O‘zbekiston XDP Namangan viloyat kengashi To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘quv-seminar o‘tkazdi. Unda partiya faollari, targ‘ibotchilar guruhi a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari ishtirok etdi.
Partiya viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Ergashali Abdullayev ishtirokchilarga yetakchi xislatlarini rivojlantirish texnologiyalari hamda notiqlik ko‘nikmalarini shakllantirish yo‘llari xususida atroflicha ma’lumot berdi.
— Saylov texnologiyalari deganda, saylovlarda maqsadga erishish uchun qo‘llanma bo‘ladigan aniq strategik reja tushuniladi, — dedi u. — Biz ko‘rsatayotgan nomzodlarda o‘ziga ishonch ustunlik qilgan taqdirda, saylovlarda g‘alaba qozonish imkoni ko‘payadi. Shuningdek, partiya xodimi qaysi siyosiy texnologiyani qayerda, qanday qo‘llashni bilishi ham juda muhim hisoblanadi. Masalan, fermer yoki oddiy inson bilan ilmiy atamalarni qo‘shib, rasmiy uslubda suhbatlashish yaramaydi. Demak, auditoriyaning tarkibi, yoshi, ijtimoiy holati, hattoki oilaviy ahvoligacha inobatga olinishi shart.
Seminarda bu yil barcha siyosiy partiyalar uchun sinovli yil ekani, hech bir partiya xodimining loqaydlikka berilishga haqqi yo‘qligi qayd etildi. O‘quv yakunida shahar va tuman kengashlari tomonidan mafkuraviy yo‘nalishdagi vazifalar yuzasidan tavsiyalar berildi.
Muhammadjon BADALOV,
O‘zbekiston XDP To‘raqo‘rg‘on tuman kengashidagi targ‘ibotchilar guruhi a’zosi.