>>O`zXDP hayoti >>KADRLAR MASALASI
faollar e’tiborida
Partiya Markaziy Kengashi va Toshkent shahar partiya kengashi O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining «Partiya tizimiga kadrlar tanlash va zaxiradagi kadrlar bilan ishlash to‘g‘risida»gi qarori ijrosi bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil qildi. Unda shahar va tuman partiya kengashlari raislari, rais o‘rinbosarlari, «Faol ayollar» qanoti va «Istiqbol» yoshlar qanoti yetakchilari ishtirok etishdi.
— Partiya dasturini amalga oshirilishini ta’minlash salohiyatli kadrlarga bevosita bog‘liq, — dedi O‘zXDP Markaziy Kengashi Kadrlar ishi va parlamentchilik faoliyati bo‘limi mudiri Zokirjon Xolmatov. — O‘zXDPning boshqa partiyalarga nisbatan afzallik tomoni shundaki, unda tizimlilik mavjud. Hozir shahar va tuman partiya kengashlarida kamida uch-to‘rt nafardan xodim faoliyat yuritmoqda. Biroq kadrlar tanlash, ularni joy-joyiga qo‘yish masalasida ayrim kamchiliklar bor. Qobiliyatli xodimlar lavozimini ko‘tarish, ularni boshqa yuqori tashkilot va muassasalarda ishlashga tavsiya etish masalasiga hamma joyda ham yetarlicha ahamiyat berilmayapti. Bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlarida tashabbus yetishmayapti.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yosh, iqtidorli kadrlarni tarbiyalash va lavozimlarga ko‘tarish masalasiga alohida e’tibor berish lozim.
— Biz qanchalik kadrlarni to‘g‘ri tanlay bilsak, ular bilan muntazam va tizimli ish olib borsak, faoliyatimiz shuncha mustahkam bo‘ladi, — dedi O‘zXDP Toshkent shahar kengashi raisi Uchqun Shoyimqulov. — Shu davrga qadar partiyada kadrlar masalasi maxsus dastur asosida olib borilar edi. Endi esa, bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish, yetuk mutaxassislarga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida konsepsiya ishlab chiqildi va ayni paytda amaliyotga tatbiq etilmoqda.
O‘quv-seminar yosh kadrlarni partiya ishiga jalb etish yo‘llari va bu boradagi vazifalar haqida so‘z yuritildi. Seminar ishida konsepsiyaning mazmuni va ahamiyati muhokama etildi, tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Dilafro‘z ZAYNIYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
|