Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
22.01.2013

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI MAJLISINING QARORI

2012-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2013-yilgi iqtisodiy dasturning asosiy ustuvor vazifalari to‘g‘risida

1. Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, global iqtisodiyotda jiddiy muammolar saqlanib qolayotganligiga qaramay, 2012-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijasida iqtisodiy rivojlanishning barqaror yuqori sur’atlari, makroiqtisodiy mutanosiblik, aholi hayot darajasining barqaror o‘sishi va mamlakatning jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlash ta’minlandi.

Yalpi ichki mahsulot 8,2 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi – 7,7 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi – 7 foizga, pudrat qurilish ishlari hajmi – 11,5 foizga, chakana tovar aylanmasi hajmi – 13,9 foizga o‘sdi. Inflyatsiya sur’atlari rejalashtirilgan darajada saqlandi va 7 foizdan oshmadi.

Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Ijtimoiy sohani rivojlantirishga barcha xarajatlarning 59,2 foizi yo‘naltirildi. Byudjet tashkilotlari xodimlari ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar bir yilda o‘rtacha 26,5 foizga, aholining real daromadlari esa – 17,5 foizga o‘sdi.

Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 22,9 foizni tashkil etgan asosiy kapitalga investitsiyalar hajmining oshib borishi iqtisodiyot o‘sishi barqaror yuqori sur’atlarining va uning tuzilmalarini diversifikatsiyalashning asosiy manbai bo‘ldi. 11,7 milliard dollarga teng miqdorda yoki 2011-yildagiga qaraganda 14 foiz ko‘p investitsiyalar jalb etildi. Barcha investitsiyalarning 22 foizdan ortig‘ini yoki 2,5 milliard dollardan ortiqni xorijiy investitsiyalar tashkil etdi, ulardan 79 foizdan ortig‘i to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. Barcha investitsiyalarning 74 foizga yaqini ishlab chiqarish qurilishiga yo‘naltirildi. 205 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi.

Eksport hajmi 11,6 foizga o‘sdi, tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 1,12 milliard dollardan ortiq miqdorda ta’minlandi. Eksport tarkibida xom ashyo bo‘lmagan tayyor tovarlar eksporti 70 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Moliya-bank tizimi barqaror ishlab, 2012-yilda uning jami kapitali 24,2 foizga, depozitlar hajmi – 31,5 foizga, shu jumladan aholi depozitlari – 34,6 foizga ko‘paydi. Banklarning investitsiya maqsadlari uchun ajratilgan uzoq muddatli kreditlari hajmi 30,7 foizga ko‘paydi.

Ishbilarmonlik muhitini yanada tubdan takomillashtirish ishlari izchil davom ettirildi – 80 ta ruxsat beruvchi tartib-qoidalar, faoliyatning 15 turini litsenziyalash bekor qilindi, statistika, soliq hisobotini va boshqa hisobotlarni taqdim etish shakllari va davriyligi 1,5-2 baravarga qisqartirildi. Bu 2012-yilda kichik biznesning 23 mingtadan ortiq yangi sub’ektlari tashkil etilishiga ko‘maklashdi. Yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushi 54,6 foizgacha o‘sdi, uning eksporti hajmi esa 2,2 milliard dollardan ortiq bo‘ldi.

Xizmatlar sohasi, ayniqsa, aloqa va axborotlashtirish (24,5 foizga), kompyuter dasturlashtirish (18 foizga), texnologik asbob-uskunalarni ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish (17 foizga), moliya-bank xizmatlari (17,6 foizga) singari xizmatlarning yuqori texnologik va bozorga xos turlari yuqori sur’atlar bilan rivojlandi. Mamlakatning yalpi ichki mahsulotida xizmatlar sohasi ulushi 52 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Aholi bandligi dasturlarini amalga oshirish doirasida 973,5 mingta, shu jumladan qishloq joylarda 602,4 mingtadan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Kasb-hunar kollejlarining 2012-yilda o‘qishni tamomlagan 450 mingtadan ortiq bitiruvchilarini ishga joylashtirish ta’minlandi.

Shu bilan birga hududlarni kompleks rivojlantirishni, eng avvalo sanoatni rivojlantirish, birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va mineral xom ashyoni chuqur qayta ishlash, qishloq joylarda zamonaviy xizmatlar va servis sohasini tashkil etish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish hisobiga kompleks rivojlantirishni ta’minlash borasida anchagina foydalanilmayotgan zaxiralar va imkoniyatlar mavjuddir. Samarqand, Buxoro, Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida va boshqa viloyatlarda mavjud salohiyatdan sust foydalanilmoqda.

Iqtisodiy inqiroz davom etayotgan va jahon iqtisodiyotining o‘sishi sur’atlari pasayib borayotgan bir sharoitda ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilash, sifatli, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardoshli mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda xizmatlarning zamonaviy turlarini ko‘paytirish va nomenklaturasini kengaytirish, ishlab chiqarishning energiya sig‘imini qisqartirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

2. Iqtisodiyotda erishilgan marralar, istiqbolga mo‘ljallangan uzoq muddatli maqsadlar, jahon bozoridagi real va yuzaga kelishi prognozlashtirilayotgan vaziyatdan kelib chiqib, quyidagilar 2013-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari etib belgilansin:

iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish va mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish;

iqtisodiyotni va uning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan yangilashni jadallashtirish va ko‘lamlarini kengaytirish, ishlab chiqarishni diversifikatsiyalash;

yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish;

mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilash chora-tadbirlarini amalga oshirishning muhim sharti va manbai sifatida faol investitsiya siyosatini amalga oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, zarur ishbilarmonlik muhitini yaratish;

ish o‘rinlari tashkil etish va mamlakat aholisi bandligini ta’minlash;

aholining hayot darajasi va sifati izchil oshirilishini ta’minlash.

3. Vazirlar Mahkamasi 2013-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatsin, yilning har choragida iqtisodiyotning alohida tarmoqlari va sohalarida ishlarning holati to‘g‘risida vazirliklar, idoralar, tijorat banklari, xo‘jalik birlashmalari va korxonalar rahbarlarining hisobotlarini eshitib borsin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov, Iqtisodiyot vazirligi (Saidova) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda joriy yilning 1-apreligacha bo‘lgan muddatda 2012-2016-yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qabul qilingan dasturlarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin.

Foydalanilmayotgan zaxiralar va ishlab chiqarish quvvatlarini baholashdan kelib chiqqan holda qabul qilingan dasturlarga hududlarni kompleks rivojlantirishga, hududning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib ustuvor yo‘nalishlarni belgilashga, sanoatning qayta ishlash tarmoqlarini, qurilish va qurilish industriyasini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini va xizmatlar sohasini jadal o‘stirishga hamda shu asosda yoshlarning bandligini ta’minlashga, hududning moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashiga erishishga va subvensiyalarni kamaytirishga alohida e’tibor bergan holda tuzatishlar kiritilsin.

Amalga oshirilgan ishlarning natijalari to‘g‘risida shu yilning I choragi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.

Vazirlar Mahkamasi mintaqalarni ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining amalga oshirilishini yilning har choragida o‘z majlislarida ko‘rib borsin.

5. Iqtisodiyot vazirligi (Saidova) tarmoqlar va hududlarni rivojlantirishning mustahkam o‘zaro bog‘liqligini, hududlarning o‘ziga xos sharoitlarini, hududlarni kompleks rivojlantirishni hisobga olgan holda ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirishni ta’minlash yuzasidan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ishlarni kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rsin.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida I chorak va yarim yillik yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.

6. Vazirlar Mahkamasi komplekslari Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Moliya vazirligi (Yusupov), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (G‘aniyev), Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (G‘ulomov), xo‘jalik birlashmalari – mas’ul ijrochilar bilan birgalikda ikki hafta muddatda 2013-yilgi iqtisodiy dasturni bajarishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va loyihalarni amalga oshirishning holatini tanqidiy o‘rganib chiqsinlar va ishlar jadvallariga tuzatishlar kiritgan holda ularni amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar.

Amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi Prezidiumida axborot berilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.I.Ibragimov, "O‘zbekenergo" davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (Basidov) ikki hafta muddatda bug‘-gaz elektr stansiyalari qurish loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, energiyaning muqobil manbalaridan foydalanish, elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatishda texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish yuzasidan kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.

8. Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Moliya vazirligi (Guskova), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (G‘aniyev)ni jalb etgan holda manfaatdor vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining eksportni qo‘llab-quvvatlash va subsidiyalash to‘g‘risidagi Farmoni loyihasini tayyorlasin va kiritsin, unda Eksportni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etishni nazarda tutsin.

9. Vazirlar Mahkamasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi (Abduhakimov) manfaatdor vazirliklar, idoralar va institutlar bilan birgalikda har chorakda jahon amaliyotida qabul qilingan mezonlarga muvofiq mamlakatda ishbilarmonlik muhitining holatini baholash yakunlarini chiqarsinlar va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, ortiqcha cheklashlarni, byurokratik to‘siqlarni va boshqa to‘g‘anoqlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsinlar.

Mamlakatda ishbilarmonlik muhitining holati o‘zgarishi natijalari har chorakda Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqilsin.

10. Vazirlar Mahkamasi (Azimov) Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), “O‘zbekenergo” (Basidov), “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi (Fayzullayev), “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (Abdullayev), “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (Ramatov), “O‘zkommmunxizmat” agentligi (Xolmuhamedov), Toshkent viloyati hokimligi (Xolmatov) bilan birgalikda "Angren" maxsus industrial zonasi hududida 2013-yilda ishlab chiqarish ob’ektlariga o‘tkaziladigan transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni jadallashtirish jadvallarini ikki hafta muddatda tasdiqlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi (G‘aniyev), Iqtisodiyot vazirligi (Saidova) va Moliya vazirligi (Guskova), Jizzax viloyati hokimligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2013-yilning I choragida, Jizzax viloyati va unga chegaradosh hududlarning resurs bazasidan samarali foydalanish, sanoat va eksport salohiyatini rivojlantirish uchun investitsiyalarni hamda ilg‘or innovatsiya texnologiyalarini jalb etish maqsadida erkin industrial zona tashkil etish bo‘yicha barcha tayyorgarlik tadbirlarini va Xitoy Xalq Respublikasining vakolatli organlari bilan ta’sis hujjatlarini kelishishni 2013-yilning I choragida tugallasin.

12. Vazirlar Mahkamasi tegishli vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbarlari ishtirokida "2011-2015-yillarda infratuzilma, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida"gi dasturda nazarda tutilgan loyihalarning amalga oshirilishi har chorakda ko‘rib chiqilishini ta’minlasin, ularning bajarilishini jadallashtirishga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni hal etish yuzasidan ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rsin.

13. “O‘zavtoyo‘l” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (Abdullayev), Respublika yo‘l jamg‘armasi (Shukurov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash hamda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirishning 2013-yilga mo‘ljallangan parametrlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ko‘rsinlar.

Amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida yilning har choragida Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.

14. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (Ramatov) temir yo‘l kommunikatsiyalari va transportni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalari bajarilishini ikki hafta muddatda tanqidiy baholasin hamda tarmoq jadvallarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilagan holda ularga aniqlashtirishlar kiritsin, bunda 2013-yilda Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘li uchastkasini elektrlashtirish, 240 kilometr uzunlikdagi temir yo‘llarni reabilitatsiya qilish ishlarini o‘z vaqtida amalga oshirishga, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasining quyish-mexanika zavodini modernizatsiyalashning tugallanishiga alohida e’tibor qaratsin.

15. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi (Mirzohidov):

xalqaro va tarmoq standartlarini, mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarini axborotlashtirish darajasini baholashning mezonlari va indikatorlari tizimini amaliyotga joriy etish hamda ular bo‘yicha tizimli monitoring olib borish;

“Elektron hukumat” tizimini shakllantirish Konsepsiyasi va kompleks dasturini ishlab chiqishni jadallashtirish, tadbirkorlik sub’ektlari va aholiga interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishning elektron shakllarini joriy etish;

kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish, axborot uzatish tezligini oshirish, 2 ming kilometrdan ortiq tolali - optik tarmoqlar qurilishini tugallash hamda axborot resurslari va axborot tizimlaridan yuqori tezlikda keng polosali foydalanishni ta’minlash, Internet tarmog‘ida turli yo‘nalishdagi zamonaviy mahalliy veb-resurslarni yaratish;

2013-2017-yillar davrida Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning Kompleks dasturi loyihasini tasdiqlash uchun 2013-yil 1-aprelgacha Vazirlar Mahkamasiga kiritish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rsin.

Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qo‘mitani tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi Farmoni va qarorining hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish va rivojlantirishning qabul qilingan dasturlari bajarilishini har chorakda ko‘rib chiqsin.

16. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi (Xoshimbekov), "Davarxitektqurilish" qo‘mitasi (Zakirov), Iqtisodiyot vazirligi (Saidova), Moliya vazirligi (Yusupov), "Qishloq qurilish bank" (Mullaxonov) boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda joriy yilning fevral oyi oxirigacha qishloq joylardagi yakka tartibda uy-joy qurish mavzelarida namunaviy loyihalar bo‘yicha uy-joylar, tashqi muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlari barpo etish bo‘yicha moliyalashtirish va qurilishning boshlanishini ta’minlasinlar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, "Qishloq qurilish invest" injiniring kompaniyasi, "Qishloq qurilish bank" ochiq aksiyadorlik tijorat banki, "Davarxitektqurilish" qo‘mitasi (Toxtayev), “O‘zbekenergo” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (Basidov) va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi (Jo‘rayev) rahbarlari Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurishning tasdiqlangan dasturi parametrlarining sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan shaxsan javobgarligi to‘g‘risida ogohlantirilsin.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning natijalari har chorakda Vazirlar Mahkamasi majlislarida ko‘rib chiqilsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.I.Zakirov, "Davarxitektqurilish" qo‘mitasi (Toxtayev), "O‘zmontajmaxsusqurilish" uyushmasi (Shodiyev) Iqtisodiyot vazirligi (Xo‘jayev), Moliya vazirligi (Yusupov), "O‘zqurilishmateriallari" aksiyadorlik kompaniyasi (Akramov), boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda joriy yilning 1-mayigacha bo‘lgan muddatda 2013-2015-yillarda qurilish industriyasini rivojlantirish kompleks dasturi loyihasini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar, unda binokorlik va pardozlash materiallarining zamonaviy turlarini ishlab chiqarishni kengaytirishni, pudrat tashkilotlarining texnik jihozlanganligini oshirishni nazarda tutsinlar.

18. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari, xo‘jalik birlashmalari hamda korxonalar rahbarlari tarmoqlar va hududlar bo‘yicha 2013-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturining Oliy Majlis tomonidan ma’qullangan asosiy yo‘nalishlari va parametrlarini bajarish bo‘yicha kompleks qo‘shimcha chora-tadbirlarni bir oy muddatda ishlab chiqsinlar.

Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi (Xaitov) 2013-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatsin, Davlat statistika qo‘mitasi (To‘rayev) bilan birgalikda tashkil etilayotgan ish o‘rinlari ko‘rsatkichlarining ishonchliligi yuzasidan tanlagan holda tekshirishlar o‘tkazsin hamda dasturning so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ko‘rsin.

Vazirlar Mahkamasi har chorakda o‘z majlislarida tarmoqlar va mamlakat hududlari bo‘yicha 2013-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlashning tasdiqlangan dasturi bajarilishini ko‘rib chiqsin.

19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga 2012/2013 o‘quv yili kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, bitiruvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha uch tomonlama shartnomalar tuzish amaliyotini kengaytirish, shuningdek, aholi bandligini ta’minlash uchun salohiyatli ish beruvchilar ishtirokida viloyatlar markazlarida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini o‘tkazish yuzasidan shaxsan javobgarlik yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi (Qodirov) kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish to‘g‘risida taqdim etilayotgan ma’lumotlarning ishonchliligi yuzasidan nazoratni, aybdor mansabdor shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortgan holda, kuchaytirsin.

20. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda "Obod turmush yili" Davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilishini tugallasin va kiritsin, unda inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish, aholining zaif qatlamlari va kam ta’minlangan oilalarni davlat tomonidan aniq tarzda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish, eng avvalo, qishloq aholisining hayot shart-sharoitlari va sifatini yaxshilash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport tizimi muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholiga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutsin.

21. Mazkur protokol qarorining bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi 
Prezidenti I.Karimov

2013-yil 18-yanvar


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: