Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
29.11.2011

Ona va bola salomatligini muhofaza qilishga bag‘ishlangan xalqaro simpozium

«Ma’rifat markazi» majmuidagi simpoziumlar saroyida 26 noyabr kuni «O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli: «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» mavzuida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur xalqaro anjuman O‘z­bekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), BMTning Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), BMT­ning Aholishunoslik jamg‘ar­masi (YuNFPA) hamkorligida o‘tkazildi. Simpoziumda JSST, YuNISEF, YuNFPA hamda boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, AQSh, Xitoy, Rossiya, Kanada, Buyuk Bri­taniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Finlyandiya, Shvey­tsariya, Chexiya, Daniya, Janubiy Koreya kabi qirqqa yaqin mamlakatdan sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbarlari, tibbiyot sohasida jahonda tan olingan mashhur olimlar, xalqaro ekspert va tahlilchilardan iborat qa­riyb 300 nafar mutaxassis ishtirok etdi.

O‘zbekistonda mustaqillik yil­­larida aholi sog‘ligini, jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilish va ­mustahkamlash, sog‘lom naslni voyaga yetkazish, bu borada yagona milliy tizimni yaratish, tibbiyot sohasini tubdan isloh qilish yo‘lida amal­ga oshirilgan tub islohotlar samara­larini chuqur tahlil qilish ilmiy anjumanning asosiy mavzusi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov xalq­aro simpoziumning ochilish marosimida nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 24 ­noyabrda qabul qilingan far­moniga muvofiq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Margaret Chen JSST­ning sog‘liqni saqlash soha­si­dagi faoliyatini tashkil etish va birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlan­tirish, xotin-qizlar va bolalar sog‘ligini saqlashning Global strategiyasini amalga oshirish borasidagi ulkan xizmatlari uchun I darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlandi.

Davlatimiz rahbari Islom Karimov Margaret Chenga mamlakatimizning ushbu yuksak mukofotini topshirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashki­loti Bosh direktori Margaret Chen o‘z so‘zida O‘zbekistonda sog‘­liqni saqlash sohasiga, shu jumladan, ona va bola salomatligini muhofaza qilishga ulkan e’tibor qaratilayotgani, ona va bola salomatligini muhofaza qilish bosh ustuvor yo‘nalish etib belgilangani nafaqat bugungi kun, balki kelajak nuqtai nazaridan ham eng to‘g‘ri strategiya ekanini alohida ta’kidladi.

Margaret Chen Prezidentimiz­ga yuksak mukofot uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida Prezident Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Xalqimizning sog‘lom va munosib hayot kechirishini ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, jismoniy va ma’naviy sog‘lom yosh avlodni tarbiyalash, farmatsevtika mahsulotlarini yurtimizda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Bu borada qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Prezidentimizning farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishda mustahkam hu­quqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Davlatimiz rahbarining 1998 yil 10 noyabrda qabul qi­lingan «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni sohani tubdan isloh etishda muhim bos­qichni boshlab berdi.

Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, har jihatdan sog‘lom avlodni voyaga yetkazish masalasi davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan. O‘zbekiston qo‘shilgan dastlabki xalq­aro hujjatlardan biri ham 1992 yil 9 sentyabrda parlamentimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir. 2008 yil 8 yanvarda O‘zbekiston Respublikasining «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonuni kuchga kirdi.

Davlatimiz rahbarining 1993 yil 4 martda qabul qilingan farmoniga muvofiq ta’sis etilgan mustaqil O‘zbekistonning ilk ordeni «Sog‘lom avlod uchun» deb nomlanishida ezgu maqsad mujassam. Bu — barkamol avlod orzusini ro‘yobga chiqarish, jismoniy va ma’naviy sog‘lom o‘g‘il-qizlarni voyaga yetkazish yo‘lidagi keng ko‘lam­li ishlarning o‘ziga xos timsolidir.

Ona va bola salomatligiga bag‘ishlangan mazkur nufuzli anjumanning Vatanimiz mus­taqilligining 20 yilligi nishonlangan joriy yilda qurib bitkazilgan «Ma’rifat markazi»ning simpoziumlar saroyida o‘tkazilgani sog‘lom avlodni tarbiyalash masalasiga qara­tilayotgan izchil e’tiborning amaldagi yana bir namoyoni bo‘ldi.

Hayot davomiyligining asosi bo‘lgan ayolni, naslimiz da­vomchisi bo‘lmish farzandla­rimiz salomatligini asrash — bu millatni, xalqni asrashdir. Farzandga, oila va jamiyat ­tayanchi, sog‘lom, barkamol avlodni dunyoga keltiruvchi hamda tarbiyalovchi ayolga mehr-ehtirom ko‘rsatish xalqimizning azaliy qadriyatlaridandir. Istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida bu boradagi ezgu an’ana va urf-odatlarimiz yangicha ma’no va mazmun bilan bo­yib bormoqda.

Sog‘lom ona — sog‘lom bola degan ulug‘ g‘oyani barcha yurtdoshlarimizning qalbi va ongiga chuqur singdirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasi tom ma’noda umummilliy ha­rakatga aylandi. Sog‘lom avlod deganda, avvalambor sog‘lom naslni tushunamiz. Bu borada mamlakatimizda «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» dasturi asosida keng ko‘lamli chora-tadbirlar ishlab chiqilib, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, oilada tibbiy mada­niyatni yuksaltirish, millat genofondini mustahkamlashga yo‘­naltirilgan tadbirlar hayotga izchil tatbiq etilmoqda.

Simpozium yalpi majlisida O‘zbekistonda yaratilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi, ona va bola salomatligini muhofaza qilishning milliy modeli ha­qida atroflicha ma’lumot berildi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘­liqni saqlash vaziri Adham ­Ikromov, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab xonim, YuNISEFning Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Stiven Allen, Latviya Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Ingrida Tsirsene, Ozarboyjon Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri O.Shiraliev, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Anita Nirodi, YuNFPAning Markaziy Osiyodagi submintaqaviy ofisi direktori Nikolay Botev, Yevropa pediatr­lar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, Yevropa pediatrlari ilmiy qo‘mitasi prezidenti Manuel Moya (Ispaniya), Seul Milliy universitetining pe­diatriya markazi prezidenti, Koreya Respublikasi Bolalar kar­diologlari assotsiatsiyasi prezidenti Jung Il No, Garvard tibbiyot maktabining xalqaro dasturlar bo‘yicha ilmiy jamiyatlar qo‘mitasi raisi, professor Edvard Jeyms (AQSh), «Save the children» xalqaro tashkiloti vakili No Bo Kim (Koreya Respublikasi), «Sharite» klinikasi professori Roland Vauer (Germaniya), «Im Park» kardiojarrohlik klinikasi direktori Paul Fogt (Shveytsariya) va boshqalar so‘zga chiqdi.

Ular o‘tgan davrda O‘zbekistonda tibbiy xizmatning ja­hon andozalari darajasidagi o‘ziga xos milliy modeli yaratilganini ta’kidladilar. Sifat jihatdan yangi, eng yuksak talablarga javob beruvchi, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish va turli yo‘nalishlarga ixtisoslashtirilgan markazlarni qamrab olgan tibbiy muassasalar tarmog‘i tashkil etildi. Viloyat­larda kattalar va bolalar uchun ko‘p tarmoqli shifoxonalar, yangi tug‘uruq majmualari bar­po etildi, sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘ini, xususan, qish­loq vrachlik punkt­larining bazasi mustahkam­landi.

Bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va 13 mintaqaviy bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlaridan iborat yagona tizim yaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning mintaqaviy filiallari, mintaqaviy perinatal markazlarda onalar va chaqaloqlarga yuqori texnologiyalar asosida ixtisoslashtirilgan yordam ko‘r­satilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashab­busi bilan qabul qilingan «Ona va bola skriningi» Davlat das­turi asosida yurtimizning barcha hududlarida zamonaviy skrining markazlari tashkil etildi. Bu ko‘plab tug‘ma va irsiy ka­salliklarning oldini olish va ularni davolashni yuqori da­rajaga ko‘tarish imkonini bermoqda.

Aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qi­lish tizimini yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan Respublika Reproduktiv salomatlik markazi va uning 13 minta­qaviy filiali yuqo­ri malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatlik va sog‘lom oilani shakl­lantirishga oid bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Ovqatlanishni yaxshilash aho­li farovonligini oshirish bo‘­yicha milliy strategiyaning tarkibiy qismlaridan biridir. Bu borada mam­lakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash uchun za­rur qonunchilik va me’yoriy baza yaratildi. «Davlat sanitariya nazorati to‘g‘ri­sida»gi, «Aholi o‘r­tasida mikronutrient yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risi­da»gi, «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida»gi, «Yod yetish­­masligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risi­da»gi qonunlar qabul qilindi. Aho­lining reproduktiv salomatligini muhofaza qi­lish, homilador ayollarni tarkibida sog‘liq uchun zarur mikronutrientlar mavjud maxsus polivitaminlar bilan ta’minlash orqali sog‘­lom va barkamol farzand­lar­­ni dunyoga keltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlari jahonda kam uchraydi. Davla­timiz tomonidan polivi­ta­­min­lar xaridi uchun mablag‘ ajratilib, har yili qish­loq joylarda istiqomat qilayotgan ho­milador ayollar sog‘­lomlashtirilmoqda, onalar salomatligi mustahkamlanmoqda, bolalarning tug‘ma nuq­sonlar bi­lan tug‘ilishining oldi olinmoqda. Unni zarur mikroelementlar bilan bo­yitish, tuzni yodlash dasturlari ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2009 yil 13 apreldagi «Ona va bo­­la salomatligini muho­faza qilish, sog‘lom avlodni shakl­lantirish­ga doir qo‘shimcha cho­ra-tad­birlar to‘g‘­risida»­gi, 2009 yil 1 iyuldagi «2009-2013 yillarda aholining re­produktiv salomatligini mus­tahkamlash, sog‘­lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voya­ga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish cho­ra-tadbirlari Das­turi to‘g‘­risida»gi qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda tug‘ish yoshidagi ayollarni sog‘lomlash­tirish, tu­g‘u­ruqlar o‘rtasidagi mud­dat­ni uzaytirish, erta ham­da yaqin qarindoshlar o‘rtasi­­dagi nikohlarning oldini olish, tibbiyot sohasi kadr­la­ri ma­­lakasini oshirish, homiladorlar va bolalarga tibbiy yordam ko‘r­satadigan muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, oilada tibbiy madaniyat­ni shakllantirish, aho­lini reproduktiv salomatlik masalalari to‘g‘risida keng xabardor qi­lishga alohida e’ti­bor qaratilmoqda. Bolalar va o‘smirlarni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga omma­viy jalb etish yuzasidan olib borilayotgan ishlar barkamol avlodni tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qil­moqda.

Bexatar onalikni ta’minlash, samarali perinatal par­varish, go‘daklar reani­ma­tsiya­si, ko‘krak suti bilan emizish, bolalar o‘sishi va rivoj­lani­shini monitoring qilish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Xalqaro anjuman qatnashchilari Simpoziumlar saroyida tashkil etilgan mustaqillik yillarida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan ko‘rgazma bilan tanishdilar.

Simpozium ishtirokchilari sho‘‘ba majlislarida ilmiy muhokamalarni davom ettirdilar.

Telekonferensiya vositasida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi «Nav­ro‘z» qishloq vrachlik punkti­da o‘tkazilayotgan tug‘ish yoshidagi ayollar, o‘smir qizlar va bolalarni sog‘lomlashtirish haftaligi, Jizzax viloyatidagi skrining markazida homilador ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, Respublika ixtisoslash­tirilgan akusherlik va gine­kologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan viloyati filialidagi ish jarayonlari bilan tanishdilar.

Simpozium qatnashchilari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent shahridagi bolalar shifo­xonalari faoliyati bilan tanishdilar. Tibbiyotning turli yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan klinika va markazlarda bo‘lib, satellit-konferensiyalar, master-klasslar, mamlakatimiz mutaxassislari bilan hamkorlikda jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etdilar.

Anjuman yakuni bo‘yicha Xalq­aro simpozium rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Olim TO‘RAQULOV,

O‘zA muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: