02.04.2019

BUYUK KELAJAK SARI

yoki O‘zbekiston iqtisodiyotida yuz berayotgan jarayonlar to‘g‘risidagi mulohazalar

Davlatimiz rahbarining oliy darajadagi talabchanligi va shijoati, kundan-kunga kengayib borayotgan oshkoralik muhiti, statistik faoliyatni shaffoflik tamoyili asosida amalga oshirishdagi birinchi qadamlar hamda OAVning zamon bilan hamnafas faoliyat ko‘rsata boshlashi ta’sirida iqtisodiy rivojlanishdagi mavjud salohiyatning yangi-yangi qirralari ro‘yobga chiqmokda. Yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8 foiz emas, 5 foiz, yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari 1 millionta emas, 370 mingta, yillik inflyatsiya darajasi «prognoz parametrlari doirasida», degan mavhum ibora o‘rniga aniq foizlar bilan ifoda etilishi O‘zbekistonning ochiq mamlakatga aylanayotganini ko‘rsatdi va investitsion jozibadorlikni oshira boshladi. Shundan kelib chiqib, bugun oldimizda turgan eng dolzarb vazifa — vujudga kelayotgan yangi imkoniyatlardan samarali foydalanib, aholining barcha qatlami turmush farovonligi tubdan yaxshilanishiga erishishdir.

Mamlakatimizda 2016 yilning oxirida boshlangan keng qamrovli islohotlar 2018 yilda ham izchillik bilan davom ettirildi. Davlat buyurtmasi asosida xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining narxlari fermer xo‘jaliklari samarali ishlashini ta’minlaydigan darajagacha oshirildi, moliyaviy oqimlar izchillik bilan energetika sohasini kerakli investitsion manbalar bilan ta’minlashga yo‘naltirildi, turistik faoliyatni xalqaro standartlar talabiga moslashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Innovatsion g‘oyalar, ilg‘or texnologiyalarni yirik ishlab chiqarishlar va xususiy tadbirkorlik faoliyatiga jadallik bilan jalb etilishi natijasida YaIMning yillik o‘sishi 5,2 foizni tashkil etdi. Iqtisodiy tahlil o‘sish sur’atlari bundan ham yaxshiroq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmokda. Shu nuqtai nazardan joriy yilning 20 mart kuni mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yangi yil boshidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish holati chuqur tahlil etildi va qilinayotgan ishlar qoniqarsiz, deb topildi. Joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan mamlakatimiz iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni ikki baravar (marotaba) ko‘proq jalb etish maqsad qilib qo‘yilgan. Bunday ulkan natijaga erishish yo‘lidagi kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish maqsadida mutasaddi rahbarlar jiddiy ogohlantirildi va ular zimmasiga aniq vazifalar yuklandi. Ularning mohiyatini quyidagicha ifodalash mumkin... Qanday yo‘l tutsak, Xalqaro Savdo Tashkiloti tamoyillariga rioya qilgan bo‘lamiz, samarali investitsion faoliyat yordamida ichki bozorni mahalliy tovarlar bilan to‘yintirish, inflyatsiyani jilovlash va mehnat bozoridagi keskinlikni yumshatishga erishamiz? Albatta, ushbu savollar yechimi turli pog‘onadagi davlat boshqaruvi organlaridan oliy darajadagi safarbarlikni talab etadi.

Nima sababdan strategik hamkor mamlakatlar, xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan taklif etilayotgan investitsiyalarni o‘zlashtirish darajasi ko‘ngildagidek bo‘lmayapti degan savol ustida bizlar ham fuqarolik pozitsiyada turib mulohaza yuritishga harakat qilib ko‘raylik.

Dunyo iqtisodiyoti amaliyotidan ma’lumki, xorijiy investitsiyalar oqimining uzluksiz ko‘payib borishi ikkita o‘ta muhim omilga, birinchidan, mamlakat aholisining to‘lovchanlik qobiliyati (boshqacha qilib aytganda, ichki bozorning sig‘imi)ga va ikkinchidan, ishlab chiqarilishi mo‘ljallangan mahsulotlarning raqobatbardoshligiga bog‘liq. Makroiqtisodiy qarorlar shularni inobatga olib qabul qilinsa, investitsion faoliyat samaradorligini oshirish jarayoni oson kechadi. Mamlakatimiz aholisining to‘lovchanlik qobiliyatidagi tendensiyani quyidagi raqamlar bilan izohlash mumkin: «kun.uz» saytining ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizga xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan 2018 yilda 4,0 milliard dollarga yaqin mablag‘ jo‘natilgan, bu aholi umumiy pul daromadlarining to‘rtdan bir qismini tashkil etadi va 2,0 millionga yaqin oilaga tegishlidir. Ushbu ko‘rsatkich to‘rt yil ilgari 5,6 milliard dollarga teng ekanligi, 8-10 yil ilgari esa uning umumiy hajmi 10 milliard dollardan kam bo‘lmaganligini inobatga olsak, ichki bozor kengligini belgilaydigan ushbu investitsion manbaga yetarli e’tibor berilmasligi va ikkinchi darajali masala sifatida qaralishini tushunish qiyin.

O‘tgan yillar davomida xalqaro bozorlarga tayyor mahsulot bilan kirib borish yo‘lida uchratgan qiyinchiliklarimiz tajribasi asosida raqobatbardoshlikni ta’minlash uchun mahsulotlarning bozor narxi boshqa mamlakatlarnikidan pastroq, sifati esa yaxshiroq bo‘lishi shartligini, bunga esa birinchi navbatda erkin raqobat va yuqori malakali kadrlar yordamida erishish mumkinligini yaxshi tushunib oldik. Sir emaski, bunday muhitning yaratilishi muayyan vaqt talab etadi.

Markazlashgan, davlat mulki hukmronlik qiladigan iqtisodiy tizimni bozor iqtisodiyoti tizimiga transformatsiyalanishi davrida ham samarali ishlab chiqarishni ta’minlaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish va, qaysidir ma’noda, aynan shu sharoitda, yaxshi natijalarga erishish mumkin. Buning uchun turli pog‘onadagi menejerlardan chuqur iqtisodiy bilim, xalqimiz manfaatlariga nisbatan sodiqlik va kuchli iroda talab etiladi. Ilg‘or texnologiyalar va ilm-fanga tayangan holda mahsulot sifatini yaxshilash va mehnat unumdorligini oshirish, bunga qo‘shimcha tarzda energiya, transport, boshqaruv xarajatlarini tejash yo‘li bilan mahsulot tan-narxini pasaytirish va yuqori rentabellikka erishish, kredit resurslarini o‘ta ehtiyotkorlik bilan jalb etish va boshqa shunga o‘xshash omillardan ishlab chiqarish faoliyatining turli sohalarida foydalanish mumkin.

Masalaning dolzarbligi va      O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘ziga xos tomoni shundaki, sanoat va boshqa tarmoqlarning rivojlanishi, ularning moliyaviy holati agrar sohaga borib taqaladi. Modomiki shunday ekan, ushbu soha butun milliy iqtisodiyotimizning samaradorligini belgilab beradigan soha sifatida izohlanadi.

Tan olish kerak, o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari muayyan natijalarga erishish bilan bir qatorda yaratilgan katta imkoniyatlardan foydalana olishmadi, buning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor, albatta. Eng katta sabablaridan biri fermer va dehqon xo‘jaliklarini suv ta’minoti bilan bog‘liq qonunchilik talab darajasida takomillashtirilmaganligi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, tegishli vazirliklar va mahalliy hukumat organlari o‘rtasida boshqaruv funksiyalari alohida qilib belgilanmaganligi tufayli hisobot yilida yalpi qishloq xo‘jalik mahsuloti taxminan 600 million dollarga (ekvivalent summada) kam yetishtirildi. Shubhasiz, bu yo‘qotishlar joriy yilda mamlakatimizning oziq-ovqat xavfsizligiga, ayniqsa, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati korxonalarining moddiy ta’minoti va investitsion faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Yengil va oziq-ovqat sanoati ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan ta’minlashda, tashqi bozorlarni egallashda, aholi bandligini ta’minlashda real sektorning eng muhim o‘ringa ega bo‘lgan tarmoqlaridir. Shu borada investitsion faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishni boshlagan jiddiy bir masalaga e’tibor qaratmoqchiman. Statistik ma’lumotlardan ma’lum bo‘ldiki, 2018 yilda O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan amalga oshirilgan tashqi savdosida eksportdan ko‘ra, importning o‘sish sur’atlari yuqoriroq darajada bo‘lgan. Yangi yildan boshlab bizlar kichik korxonalarning aksariyatini umum belgilangan soliq to‘lash tizimiga o‘tkazdik, jumladan, ularga nisbatan QQSning stavkasi 20 foiz darajasida belgilandi, qo‘shni mamlakatlarda esa 12 foizlik stavka saqlanib qolindi. Bundan tashqari, qo‘shnilar mehnat sig‘imi yuqori bo‘lgan, ya’ni aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan sohalarda tabaqalashgan moliyaviy dastaklardan foydalanishni afzal ko‘rishadi. Natijada ularda ishlab chiqariladigan xalq iste’moli tovarlari biznikiga nisbatan arzon va sifat jihatidan qolishmaydi, bu esa O‘zbekiston mahalliy ishlab chiqaruvchilari uchun bundan keyin ham turli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Xulosa shuki, toki bizlar ham egiluvchan iqtisodiy dastaklardan foydalanish yo‘liga o‘tmas ekanmiz, investitsion faoliyat ham, ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘yintirish va tashqi savdo faoliyatidagi muammolar ham saqlanib qolaveradi. Birinchi chorak, kechi bilan yarim yillikning yakunlariga qarab QQS, mulk va yer soliqlarining iqtisodiy faoliyat, jumladan, ichki investitsion faoliyatga ta’siri har tomonlama chuqur tahlil etilsa va tegishli qarorlar qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shulardan kelib chiqadigan va investitsion faoliyat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ayrim masalalarga e’tibor qaratmoqchiman.      

1. Joriy yilda ham davlat buyurtmasi asosida yaratilishi ko‘zda tutilgan yangi ish o‘rinlari soni bilan mehnat bozoriga kirib kelayotgan aholi soni o‘rtasida katta farq mavjud. Vujudga kelayotgan vaziyatga tomoshabin sifatida qarash insofdan emas, nega deganda, joriy yildan boshlab o‘tmishda ijtimoiy sohalarda paydo bo‘lgan nomutanosibliklar imkon qadar bartaraf etilishi lozim. Buning uchun chuqur marketing tadqiqotlari yordamida eksport qilinayotgan xomashyo (mis, oltin, plastmassalar, teri, jun, pilla va boshqalar)ni tayyor mahsulotga aylantirishga xizmat qiladigan va har tomonlama asoslangan jozibali loyihalarni ishlab chiqish va xorijiy investorlarga taqdim etish lozim. Qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlikni jadallashtirish, ular hududida qo‘shma, ayniqsa, energiya sig‘imi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish korxonalarini ochish bo‘yicha takliflarni ilgari surish maqsadga muvofiqdir.

2. Go‘sht, sut va junni yetishtirish va qayta ishlash an’anaviy tarzda qishloq aholisi hayot farovonligi, shu bilan birga, ichki bozor kengligini belgilab beradigan asosiy yo‘nalishlardan biri ekanini ko‘pchilik yaxshi tushunadi. Ushbu mahsulotlarga ichki bozorda talab qancha kuchli bo‘lsa, eksport salohiyati ham bundan kam emas. Ma’lumki, sut va go‘shtning ko‘pi bilan 5 foizi sanoat yo‘li bilan qayta ishlanadi va shundan ko‘rinib turibdiki, bu sohaga investitsiyalarni jalb etish va aholi bandligini ta’minlashda katta imkoniyatlar mavjud. Faqat nozik tomoni shundaki, yirik shoxli qoramolning atigi 6 foizi tashkiliy sektor, qolgan qismi esa dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklarining tasarrufida. Shunday ekan, tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan hukumat qarorlari ushbu xususiyatni inobatga olgan holda qabul qilinishi kerak. Yangi iqtisodiy mexanizmni ishlab chiqish, uni chorvachilik sohasini yiriklashtirish (konsentratsiyalash) va ixtisoslashishga yo‘naltirilishi, butun soha uchun tegishli ozuqa bazasini yaratish — bugungi kunda jamiyatimiz oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biri sifatida hukumatimiz qarorlarida o‘z aksini topa boshladi, endi gap ijro intizomiga.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublikaning jami ekin maydoni 3,7 million gektardan iborat, shuning 2,5 million gektariga paxta va g‘alla, 350 ming gektariga ozuqa ekinlari joylashtiriladi. Nahotki, shuncha maydondan, bundan tashqari, paxta va g‘allani qayta ishlash, takroriy ekin sifatida olinadigan mahsulot mavjud qoramollarni ratsional tarzda oziqlantirish uchun yetarli bo‘lmasa? Yoki bu boradagi agrotexnika amaliyotida xalqaro tajribalardan umuman foydalanilmaydi va ilmiy yondashuvdan darak yo‘q yoki tashkiliy va ta’minot ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagan yoki statistika janobi oliylarining eski kasalligiga chek qo‘yilgan...

Bu borada soha mutaxassislari va boshqa manfaatdor shaxslar e’tiborini quyidagi takliflarga jalb etmoqchiman: Gap fermer xo‘jaliklari va tomorqa egalari tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlar iloji boricha bir-birini takrorlamasligi, shu yo‘l bilan narxlardagi mo‘tadillik saqlanishi, qilingan xarajatlar qoplanishi va muayyan rentabellik ta’minlanishi, buning uchun ozuqabop ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan xo‘jaliklarni tashkil etish masalasini alohida ko‘rib chiqish to‘g‘risida bormoqda. O‘tgan yili yo‘l qo‘yilgan xatolar takrorlanmasligi uchun moddiy, jumladan, suv ta’minoti, xarid qilish va moliyaviy masalalar tomonlar javobgarligini ifodalaydigan (o‘z ichiga olgan) namunaviy shartnomalar asosida yo‘lga qo‘yilishi lozim.

3. Paxta va g‘allaning xarid narxlari oxirgi ikki mavsum davomida davlat tomonidan mos tarzda 2,6 va 2,0 baravarga oshirildi, lekin bu ishlar agrar sohadagi investitsion faoliyatga kuchli ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, deb ayta olamizmi? Har yili minglab paxta terim mashinalari va traktorlar ishlab chiqarilishi hamda fermerlarga yetkazib berilishi kerak edi. Mazkur vazifa qay darajada bajarildi? Bu muammoni chuqur tahlil qilib, tagiga yetib bormasak va agar xarid narxlarini oshirish ishlari shunday davom ettirilsa, un ichki bozordagi, tekstil sanoatimiz esa jahon bozoridagi raqobatga dosh berolmasdan, iqtisodiyotimizda jiddiy muammolar vujudga kelishi mumkin. Tan olish kerak, agrar sohadagi investitsion faoliyatning samaradorligi birlamchi ishlab chiqarish pog‘onasida real ma’lumotlar asosida amalga oshiriladigan iqtisodiy tahlilga bog‘liq. Hozircha esa ushbu faoliyatda javoblardan ko‘ra savollar ko‘proq. Yuqoridagilarni inobatga olib oddiy va aniq taklif kiritmoqchiman. Paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida monitoring o‘tkazib, ekin maydonlariga mutanosib tarzda majburan agronom, buxgalter va muhandis lavozimini joriy etish lozim. Shu yo‘l bilan investitsion faoliyatda aniqlik paydo bo‘ladi va parallel tarzda yaqin 5 yil ichida kamida 120 ming kishi atrofidagi qishloq yigit-qizlarini oliy ma’lumotli qilib, ularni doimiy ish joyi va munosib ish haqi bilan ta’minlashga erishish imkoniyati vujudga keladi. Hozirgi xo‘jalik mexanizmi saqlanib qolaversa, bu ishlarni amalga oshirish hattoki ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari rahbarlarining ham parvoyiga kelmaydi.

4. Rivojlangan mamlakatlar OAV dunyoga mashhur kompaniyalarning moliyaviy holati, foyda olishdagi tendensiyalarni uzluksiz yoritib turadi, nega deganda bular tadbirkorlik faoliyatining oliy maqsadidir. O‘zbekistonda esa bu ishlar boshqaruv organlari e’tibori doirasidan chetda qolib ketmoqda, desak xato bo‘lmaydi. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtangazkimyo kompleksi, Asaka va Samarqand avtomobil zavodlari va boshqa yirik sanoat korxonalarida foyda olish ko‘rsatkichlari qanday izohlanadi, aksiyadorlik shaklida faoliyat yurituvchi Navoiy va Bekobod sement zavodlari, Xalq va Sanoatqurilish banklari va boshqalar o‘z ta’sischilari manfaatlarini ko‘ngildagidek dividendlar to‘lab qondira olyaptimi yoki yo‘qmi? Xorijiy investorni birinchi navbatda ana shu narsalar qiziqtiradi va agar chetdan investitsiyalar oqimini kengaytirmoqchi bo‘lsak, rivojlangan mamlakatlarda amal qiladigan tartib-qoidalarga rioya qilish yo‘liga o‘tishdan boshqa iloj yo‘q.

Nima sababdan uzoq yillar davomida to‘plangan nomutanosibliklar oxirigacha bartaraf etilmasdan turib, yangilari vujudga kelyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Nega deganda, boshqaruv organlari tomonidan tayyorlanadigan ayrim qarorlarda aniq hisob-kitob yetishmaydi, javobgar shaxslarni topish ham amri mahol. Misol uchun, bugungi kunda mahalliy va import qilingan bug‘doydan ishlab chiqarilgan 1-navli unning narxidagi farq 10-15 foizni tashkil etadi. Yangi mavsumdan boshlab fermerlardan bug‘doy 1,6 baravar qimmatroq narxda xarid qilinishi ko‘zda tutilgan, natijada mahalliy unning ulgurji narxi kamida 30 foizga ko‘tariladi. Ushbu qaror loyihasini tayyorlash jarayonida mahsulot raqobatbardoshligi va tashqi savdo ko‘rsatkichlari qaysi tomonga o‘zgarishi inobatga olinganmi? Bu savolga qaysi mutasaddi shaxs javob bera oladi?!

Real sektorning ayrim sohalarida to‘planib qolgan muammolar kam emas, ular boshqa sohalardagiga o‘xshab o‘z yechimini kutmoqda. Faqat iqtisodiy nazariyada shunday tamoyil hukmronlik qiladi: ehtiyojlar cheksiz, ularni qondirish uchun xizmat qiladigan resurslar esa cheklangan. Shundan kelib chiqib iqtisodiyotimiz belini sindirmaslik uchun investitsion faoliyatga ham, tashqi savdo faoliyatiga ham o‘ta katta e’tibor va ehtiyotkorlik bilan yondashishimiz, to‘plangan muammolarni esa chuqur o‘ylab, ketma-ketlikda bartaraf etishimiz lozim bo‘ladi.

Albatta, agrar sohani rivojlantirish qanchalik muhim masala bo‘lmasin, dunyoning 50 ta raqobatbardosh mamlakatlari qatoridan joy olish uchun yuqorida aytilganlar kifoya qilmaydi, parallel tarzda industrial sektor va turizm sohasini aniq hisob-kitoblar asosida, muayyan uyg‘unlik va ketma-ketlikda rivojlantirish kerak bo‘ladi. Buning uchun qaysi mahsulotni, qaysi texnologiyalar va kadrlar yordamida, qaysi bozorlar uchun ishlab chiqarishga qaratilgan dasturlar, lo‘nda qilib aytganda, mamlakatning uzoq muddatga mo‘ljallangan va makroiqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydigan rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish lozim.

Bu tahlillar mening uzoq yillar davomida olib borgan kuzatishlarimdan olgan xulosalarimdir. Ayrim fikrlarim bahsli yoki e’tirozli bo‘lishi mumkin. Marhamat, bahslashishga tayyorman, fikrlar xilma-xilligi, oshkoralik bugungi kun talabi. Qolaversa, haqiqat bahslarda tug‘iladi, degan qadim hikmat bor.

 

Ilhom VAFOYEV,

iqtisodchi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: