Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
01.12.2011

Qashqadaryo viloyati Kengashining sessiyasi

Shu yil 30 noyabr kuni Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi.

Biz odatda yurtimiz, O‘zbekistonimizni Ollohning nazari tushgan zamin, deb ataymiz. Buning yaqqol misoli sifatida Qashqadaryo vohasini ko‘rish o‘rinlidir, deb ta’kidladi Yurtboshimiz.

Darhaqiqat, Qashqadaryo deganda, barchamiz go‘zal va betakror bir o‘lkani, mana shu zaminga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, mehnat qilayotgan bag‘rikeng, azmi qat’iy insonlarni o‘zimizga tasavvur etamiz. Bu zaminning yer osti va yer usti boyliklari, g‘alla va paxta yetishtirish bo‘yicha respublikamizda yetakchi o‘rinda turishi, bugungi kunda yurtimizda qazib olinadigan tabiiy gazning 88 foizi, neftning 93 foizi ayni shu viloyat hissasiga to‘g‘ri kelishi shunday deb aytishga to‘la asos beradi.

Bu vohada mujassam bo‘lgan ulkan moddiy va ma’naviy boyliklar, iqtisodiy va intellektual salohiyat ayniqsa mustaqillik yillarida yorqin namoyon bo‘lib, el-yurtimiz manfaati, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgani barchamizni quvontiradi. Ayni vaqtda bu qadimiy va navqiron diyorning eng katta boyligi, hech shubhasiz, uning hayot sinovlarida toblangan, bag‘rikeng, mard va oriyatli xalqidir, dedi davlatimiz rahbari.

Sessiyada Qashqadaryodagi bugungi ahvol, mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, deputatlarni, viloyat jamoatchiligini nimalar qoniqtiradi, nimalarga esa salbiy baho berishimiz kerak, degan savollar asosida tegishli xulosalar chiqarib, fikr almashib olish maqsadga muvofiq ekani alohida qayd etildi. Birinchi navbatda, Qashqadaryo viloyatining ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ishni to‘g‘ri tashkil etish, avvalo, shu zaminda yashayotgan millionlab odamlarni bezovta qilayotgan, hali-beri yechilmasdan kelayotgan muammolarni yechish, bir so‘z bilan aytganda, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Esingizda bo‘lsa, sizlar bilan shu yilning iyun oyida, ya’ni paxtachilikda hosil taqdiri hal bo‘ladigan muhim pallada uchrashgan edik, deb o‘z fikrini davom ettirdi Yurtboshimiz. Aytish kerakki, yakunlanayotgan 2011 yilda ob-havoning g‘oyat noqulay kelgani, qattiq qurg‘oqchilik va suv taqchilligi qishloq xo‘jaligi uchun jiddiy muammolar tug‘dirdi. Ammo, fidoiy dehqon va fermerlarimizning ko‘p yillik tajribasi, omilkorligi va mardona mehnati hisobidan viloyatda 400 ming tonnadan ortiq paxta, 821 ming tonnadan ziyod g‘alla xirmoni bunyod etilganini ta’kidlab o‘tmoqchiman, dedi Islom Karimov.

Majlisda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi, Qashqadaryo vohasida ham keyingi yillarda viloyat ahlining fidokorona mehnati bilan ko‘pgina ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani haqida fikr yuritilib, quyidagi misollarga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmining o‘sishi 8 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va mahsulot turlarini ko‘paytirish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda qabul qilingan, sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash dasturi doirasida Qashqadaryoda keyingi to‘rt yil mobaynida yoqilg‘i-energetika, kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati sohalarida o‘sish jarayonlari kuzatilmoqda. Shu davrda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,4 barobar ortib, o‘rtacha yillik o‘sish darajasi 6,7 foizni tashkil etdi.

Ayni vaqtda viloyat iqtisodiyotiga kiritilayotgan investitsiyalar salmog‘i yildan-yilga ortib borayotgani ham e’tiborlidir. Bu haqda gapirganda, Muborakneftgaz, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo, Ko‘kdumaloq-gaz, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi, Tollimarjon issiqlik elektr stansiyasi kabi nafaqat yurtimizda, balki butun mintaqamizda ham eng yirik hisoblangan sanoat korxonalarida amalga oshirilgan katta-katta investitsiya loyihalarini eslab o‘tish zarur.

Viloyatda hozirgi kunda neft, gaz va kondensatdan keng foydalanish bilan birga kimyo mahsulotlari, kaliyli o‘g‘itlar ishlab chiqarish kabi yangi tarmoqlar ham jadal rivojlanmoqda. Masalan, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodining 275 million dollar qiymatga ega bo‘lgan birinchi navbati ishga tushirilib, bu zamonaviy korxonada ilgari katta miqdorda valyuta sarflab chetdan olib kelingan, iqtisodiyotimiz uchun nihoyatda zarur bo‘lgan 200 ming tonnalik mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, mazkur zavodning ikkinchi navbati qurilmoqda va u foydalanishga topshirilganidan so‘ng mahsulot hajmi 3 barobar ortib, yiliga 600 ming tonna o‘g‘it ishlab chiqarishga erishamiz.

Hozirgi vaqtda viloyatda 493 ming gektar maydonda dehqonchilik qilinib, mamlakat bo‘yicha tayyorlanadigan jami paxtaning deyarli 13 foizi, g‘allaning 14 foizi aynan Qashqadaryoda yetishtirilmoqda. Viloyat chorvachilik va bog‘dorchilik, parrandachilik kabi sohalarda ham katta imkoniyatlarga ega.

Rizq-ro‘zimiz manbai bo‘lgan yerning unumdorligini oshirish, melioratsiya ob’ektlarini rekonstruksiya qilish, qurish, ta’mirlash va tiklash maqsadida viloyatda keyingi uch yilda 34,5 milliard so‘m hajmidagi ishlar bajarilgani va buning natijasida 91,7 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilanganini ta’kidlash lozim.

Ma’lumki, aholining turmush darajasini yuksaltirishdek ezgu maqsad doimiy ravishda davlat siyosatimizning diqqat markazida bo‘lib kelmoqda, dedi davlatimiz rahbari. Qashqadaryoda bu yo‘nalish bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Bu haqda gapirar ekanmiz, aholini tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash, yangi-yangi maktablar, litsey va kollejlar, sog‘liqni saqlash muassasalari, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va sport maskanlari, zamonaviy turar-joy binolari, ko‘plab savdo ob’ektlari, bozorlar, servis va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari bunyod etilganini aytib o‘tish lozim.

Biz uchun eng katta boylik bo‘lgan el-yurt salomatligini asrash, xususan, qariyalar, ayollar va bolalarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish bo‘yicha izchil olib borilayotgan ishlar natijasida keyingi vaqtda bu viloyatda 18 ta tibbiyot muassasasi ishga tushirildi, mavjud shifoxonalar esa zamonaviy asbob-uskunalar, malakali kadrlar bilan ta’minlanib, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi oshirildi.

Shular qatorida viloyatda sportni rivojlantirishga katta e’tibor berilayotgani, Qashqadaryo yoshlari sportning turli sohalarida erishayotgan yutuqlar haqida to‘xtalib, Yurtboshimiz ayniqsa viloyatning “Nasaf” futbol jamoasi bu yilgi mavsumda Osiyo qit’asi kubogini qo‘lga kiritganini butun O‘zbekiston ahli mamlakatimizda futbol tobora rivoj topib borayotganining yaqqol nishoni deb qabul qilishi va xalqimiz bunday yutuq bilan so‘zsiz g‘ururlanishi tabiiy ekanini ta’kidladi.

Albatta, viloyat ijtimoiy hayotidagi bunday katta o‘zgarishlar shahar va qishloqlarning qiyofasini o‘zgartiribgina qolmasdan, eng muhimi, odamlarning ongu tafakkurini yuksaltirmoqda, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda. Uzoqqa bormasdan, mana shu Qarshi shahrini oladigan bo‘lsak, o‘zingiz bir qarang, uning bugungi ko‘rku chiroyini kechagi holati bilan mutlaqo solishtirib bo‘lmaydi, dedi Islom Karimov. Qashqadaryoda bo‘layotgan keng ko‘lamli yangilanish va o‘zgarishlarga boshqa viloyatlarda yashayotgan yurtdoshlarimiz ham havas bilan qaramoqda va bobomiz Amir Temur tug‘ilgan yurtni ziyorat qilib kelaylik, deb bu zaminga intilayotgan odamlar soni tobora ko‘payib bormoqda.

Sessiyada o‘z yechimini kutib turgan, viloyatda yashayotgan aholining bugungi va ertangi kuniga bevosita bog‘liq bo‘lgan dolzarb muammolarni hal qilish haqida ham atroflicha so‘z yuritildi.

Agarki o‘zimiz o‘z ishimizga tanqidiy baho bermasak, hech kim chetdan kelib bu ishni biz uchun qilib bermaydi. Bag‘rikeng, o‘z kuchiga ishongan odamlargina o‘zining ishiga to‘g‘ri baho berish, kamchiliklarni mardona tan olib, ularni tuzatishga qodir bo‘ladi, dedi Prezidentimiz.

Shu nuqtai nazardan qarab, viloyatda amalga oshirilgan ishlarga xolisona baho berar ekanmiz, eng muhimi, Qashqadaryo vohasining salohiyatini ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z yechimini kutayotgan muammolarni o‘zimizga tasavvur qilar ekanmiz, oxirgi yillarda yo‘l qo‘yilayotgan nuqson va kamchiliklar, bir so‘z bilan aytganda, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish sur’atlari pasayib borayotganiga e’tibor berishimiz zarur. Xususan, qishloq xo‘jaligini oladigan bo‘lsak, islohotlarni amalga oshirish, sohani modernizatsiya qilish va unga zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalarida jiddiy kamchiliklar mavjudligi yaqqol kuzatilmoqda. Joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 32 ming tonna paxta, 164 ming tonna g‘alla kam yetishtirilgani bu boradagi ana shunday oqsoqlikka misol bo‘la oladi. Paxtachilikda 5 ta tuman va 950 dan ortiq fermer xo‘jaligi yoki jami fermer xo‘jaliklarining 19 foizi shartnoma majburiyatlarini bajarmagani tufayli 18 ming tonnadan ko‘proq paxta xomashyosi yetkazib berilmadi. Paxta hosildorligi esa 8 ta tumanda o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 2 sentnergacha kamayib ketdi. G‘alla bo‘yicha ham shunday ahvolni ko‘rish mumkin. Ya’ni, 270 ta fermer xo‘jaligi tomonidan shartnomada belgilanganidan 10 ming tonna don kam yetkazib berilgan.

Bugun bunday holatning sababini viloyatdagi qaysi rahbardan so‘rasangiz, albatta, tabiat injiqliklarini, suv tanqisligini bahona qilib nolishdan nariga o‘tmaydi. Lekin azaliy bir haqiqat borki, nolib, noshukur bo‘lib yashasang, ishing ham yurishmaydi. Axir, bunday tabiiy qiyinchiliklar faqat Qashqadaryoda yuz berayotgani yo‘q-ku, dedi Yurtboshimiz.

Avvalambor, viloyatda seleksiya va urug‘chilik ishlarining o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, navlarni to‘g‘ri tanlash va joylashtirishdagi kamchiliklar, mavjud texnika parkining eskirgani, agrotexnika tadbirlarini qo‘pol buzish holatlari shunday salbiy oqibatlarga olib kelayotganiga e’tibor qaratildi.

Viloyatda g‘o‘zaning yangi va istiqbolli navlarini yaratish ishlari ham qoniqarsiz bo‘lib, har yili g‘o‘za navining 15-18 xili sinab ko‘rilishiga qaramasdan, hududga mos navlarni tanlash va joriy etish ishlari aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yilmagan. Asosiy maydonlarga bundan 20 yil oldin boshqa hududlar uchun mo‘ljallab yaratilgan “Buxoro-6”, “Namangan-77” navlari ekilmoqda.

Ma’lumki, 2008 yilda viloyatda Qashqadaryoning tuproq-iqlim sharoitiga mos keladigan bug‘doyning yangi navlarini yaratish, ayniqsa, qattiq bug‘doy navlarini keng joriy qilish maqsadida Boshoqli don ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilingan edi. Bugungi kunga qadar bu institutda 16 mingdan ortiq turli nav va liniyalar sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, hali ishlab chiqarishda o‘z o‘rnini topgan navlar yo‘q, bir so‘z bilan aytganda, aniq natija ko‘rinmayapti. Bu yerdagi ishlar pala-partish tashkil etilib, institut faoliyatida mantiq va mazmunning yetarli emasligi tobora o‘z isbotini topmoqda. Bu institut misolida ilm-fanning so‘nggi yutuqlarini amaliyotda qo‘llash emas, balki bu ilmiy dargohni rahbarlarga va jamoatchilikka ko‘z-ko‘z qilib, soxta obro‘ orttirishga urinish maqsadi borligi majlisda afsus bilan qayd etildi.

Viloyatda sanoat tarmoqlarini barqaror rivojlantirishga yetarli e’tibor berilmayotgani, rejalashtirilgan loyihalar o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani, mavjud salohiyat va quvvatlardan samarali foydalanilmayotgani ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda.

Birinchidan, viloyatda o‘tgan yili sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 2009 yilga nisbatan pasayib, 96,8 foizga tushib qolgan. Ayniqsa, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalarida mavjud uskunalar eskirgani mahsulotlar sifati pastligiga va ularni ishlab chiqarishga energiyaning me’yoridan ortiqcha sarflanishiga olib kelmoqda. Natijada mahsulot tannarxi oshib, ko‘riladigan zarar miqdori ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda viloyatda zarar ko‘rib ishlayotgan korxonalar soni 9 taga yetib, umumiy zarar miqdori 1,2 milliard so‘mni tashkil etayotgan bo‘lsa-da, bunday murakkab ahvolni tuzatish uchun zarur amaliy choralar ko‘rilmayapti.

Ikkinchidan, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni diversifikatsiya qilish, ya’ni, ularning turini kengaytirish va raqobatdosh mahsulotni ko‘paytirish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tiboringizni qaratishni istardim, dedi davlatimiz rahbari. Bu borada muhim o‘rin tutishi lozim bo‘lgan mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish ishlari ham talab darajasida emas. Viloyatdagi mavjud 2 ming 821 ta korxonadan faqat 7 tasi ana shunday mahsulot ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Joriy yilda dasturga bor-yo‘g‘i ikkita yangi loyiha taklifi berilgan. Bunday holat yildan-yilga takrorlanib, surunkali tus olayotgani ayniqsa achinarlidir.

Har yili mamlakatimiz poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi doirasida yaratilgan imkoniyatlardan viloyatda keng va samarali foydalanilmayapti. Jumladan, joriy yilning oktyabr oyida o‘tkazilgan navbatdagi ana shunday yarmarkada viloyatdan faqat 11 ta korxona ishtirok etgan, xolos. Ular imzolagan shartnomalar qiymati 2012 yilda viloyatda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotining atigi 0,5 foizini tashkil etadi. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: viloyat rahbarlarining bundan xabari bormi yoki yo‘qmiq

Uchinchidan, sanoatning qayta ishlash tarmog‘i ham e’tibordan chetda qolib kelmoqda. Masalan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash atigi bir-ikki foiz darajasida ekani hech kimni qoniqtirmaydi, albatta. Viloyat aholisining bunday tayyor mahsulotlarga bo‘lgan talabi boshqa hududlar hamda import hisobidan qondirib kelinmoqda. Oxirgi ikki yilda Qamashi, G‘uzor va Yakkabog‘ tumanlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha mo‘ljallangan loyihalar bajarilmasdan qolmoqda.

To‘rtinchidan, nooziq-ovqat iste’mol mollari ishlab chiqarish bo‘yicha hududiy dastur shakllantirilganiga qaramasdan, tumanlarda ana shu turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishda deyarli o‘zgarish sezilmayapti. Keyingi yillarda Qashqadaryo viloyati aholi jon boshiga iste’mol tovarlari ishlab chiqarish bo‘yicha mamlakatimizda o‘n ikkinchi o‘ringa tushib qolganini qanday izohlash mumkinq

Agarki bu masalani tumanlar misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, ahvol yanada achinarli ekaniga guvoh bo‘lamiz. Misol uchun, Qarshi, Nishon, G‘uzor, Kasbi va Dehqonobod tumanlarida aholi jon boshiga iste’mol tovarlari ishlab chiqarish atigi 12-25 ming so‘mni tashkil etmoqda, xolos.

Yana bir jiddiy kamchilik shundan iboratki, mahalliy hokimliklar tomonidan xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarni tashkil etishga va hududning eksport salohiyatini oshirishga yetarli e’tibor berilmayapti. Ayniqsa, Nishon tumanida birorta ham qo‘shma korxona tashkil etilmaganiga nima desa bo‘ladiq

Viloyatda xizmat ko‘rsatish sohasida birmuncha ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, mavjud holatni chuqurroq tahlil qiladigan bo‘lsak, bugungi kunda viloyat yalpi hududiy mahsulotida xizmatlarning ulushi bor-yo‘g‘i 21,6 foizni tashkil etayotganini ko‘ramiz. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida bu ko‘rsatkich 48,6 foizni, rivojlangan davlatlarda esa kamida 60 foizni tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, Qashqadaryo viloyatida bu sohada ham qoloqlik kuzatilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soha rivoji uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida kichik biznesning viloyat iqtisodiyotidagi ulushi 5 yil mobaynida 39,5 foizdan 55 foizga o‘sgani ijobiy baholashga arziydi. Ayni vaqtda ko‘rilgan choralarga qaramasdan, ayrim tarmoqlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji past darajada qolayotganini aytishga to‘g‘ri keladi. Masalan, sanoatda bu sohaning ulushi 25 foizni tashkil etmoqda. Tumanlar miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, Mirishkor va Nishon tumanlarida bu raqam 5-7 foizni, G‘uzor tumanida esa 0,3 foizni tashkil etayotgani bu boradagi haqiqiy ahvolni ko‘rsatib turibdi.

Bundan tashqari, tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida berilgan kreditlar miqdori o‘tgan yilga nisbatan sezilarli ravishda ko‘paygan bir paytda bu ko‘rsatkich Chiroqchi tumanida 15, Dehqonobod tumanida esa 27 foizga kamayganini qanday tushunish mumkinq

Bugungi kunda biz uchun eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan aholini ish bilan ta’minlash, oilalar uchun barqaror daromad manbaini yaratib berish borasida Qashqadaryo viloyatida bir qator ishlar amalga oshirildi. Buni viloyatda band bo‘lgan aholi soni joriy yilning hisobot davrida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,2 foizga oshgani ham ko‘rsatib turibdi. Viloyatda oxirgi uch yilda qariyb 224 ming yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lsa-da, bu masalaga qishloq joylarda alohida e’tibor qaratilmayotganini qayd etish kerak. O‘tgan o‘quv yilida viloyatdagi kollejlarni bitirgan yoshlarning 96 foizi ishga joylashtirilgani e’tiborga loyiq, albatta. Ammo 1 ming 516 nafar yosh bitiruvchi ish bilan ta’minlanmasdan qolgani joylarda hali-beri biz uchun o‘ta muhim bo‘lgan bu masalaga yetarlicha ahamiyat qaratilmayotganidan dalolat bermoqda.

Yoshlar – bizning kelajagimiz, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi, deb ko‘p gapiramiz. Bugun kuch-quvvatga to‘lib, hayotga katta orzu-umidlar bilan kirib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizni munosib ish bilan ta’minlash, ularning yo‘lini ochib berish – ota-ona, ustoz va rahbar sifatida bizning nafaqat vazifamiz, balki asosiy burchimiz bo‘lishi zarur, mana shu haqiqatni hech qachon unutmasligimizni istardim, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

Qishloqlarimizni obod etish, ularning qiyofasini tubdan o‘zgartirish, qishloqda yashayotgan odamlarning turmush sharoitini zamon talablariga moslashtirish, kerak bo‘lsa, shahar sharoitiga yaqinlashtirish yo‘lida keyingi yillarda boshlagan ezgu ishlarimiz butun xalqimiz tomonidan qanday katta qiziqish va e’tibor bilan kutib olinganidan barchamiz yaxshi xabardormiz. Bu borada ayniqsa namunaviy loyihalar asosida uy-joylar barpo etish bo‘yicha olib borayotgan ishlarimiz alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Albatta, Qashqadaryo viloyatida ham ana shunday loyihalar asosida har tomonlama qulay va obod, zamonaviy turar-joy massivlari qad rostlayotgani ko‘pchilik uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Shu boradagi ishlarning uzviy davomi sifatida joriy yilda 805 ta namunaviy uy-joy barpo etish bo‘yicha qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Lekin ana shu o‘ta muhim masalada mas’uliyatsizlik va pala-partish yondashuvlar ko‘zga tashlanayotgani joylardagi ko‘pchilik rahbarlar bu masalaning mohiyati va ahamiyatini hanuzgacha chuqur anglab yetmaganini ko‘rsatadi. Masalan, Chiroqchi tumanidagi “Jar”, Nishon tumanidagi “Yangi hayot”, Kasbi tumanidagi “Denov” va “Qamashi”, G‘uzor tumanidagi “Arab” massivlari aholining talab va ehtiyoji to‘liq hisobga olinmay tanlangani majlisda afsus bilan qayd etildi.

Buning ustiga, qurilishni amalga oshirish uchun pudratchi tashkilotlarni tanlashda ham jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Misol uchun, Shahrisabz tumanidagi “Xo‘jaxuroson” massivida “So‘g‘diyona” va “Doston qurilish invest” korxonalari qurilish ishlarini o‘z vaqtida tashkil eta olmagani sababli boshqa pudrat tashkilotlarini jalb etishga to‘g‘ri kelgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan qo‘pol xato va kamchiliklarni, birinchi navbatda, shu sohalarga mas’ul bo‘lgan rahbar va xodimlarning ishga sovuqqonlik bilan qarashi, eng muhimi, butun O‘zbekiston bo‘yicha keng rivoj topayotgan bunday loyihalarning ahamiyatini, naqadar dolzarbligini tushunishga aqli yetmaganining natijasi, deb qabul qilish kerak. Avvalambor, katta kelajagi bor bunday ishlarni obro‘sizlantirish harakatlariga yo‘l qo‘yishni chidab bo‘lmaydigan holat, deb baholayman. Bu masala bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan maxsus komissiya tuzib, viloyatdagi ahvolni chuqur o‘rganish, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarni qonuniy javobgarlikka tortish zarur, deb ta’kidladi Prezidentimiz.

Bugungi kunda “Obodlik ko‘ngildan boshlanadi” degan olijanob da’vat mamlakatimizda umummilliy harakatga aylanib, yurtimizning barcha uzoq-yaqin shahar va qishloqlarida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Buning tasdig‘ini Andijon, Samarqand yoki Namangan viloyatlarida, Qo‘qon shahrida – barcha hudud va mintaqalarimizdagi odamni hayratga soladigan beqiyos o‘zgarishlar misolida ko‘rish mumkin.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Qashqadaryo viloyatida ham ko‘pgina ijobiy ishlar amalga oshirilayotganini tan olmaslik adolatdan bo‘lmaydi, deb qayd etdi Yurtboshimiz. Xususan, Shahrisabz va Qarshi shaharlarining 2700 yillik yubileylari munosabati bilan viloyatda katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari bajarilganini ta’kidlash o‘rinlidir. Lekin, afsuski, bu boradagi amaliy harakatlar keyingi vaqtda yangi bosqichga ko‘tarilish o‘rniga, susayib borayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Davlatimiz rahbari Qarshi shahri bo‘yicha alohida to‘xtalib, bu yerga oxirgi marta kelganimda shaharning yubileyidan so‘ng biron-bir ko‘zga ko‘rinadigan ish qilinmagani to‘g‘risida viloyat rahbarlariga tanqidiy fikrlar bildirgan edim, deb qayd etdi. Biroq hozirga qadar bu borada qandaydir amaliy harakatlar sezilmayapti. Xususan, oxirgi yillarda shahar markazini shakllantirish bilan bog‘liq ishlar umuman to‘xtagan va o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Shaharning O‘zbekiston, Nasaf va Qorlibog‘ot kabi prospektlari torligi tufayli jamoat va shaxsiy transport qatnovi, aholi uchun qanday noqulaylik tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, shaharning markaziy ko‘chalarini obodonlashtirish va irrigatsiya tizimini yangilash, aholi uchun zamonaviy turar-joylar qurishdek muhim masalalar ham o‘z yechimini topmasdan qolmoqda.

Majlisda bunday vaziyatni tubdan o‘zgartirish maqsadida hozirgi vaqtda Qarshi shahrini rekonstruksiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilayotgani aytib o‘tildi. Jumladan, tegishli vazirlik va mutasaddi idoralar tomonidan shaharning 2030 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasini tayyorlash bo‘yicha ish olib borilayotgani haqida qisqacha ma’lumot berildi. Shaharning Jayhun ko‘chasini G‘uzor va Nishon tumanlaridan keladigan yo‘llar bilan, Nasaf ko‘chasini esa Yangi hayot ko‘chasi bilan tutashtirish nazarda tutilayotgani ta’kidlandi. Ayni vaqtda bu yerdagi kanalizatsiya tizimini rekonstruksiya qilish va kengaytirish, Qarshi magistral kanali, Ayrum va Chap qirg‘oq kanallarining suvi hisobidan shahar hududining sug‘orish tizimini yaratish, O‘zbekiston, Nasaf va Qorlibog‘ot ko‘chalarida yomg‘ir suvlari chiqib ketadigan tarmoq barpo etish belgilanayotgani qayd etildi. O‘zbekiston, Nasaf va Amir Temur ko‘chalari bo‘ylab birinchi qavatida savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari joylashtiriladigan ikki, uch va to‘rt qavatli binolar qurish, shu bilan birga, ekologik jihatdan zararli va aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir qator korxonalarni bosqichma-bosqich shahar hududidan chetga chiqarish, shaharning muhandislik va transport kommunikatsiyalarini takomillashtirish yuzasidan ham zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilayotganiga e’tibor qaratildi.

O‘ylaymanki, bu rejalarimizni amalga oshirish natijasida Qarshi shahri mamlakatimizning eng go‘zal va obod maskanlaridan biriga aylanadi, inshoollo, dedi Yurtboshimiz.

Sessiyada bunday ishlar faqat viloyat markazi bilan chegaralanib qolishi kerak emasligi, ular barcha tumanlarda, olis va chekka qishloqlarda ham muntazam ravishda olib borilishi va bu masala mahalliy hokimliklarning diqqat markazida turishi shartligi uqtirib o‘tildi.

Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlar haqida yana ko‘p gapirish mumkin, o‘ylaymanki, bu zalda o‘tirgan faollarimiz ham mavjud oqsoqliklar va ularning sabablari haqida yana qo‘shimcha misollar keltirishi qiyin emas, dedi Prezidentimiz. Lekin, mening nazarimda, yuqorida ko‘rsatilgan kamchiliklarning asosiy sababi viloyat rahbarlari, avvalo, viloyatning birinchi rahbari N.Zayniyevning mas’uliyati va ish uslubi bilan bog‘liqdir.

Albatta, u viloyat rahbari sifatida ish boshlagan dastlabki davrda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish, olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ancha harakat qildi va bu yo‘lda erishilgan natijalarda uning ham hissasi bo‘lganini bugun xolisona tan olishimiz kerak.

Shu bilan birga, viloyatda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarda bir vaqt boshlagan ishlarni izchil sur’atlar bilan davom ettirish uchun aholini, mutaxassis va faollarni keng jalb etish, eng muhimi, tumanlar rahbarlarining boshini qovushtirishda ishlarning samarasi susayib ketishi viloyat hokimiga bog‘liq ekanini qayd etish lozim.

Uning ish faoliyatida talabchanlik va mas’uliyatning bo‘shashib, tashabbus va izlanishning yetishmasligi kabi holatlar kuchayib borayotganini kuzatish qiyin emas. Bunday holat, ko‘p marta ogohlantirishga qaramasdan, afsuski, ko‘pdan buyon davom etib kelmoqda.

Barchamiz yaxshi bilamiz, Qashqadaryo xalqi azaldan mehnatkash, ishning negizini biladigan xalq sifatida nom qozongan. Bugungi kunda biz o‘z oldimizga og‘ir va murakkab vazifalar, marralarni qo‘yar ekanmiz, ko‘p narsa ishni oqilona boshqarishga, uzoqni ko‘zlab, avvalambor, shu maqsadga intilgan faollarni o‘z ortidan ergashtira oladigan yetakchiga bog‘liq ekani majlisda alohida ta’kidlandi.

Bu haqda, rahbarning mahorati va ustaligi haqida so‘z yuritar ekanmiz, bir fikrga alohida urg‘u berib aytmoqchiman, dedi Islom Karimov. Har qaysi boshlangan ishning samarasi va pirovard natijasi avvalambor shu ishga bel bog‘lagan faollar va rahbarlarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun, ta’bir joiz bo‘lsa, yagona bir musht bo‘lib maydonga chiqishiga, eng asosiysi, yetakchining har qaysi xodimning bilimi va tajribasini, o‘ziga xos alomatlarini bila turib, ularni umumiy maqsadga intilgan kuchga aylantira olishiga, ularning g‘ayrati va imkoniyatlariga suyanish, vaqti kelganda talabchan bo‘lish, kerak bo‘lsa, qattiqqo‘l bo‘lish, shu bilan birga, o‘z qo‘l ostida ishlayotgan odamlarni qo‘llab-quvvatlashga, himoyalashga qodir bo‘lishiga bog‘liq.

Yana bir muhim masala borki, u haqda ham eslatib o‘tishni joiz deb bilaman. Tuman, shahar yoki viloyat miqyosida erishilgan barcha yutuqlarni har qaysi rahbar o‘zining nomi bilan bog‘laydigan bo‘lsa, o‘rinli-o‘rinsiz maqtanib gapiradigan bo‘lsa, birinchidan, bunday holat juda xunuk ko‘rinadi, ikkinchidan, bu rahbarga hech qachon obro‘ keltirmaydi. Bu haqiqatni, o‘ylaymanki, barchamiz juda chuqur anglab olishimiz darkor.

Bu gaplardan bitta xulosa chiqarish mumkin. Bugun juda tez o‘zgarib borayotgan zamonning o‘zi hammamizning oldimizga ulkan va o‘ta mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda. Nafaqat bugungi hayot bilan hamqadam bo‘lib yashash, balki ertaga yo‘limizda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammo va tahdidlarni, boshimizga tushishi mumkin bo‘lgan savdolarning yechimini hozirdan o‘ylab yashashimizni talab qilmoqda. Binobarin, rahbarlik vazifasida o‘tirgan har qaysi odam o‘z mas’uliyatini yuz karra ko‘proq sezishi darkor, deb qayd etdi davlatimiz rahbari.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. N.Zayniyev Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hokimi vazifasida ishlab kelgan Turobjon Jo‘rayev Qashqadaryo viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Hozirgina sizlar bilan saylab, tasdiqlab olgan yangi rahbar bugun aytilgan tanqidiy gaplardan xulosa chiqarib, Qashqadaryoning ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish sur’atlarini oshirish, mavjud muammolarni hal etish uchun viloyat ahlini jipslashtirib, bor kuch-g‘ayrati, bilim va tajribasini ishga solishiga ishonaman, dedi pirovardida Yurtboshimiz.

Sessiyada so‘zga chiqqan Qarshi davlat universiteti dotsenti, falsafa fanlari nomzodi Abdurahim Erkayev, Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodi muhandis texnologi Mansur Aralov, Qarshi davlat universiteti talabasi, taekvondo VTF bo‘yicha Osiyo chempioni Feruzabonu Abdurahmonova, “Mahalla” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Dolli Allayev, Qamashi tumanidagi “Abdi Bozor” fermer xo‘jaligi rahbari Abdumurod Bozorov va boshqalar Prezidentimiz nutqida bayon etilgan tanqidiy fikrlardan zarur xulosalar chiqarib, ko‘rsatib o‘tilgan kamchilik-nuqsonlarni bartaraf etish, viloyat oldida turgan muhim va dolzarb vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish, islohotlarimiz samarasini oshirish uchun butun Qashqadaryo ahli astoydil mehnat qiladi va ko‘zlangan marralarga albatta erishadi, deb ta’kidladilar.

Shuni aytish kerakki, sessiyada nafaqat viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar, ayni vaqtda ma’naviy hayotni yuksaltirish, milliy g‘oyamiz tamoyillarini yanada mustahkamlash, yoshlarimizning ongu tafakkurini turli soxta qarash va ta’sirlardan himoya qilish haqida ham atroflicha so‘z bordi.

Bugun sobiq Ittifoqning ayrim hududlarida SSSR degan imperiyani qandaydir yangi shaklda tiklashni xayol qilib yurgan, yaqin tariximizda sodir bo‘lgan ijtimoiy jarayonlarni butunlay o‘zgartirib, kerak bo‘lsa, soxtalashtirib, odamlarni, ayniqsa, u zamonlarni ko‘rmagan-bilmagan yoshlarni aldab, to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga urinayotgan kuchlar, afsuski, hali ham yo‘q emas.

Prezidentimiz bunday xatti-harakatlar haqida to‘xtalib, ozodlik havosidan to‘yib nafas olgan, o‘z taqdiri va kelajagini o‘z qo‘li bilan qurayotgan xalqimizni endi eski mafkuraga, eski zamonga hech qachon qaytarib bo‘lmaydi, butun xalqimiz, jumladan, Qashqadaryo eli, bu vohadagi navqiron yoshlarning bugungi azmu shijoati, orzu-intilishlari, kelajakka bo‘lgan mustahkam ishonchi shunday deb aytishga to‘la asos beradi, degan so‘zlarni alohida ta’kidlab aytar ekan, barcha majlis qatnashchilari oyoqqa qalqib, bu fikrlarni qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.

Bu bejiz emas, albatta.

Ma’lumki, o‘tgan asrning 80-yillari oxirlarida sobiq Markaz va uning ko‘rsatmasi bilan yurtimizga yuborilgan, xalqimiz o‘rtasida “desantchilar” deb nom olgan guruhlar tomonidan el-yurtimiz boshiga tuhmat va bo‘htonlar yog‘dirilgan, odamlarimizning insoniy haq-huquqi, sha’ni va g‘ururi ayovsiz oyoqosti qilingan edi. Ayniqsa, Qashqadaryo vohasi bunday adolatsizlik, bunday zulmdan eng ko‘p aziyat chekdi.

Ana shunday dahshatli qatag‘onning qanday keng tus olganini, o‘ylaymizki, quyidagi raqamlar yaqqol ko‘rsatadi. Birgina “paxta ishi” bo‘yicha viloyatda 3 mingdan ziyod odam hibsga olingan, faqat 1985 yilning uch oyida viloyat rahbarining 3 ta muovini, 8 ta bo‘lim mudiri, shahar va tuman partiya qo‘mitalarining 26 nafar kotibi, viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi, uning 4 nafar o‘rinbosari, mas’ul kotibi, shahar va tuman ijroqo‘mlarining 12 nafar raisi, viloyat miqyosidagi yirik tashkilotlarning 27 ta rahbari, kolxoz va sovxozlarning 99 nafar rais va direktorlari, yana qancha-qancha oddiy mehnatkashlar, begunoh insonlar jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Viloyatning sobiq rahbarlaridan biri o‘z joniga qasd qilgan, ikkinchisi esa qamoqqa olingan edi. Hibsga olingan har bir odamning ortida esa 20-30 tadan oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, birga ishlagan kishilar tunu kun so‘roq berib, ma’muriy idoralarning eshigida sarson bo‘lib yurganini Qashqadaryo ahli hech qachon unutmaydi.

Yaqin o‘tmishda boshimizdan kechirgan ana shunday mash’um kunlarni eslar ekanmiz, bugungi erkin va ozod hayotimizni asrash, uning qadriga yetish, hozirgi o‘ta notinch va tahlikali zamonda doimo hushyor, ogoh va sergak bo‘lib yashash zarurligini yanada chuqur anglaymiz.

O‘zA


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: