Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Fevral 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 1
07.01.2020

TAShABBUS ODAMLARNI EZGU MAQSAD YO‘LIDA BIRLAShTIRADI

Qo‘shrabot tumanida bir yil davomida 48 ta qishloqda  keng ko‘lamli   bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bajarildi

Qo‘shrabotning asosiy hududi bepoyon dashtu dalalardan iborat.  Odamlarining asosiy mashg‘uloti – chorvachilik. Endilikda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadiganlar ham ko‘paymoqda. Ammo ishsizlar anchagina.  Keragicha ish o‘rinlarini yaratish esa oson emas. Qishloqlar tarqoq, tuman markazidan uzoqlarda joylashgan. Tog‘li hududlarida so‘lim maskanlar ko‘p. Bilamizki,   faqat tabiat go‘zalligi bilan farovon hayotga poydevor qo‘yib bo‘lmaydi. Yillar mobaynida bu yerning zilol suvli buloqlari, tog‘larining sof havosiga  ta’rifu tasniflar keltirildi-yu, ammo aholi muammolari e’tibordan chetda qolib keldi.

OQTOV VA QORATOVNING BUGUNGI QIShLOQLARI

Qo‘shrabotning eng chekka hududlaridan biri – Jo‘sh qishlog‘ida necha avlod vakillari yashab o‘tdi. Ammo ularning birortasi  aholining  farovon yashashi, qishloqning  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi  uchun arzigulik e’tibor qilinganini yoki g‘amxo‘rlik ko‘rsatilganini yurtning og‘alari ham eslay olmaydi, odamlar shu paytgacha bor holicha yashashga majbur bo‘ldi. Ammo qanchalik qiynalishmasin, mahalliy aholi ota-bobolaridan qolgan makonni tashlab, shart-sharoitlari durustroq joylarni orzu qilmagan. Ular “Vatan ostonadan boshlanadi” naqlini yodda tutgan holda ona qishloqlarini yillar mobaynida o‘z kuchlari bilan obod etish, yashash sharoitlarini yaxshilash yo‘lida kurashdilar.

 Qarovsiz yo‘llardan mashina tugul, piyoda ham yurolmasdi. Ozgina yog‘ingarchilik bo‘ldimi,   har qadamda  loyga botgan texnikalar, ot-aravalarga ko‘z tushardi. Ularga ko‘makka otlanadigan odamlar esa tizza bo‘yi balchiq kechishga majbur edilar. Ayniqsa, qishning qahratoni jo‘shliklar uchun azob edi. Yozda esa ular chang-to‘zonda hayot kechirishardi.  Gaz, elektr va boshqa  xizmat ko‘rsatish sohalaridagi muammolarni qo‘ya turaylik, aholi  oddiy ichimlik suviga tashna edi. Qishloqda kasal bo‘lib qolgan kishi tuman yoki viloyat markaziga  borishga majbur bo‘lardi.

Tuman  markazi  — Qo‘shrabot shaharchasidan Jo‘sh  qishlog‘i tomon yo‘l olganimizda qor uchqunlab turardi. Ammo bu holatning mashina harakatiga deyarli ta’siri yo‘q edi. Haydovchi yigit gapga chechanroq, voqea-hodisalarga anchagina e’tiborli ekan. Bizni yo‘lda aslo zeriktirmadi. “Obod qishloq”da nimalar qilinayotgani-yu, qishloqqa qaysi rahbarlar kelib-ketganigacha aytib berdi.

Men esa haydovchi so‘zlarini tinglash asnosida Oqtov va Qoratov o‘rtasida yastanib yotgan tekisliklaru qishloqlarni kuzataman.  Yo‘l-yo‘lakay qo‘limdagi tuman hokimligi tomonidan berilgan ma’lumotnoma bilan tanishaman:

Jo‘sh qishlog‘i va unga  tutash bo‘lgan hududlardagi mavjud xonadonlarda istiqomat qiluvchi aholi to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Hududdagi 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 3396 ta xonadon, ijtimiy soha va boshqa obyektlar, ulardagi barcha ta’mirtalab turar va noturar joy imoratlari to‘siq, devor va panjaralar bilan o‘raldi. “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha hududdagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, qurilish-ta’mirlash ishlarini samarali tashkil etish maqsadida tuman tashkilotlari rahbar va xodimlaridan iborat mas’ul ishchi guruhlar tuzildi.

Dastur doirasidagi yumushlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy qismi qurilish batalonining 150 nafar askari jalb qilindi. Ular ijtimoiy soha obyektlarini qurishda, kam ta’minlangan va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar xonadonlarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarida, ko‘chalarda tashkil etilgan obodonlashtirish yumushlarida faol ishtirok etishdi.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan jami 23950 nafar fuqaro ro‘yxatga olinib, shundan 14012 nafari, ya’ni 58,51 foizi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonida jami 3960 nafar fuqaroga turli kasallik tashxislari qo‘yilib, davolanishga tavsiya qilindi. Ulardan 2881 nafari ambulator sharoitda davolandi, 1079 nafar xastalikka duchor bo‘lgan kishiga muolaja olish uchun tuman, viloyat va respublika davolash muassasalariga yo‘llanmalar berildi.

Jo‘sh qishlog‘ini kesib o‘tgan soy ustiga qurilgan Nurota asosiy yo‘li bilan “Jo‘sh ota” MFY markazini bog‘lovchi  eni 6 metrli ko‘prik rekonstruksiya qilinib, yana 4 metrga kengaytirildi. Ushbu soy ustida “Jo‘sh ota” bilan “Oqmachit” MFYlarini bog‘lovchi piyodalar uchun mo‘ljallangan ko‘prik barpo etildi.

Tepalik qishlog‘ida maktabga borish yo‘lida bog‘lovchi ko‘prik qurildi. Katta hajmda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, yo‘l chetlariga 2800 dona g‘ujum, 910 dona  qarag‘ay, 1000 dona  archa, 700 dona shumtol, 450 dona alant, 105 dona yapon saforasi kabi jami 5965 tup manzarali daraxt ko‘chatlari  ekildi.

Gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 3396 ta xonadon o‘rganib chiqildi va ularning 942 tasi suyultirilgan gaz balonga ehtiyoji borligi aniqlandi.  Barcha  xonadonlar gaz bilan ta’minlandi. Shuningdek,  aholiga o‘z vaqtida gaz balonlarini yetkazib berish maqsadida bu yerda   gaz quyish shoxobchasini qurish lozim, deb topildi.

Hududda  elektr ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, iste’molchilar ko‘payishi hisobiga  quvvati pasayib ketgan  6 ta transformator o‘rniga quvvati balandroq transformator va yana 8 ta qo‘shimcha transformator o‘rnatildi.

“Qishloq qurilish invest” MChJ tomonidan Jo‘sh ota  massivida namunaviy loyihalar asosida ikki sotixli,  bir qavat, uch xonali 10 ta uy-joy qurildi. Bundan tashqari, hududda yana 75 ta imtiyozli kredit asosida arzon uy-joylar qurilmoqda.

Jo‘sh hududida ijtimoiy soha obe’ktlariga ham katta e’tibor qaratildi. Jumladan, investitsiya dasturi asosida tuman tibbiyot birlashmasi  Jo‘sh filialining bolalar va ichki kasalliklar bo‘limlari, tez yordam xizmati binosi yangidan qurildi, toza ichimlik suvi bilan doimiy ta’minlash maqsadida suv inshooti barpo etildi.

Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Chimmos qishlog‘ida mahalla fuqarolar yig‘ini markazi,  “Jo‘sh ota” MFY hududida 14-sonli ichki ishlar bo‘linmasi binolarini qurish, xalq baxshisi Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining uy-muzeyini rekonstruksiya qilish va Toz qishlog‘ida mahalla fuqarolar yig‘ini markazi binosini barpo etishga  4 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, “Chimmos” MFYda 50 qatnovga mo‘ljallangan QVP barpo etildi. To‘ra qishlog‘ida 75 o‘ringa mo‘ljallangan, Jo‘sh ota mahallasida 235 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalari qurildi.

Viloyat bozorlar uyushmasi tomonidan “Jo‘sh dehqon bozori” zamonaviy ko‘rinishga keltirilib,  bu yerda sotuvchi  hamda xaridor uchun qulay shart-sharoitlar  yaratildi. Bozor qurilishi uchun jami smeta xarajatlari 2 milliard so‘mni tashkil etib, ularning 500 million so‘mi bozorlar uyushmasi tomonidan, 250 million so‘mi homiylik mablag‘lari, qolgan 1 milliard 750 million so‘mi boshqa manbalar hisobidan amalga oshirildi.

“Obod qishloq” davlat dasturi bo‘yicha “Jo‘sh ota” MFY hududidagi masjidning qayta qurilishi hamda Jo‘sh istirohat bog‘ining barpo etilishiga homiylar katta hissa qo‘shishdi. 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inining qishloq va guzarlarida sun’iy qoplamali stadion qurish uchun 5 nafar tashabbuskor tadbirkor aniqlanib, banklar tomonidan imtiyozli kreditlar ajratildi va yana 5 ta shunday stadion barpo etish rejalashtirilgan. Tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, savdo shoxobchalari, davlat sherikchiligi asosida maktabgacha ta’lim muassasalari, nuroniylar choyxonalari, tikuv sexlari, bolalar maydonchalari qurish rejalari tuzilmoqda.

Jo‘shga yetib kelganimizda qor  ancha kuchaygan, uning qalinligi etik botadigan  darajada bo‘lib qolgandi.  Hayal o‘tmay haqiqiy cho‘l bo‘roni boshlandi. Bo‘ri misol uvlayotgan shamol  qor parchalarini chirpirak qilib uchirar, chor-atrof butunlay oqlikka chulg‘anib, yeru ko‘kni ajratish ham mushkul bo‘lib qolgandi. Hatto,  viqorli tog‘ cho‘qqilari bilan bepoyon yaylovlar ham qo‘shilib ketgandek edi. 

Yangi qurilgan inshootlardan birining yonida bir guruh odamlar bilan suhbatlashayotgan tuman hokimi Himmat Oqbo‘tayev bilan uchrashib qoldik.

ODAMLAR  ROZI BO‘LSA, YaRATGAN HAM  BIZDAN ROZI BO‘LADI

– Bu hududlar tabiati o‘zgacha, – deydi tuman hokimi,  – lekin qish qori bilan go‘zal-da, qolaversa, dasht hududida yog‘ingarchilik qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ota-bobolarimiz aytganidek, qor qut-baraka, ertagi mo‘l-ko‘lchiligimiz manbai.  Qo‘shrabot xalqi yomg‘ir-qorni xush ko‘radi, yog‘ingarchilik bo‘lgan paytda kelgan mehmonni hurmat qiladi, qadami xosiyatli keldi,  deydi.

Hokim “Obod qishloq” dasturi asosida bajarilgan ishlar haqida so‘zlab berar ekan:

– Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda “Obod markaz” dasturlarining qabul qilinishi, uning joylardagi ijrosi mamlakatimizning ko‘pgina hududlaridagi aholi turmush tarzini o‘zgartirib yubordi. Tumanimizdagi haqiqiy ahvol ­Prezident Administratsiyasi vakillari, Bosh vazir va viloyatimiz hokimi ishtirokida o‘rganildi. Buning natijasida birgina  Jo‘sh qishlog‘i emas, balki 9 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi 48 ta qishloqda dasturlar asosida ijtimoiy ahvolni o‘zgartirish, keng ko‘lamdagi obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha reja-topshiriqlar belgilab olindi.

Mazkur chora-tadbirlarning ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimimiz Erkinjon Turdimov rahbarligida viloyat hamda tuman shtablari tuzildi. Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan qat’iy topshiriqlar berildi va shu asosda Jo‘shda keng ko‘lamli obodonchilik va qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Xususan, 130 kilometr masofadagi yurishga mutlaqo yaroqsiz yo‘lga tosh-shag‘al to‘kilib, yaxshilandi. 50 kilometrdan ortiq yo‘lga asfalt yotqizildi, 2 ta avtobekat qurildi.

 Hududdagi barcha aholi respublika hamda viloyatdan kelgan tajribali shifokorlar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek,  aholi xonadonlari zamonaviy talablarga mos ravishda o‘zgartirildi, 100 ga yaqin xonadon ta’mirlanib, bepul qurilish materiallari bilan ta’minlandi.

 Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat ­Mirziyoyev aytganidek: “Biz o‘z faoliyatimiz bilan eng avvalo, xalqimizni rozi qilishimiz kerak. Agar bizning faoliyatimizdan xalqimiz rozi bo‘lsa, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”.

Bugun Qo‘shrabotda rahbarlar, faollar obodonchilik, farovonlik yo‘lidagi sa’y-harakatlarini aynan ana shu ezgu maqsad  sari yo‘naltirishgan.

Jo‘sh va uning atrofidagi qishloqlardagi obodonchilik ishlari bilan tanishish jarayonida bu ishga munosib hissa qo‘shayotgan tuman tashkilotlari rahbarlari vakillari,  fuqarolar bilan suhbatlashdik.

 ASRLARGA TATIGULIK O‘ZGARIShLAR

 Shavkat Joniqulov, “Nuroniy”  jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi:

– Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi turmush farovonligini yaxshilash borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, uzoq qishloqlarda fuqarolar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga harakat qilinmoqda. Natijada odamlarimiz Prezidentimiz olib borayotgan bugungi siyosatdan qoniqish hosil qilayapti. Ular o‘zlariga ko‘rsatilayotgan xizmat turlarining sifatidan mamnun bo‘lishmoqda.

Tumanimizning eng chekka va eng ko‘p aholi yashaydigan hududlaridan biri – Jo‘shda keyingi bir yilda asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Bu yerda “Obod qishloq” dasturi asosida butun yil mobaynida bajarilgan bunyodkorlik ishlari boshida tumanimiz rahbarlari bilan bir qatorda nuroniylarimiz ham turishdi. Ular ajoyib dil so‘zlari, ezgu maqsadlari bilan obodonlashtirish yumushlari ishtirokchilarini ruhlantirishdi, savob ishlar sari chorlashdi.

Men tumandagi nuroniylar bilan doimo muloqotda bo‘laman.  Ular ko‘p hollarda  inson manfaatlari, Vatanimizda umrguzaronlik qilayotgan barcha fuqarolarning haq-huquqlarini kafolatli himoya qilish, farovon turmush haqida so‘zlashadi. Bunday ezguliklar  davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani haqidagi fikrlarni e’tirof etishadi.

Bugun qishloqlarimiz fuqarolari atrof-tevarakdagi o‘zgarishlardan quvonmoqda, juda qisqa vaqtda bunyod etilgan turar-joylar, ijtimoiy obyektlar binolaridan foydalanmoqda. Bularning hammasi mamlakatimizdagi tinchlik-totuvlik, Prezidentimizning odilona siyosati, tashabbuskorligi, xalqimizning bunyodkorligi bilan bog‘liq ekanini his qilishmoqda.

Jo‘sh va uning atrofidagi jami 38 ta qishloqda “Obod qishloq” dasturi asosida   keyingi bir yil mobaynida amalga oshirilgan ishlarni oqsoqollarimiz  mo‘jizaga qiyoslashayapti. Ular bu ezgu ishlar boshida turganlarni, eng avvalo, Prezidentimizni duo qilishayapti. “Jo‘sh eli, ularning ota-bobolari bunday obodonchilik, farovonlikning o‘tgan 100 yilda ham guvohi bo‘lishmagan”,  deyishayapti.

Mutaxassislar tumanimizda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasidagi amaliy ishlar uchun 110 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangani haqida ma’lumot berishayapti. Bu byudjet mablag‘lari, homiylar saxovati, xalq hasharlari va boshqa tushumlar yig‘indisidir. Bundan anglashiladiki, yurtimizda ajoyib tashabbuslar hamisha ma’qullanadi, qo‘llab-quvvatlanadi, odamlarni bir maqsad sari birlashtiradi.

 

ZAMONGA MOS MAKTABLAR

 

Shavkat Qo‘shboqov, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri:

– Bugun mamlakatimizda xalq ta’limi tizimi rivojida  yangi bosqichga o‘tish jarayoni kechmoqda. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta  ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha  Harakatlar strategiyasida  xalq ta’limi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Bugun Qo‘shrabotda, Jo‘sh qishlog‘i hududida ham amalga oshirilayotgan ishlar aynan shu islohotlarga monand va mosdir.

Masalan, 2019 yilda  “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha  32-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1 milliard 802 million so‘m  mablag‘ hisobiga 140-o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi. 41 va 48-maktablarda ham 140-o‘rinli qo‘shimcha bino barpo etildi. 26-maktabda o‘quvchi o‘rinlari soni 240 taga ko‘payadigan bo‘ldi. 55-umumiy o‘rta ta’lim maktabi esa mukammal ta’mirlandi. Bugun  ularning ko‘rinishiga qarab ko‘z quvnaydi. O‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar yaratilgan sharoitlardan xursand.

Bu “Obod qishloq” hududidagi ishlarimiz shu bilan tugatildi, degani emas. Hozir yana  4 ta maktabda qo‘shimcha sinfxonalar qurish, mavjudlarini ta’mirlash davom ettirilmoqda.

Hozirgi kunda   maktablarimizda o‘quvchi-yoshlarimizning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishlari, yetuk kadrlar bo‘lib yetishishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ularning moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlandi, o‘quv darsliklari, komputer texnikalari, o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan to‘liq ta’minlandi.

 

BOLALAR BAXTINI O‘YLAB...

 

Bahodir Abduvohidov, tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri:

– Tumanimizda maktabgacha ta’lim muassasalariga uzoq yillardan buyon deyarli e’tibor berilmasdi. Ochig‘i, yaqin yillarda qishloqlarimizda yangi  bog‘cha qurilishi uchun byudjetdan mablag‘ ajratilganini yoki bu sohaga saxovatli homiylarning nazar tashlaganini ko‘pchilik eslay olmasa ham kerak. Shu bois ham  3-7 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasi bugun bizni mutlaqo qoniqtirmaydi.  Bu esa barcha mahallalarda, qishloqlarning har birida bolalar bog‘chalari faoliyatini yo‘lga qo‘yishni, nodavlat, oilaviy, davlat–xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etishni taqozo etardi.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi  qaroriga asosan tumanimizda  bir necha maktabgacha ta’lim muassasalari qurilishi “Obod qishloq” dasturiga kiritildi. Jumladan, “Jo‘sh ota” MFYda 9-maktabgacha ta’lim muassasasi qurildi. 100 o‘ringa mo‘ljallangan ushbu bog‘chada  3 milliard 200 million so‘mlik  qurilish ishlari amalga oshirildi. “Zarkent”,“Oqmachit”, “Qo‘shtamg‘ali” MFYlarida ham shunday   ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, tumanda  “Obod qishloq” dasturi asosida yana 4 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida bog‘chalar ish boshlaganini, hududdagi barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida bolajonlar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilganini    aytib o‘tish joiz.

 Tumanning mahalla kengashi bo‘limi rahbari Nurmuhammad Bolmonov,  tibbiyot birlashmasining Jo‘sh filiali mudiri Rajabbay Mamatovlar ham suhbat davomida  Jo‘shdagi tub o‘zgarishlar haqida maroq bilan gapirib berdilar.

Yangi yil arafasida  “Obod qishloq”  dasturi  asosida barpo etilgan maskanlardan biri – Jo‘sh istirohat bog‘ida  katta bayram tomoshalari uyushtirilgani  odamlar ko‘ngliga yanada zavq bag‘ishlaganini ta’riflashga qalam ojiz. Elimiz ardog‘ida  bo‘lgan san’atkorlar  ham    jo‘shliklar xizmatida bo‘ldi.

Ha, mehnat qilgan, umuman, har bir kishi dam olishga, maroqli hordiq chiqarishga haqli. Jo‘sh qishlog‘i aholisi endi uzoqqa bormasdan, o‘z hududlarida madaniy hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.     

Chorvadorlar yurti bo‘lgan Qo‘shrabotning eng chekka qishloqlarida keyingi bir yil ichida yuz bergan o‘zgarishlar ta’rifini birgina maqolada ifodalash qiyin. Bu yangilanishlar hali ko‘plab badiiy asarlar,  hujjatli hikoyalar, ijodiy ishlar uchun asosiy  mavzu bo‘lib qoladi.  

 

Abdurasul SATTOROV,

jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: