23.07.2019

O‘N YIL DAVOMIDA RESPUBLIKAMIZ HUDUDLARIDA

namunaviy loyihalar asosida 123 mingdan ortiq uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi

Milliy matbuot markazida «Qishloq hududlarida namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi Dasturlarida «Qishloq qurilish bank» ishtiroki» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda bankning qishloq joylarida namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishidagi ishtiroki, bu yo‘nalishda erishilayotgan natijalar va galdagi vazifalar bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

— Respublikamiz qishloqlarini obod qilish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan Davlat dasturlari doirasida 2009-2019 yillarda hududlarda namunaviy loyihalar asosida 123 mingdan ortiq uy-joy qurilishi bo‘yicha ish olib borildi, — deydi «Qishloq qurilish bank» ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Akbar Eshonqulov. — Ushbu uy-joylarning 80 mingdan ko‘prog‘i bevosita bankimiz tomonidan moliyalashtirildi. O‘tgan vaqt davomida qurilish ishlari uchun 15,41 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Bu borada birgina «Qishloq qurilish bank» tomonidan moliyalashtirilgan uy-joylar uchun 3,23 trillion so‘m aholining mablag‘i, 6,34 trillion so‘m bankning imtiyozli ipoteka krediti mablag‘i sarflandi. Namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishida aksiyadorlik tijorat «Qishloq qurilish bank» salmoqli o‘rinni egallamoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 24 noyabrdagi «Qishloq joylarda va fuqarolarning ayrim toifalari uchun arzon uy-joylar qurishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, joriy yildan boshlab qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi «Obod qishloq» dasturi bilan uzviy bog‘liqlikda amalga oshirilishi belgilangan. Mazkur hujjatga muvofiq, dastur doirasida uy-joylarning yangi namunalari joriy etildi.

Jumladan, dasturga kiritilgan aholi punktlari, shuningdek, aholi zichligi yuqori bo‘lgan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlanmagan hududlarda to‘rt qavatli arzon ko‘p kvartirali (2 va 3 xonali) uylar bunyod etilmoqda. Shuningdek, aholisi zich bo‘lmagan va zarur muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan ta’minlanmagan hududlarda 0.02 gektar o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan bir qavatli 3 xonali (yonma-yon quriladigan) arzon uylar ham bor.

Bugungi kunda ushbu bank ishtirokida qurilayotgan 6 ming 508 ta uy-joydan umumiy qiymati 400,65 milliard so‘mlik 2 ming 183 ta uy-joy Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan va umumiy qiymati 657,9 milliard so‘mlik 4 ming 325 ta uy-joy Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

2019 yilda quriladigan arzon uy-joylardan ayrimlarining energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarni qoplash maqsadida BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fondning 1 million AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘larining yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda bank bilan BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida quriladigan arzon uy-joylarning 800 tasini energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha 1 million AQSh dollari miqdoridagi qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha bitim tuzildi.

Matbuot anjumanida «Qishloq qurilish bank» ATB tomonidan qishloq hududlarida namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi bo‘yicha kelgusida belgilanayotgan vazifalar, bank faoliyatining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

 

Toshtemir MUROD.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: