Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
15.10.2019

«... QAMOQDAN OZOD ETILSIN!»

Eng go‘zal ayol kim, degan savolga bir donishmand «Bolasini bag‘riga bosib, emizayotgan ayol», deb javob bergan ekan.

Bu ta’rifda ayolning onaligi, mo‘jizaligi, mehridaryoligi, ibosi, chiroyi, munisligi, muqaddasligi... barcha-barcha fazilatlari o‘z ifodasini topgan.

Eng xunik ayol kim, degan savolga, «ayolning xunigi bo‘lmaydi», degan qadim javob bor.

Agar eng baxtli ayol kim deb so‘ralsa, yaratgan farzand ato etgan ayol, farzandining beshigini tebratib, alla aytayotgan ayol, farzandining qo‘lidan yetaklab bolalar bog‘chasiga olib borayotgan ayol, bolasining tug‘ulgan kuniga shirin ovqat tayyorlayotgan ayol, bolasining kamolini ko‘rgan ayol, bolasining to‘yiga bosh bo‘lish nasib etgan ayol, bolasining «Onajon, sizni yaxshi ko‘raman» degan so‘zlarini eshitgan ayol, odamlardan «Shunday farzandni tarbiyalaganingiz uchun rahmat sizga!» degan so‘zlarini eshitgan ayol, deb javob berish mumkin.

Ammo qo‘liga kishan solingan, bandi etilgan, temir panjara ortida turgan ayolchi?..

Bolalarini chirqiratib qoldirib, qamoqda o‘tirgan ayolchi?.. Ozodlikning qadriga yetmagan,  issiq uy-joyining, gulday farzandlarining shukronasini qilmagan ayol-chi?.. Oilani parokanda qilgan, ota-ona yuzini yerga qaratgan ayolchi? Ayollik sha’nini ­oyoqosti qilgan, onalik burchini unutgan ayolchi?..

Bunday ayollarda go‘zallikni, zeboni, hayoni, latofatni, muqaddaslikni... ko‘rish mumkinmi? Ular mas’uliyatsizlikdanmi yoki kaltafahmlikdanmi,  huquqiy savodsizlik sababmi, nochorlikmi, yengil yo‘llar bilan pul topish istagimi, nafs balosiga yo‘liqishmi, shaytonning vasvasasiga uchishmi?.. Har holda, ular jinoyatga, og‘ir jinoyatlarga qo‘l urishgan... Bir marta sudlanib, xulosa chiqarmagan, ikkinchi marta jinoyat sodir etgan, yana tavba qilmay, uchinchi marta jinoyat ko‘chasiga kirgan. Oxir-oqibat «o‘ta xavfli jinoyatchi»ga aylanib, uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgan. Ko‘plari 8-10 yoki 12 yildan buyon qamoqda o‘tiribdi. Ular orasida qilgan jinoyati to‘g‘risida chuqur o‘ylab ko‘rib, chin dildan pushaymon bo‘lganlari, ming pushaymon bo‘lganlari, sog‘ligiga putur yetganlari oz emas. Ular o‘z ishlarini nazorat tartibida ko‘rib chiqilishini so‘rab, Oliy sudga ariza yozishmoqda, o‘z oilalari bag‘riga, farzandlari yoniga qaytarishlarini o‘tinib-o‘tinib so‘rashmoqda.

Yaqin-yaqingacha bu xavfli jinoyatchilar, ya’ni retsidevistlar ozodlikka chiqishlarini so‘rab deyarli ariza yozishmasdi. Yozgan taqdirda ham ularning arizasi inobatga olinmasdi. Chunki: «o‘ta xavfli jinoyatchilar» berilgan jazoning oxiri kunigacha o‘tirardi. Talab ham, tartib ham shunday edi.

Keyingi ikki-uch yilda bu tartib o‘zgardi. Bugun mamlakatimizda inson taqdiriga munosabat o‘zgardi, insonni inson o‘rnida ko‘rishga, uni qadrlashga o‘rgana boshladik. Konstitutsiyamizda, qonunlarimizda kafolatlangan inson erkinligi va huquqi himoyasini ta’minlashga qat’iy kirishildi.

Birgina joriy yilning bugungi kunigacha inson huquqi himoyasi, insonni chinakamiga qadrlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga e’tibor qarataylik, o‘zimizga xulosalar chiqarib olaylik.

Birgina misol. Zangiota tumanidagi ayollar qamoqxonasida joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati uchinchi marta ochiq sayyor sud majlisini o‘tkazdi. Har gal o‘nlab ayollar jazoni o‘tash joyidan ozod etiladi, yoki jazosi kamaytirilib, manzil kaloniyasiga o‘tkaziladi.

Yaqinda Oliy sud raisining o‘rinbosari, ochiq sayyor sud majlisi raisi Xolmo‘min Yodgorov, hayat sudyalari ­A.O‘tayev va Z.Fayziyevdan iborat tarkibda, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori K.Ganiyev,­ ­O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ­E.Bositxonova hamda himoyachilar ishtirokida mahkuma ayollardan bir guruhining nazorat tartibida bergan arizasini ko‘rib chiqdi.

Avvalo jazoni o‘tash muassasasining majlislar zalida to‘plangan mahkuma ayollar bilan muloqot o‘tkazildi. Bugun Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlar, inson erkinligi, huquqi himoyasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi. So‘ngra arizalarni birma-bir ko‘rib chiqishga o‘tildi. Mahkuma ayollar yuz-ko‘zlarida qattiq hayajon, iltijo, ko‘plari sukut saqlagancha yum-yum yig‘lamoqda. Ariza berganlar ham, boshqalar ham sud majlisi raisi so‘zlarini diqqat bilan tinglashmoqda.

Raislik qiluvchi nazorat tartibida ariza bergan mahkuma Istambibi Xursandovaga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqishga kirishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, u dastlab 2004 yil 6 aprelda Turkmaniston Respublikasi Toshovuz viloyat sudi hukmiga ko‘ra, Turkmaniston jinoyat kodeksining qator moddalari bilan ayblanib, 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Turkmaniston Respublikasi Prezidentining 2004 yil 23 oktabrdagi Amnitsiya to‘g‘risidagi qaroriga asosan 2004 yil 17 noyabrda jazodan ozod qilingan. Albatta, bu insonparvarlik qarorini qo‘llashda bu ayolning birinchi marta sudlangani, oilalik ekani, besh nafar farzandi borligi inobatga olingan. Afsuski, 2008 yil 22 iyulda u yana qamoqqa tushgan. O‘zbekiston jinoyat kodeksining 25, 273-moddasi 5-qismi va 25, 246-moddasi 2-qismi bilan JKning 59-moddasi tartibida 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. O‘zbekiston Respublikasi JKning 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist, deb topilgan.

U sodir etgan jinoyat tafsiloti quyidagicha: Xursandova Istambibi 2008 yil 10 iyul kuni Turkmaniston Respublikasida yashovchi ikki shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, «geroin» giyohvandlik vositasini kontirabanda yo‘li orqali Turkmaniston Respublikasi hududiga o‘tkazish rejasini tuzadi. 17 iyul kuni Urgut tumani Chep qishlog‘idagi bozorda «Jahongir» ismli noma’lum shaxsdan 421,1 gramm geroin giyohvandlik vositasini 3.789.900 so‘mga olib, 22 iyul kuni Turkmanistonga jo‘naydi. «Mersedes -Bens» rusumli avtobusda ketayotganida Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani «Sarmijon»yo‘l patrul’ xizmati maskanida qo‘lga tushadi...

O‘shandan buyon, ya’ni 11 yil 2 oydan buyon bu ayol qamoqda o‘tiribdi. Sayyor sud uning jinoyat ishini nazorat tartibida ko‘rib, qator holatlarni hisobga olib, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudining 2008 yil 13 oktabrdagi hukmi va mazkur sud kassatsiya instansiyaning 2010 yil 12 noyabrdagi ajrimini o‘zgartirdi. I. Xursandovaga muqaddam tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi muddati 11 yilga keltirildi va sud ajrimi o‘qib eshittirildi: «Istambibi Xursandovaning jazoni to‘liq o‘tab bo‘lganligi inobatga olinsin va jazoni ijro etish muassasasidan qamoqdan ozod qilinsin!..»

Bu qaror o‘qilgach, o‘n bir yildan beri oilasi, besh nafar farzandi, qarindoshlaridan ajralib, ruhan azob tortib, kun sanab, ozodlikni zoriqib kutib yashagan ayolning holatini tassavvur qilib ko‘ring.

U mehr-shafqat ko‘rsatgani uchun Prezidentimizga, Oliy sudga, Xotin-qizlar qo‘mitasiga minnatdorlik bildirarkan, shunday ho‘ngrab yig‘ladiki, bu yig‘ini hech bir boshqa yig‘iga o‘xshatib bo‘lmaydi...bu achchiq yig‘i, pushaymonlik yig‘isi, o‘n bir yillik alam-iztiroblar yig‘isi, qilingan xatolar yig‘isi, minnatdorlik yig‘isi, ozodlik yig‘isi...

Sud zalidan tashqariga chiqishi bilan uning fikrlarini so‘radik.

— Ming bor tavba qildim, endi hech qachon bunaqa ish bilan shug‘ullanmayman. Kechiringlar...

Ho‘ngrab yig‘lab yubordi, nafasini rostlab olgach, shunday dedi: — Kalta o‘ylagan ekanman, va’da qilingan besh yuz ming so‘m uchun o‘n bir yil umrim ketdi. Bolalarim ko‘chada qoldi. Bir piyola suv bilan bir burda qotgan non yeb yashaganim ming marta afzal edi. Agar hozir ayrim ayollar bunaqa ishlar bilan shug‘ullanishni o‘ylayotgan bo‘lsa, o‘tinib so‘rayman, aqllarini yig‘ib olishsin. Eng katta boylik oila, farzandlar...

Uning iztirob va pushaymonlik bilan aytayotgan so‘zlari kishini chuqur o‘yga toldiradi: nahotki qonunsiz ishlarni tushunish uchun o‘n bir yil qamoqda o‘tirish kerak bo‘lsa?.. Giyohvand  moddalarni o‘stirish, sotish og‘ir jinoyat ekani haqida qancha gaplar aytilayapti, maqolalar yozilayapti, teleko‘rsatuvlar bo‘layapti...Nahotki bu ayol ogohlantirishlardan bexabar bo‘lsa? Yo‘q, eshitgan albatta, ammo o‘z vaqtida xulosa chiqarib olmagan...

— Endi ko‘zim ochildi, — deydi u.

Ko‘z ochilishi uchun shuncha yil qamoqda o‘tirish, bolalarini tirik yetim qilish kerakmidi?

Shu o‘rinda bir savol xayolga keladi: Qamoqda yotgan ona ko‘proq ruhiy azob tortadimi yoki uning ortida qolgan bolalarimi?

Otasi bor bolalarning dardi, azoblari biroz yengilroq o‘tishi mumkin. Lekin bolalar otasiz bo‘lsa, qarindoshlar qo‘lida qolsa, ochman deya olmaydi, tortinadi. Tuflisi yirtiq bo‘lsa, yangisini olib bering deyaolmaydi. Jerkib tashlashlaridan qo‘rqadi. Birgina umid xudodan bo‘ladi. Bolalar tuni bilan yig‘lab, onalari tezroq uyga qaytishini Yaratgandan yolvorib so‘rashadi. Onalari tushlariga kirib, uyg‘onib ketishadi, yig‘lab tong ottirishadi...

Tengdoshlari oldida boshlari egik bo‘ladi... Bolalik zavqi, baxti ularga begona bo‘ladi, onaning issiq bag‘ridan, mehridan judo bo‘lib voyaga yetishadi...Bunga kim aybdor, bolalarni kim shu ko‘yga soldi?.. Onalar nega bolalarini o‘ylamadi?...

«Onasi qamalgan» yoki «onasi jinoyatchi» ekan, degan so‘zlar har qanday bolaning yuragini ezib yuboradi.

Inson ko‘p haqoratlarga chidashi mumkin, lekin onasi  haqida yomon gap eshitsa, chiday olmaydi.

Inson xo‘rliklarga chidashi mumkin, lekin onasiz qolib, xo‘rlangan yomon, dakki eshitgan yomon. Inson oyoqyalang qolsa, yupun kiyinsa, chidaydi, ochlikka ham chidaydi, ammo onasiz qolish azoblarning azobi.

Hayot davomida ko‘p narsa topasan, ko‘p narsa yo‘qotasan, ammo onani yo‘qotishdan og‘ir musibat yo‘q. Onasiz bolalik bolalikmi, onasiz hayot hayotmi? Onaning so‘zidan shirin so‘z, onaning nonidan shirin non bormi dunyoda? Onaning mehridan baland mehr qayda bor? Onaning bag‘ridan issiq bag‘ir bormi dunyoda?..

Sud bo‘layotgan zaldagi mahkuma ayollarga tikilib shular haqida o‘ylaman...

To‘g‘ri, hayotda qiyinchilik oz emas, moddiy muammolar yetarli. Ammo o‘rganib ko‘rilsa, qamalgan ayollarning aksariyati uy-joyli, erli, tomorqasi, mol-holi bor. Ular uchun bepul kasb o‘rgatadigan kurslar ochilgan, kredit oling, oilaviy tadbirkor bo‘ling, tovuq boqing, chorva qiling, tikuvchilik sexi oching, issiqxona quring, oilangizni boqing, deb bank xodimlari uyma-uy yurdi. Jonini koyitib, mehnat qilishni xohlamaganlar bunga ham qiziqishmadi. Ayrimlari olgan kreditidan maqsadli foydalanmadi, uy qurdi, mashina oldi yoki boshqa narsaga ishlatib yubordi. Imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanganlar esa tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, oilasini tikladi, ish o‘rinlari yaratdi.

Mehnat qilib, aqlni ishlatib pul topishni xush ko‘rmaganlar  giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug‘ullanib, birdaniga boyib ketishni o‘yladi. Bu qora maqsad yo‘lida ayollardan foydalanishdi. Ularni o‘zlariga «pochtalon» qilib olishdi. «Shu paketni falon joyga eltib, falonchiga bersangiz, 500 ming so‘m olasiz», deyishadi. Yoki 100-200 AQSh dollarini va’da qilishadi. Ayol qo‘lga tushib, qamalib ketadi. Uni yollagan shaxsning haqiqiy ismini ham, turar joyini ham bilmaydi.

O‘n uch yildan beri qamoqda o‘tirib, ozodlikka chiqqan bir ayolning yolg‘iz farzandi 16 yoshda bo‘lgan ekan, hozir 29 yoshga to‘libdi. O‘n olti yosh, ayni nozik yosh, onasining tarbiyasi juda zarur payt. Bolasi singlisining  qo‘lida qolgan ekan.  Bu ayol ham uchinchi marta sudlanib, 13 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan... Bolaning onasiz o‘tgan yillari, onasining qamoqda yotganini o‘ylab tortgan ruhiy azoblari asorati xotirasida bir umr qolishi mumkin.

Surxondaryolik Abdumo‘minova Orzigul 1962 yilda tug‘ilgan. Ota-onasi katta niyatlar bilan unga shunday go‘zal ismni qo‘ygan. Uni tarbiyalab, orzu-havas bilan to‘yini o‘tkazishgan. Ammo bu qiz turmushga chiqib, 4 nafar farzandli bo‘lgach, qayta-qayta jinoyatga qo‘l urib, oxiri 15 yilga ozodlikdan mahrum etilib, 11 yil 6 oy qamoqda o‘tirishini ota-onasi xayoliga ham keltirmagan albatta. Giyohvand modda savdosiga o‘ralashib qolgan bu ayol ham chin dildan pushaymon bo‘lib, sog‘ligi og‘irlashgani sababli jazo yengillashtirilishini so‘ragan.

— Qattiq  pushaymonman, — deydi u. – Bolalarim mensiz o‘sdi, nevaralarim tug‘ildi. Men ona bo‘lib bolalarim to‘yida qatnasha olmadim, nevaralarim sakkizta bo‘libdi. Birortasini ko‘rmaganman. Ularning beshik to‘ylarida bosh bo‘lolmadim. Ona bo‘lib bolalarim uchun nima qildim...

U achchiq-achchiq yig‘iladi, alam bilan yig‘ladi... so‘ngra boshini quyi egganicha «Biz nonko‘rlarni kechirgani uchun Prezidentimizga rahmat. Bolalarimni, nevaralarimni ko‘rmay o‘lib ketamanmi, deb o‘ylardim. Hozir yuragimdagi minnatdorchiligimni so‘z bilan ifodalay olmayman», dedi.

— Men qamalganda o‘g‘lim 17 yoshda edi. Hozir 29 yoshda, — deydi yana bir ona. Kelib xabar olib turdi. Yigirma yoshga to‘lganida, «O‘g‘lim meni kutma, tenging topilsa, uylan» dedim. «Onajon, siz to‘yimni ko‘rmasangiz qanday uylanaman», dedi u. Biz bu jinoyatlarni saviyamiz pastligi, ahmoqligimiz uchun qildik. Yolg‘izlik azobini, vijdon azobini qanchalik tortganimizni o‘zimiz bilamiz. Bu yerda bir kunni o‘tkazishning o‘zi bo‘lmaydi.

— Qamalganimda katta qizim 10 yoshda, kichigi 8 yoshda edi, — deydi bekobodlik ayol. — Ikkinchi marta sudlanib, 11 yil 6 oyga qamalganidan so‘ng onam insult bo‘lib qoldi. Bir yarim yildan so‘ng oyoqqa turgach, meni ko‘rishga keldi. «Mayli, meni o‘ylama, ikki yetim bolangni o‘ylamadingmi? Hamma bolalar kabi ular ham ota-ona bag‘rida yashashga haqli ediku» degan so‘zlari yuragimni tilka-pora qilgandi...

Bolalarimni maktabga yetaklab borolmadim, tug‘ilgan kunlarida bag‘rimga bosolmadim,  tabriklay olmadim, dasturxon tuzab berolmadim. O‘zimni hech qachon kechira olmayman... Gunohkorman... Bolalarimni o‘ylab ko‘p azob tortdim...

Xorazm viloyati Bog‘ot tumanilik yana bir mahkumaning so‘zlarini eshitish ham juda og‘ir bo‘ldi.

— Qizim olti oylik edi, bolalar uyiga topshirishibdi, katta qizim 9 yoshda edi. Keyin akam ularni o‘z tarbiyasiga olibdi. Dadam vafot etdi, ko‘rolmadim, tobuti tepasida yig‘lash nasib etmadi. Armondaman, o‘zimni hech qachon kechira olmayman... Shayton yo‘ldan urdimi, nafs balosimi, bu yo‘lga kirib qoldim...

Biz uchun eng katta jazo vijdon azobi bo‘ldi...

Ularning qay biri bilan gaplashmang, qilgan jinoyatidan qattiq pushaymon, tavba-tazarrusi cheksiz. Ularning qismati kishini qattiq o‘yga toldiradi, o‘z hayotiga, o‘z baxtiga, o‘z yoshligiga, go‘zalligiga, latofatiga, nafosatiga o‘zi xiyonat qilgan bu ayollarga yurak-yurakdan achinasan kishi. O‘zining ayollik sha’nini, onalik burchini o‘ylamay, umrining eng gullagan faslini behuda o‘tkazgan, xazon qilgan bu ayollar qismati ehtimol kimlargadir saboq bo‘lar.

Ularga yana bir bor insonparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat ko‘rsatildi. Ayolning onaligi —  muqaddasligi yana bir bor e’zozlandi. Ular baribir ona, ular baribir ayol, ular baribir muqaddas, degan tamoyilga amal qilindi. Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi asosida, Davlatimiz rahbari tomonidan bugun olib borilayotgan yuqori darajadagi insonparvarlik siyosatidan kelib chiqib, 14 nafar ayol qamoqdan ozod etildi. Shuningdek, shu kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining sayyor sud majlisida 3 nafar mahkuma ayol jazo muddatidan oldin ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi. 13 nafar mahkumaning jinoyat ishlari ko‘rib chiqilib, ular jazoni ijro etish uchun manzil koloniyalariga o‘tkazildi.

Yil boshidan bo‘yon xotin-qizlar qo‘mitasi kafilligi bilan 150 nafar ayol sud zalidan ozod etildi, 307 nafar ayol jazoni o‘tash joyidan ozod qilinib, ularga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi, 1680 nafar mahkuma jazoni o‘tashdan shartli ravishda ozod qilindi.

Endi bu ayollar ozodlik qadrini yaxshi bilishadi, ko‘rsatilgan mehr-muruvvatni ham qadrlashadi, deb o‘ylaymiz.

 

Safar OSTONOV


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: