Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
08.10.2019

KOSONLIKLAR QALBI

intilish, yaratish va orzu umidlarga to‘la

MA’NAVIYAT

Har gal Koson zaminiga qadam quyganimda, hayajon og‘ushida qolaman. Buyuk shoirimiz ­Abdulla Oripovning yoshligi shu kengliklarda, ustozi — ulug‘ olim Ozod Sharafiddinov lutf qilganidek, «zangori dengiz o‘rtasidagi bir orolcha» misol Neko‘z qishlog‘ida o‘tgan.

O‘z Xalqi, Vatani, Istiqlol va Hayotni o‘zigagina xos iste’dod bilan kuylagan shoir dunyo kezganida ham hamisha yurtiga, Qashqa vohasiga, Koson kengliklaridagi ana shu kichkina qishlog‘iga talpinib yashagandi. Ulug‘ donishmandlardan biri shoirni anglamoqchi bo‘lsang, tug‘ilgan joyiga bor, degan ekan. Abdulla Oripov oltmishinchi yillarda yozilgan bir she’rida shunday degandi:

O, sen Vatan, kindik qoni tomgan joy

Seni so‘rmay, ko‘rmay bo‘lurmi?

Ko‘z ko‘rgani yoshu qarining –

Ona bag‘rin sevmay bo‘lurmi? ..

Bugun ham u barhayot, she’rlari tillardan tushmaydi. Prezidentimiz taklifi bilan Qarshi shahrida ulug‘ shoirning ijod maktabi tashkil etildi. Iqtidorli, adabiyotga, ijodga  mehr qo‘ygan yoshlar ta’lim olayapti bu maktabda.

— E, xush kelibsiz, — samimiy  salomlashadi birinchi suhbatdoshim tadbirkor Xolmat To‘rayev.

– Bilasizmi, Koson shahridagi bir parcha yer ham talash bo‘lib qoldi. Hokimimiz «Kim kutubxona qursa, o‘shanga ajratamiz» dedi. O‘ylab-o‘ylab, talabgor bo‘ldim. Mablag‘imiz ozlik qildi, bankdan 500 million so‘m kredit oldik. Hozir qo‘sh qavatli imoratning tomini yopdik, pardozlash ishlari boshlandi. Birinchi qavatida kutubxona, ikkinchi qavatida qiroatxona bo‘ladi. Kitoblarning elektron nusxasini ham yaratyapmiz. Shu ziyo maskanini  ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov nomi bilan atashni o‘ylab turibmiz.  

Baraka toping, deyman unga. Tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i Jasur Azimov yurtimizda  orzu-havaslar bilan amalga oshirilayotgan 5 tashabbusning  adabiyot, san’at  yo‘nalishi, kitobxonlik va  madaniyat ishlari haqida hikoya qiladi. Boyg‘undi mahallasidagi «Do‘stlik» madaniyat markazida  san’at yo‘nalishida 5 to‘garak, 2 ta  folklor, hamda «Humo» ashula va raqs ansambillari  faoliyat ko‘rsatmoqda. Yana 2 ta musiqa va san’at maktabida 480 nafar yosh ta’lim olmoqda.

Shu yilning mart oyida Nartichuqur mahallasida  «Ezgu ziyo» kitob do‘koni ishga tushibdi. Bir sahovatli  tadbirkor shahar markazidagi madaniyat va istirohat  bog‘ini qaytadan qurib, obod qilibdi. Tumandagi maktablarning  kutubxonalari 5 ming nusxadan ortiq kitoblar bilan  to‘ldirilibdi. Tuman hokimining  o‘rinbosari  Ubaydullo Ochilov o‘zining qishlog‘i – Po‘latiga  boshlab bordi. Tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan qishloqda 30 mingdan ko‘proq aholi istiqomat qilmoqda. Qishloqdan taniqli shoir, san’tkor, olimlar yetishib chiqqan. Ayniqsa, tadbirkorlari  serg‘ayrat, natijada ko‘plab madaniy-maishiy  binolar qurilgan, qishloq shahar tusini olgan. Tadbirkor Baxtiyor Omonov o‘z qishlog‘ida shaxmat klubi, «Bunyodkor» stadioni, kutubxona qurib beribdi.

Kutubxona mudiri Muhiddin Diyorovning  aytishicha, 7 ming jilddan  oshiq kitob jamlangan. Uyga o‘qishga berisharkan. Qiroatxonada  73-maktab  7-sinf o‘quvchilari kitob mutoala qilishayotgan ekan. O‘quvchilardan Jasmina Jobirova, Ruxsora Turdialiyeva  «Ismlar ma’nosi» kitobini ko‘zdan kechirishayotgan ekan. Gulsanam Begimqulova o‘zi yozgan  she’rlardan o‘qib berdi...

UMID OSTONASI

Davr talabi shunday: xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa  xizmat qiladi. Tumandagi  «Xalq qabulxonasi», Bosh vazirning  qabulxonasi shunday vazifani bajaryapti. Koson shahri markazida yaqinda ishga tushgan «Davlat xizmatlari agentligi»ning ko‘rkam binosiga  kirganimda, davr ruhini yaqqol sezdim.

Bu maskanda 120 dan ziyod  davlat xizmati jamlanibdi. Malumotlarga ko‘ra, hozirgacha 65 mingdan ko‘proq murojaat tushibdi. Kimdir o‘yini hujjatlashtirishi kerak, kimdir uy qurish uchun yer olish tartibi  bilan qiziqqan va boshqa masalalar.

— Men shahardagi Yangiobod mahallasida  yashayman, — deydi agentlikka kelgan  Dilnoza Jo‘rayeva. — Olti yoshli o‘g‘lim Nurbekni bog‘chaga bermoqchi edim. Tushuntirishdi, navbatga yozib quyishdi. O‘zlari xabar qilisharkan. Lekin tezlashtirishning iloji bormikin? Qani endi o‘g‘lim tezroq o‘qish-yozishni o‘rgansa...

Bu o‘rganadigan muhim masala edi. 2017 yilda maktabgacha ta’lim vazirligi tuzilgan paytgacha tumanda birorta ham bog‘cha qurilmabdi. Uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarning atigi 11 foizi bog‘chaga qatnar ekan. Juda katta ishlar boshlangan, qizg‘in davom etayapti,  yangi-yangi ta’lim maskanlari faoliyatini boshlamoqda. Hozir 39 davlat, 15 ta davlat-xususiy sherikchilik va 60 oilaviy bolalar maskanlarida 7 ming nafardan ziyod kichkintoy tarbiyalanayapti, bu jami bolalarning 30 foizini tashkil qiladi. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 40-45 foizga yetadi.

— Rahmatli turmush o‘rtog‘im  shifokor edi, shu bino qurilishini  boshlagan, kasalxona bo‘ladi, deb reja tuzgandi, — deydi «Ko‘zmunchoq» MTM rahbari Mavjuda Jumayeva. — Ish to‘xtagach, o‘zimni tutib olib, bankdan 1 foizli 720 million so‘m kredit oldim. Yaxshi insonlar ko‘mak berishdi. Natijada ko‘rkam bino qurildi  va MTMga aylantirdik. Hozir 120 bola tarbiyalanayapti. Tabiiy gaz bor, isitilishi  yaxshi. Ota-onalar bilan kengashib, har bir bola uchun 200 ming so‘mdan mablag‘ olayapmiz, kam ta’minlangan oilaning 20 nafar farzandiga imtiyoz berilgan. Prezidentimiz o‘tgan yili menga «Do‘stlik» ordenini topshirar ekan, ishimizga muvaffaqiyat tilagandilar. Bu ruhimni ko‘tardi.

Bolalar bilan suhbatlashaman, yetti yoshli Jalilxon Ziyomuddinov harbiy, Abdulatif Madatov shifokor bo‘lishni orzu qilayotganini aytdi. To‘g‘ri, ularning har biri ertaga turli kasblarni egallaydi. Ammo orzuga yetish uchun avvalo yaxshi bilim olish kerak. Xo‘sh, bunday iqtidorli, qalbi  orzuga to‘la bolalar qaysi maktabga boradi? Bu fikr 94-maktabga boshladi. Jami 840 o‘quvchiga 57 muallim dars bermoqda. Ko‘pchiligi  oliy ma’lumotli. Maktabda barcha sharoit yaratilgan. Matematika  fani o‘qituvchisi Yulduz Mahmudova dars o‘tayotgan 8-sinfga kirdik. O‘qituvchi bolalarga erkin fikrlash  ko‘nikmasini hosil qilishga  harakat  qilayotgani sezilib  turibdi. Jihozlari yaxshi , ko‘rgazmali qurollar yetarli.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri  o‘rinbosari O‘tkir Eshonqulov hozir tumandagi 102 ta maktabda  55 mingga yaqin bola ta’lim olayotgani, ustozlarning 65 foizi oliy toifali, o‘qitish sifati bo‘yicha viloyatda 3 o‘rinda ekanliklari, shuningdek,  to‘rt maktab binosi ta’mirlanayotganini aytdi.

Besh tashabbusning navbatdagi  yo‘nalishi – kompyuter savodxonligi uchun maktablarda yaxshi sharoit yaratilganini ko‘rdik. Ayrim hisoblarga ko‘ra,  16 mingdan ko‘proq o‘quvchi  kompyuterlarni ishlatishni erkin o‘rganib borayapti.

Men navbatdagi muhim  yo‘nalish – yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish  borasidagi ishlarga qiziqaman. Natijalar juda yuqori. «Barkamol avlod» bolalar markazida 30 to‘garak tashkil etilgan, 500 dan ziyod o‘g‘il-qiz turli sport to‘garaklarida shug‘ullanmoqda. Bir tadbirkor Koson shahridagi markaziy stadionni ta’mirlab beribdi. O‘yingoh va yopiq zallarni qo‘shganda, tumanda 430 dan oshiq   sport inshooti  yoshlar ixtiyorida. Guvalak qishlog‘idagi kurash va badiiy gimnastika zallarida  umidli sportchilar kamolga yetmoqda. Masalan, milliy kurash bo‘yicha Flora Ergasheva va Ozoda Toshmurodovalar xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

— Bu inshoot  oldingi yili ishga tushdi – deydi bolalar va o‘smirlar sport maktabi rahbari Anvar Ergashev. — Yopiq basseyn qurilishiga 3 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Binoga quyosh batareyalari   o‘rnatilgan va ular 7 oygacha suzish  havzasi suvini isitib beradi. Murabbiy Akbar Berdiyev  4 xil suzish usullarini  o‘rgatayapti. Hozir bu yerda shug‘ullanayotgan 200 nafar boladan  45 nafari qizlar. Tibbiyot hamshirasi kuzatib boradi, lozim topsak, do‘xtir chaqiramiz. Shifokorlar yo‘llanmasi bilan  ko‘krak qafasi noto‘g‘ri rivojlangan, oyoq bo‘g‘ini  xastaliklari  bor bolalar uchun alohida  suzish mashqlari o‘tkaziladi...

Bu yaxshi ishlar dilimga quvonch bag‘ishlaydi. Yurib-yurib «Mash’al» QFY idorasiga keldik. Boshqa joylarda bo‘lgani kabi tuman hududi 4 ta sektorga bo‘lingan bo‘lib, tuman hokimi odamlarni qabul qiladigan 1- sektor binosi yaqinda ishga tushibdi. Bolali ayollar, musiqa xonalari, shaxmat, shashka o‘ynaydigan xona, 2 ming jild kitob jamlangan kutubxona ishlab turibdi. Tikuvchilik sexida Dilorom Abdullayeva  qizlarga chevarlik sirlarini o‘rgatmoqda.

Besh tashabbusning  yana bir muhim yo‘nalishi —  xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ishga joylashtirish borasida ancha ishlar amalga oshmoqda. Murojaat qilgan  36 xotin-qizga  o‘z biznesini  tashkil etish  uchun  794 million  so‘m  kredit berilibdi. Bu yil 208 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi. Yana bir  reja haqida aytishdi. Nogironlar uchun  Koson shahrida  12 xonadonli yangi uy qurilar ekan...

ABADIY BOYLIK VA TADBIRKORLIK

Esaboy qishlog‘i ko‘p yillardan beri Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi shaharlari, hatto qo‘shni Turkmanistonga ham sertalab sara sabzi yetishtirib beradigan dehqonlari  bilan mashhur.. Qishloqda «Bir so‘m bo‘lsa ham, o‘n so‘m bo‘lsa ham sabzi ek, kam bo‘lmaysan», degan naql avloddan-avlodga o‘tib kelar ekan.

— Qishlog‘imiz azaldan sabzi, sholg‘om yetishtirib keladi, — deydi MFY raisi Akrom Mardonov. – Qishloqda 3,5 mingga yaqin  aholi istiqomat qiladi, 126 gektar tomarqamiz bor. Bahorda hovlida ertangi sabzi, sholg‘om yetishtiramiz. G‘alla o‘rilgach, fermerlardan ijaraga yer olib, kuzgi sabzi ekamiz. Yetilganlarini hozir kavlab, yuvib, xaridorlarga topshirayapmiz. Qani, yuring-chi!

Qishloqni oralayman, yangi uylar, mashinalar ko‘p. 5-10 gektar maydondagi sabzini  begona o‘tdan tozalab, sug‘orib, yashnatib qo‘ygan dehqonlarga qoyil qolasiz. 15 xonadon o‘ziga  issiqxona qurib, pamidor, bodiring, limon yetishtirar ekan.

— Dehqonchilik orqasidan yangi mashina oldik, uyli bo‘ldik. Yaxshi niyat qilib, savdo do‘koni, choyxona, kichik stadion qurdim.Etmaganiga bankdan 150 million so‘m kredit oldim, — deydi dehqon Sherzod Umrzoqov.

Tuman fermer, dehqon va tomarqa egalari kengashi mutaxassisi Nurjov Jo‘rayev aytaverdi, men yozib olaverdim. Fermer xo‘jaliklari bir taraf. Ammo bu yerda dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilik rivojiga ham  katta  e’tibor berilayotgan ekan. Esaboy qishlog‘ida sabzi, Pudinada uzum, Arabxona mahallasi chorvachilik mahsulotlari, Nartichuchuk mahallasi pomidor ko‘chatlari yetishtirishda namunali ekan. Asalarichilik, parrandachilik, baliqchilikni rivojlantirmoqchi bo‘lgan va issiqxonalar qurish istagini bildirganlarga milliard so‘mlab kredit ajratilib, ular qo‘llab-quvvatlanibdi. Menga 10-15  xonadonda tuya parvarishlab, shifobaxsh sutini  odamlarga yetkazib berayotgan, 60 million so‘m kredit evaziga 33  bosh tuyaqush olib kelib, parvarish qilayotgan tadbirkor oilalar haqida gapirib berishdi. Hozir tumandagi 3234 tadbirkorlik subyektining teng yarmi yakka tartibda mehnat qilayapti.

Bu yil 18 ming  100 gektar maydonga bug‘doy ekilib,  shartnomadagi  50 ming 198 tonna o‘rniga 66 ming tonna don davlatga yetkazib berildi. Yana 3299 tonna  sara urug‘lik don jamg‘arilgan. Yuqori hosilning sababini so‘raganimda, avvalo, astoyidil qilingan mehnat, deyishdi. Keyin melioratsiya, yangi drenaj tizimi  yaratilgani, zovur-ariqlar sifatli tozalangani,sug‘orishda ilg‘or usullar qo‘llangani mo‘l hosilga asos bo‘lganini aytishdi.

— Bu  yil baraka yog‘ildi, aka, — deydi quvonib «Temirova Zulayxo» fermer xo‘jaligi rahbari Xolbozor Babanov. — 53  gektar g‘allazorning  har gektaridan 70 sentnerdan hosil ko‘tardik. Shartnoma rejasini oshirib ado etdik. Endi 53 gektar maydondagi «Buxoro-6» navli paxta hosilini nobud qilmay yig‘ib olishga harakat qilayapmiz. Qarang, paxta chamandek ochilgan.

Darhaqiqat, paxtazordagi  hosilni ko‘rib, ko‘zingiz quvonadi. Jami 25 ming gektar paxtazor.  Paxtaning «Buxoro - 6» navi  74 foizni tashkil etadi, 6000 gektarda «Porloq» navi o‘stirilgan. Hosil shunchalikki, o‘rganib – chamalab, 67 ming tonnadan oshadi xirmonimiz,  deyishmoqda paxtakorlar.

 «Koson yog‘-ekstraksiya» MChJ da chigitdan yog‘ ajratiladi, chorva  uchun  yem tayyorlanadi, 200 ga yaqin ishchi xizmat qilayapti. Kelgusida yog‘ ishlab chiqaradigan yangi korxona qurish rejasi bor. Bugun 2 ming gektarda «Bunyodkor» MChJ klaster  usulida  paxta  yetishtirayapti. Kelgusida bu korxonaga ajratiladigan paxta maydoni 10 ming gektardan osharkan.

Yangilikni  ko‘rish uchun ushbu xususiy korxonaga bordim. Hozir ip-yigiruv korxonasida 75 ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Mahsulot to‘liq eksportga jo‘natilayapti. Ishboshi Mirzo Sharipovning aytishicha, uskunalar Germaniya va Xitoy davlatlaridan keltirilgan. Ko‘rdik — yana katta  yangi sex qurilayapti. Kelgusida tikuvchilik sexi tashkil etilarkan. Bu – yuzlab yangi ish o‘rinlari  degani.

Tumanda chorvachilikni rivojlantirish uchun ham katta imkoniyatlar mavjud. Jami yer maydonining 50 ming gektarga yaqini  yaylov. Ma’lumotlarga ko‘ra, 540 ming  boshdan ortiq qo‘y- echki, 167 ming boshdan ziyod koramol parvarish qilinmoqda.  Naslchilik ishlariga  katta e’tibor berilmoqda. Sutni qayta ishlash kichik korxonasi  faoliyat ko‘rsatayapti. Junni qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

— Biz bobolarimiz izidan borayapmiz, — deydi «Botir» terini qayta ishlash xususiy korxonasi rahbari Shamsiddin Toshmurodov. – Bobom jun, teri tayyorlovchi  bo‘lgan. Otam va keyinchalik men Samarqand qishloq xo‘jalik institutida qorako‘lchilik, teriga ishlov berish ilmini o‘rgandik. O‘g‘lim Sharafiddin Buxoro texnologiya institutida mo‘ynaga ishlov berish usullarini o‘rganib, yonimga kirdi. Xullas, otam 36 yil Buxorodagi qorako‘lni qayta ishlash korxonasida mehnat qildi, ancha yil bosh muhandis bo‘ldi. Demak,  bu kasb oilaviy. Xullas, 1996 yilda  kichik korxona tuzdik. Rossiya, Belarus  kabi davlatlarga  qorako‘l  teri , palto, shapka kabi mahsulotlarni eksport qilayapmiz.  Bu yil Belarus Respublikasining Vitebsk shahrida bo‘lib, qorako‘l teriga ishlov beradigan yirik korxonani  ko‘rdim, ishi bilan tanishdim. Natijada Belarus tadbirkorlari bilan qo‘shma korxona tuzdik. Shu yilning  1 avgust kuni  Prezidentimiz Belarus Respublikasiga  davlat tashrifi bilan bordilar. O‘shanda O‘zbekiston kunlari davom etayotgan , Minsk shahrida yurtimizda yetishtirilayotgan  mahsulot va buyumlarning ko‘rgazmasi ochilgandi. Yurtboshimiz ko‘rgazmaga kelib, ko‘plar qatori bizning korxona mahsulotlarini  ham ko‘zdan kechirdilar. Bundan g‘ayratimizga g‘ayrat ko‘shildi. Nasib etsa, boshqa orzularimiz ham ushaladi...

OBOD ShAHAR, OBOD QIShLOQLAR

Donishmandlardan birining obodonlik ko‘ngildan boshlanadi, degan hikmatli gapi bor. Buning to‘q ma’nolaridan biri – qalbda ezgu niyatlar bo‘lsa, kishi yaxshi ishlarga qodir, deganidir. Men dastlab, tumanda sog‘lomlashtirish  muassasalari ishi bilan tanishdim.

Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i  Olimjon Norboyev barcha oilaviy poliklinika va QVPlar ta’mirlangani, kelgusida yangilari qurilishi haqida gapirdi. Tug‘uruqxonada sharoitlar yaxshi bo‘lib, boshqa tumanlardan ham farzand kutayotgan bo‘lajak ayollar bu yerga kelisharkan. 250 o‘rinli tuman markaziy kasalxonasi kelgusi yilda to‘liq ta’mirlanar ekan. Suhbat asnosida Rayimso‘fi qishlog‘idan  bir tadbirkor issiq suv bilan davolaydigan sanatoriy qurgani tilga olindi.

Havasim, ko‘rgim keldi. Garchi, sihatgoh tuman markazidan 20-25 kilometr uzoqlikdagi «Turon» qo‘ychilik MChJ hududida  joylashgan bo‘lsa-da, yo‘lga  tushdik. Hamrohim — hokim o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov qishloqlar, obodonchilik ishlari haqida so‘zlab bordi. «Turon» xo‘jaligi katta yaylovlardan iborat ekan. Uzoqdan, yam-yashil daraxtzor ko‘zga tashlandi. Yaqiniga borguncha, daraxtlar bilan qoplangan binolarni ko‘rish qiyin. Archa, qarag‘ay, qayrog‘och va boshqa daraxtlar zich o‘rab olgan  binolar ichkarisiga kirdik. Shifokor Hazratqul Mavqayev 1450 metr chuqurlikdan qaynoq, shifobaxsh ma’danli  suv chiqqani, «Turon» sanatoriysi  ikki yil  oldin tashkil  topgani, 50 o‘rinli ekani, bel, oyoq va bo‘g‘inlardagi kasalliklar  davolanishi haqida  gapirib berdi. Ko‘p kishilar bilan suhbatlashdik. «Men Toshkentning  Chilonzor tumanida yashayman, dunyo kezib Chexiyadagi  Karlo Vari sanatoriysida ham davolanganman. Qarang, o‘zimizda shunday shifobaxsh suv bor ekan... Yana kelaman», deydi bemor Gulchehra Jo‘rayeva.

— Siz 15-20 yillik daraxtlarni  kesmay, qanday qilib binolarni qurganimiz bilan qiziqayapsiz, — deydi tadbirkor Arslon Elmurodov. — Qarang, biyday dalada shu joy daraxtzor. Ammo hech kim biror narsa  qurishni o‘ylamagan. Quruvchilar ashyolarni  qo‘lda tashib, shu binolarni tiklashdi. Ana, yon tomonda 100 o‘rinli  yangi imorat  qurilayapti. Hamma zamonaviy sharoit muhayyo bo‘ladi, chunki ma’danli suvimiz nihoyatda shifobaxsh. Bu yil 7 mingdan ko‘proq turfa daraxt ko‘chatini ekdik, yana nihollar olib kelamiz. Bemorlar soya-salqinda rohatlanib, davolanishadi...

 «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan Surxon, Jarqum, Maydayobu qishloqlarida boshlangan, nihoyasiga yetay deb qolgan ibratli ishlar bilan tanishdim. Bir joyda yangi yo‘l barpo etilayapti, yana bir joyda elektr simi tortilayapti, bir joyda yangi MTM qurilayapti, xullas, orzu-havas bilan qishloqlarni obod qilishmoqda. Koson tumandagi yana bir an’ana havasimni keltirdi. Biror joyda behudaga daraxtga tig‘ urishmas ekan. Bu tuman aholisining ibratli fazilati.

— Koson shahrining bosh loyihasi tuzilgan. Mo‘ljal, reja katta, — deydi tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i Fahriddin Nazarov. —  Mustaqillik ko‘chasida 3 ta,  har birida 24 xonadon yashaydigan yangi uylar, amfiteatr quriladi. Yo‘llar ta’mirlanadi, kengaytiriladi. Daraxtlar behuda kesilmaydi, hokimimiz shunday vazifa qo‘ygan.

— Keyingi yillardagi yaxshi ishlardan sevinaman, — deydi Koson shahridagi  markaziy bozor qurilishida ish boshqaruvchi bo‘lib turgan  Yusuf aka Jo‘rayev. — Kasbim quruvchi. Ilgari tumanda obodonchilik ishlari pala-partish olib borilardi. Masalan, hukumat dasturiga  kirgan markaziy dehqon bozorida ham o‘tgan yili bir ish boshlandi va to‘xtab qoldi. Yangi hokim ishga dadil kirishdi. Jami savdo o‘rni 1100 taga yetadi,188 ta yangi do‘kon  quriladi ,tadbirkorlarga yer ajratib  berilgan, ish boshlanib ketgan. Avval bozor hududi 2,5 gektar edi, yana 60 sotixga kengaymoqda. Choyxona, oshxonalar quriladi, favvora bo‘ladi. 350 mashina saqlanadigan avtoturargoh hozirlanmoqda. Darvoqe, bozor hududiga joy tanlab, daraxt ko‘chatlari o‘tqazaman. Toki, bozor-o‘charga kelganlar jazirama issiqda emas soya-salqinda xarid qilishsin. Rahmat, deyishsin.

Daraxt aslida obodlik ramzi. Qayerdaki, daraxt mo‘l bo‘lsa, bog‘lar bor bo‘lsa, bilingki, o‘sha yerda qalbi obod odamlar yashaydi. Kosonning daraxtzor va chamanzorga aylanib borayotgani bosh sababi ham shundan. Kosonni aylanib, shu kengliklar bag‘ridagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan buyuk shoir Abdulla Oripov aytganlari yodga tushadi:

O‘zbekiston yagona — Vatan uchun yashaylik,

Vatan ichra bir go‘zal chaman uchun yashaylik ...

 

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: