Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
04.04.2017

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORIGA SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga

SH A R H

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.

Oxirgi yillarda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasini tubdan isloh qilish va takomillashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida tibbiyot sohasining xususiy sektorini barqaror rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu sohaga mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining davlat sog‘liqni saqlash muassasalari tomonidan ko‘rsatilayotgan keng turdagi tibbiyot xizmatlarini sifat jihatidan yuksaltirish va yanada to‘ldirishga xizmat qiladigan muhim tarkibiy qism sifatida qaralmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimizda tibbiyot sohasining xususiy sektori faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimi faoliyat yuritmoqda. Ularga barcha turdagi soliqlar va qator majburiy to‘lovlar, shuningdek, chetdan olib kelinadigan yangi tibbiy asbob-uskunalar uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etish bo‘yicha imtiyozlar berilayotir.

So‘nggi 6 yilda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 2 barobar ko‘payib, 3,5 mingtaga yetdi. Ularni yuqori texnologiyali tibbiyot texnikasi bilan jihozlash darajasi 3 barobar oshdi. Ayniqsa, stomatologiya, laboratoriya tashxisi, terapiya, fizioterapiya, nevrologiya va boshqa sohalarga ixtisoslashgan xususiy tibbiyot muassasalari rivojlangan.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvlarida sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirishga hamon yetarlicha e’tibor qaratilmayotganini ta’kidladi.

Bu boradagi tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatiga oid qonunchilikda mavjud cheklovlar ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlarini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilashga, ayniqsa, tor ixtisoslikdagi tibbiyot sohalariga ilg‘or davolash usul va texnologiyalarini joriy qilishga to‘sqinlik qilmoqda. Ayniqsa, xususiy tibbiyot subyektlarining qishloq joylarda rivojlanishi darajasi qoniqarsiz holatda, ularning uchdan bir qismidan ziyodi Toshkent shahri va viloyatida faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan qabul qilingan qarorga muvofiq sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalish va vazifalari qatorida xususiy tibbiyot muassasalari tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy yuqori texnologiyali usullarini keng qo‘llagan holda sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda ularga kredit ajratish va moliyaviy yordam ko‘rsatish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalar va malakali mutaxassislarni jalb qilish, tibbiy xizmatlar eksportini kengaytirish, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish bozori infratuzilmasini rivojlantirish belgilangan.

Alohida ta’kidlash zarurki, qarorda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Xususan, ayni paytgacha xususiy tibbiyot muassasalariga 177 turdagi tibbiy xizmatlarning atigi 50 tasiga ruxsat etilgan bo‘lib, qolganlari taqiqlangan edi. Mazkur qarorga binoan endi ularga tibbiy xizmatlarning deyarli barcha turlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi.

Ruxsat etilgan tibbiy xizmat turlariga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, gelmintologiya, intervitsion kardiologiya, immunobiologik va immunoferment tashxis qo‘yish, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik va tibbiyot sohasida talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar kiritildi.

Shuni qayd etish lozimki, agar avval qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari tasdiqlangan bo‘lsa, endi faqat davlat sog‘liqni saqlash muassasalari amalga oshirishi mumkin bo‘lgan va xususiy tibbiyot muassasalari uchun taqiqlangan ayrim cheklangan faoliyat turlari tasdiqlanmoqda. Ushbu faoliyat turlari aholi hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, jumladan, o‘ta yuqumli, xavfli va karantin kasalliklarga tashxis qo‘yish va davolash, toksikologik, venerik va ruhiy xastaliklar, chaqaloqlar va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar kasalliklari va patologiyasini davolash, tug‘ruqni qabul qilish va homiladorlikni to‘xtatish, organlarni ko‘chirish, qon donorligini tashkil etish va boshqa o‘ziga xos yo‘nalishlar bilan bog‘liqdir.

Mazkur qaror xususiy tibbiyot muassasalariga keng ko‘lamli imtiyoz va preferensiyalar berilgani bilan ham alohida e’tiborga loyiq. Xususan, ushbu muassasalar 2022 yilning 1 yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Alohida ta’kidlash lozimki, taqdim etilgan soliq imtiyozlari xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini sezilarli darajada mustahkamlash imkonini beradi. Bo‘shagan mablag‘lar ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ularga servis-texnik xizmat ko‘rsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, yangi bino va inshootlarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishga maqsadli yo‘naltiriladi.

Taqdim etilgan soliq imtiyozlari hisobidan tejalgan mablag‘larning bir qismi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltiriladi. Shunday qilib, berilgan soliq imtiyozlari evaziga davlat bir vaqtning o‘zida aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish bilan birga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni kengaytirishni rag‘batlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal etadi, shu bilan birga xususiy tibbiyot muassasalari zimmasiga qo‘shimcha moliyaviy xarajatlar yuklanmaydi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga Moliya vazirligi va O‘zbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan soliq imtiyozlari taqdim etilishi natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar hisobidan Xususiy tibbiyot muassasalarining aholi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda materiallari uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi. Bunda mazkur ro‘yxatni tibbiyot muassasalarining ehtiyojidan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Alohida ta’kidlash lozimki, qishloq joylarda va chekka tumanlarda tibbiyot sohasida xususiy sektorni jadal rivojlantirish maqsadida qarorda qishloq joylarda tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida tashkil etiladigan yangi mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga yagona soliq to‘lovidan ozod etilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorda 2017 yil 1 maydan boshlab sog‘liqni saqlash sohasida kichik korxonalar xodimlarining yillik o‘rtacha cheklangan sonini 25 kishidan 100 kishigacha ko‘paytirish to‘g‘risidagi tasdiqlangan norma tibbiyot sohasining xususiy sektorida bandlikni kengaytirishni rag‘batlantirish imkonini beradi, xususiy tibbiyot muassasalari xizmat ko‘rsatadigan aholi sonini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Qarorda mustaqillik yillarida ushbu soha uchun birinchi marta ishlab chiqilgan Xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlangani ham alohida e’tiborga loyiqdir. Mazkur dasturda xususiy tibbiyot muassasalarini har tomonlama rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatining barcha yo‘nalishlarini qamrab olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, xususiy tibbiyot muassasalariga litsenziya berishni sezilarli darajada soddalashtirish va muddatlarini tezlashtirish, jumladan, litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorni 30 kundan 20 kungacha qisqartirish, litsenziya berish uchun davlat bojini eng kam ish haqining 10 barobaridan 5 barobarigacha kamaytirish nazarda tutilgan.

Dasturda xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish uchun ularni bino va xonalar bilan ta’minlashga doir amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga foydalanilmayotgan binolar, obyekt va xonalarni, ayniqsa, sog‘liqni saqlash tizimida tugatilayotgan muassasalarning davlat mulki bo‘lgan obyektlarini aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlariga «nol» qiymatida belgilangan tartibda bepul sotish, bunda mulkdorlar investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha majburiyatlarni zimmasiga olishini ta’minlash vazifasi topshirildi.

Shu bilan birga, kichik tadbirkorlik subyektlari, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalariga davlat mulkini ijaraga olishning maksimal muddatini amaldagi normalarga muvofiq 5 yildan 10 yilgacha uzaytirish ko‘zda tutilgan. Bunda sog‘liqni saqlash muassasalarining davlat mulkidan foydalanish uchun ijara to‘lovining eng kam stavkasini 20 foizga qisqartirish nazarda tutilgan.

Yangi tibbiyot obyektlari barpo etadigan va mavjudlarini rekonstruksiya qiladigan xususiy tibbiyot muassasalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa vakolatli organlarga ularning muhandislik-kommunal infratuzilma obyektlaridan hech qanday to‘siqlarsiz foydalanishini e’tiborga olgan holda, ularga yer uchastkalari, bino va xonalar ajratish vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga ikki oy muddatda yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, xususiy tibbiyot muassasalariga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, xususan, tibbiy xizmatlarni, ayniqsa, qishloq joylar va olis tumanlarda ko‘rsatish uchun yer uchastkalari ajratishda qo‘shimcha imtiyozlar berish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Xususiy tibbiyot muassasalariga kredit ajratish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga «O‘zmed-lizing» ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi ustav kapitalini ko‘paytirish orqali, shuningdek, xorijiy investorlar mablag‘larini jalb etish hisobidan tibbiyot muassasalariga zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar xarid qilish hajmini kengaytirish va lizingga berish chora-tadbirlari to‘g‘risida aniq takliflar kiritish topshirildi.

Tijorat banklariga xususiy tibbiyot muassasalariga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, jumladan, xorijdan sotib olish, boshlang‘ich kapitalni shakllantirish, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, aholiga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, jumladan, bank kredit kartalari bilan hisob-kitob qilish asosida xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmatlaridan foydalanish uchun iste’mol kreditlari taqdim etish tavsiya etilgan.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qarorda tibbiyotning xususiy sohasiga, ayniqsa, yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va xorijiy kapital ishtirokida qo‘shma tibbiyot muassasalari tashkil etish orqali ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishni kengaytirishga doir chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Mazkur qarorda xususiy tibbiyot muassasalarida ishlashga jalb etiladigan xorijlik shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat ko‘rsatadigan texnik mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslar daromad solig‘i hamda yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod etilishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston xususiy amaliyot vrachlari assotsiatsiyasiga O‘zbekistonda Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlarning yetakchi tibbiyot markazlari hamda klinikalari bilan hamkorlikda yirik davolash-tashxis qo‘yish muassasalari tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va kiritish tavsiya etildi. Bunda qarorga ko‘ra, xususiy tibbiyot muassasalarining xorijlik xodimlari boshqaruv personali sifatidagi faoliyatidan oladigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligiga xususiy tibbiyot tashkilotlarida ishlash uchun jalb etiladigan xorijlik shifokorlar va tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat ko‘rsatadigan texnik mutaxassislarga O‘zbekiston Respublikasiga kirish va yashash uchun ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam ko‘rsatish topshirildi.

Xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatini keng ko‘lamda rag‘batlantirish tibbiy sug‘urta tizimini keng joriy etgan holda, aholiga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan kafolatli bepul tibbiy yordam bilan birga, sifatli va arzon tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadigan pulli tibbiy xizmatlar bozorini jadal rivojlantirishni taqozo etadi.

Shu munosabat bilan qarorda tibbiy sug‘urta sohasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solish, ixtiyoriy va majburiy tibbiy sug‘urtaning huquqiy asoslarini belgilash, sug‘urta polislari bo‘yicha kafolatli yuqori sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, fuqarolar uchun tibbiy sug‘urta tizimida ishtirok etishda rag‘batlantiruvchi imtiyoz va preferensiyalar yaratish va boshqa masalalarga qaratilgan «Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida»gi qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz uchun munosib va sifatli hayot sharoitlarini yaratishga doir amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomi, shuningdek, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan ezgu g‘oyani hayotga izchil tatbiq etish borasidagi navbatdagi muhim qadamdir.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: