Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
22.04.2017

2017-2021 YILLARDA MAISHIY CHIQINDILAR BILAN BOG‘LIQ ISHLARNI AMALGA OSHIRISH TIZIMINI TUBDAN TAKOMILLASHTIRISH VA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 21 apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PF-5024-sonli Farmoniga muvofiq hamda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish, munosib yashash sharoitlarini yaratish, respublikada sanitariya va ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi turmush darajasi va sifatini yanada oshirish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzuridagi «Toza hudud» davlat unitar korxonalarining samarali faoliyatini tashkil etish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzuridagi «Toza hudud» davlat unitar korxonalarining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari huzuridagi «Toza hudud» davlat unitar korxonalarining tuman (shahar) filiallarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

qattiq maishiy chiqindilarning to‘planishi, ularni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish ishlarining kompleks sxemasi 3-ilovaga muvofiq;

2017-2021 yillarda maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash va utilizatsiya qilish tizimini takomillashtirishga doir tadbirlar 4-ilovaga muvofiq;

«Toza hudud» davlat unitar korxonalariga tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining bepul topshirilayotgan mulk ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq;

respublika shaharlarida sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni qattiq maishiy chiqindilarni elash bo‘yicha elektromexanika uskunalari bilan qo‘shimcha jihozlash prognoz parametrlari 6-ilovaga muvofiq;

2017-2018 yillarda «Toza hudud» DUKni maxsus texnika va uskunalar bilan qo‘shimcha jihozlash prognoz parametrlari 6 «a»-ilovaga muvofiq;

2017 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chiqindi to‘plash shoxobchalarini qurish va ularni konteynerlar bilan jihozlash bo‘yicha manzilli dastur 7-ilovaga muvofiq;

2017-2018 yillarda shaharlarda sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning faoliyat ko‘rsatayotgan poligonlari va «Toza hudud» DUKni jihozlash bo‘yicha manzilli dastur 8-ilovaga muvofiq;

2018 yilda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qattiq maishiy chiqindilarning yangi poligonlarini yaratish bo‘yicha manzilli dastur 9-ilovaga muvofiq;

2017-2018 yillarda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish prognoz parametrlari 10-ilovaga muvofiq;

2017-2021 yillarda qattiq maishiy chiqindilar poligonlarida organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha prognoz parametrlari 11-ilovaga muvofiq;

2017-2021 yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining mablag‘larini jalb qilgan holda shaharlarda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining ro‘yxati 12-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Toshkent shahrida chiqindilarni olib chiqish, chiqindi yig‘ish punktlari va qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini saqlash va ekspluatatsiya qilish «Maxsustrans» davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Respublika komissiyasi) 13-ilovaga muvofiq tashkil qilinsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va realizatsiya qilish tizimini, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etgan holda rivojlantirish, ularning faoliyatini rag‘batlantirish yo‘li orqali chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi to‘liq sikl qamrab olinishini ta’minlash;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi respublika organlari, shuningdek, mahalliy davlat boshqaruvi organlari miqyosida mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan tadbirlar, manzilli dasturlar, investitsiya loyihalari va prognoz parametrlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirib, ularning amalga oshirilishini monitoring qilish;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan tadbirlar, manzilli dasturlar, investitsiya loyihalari va prognoz parametrlarini amalga oshirish jarayonini har chorakda ko‘rib chiqish.

Respublika komissiyasiga, zarurat tug‘ilganda, mazkur qaror bilan tasdiqlangan tadbirlar, manzilli dasturlar, investitsiya loyihalari va prognoz parametrlarining yig‘ma va manzilli parametrlariga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Respublika komissiyasi bir oy muddatda:

Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini muvofiqlashtirish va takomillashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomni;

mazkur qarorning 5-12-ilovalariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan chora-tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari»ni tasdiqlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi:

manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qaror balan tasdiqlangan tadbirlar, manzilli dasturlar, investitsiya loyihalari va prognoz parametrlari o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlasin va har chorakda Respublika komissiyasiga tegishli axborotni kiritib borsin;

ikki oy muddatda «Toza hudud» DUK ustavlarini tasdiqlasin va shtatlarini malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin, shuningdek, zarur moddiy-texnika bazasi bilan jihozlanishini ta’minlasin;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda «Toza hudud» DUKning maxsus texnikalari uchun yoqilg‘i-moylash fondlari va limitlarini ajratish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

ikki oy muddatda maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish xizmati bo‘yicha abonentlari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslarni hisoblangan xatlovdan o‘tkazsin, marshrutlar jadvallarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlikda chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun abonentlar bilan shartnomalar tuzish va to‘lovlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etsin;

tadbirkorlik subyektlarining chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va realizatsiya qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishni nazarda tutsin;

ta’lim muassasalarida, fuqarolar yig‘inlarida chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunbuzarliklar profilaktikasiga oid seminarlar, anjumanlar, davra suhbatlarini doimiy ravishda o‘tkazib borsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha ushbu qaror bilan tasdiqlangan tadbirlar, manzilli dasturlar, investitsiya loyihalari, istiqbol ko‘rsatkichlarini amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

7. «O‘zavtosanoat» AK va «O‘zagrotexsanoatxolding» AJ «Toza hudud» DUK ehtiyojlari uchun mazkur qarorning 6 «a»-ilovasida nazarda tutilgan maxsus texnika (chiqindi tashuvchi va assenizatsion mashinalar va traktorlar) ishlab chiqarilishi va yetkazib berilishini o‘rnatilgan tartibda ta’minlasin.

8. «Qurilishmashlizing» ixtisoslashgan respublika lizing kompaniyasi» AJga mazkur qarorning 6 «a»-ilovasida nazarda tutilgan maxsus texnika, mexanizm va uskunalarni ixtisoslashgan sanitariya tozalash tashkilotlarining maxsus texnika va uskunalar parkini yangilash uchun lizing asosida yetkazib berish yuklatilsin.

9. Tijorat banklariga respublika shaharlaridagi ixtisoslashgan sanitariya tozalash tashkilotlarining ushbu qarorning 8 va 10-ilovalarida nazarda tutilgan qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini barpo etish va maxsus texnika hamda uskunalar bilan qo‘shimcha jihozlash uchun imtiyozli kreditlar berish tavsiya etilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining hisob-kitoblari asosida maishiy chiqindilarning uzluksiz olib chiqilishini ta’minlash maqsadida har yili maxsus texnika uchun zarur dizel yoqilg‘isi limitini ajratib borsin.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari:

bir oy muddatda tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi uchastkalariga biriktirilgan maxsus avtotransport vositalari va uskunalarini, chiqindi yig‘ish punktlari va konteynerlarini o‘rnatilgan tartibda «Toza hudud» DUKga bepul o‘tkazib berilishini tashkil etsin;

bir oy muddatda «Toza hudud» DUK avtotransport vositalarini saqlash uchun garajlar, maishiy chiqindilarni vaqtinchalik saqlash shoxobchalari va yangi poligonlar qurilishi uchun o‘rnatilgan tartibda yer ajratib berish ishlarini amalga oshirsin;

tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi uchastkalari mol-mulki «Toza hudud» DUKga to‘liq o‘tkazib berilgunga qadar yuridik va jismoniy shaxslarga maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish bo‘yicha to‘liq va uzluksiz xizmat ko‘rsatilishi ta’minlansin;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda «Toza hudud» DUKga va uning tuman (shahar)lardagi filiallariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun joylashgan hududidan binolar va xonalarni bepul foydalanish huquqi bilan taqdim etsin.

12. Belgilab qo‘yilsinki:

«Toza hudud» DUK huquqlari va majburiyatlari, shu jumladan, xodimlarga beriladigan ijtimoiy kafolatlar bo‘yicha tumanlar hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining qayta tashkil etish davrida mavjud bo‘lgan maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi uchastkalarining huquqiy vorisi hisoblanadi;

yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘ini hisoblashda «Toza hudud» DUKning soliqqa tortiladigan foydasi ushbu qarorning 6 «a», 8, 10-ilovalariga muvofiq manzilli dasturlarda nazarda tutilgan qattiq maishiy chiqindilar poligonlarini, chiqindilarni to‘plash shoxobchalarini qurish va barpo etish bilan bog‘liq xarajatlarga kamaytiriladi;

tuman hokimliklari huzuridagi obodonlashtirish boshqarmalarining maishiy chiqindilarni olib chiqish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi uchastkalaridan «Toza hudud» DUKga bepul o‘tkazib berilgan mol-mulklar qo‘shilgan qiymat solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, shuningdek, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i bo‘yicha soliqqa tortish obyekti bo‘lib hisoblanmaydi.

13. 2022 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan muddatga:

shaharlarda sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar, «Toza hudud» DUK va «Qurilishmashlizing» ixtisoslashgan respublika lizing kompaniyasi» AJ ushbu qarorning 5, 6 va 6 «a»-ilovalariga muvofiq o‘tkazib berilayotgan hamda xarid qilinayotgan maxsus avtotransport vositalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro‘yxatga olinayotganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l fondiga yig‘imlardan;

respublikada ishlab chiqarilmaydigan va mazkur qaror bilan tasdiqlangan chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish texnologik jarayonida ishlatiladigan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar asosida olib kirilgan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imidan tashqari) ozod etilsin.

14. Qonunchilikda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun joriy etilgan mol-mulk solig‘i to‘lovidan ozod etish imtiyozi «Toza hudud» DUK va «Maxsustrans» DUKga nisbatan tatbiq etilsin.

15. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda aholining keng qatlamlari orasida fuqarolarning huquqiy va sanitariya-ekologik savodxonligini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini tashkil etsin. Bunda chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha teleko‘rsatuvlarda ijtimoiy reklama ma’lumotlarini faol joylashtirish ko‘zda tutilsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2017 yil 21 aprel


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: