· 2019-2020 yillarda Buxoro viloyatda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati qariyb 25 trillion 353 milliard so‘m bo‘lgan 625 ta investitsiya loyihasi dasturi ishlab chiqilgani ta’kidlandi. Bu salkam 30 ming doimiy ish o‘rni yaratishni ta’minlaydi.
· Buxoro viloyati turizm sohasida katta salohiyatga ega. 2021 yilgacha xorijiy sayyohlar sonini 2 barobar ko‘paytirish, turizm xizmatlari tushumini 350 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
· Joriy yilda Buxoro shahridagi «Buxoro-palas», «Varaxsha» va «Zarafshon» mehmonxonalari rekonstruksiya qilinib, 32 ta yangi mehmonxona, 9 ta motel va 50 ta mehmon uylari foydalanishga topshiriladi. Natijada mehmon o‘rni 7 mingtaga yetib, turistlarni qabul qilish imkoniyati qariyb 2 barobar ko‘payadi.
· G‘ijduvon — Kogon yo‘nalishidagi 122 kilometr yo‘lni ta’mirlash, «Etti pir» ziyoratgohlari o‘rtasida qulay va zamonaviy transport qatnovini yo‘lga qo‘yish, xalqaro halol standartini keng joriy etish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
· Mamlakatimiz infratuzilmasini yaxshilash uchun Osiyo investitsiya va infratuzilmalar banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlaridan jami 3,1 milliard dollardan ziyod mablag‘ jalb etish choralari ko‘rilmoqda.
· Davlatimiz rahbarining 2018 yil 10 iyuldagi qaroriga muvofiq viloyatning beshta tumanida «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan. Erkin iqtisodiy zona uchun 3 ming gektar yer ajratilgan. Joriy yilda 598 gektar yerda 98 ta loyiha amalga oshiriladi. Ular doirasida energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etilib, mahsulotlarni saqlash va qadoqlash uchun ekologik toza qutilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, 4 ming 300 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi. Qo‘shni davlatlarga 64 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.
· G‘ijduvon tumanidagi «Parvoz Humo Ravnaq Trans» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 9 gektardan ziyod maydonda qisqa muddatda yirik loyiha — ip-yigiruv korxonasi tashkil etildi.
· Umumiy qiymati 27 million AQSh dollari bo‘lgan fabrika uchun Ipoteka bank filialidan ajratilgan kredit evaziga Germaniya, Turkiya, Shveytsariya, Yaponiya va Hindistondan zamonaviy uskunalar xarid qilindi. Mas’uliyati cheklangan jamiyat o‘z mablag‘i hisobidan bino va inshootlarni qayta qurib, rekonstruksiya qildi.
· Joriy yil yanvarda ishga tushirilgan korxona yiliga 9400 tonna mahsulot ishlab chiqarish, 5 million dollarlik eksport qilish quvvatiga ega. Xalqaro andozalarga mos sifatli mahsulot ichki bozorga va xorijiy buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Qariyb 33 milliard so‘mlik ip-kalava sotilib, 1,1 million dollarlik mahsulot Rossiya, Turkiya, Polsha va Moldovaga eksport qilindi. Ayni paytda korxona Turkiyada savdo uyi tashkil etib, mahsulot eksporti bo‘yicha xorijiy sheriklar bilan muzokaralar olib bormoqda.
· Bu loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, ikkinchi bosqichda ishlab chiqarish quvvati yanada kengaytirilishi, eksport yiliga 51 million dollarga, ish o‘rinlari 1 ming 250 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.