saylovchilar bilan bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlar, muloqotlar va suhbatlarda o‘z oldimizga qo‘ygan barcha vazifalar Murojaatnomada o‘z aksini topgan. Bu muammolar, hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar yurtdoshlarimizni tashvishlantirayotgan, ularni davlat idoralariga, rahbarlarning huzuriga qayta-qayta qatnashga, murojaat qilishga majbur qilayotgan masalalardir. Oldimizda turgan muhim vazifalarni uddalash muammolarni hal qilish, jamoatchilikdan, uning ayrilmas bir bo‘lagi — partiyaning har bir a’zosidan ulkan safarbarlik, fidoiylik, tashabbuskorlik va yakdillikni talab etishini yurakdan his qilib turibmiz.

Bir haqiqatni hech qachon unutmaylik, biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz. Biz hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli buyuk xalqmiz, boshqacha qilib aytganda, ­tariximizning yangi sahifasini yaratishga qodirmiz.

Bugun mahalliy Kengashlarda, Parlamentda xotin-qizlar safining o‘sgani bizni faxrlantiradi. Amalga oshirilayotgan islohotlarda opa-singillarimizning faol ishtirok etayotgani, ijtimoiy sohalarda, tadbirkorlikda, qishloq xo‘jaligida ularning katta kuchga aylangani, ayniqsa quvonarlidir.

2020 yil xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish, oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari yangi bosqichga ko‘tariladi. Bu yil 5,5 ming nafar tadbirkor xotin-qizlarning kichik biznes yo‘nalishidagi loyihalari uchun 100 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shuningdek, 1576 nafar xotin-qizga yangi uy-joylarga ega bo‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badallar to‘lab beriladi. Joriy yilda viloyatimizda 1519 xotin-qizning 500 nafari doimiy ish bilan ta’minlanadi. 300 nafarga yaqin ayollarga imtiyozli kreditlar asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga ko‘mak beriladi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-­­singillarimiz uchun xotin-qizlar tadbirkorlik markazlarida 5 ta muhim tashabbus doirasida qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etiladi. Ushbu muhim tadbirlar natijasida mamlakatimiz bo‘ylab yuzlab opa-singillarimiz o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini boshlaydi, biznes rejalarini amalga oshiradi. Natijada yuzlab oilalarda uy bekalarining turmush sharoiti yaxshilanadi. Oilaning moddiy-iqtisodiy jihati mustahkamlanadi.

Topiboldi XOLDOROV,

«Nuroniy» jamg‘armasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi:

— Murojaatnoma tom ma’noda xalqni o‘zligiga qaytaruvchi, asl mohiyatimizni anglatuvchi hamda chinakam ma’noda ezgulikka yo‘naltirilgan nutq bo‘ldi.

Xalqimizni uzoq vaqtlardan beri qiynab kelayotgan masalalarga yechim beradigan, mamlakatni katta taraqqiyot yo‘liga olib chiqadigan islohotlarga, vijdonan, halollik bilan fidoyilarcha ishlashga da’vat etadigan ushbu Murojaatnoma har bir fuqaroning qalbiga mehr bilan kirib bordi. Eng muhimi, unda xalqimizning bugunidan rozi bo‘lishiga hamda mamlakatimizning har sohadagi istiqboli borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan barcha tashabbus va vazifalar o‘z ifodasini topdi.

Murojaatnoma turli soha vakillari faoliyatiga oid xulosalarni o‘z ichiga oldi. Ikki kasb vakillari esa, alohida tilga olindi. Bular – pedagoglar va shifokorlar. Ularning bilim va tajribasini boyitish, el-yurt orasida obro‘sini yuksaltirish, daromadlarini ko‘paytirish lozimligi uqtirildi.

Darhaqiqat, mamlakat ravnaqi, xalq salomatligi va farovonligini kafolatlash uchun ushbu ikki sohani isloh etish, kasb vakillari maqomini ko‘tarish muhim ahamiyatga ega. Bunga esa, qonunchilik yo‘li bilan o‘qituvchi maqomini oshirish, tibbiyot xodimlari himoyasini kuchaytirishga oid qonunlar orqali erishish mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash kerak, Murojaatnomada ilgari surilgan asosiy g‘oyalar O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovoldi platformasida nazarda tutilgan ustuvor vazifalariga to‘liq mos keladi. Bu esa o‘z navbatida partiya va uning deputatlar korpusi zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi. Demak, endilikda biz ish uslubimizni tubdan o‘zgartirib,  aniq amaliy ishlarga o‘tishimiz kerak.

Yig‘ilishda Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlari ro‘yobga chiqishiga xizmat qiladigan tashabbuslarni amalga oshirishda qat’iyat bilan faoliyat yuritish zarurligi ta’kidlandi.

Partiya faollari deputatlarning fikr-mulohazalari asosida Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir Xalq demokratik partiyasining chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. Ushbu dasturda partiya dasturiy maqsadlari bilan bog‘liq 30 dan ortiq vazifa belgilandi.

 

Zilola UBAYDULLAYeVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

Qodir BUMATOVA olgan suratlar.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: