>>O`zXDP hayoti >>YER MANBALARIDAN OQILONA FOYDALANAYLIK
Mamlakatimiz agrosanoati barqaror rivojlanishini ta’minlash va qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish masalasi sug‘oriladigan yerlarning hosildor qatlamini saqlash, qayta tiklash va zamindan oqilona foydalanishni talab etadi. Shuning uchun hukumatimiz melioratsiya ishlarini amalga oshirish uchun 2008 yilda 75 milliard so‘m sarflagan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2009 yili 130 milliard so‘mni tashkil etdi. 2010 yilga kelib davlat byudjeti hisobidan melioratsiya ishlariga 150 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Yurtimizda sho‘rlangan yerlar sug‘oriladigan yerlarning 50,7 foizini, xususan, kuchsiz sho‘rlangan yerlar 31,4, o‘rtacha sho‘rlangan yerlar 15,5, kuchli sho‘rlangan yerlar esa 3,8 foizni tashkil etadi.
Sug‘oriladigan yerlarning 20 foizdan 40 foizgacha bo‘lgan qismi deflyatsiyaga uchragan. 2,8 million gektar yaylov sug‘orishga muhtoj. 160 ming gektardan ortiq maydon texnogen ta’siriga uchragan.
Respublikaning 643,2 ming gektar sug‘oriladigan yeri irrigatsiya eroziyasiga duchor bo‘lgan. Jumladan, Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand viloyatlarining sug‘oriladigan yerlarida irrigatsiya eroziyasi darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori. Qashqadaryo, Toshkent, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida jami 746.4 ming gektar lalmi yerlar suv eroziyasidan ziyon ko‘rgan.
Sho‘rlangan yerdan yuqori hosil olish juda katta mehnat va mablag‘ talab etadi. Shuning uchun yerdan to‘g‘ri, unumli foydalanish, uning hosildorligini doimiy ravishda oshirib borish davlatimiz agrar siyosatining o‘zagini tashkil etadi.
Konstitutsiyamizning 55-moddasida yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir, deya belgilab qo‘yilgan. Yerdan foydalanish va muhofaza qilish ustidan nazorat davlat hokimiyatining mahalliy organlari, shuningdek, maxsus vakolatli davlat idoralari tomonidan amalga oshiriladi.
Tuproq unumdorligini asrash hosildorlikning ko‘payishi bilan birga, biosferaning tabiiy muvozanatini saqlashga yordam beradi.
Prezidentimizning «Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning unumdorligini doimiy ravishda oshirish zarurligini ko‘rsatadi.
Ushbu Farmon va Qaror ijrosini ta’minlashning uzviy davomi sifatida davlatimiz rahbarining «2008-2012 yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.
Erkin bozor munosabatlariga o‘tish eng dolzarb masala bo‘lib turgan bir paytda hukumat ishlab chiqarishning asosi bo‘lgan yer va yer manbalaridan foydalanish ustidan tashkilotchilik va amaliy nazorat olib borayotgani quvonarli, albatta. Bu ishning samarali amalga oshirilishi o‘z navbatida, jamiyat manfaatdorligini ta’minlaydi. Shu sababli yer va yer manbalaridan oqilona foydalanish, yer unumdorligini oshirib borish va undan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlariga rioya qilish nafaqat samaradorlikka zamin yaratadi, balki shu sohaga mehr qo‘ygan yoshlarni ona yerga e’tiborli bo‘lishga undaydi. Zero, dasturxonimizga ming xil noz-ne’mat yetishtirib beradigan, barchamizni to‘yintiradigan ona zamindir.
Shu bois, yerni asrash unga mehr ko‘rsatish talab etiladi. Yosh avlod qalbida ana shunday tuyg‘ularni shakllantirish g‘oyatda muhim ahamiyatga ega. Yerga egalik tuyg‘usi Vatanga muhabbatning o‘zagidir. Shu ma’noda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi barcha partiyalarning fraksiyalari, Ekologik harakat deputatlari, palata qo‘mitalari o‘tkazayotgan yer va yer manbalaridan foydalanish, tuproqshunoslik va tuproq unumdorligini oshirish masalalariga doir seminarlar va davra suhbatlari ijobiy samara beradi, deb o‘ylayman. Ularda sohaga oid qonunlar bo‘yicha taklif va mulohazalar o‘rganilmoqda, amaliyotchilar fikrlari asosida ularni takomillashtirish masalasi muhokama qilinmoqda.
Iskandar AZIZOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
|