Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>Ijtimoiy hayot   >>ISLOHOTLAR INSON MANFAATLARIGA XIZMAT QILMOQDA

To‘qsoninchi yillarning boshlarida sobiq ittifoq hududida yangi davlatlar paydo bo‘la boshlaganida ularning har biri o‘z taraqqiyot dasturini ishlab chiqqandi. O‘shanda ba’zi mamlakat rahbarlari hatto hayratomuz loyihalarni e’lon qildilar. Ularning birida 90 kunda mamlakat butunlay yangi jamiyat tuzumini barpo etadi, deyilgandi.

O‘zbekistonda esa keyinchalik butun dunyo iqtisodchi va siyosatchilari tan olgan besh tamoyilga asosan islohotlarga kirishildi. Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tildi. «Bosh islohotchi — davlat bo‘lib qoladi» kabi tamoyillarni o‘shanda tanqid qiluvchilar bo‘lgandi. Lekin hayot, vaqt hammasiga oydinlik kiritdi. O‘zbekiston naqadar uzoqni ko‘zlab va samarali yo‘l tanlagani o‘z isbotini topdi. Atrofimizda jar solib e’lon qilingan 90 kunlik, keyinchalik 6 oylik, 2 yillik dastur va loyihalar kutilgan natija bermadi. Mana endi rivojlanishning «o‘zbek modeli» degan ibora jahon ommaviy axborot vositalarida takror va takror tilga olinadigan, eng nufuzli xalqaro anjumanlarda e’tirof etiladigan bo‘ldi.

YANGI ISH O‘RINLARI

Farg‘ona viloyatida 2010 yilning 6 oyida yalpi hududiy mahsulot hajmi 1790,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 102,0 foizga o‘sdi.

Xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish hajmi esa 329,6 mlrd. so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 105,5 foizga o‘sdi.

O‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalarning o‘sish surati 105,6 foizga yetdi va 401,5 mlrd. so‘mni tashkil qildi.

Viloyat qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar natijasida mahsulotlar hajmi 677,1 mlrd. so‘mga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 105,7 foizga o‘sdi.

Tashqi savdo aylanmasi 333,6 mln. AQSh dollarini, shundan mahsulot eksporti 188,1 million, import esa 145,5 million, tashqi savdo aylanmasi saldosi 42,6 mln. AQSh dollarini tashkil etmoqda.

Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashi «2010 yilda yangi ish joylarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi»ni qabul qilgan edi. Unga ko‘ra 2010 yilda 91173 ta yangi ish o‘rinlari yaratish, bu bilan iqtisodiy faol aholining rasmiy sektorda bandligini oshirish nazarda tutilgan. Kasanachilik va oilaviy biznes hamda kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish orqali ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Shu yilning 6 oyi davomida rejadagi 45197 ta o‘rniga 47669 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatdagi poyabzal sanoati korxonalari safiga Qirgulidagi «Sabopoyabzal» korxonasi ham qo‘shildi. 1,1 mlrd. so‘m investitsiya jalb qilinishi munosabati bilan bu yerda 70 nafar kishi ish o‘rniga ega bo‘ldi. Mavjud korxonalarni modernizatsiya qilish va kengaytirish hisobiga 3400 dan ziyod ish o‘rni ochildi. Masalan, «Avtooyna» korxonasi mahsulot turini ko‘paytirish, sifatini yaxshilash loyihasiga 9,7 mlrd. so‘m sarfladi. Natijada yuksak malakali 77 ta muhandis-operator va boshqa mutaxassislarga ehtiyoj tug‘ildi.

Viloyatda turli sabablarga ko‘ra faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar ham bor edi. Hokimlik dasturiga ko‘ra bular birin-ketin qayta tashkil etilyapti. Farg‘ona ip-gazlama korxonasi ham «Turonbank»ka investitsiya kiritish sharti bilan berildi. Hozir bu yerga Germaniya va Shveytsariyadan keltirilgan zamonaviy to‘qimachilik jihozlari o‘rnatilmoqda. Bank ajratgan 18 mlrd. so‘m evaziga texnik modernizatsiya qilinib, «Turontekstil» korxonasi barpo etildi. Endi bu yerda ham 77 ta ishchi mutaxassis ishlay boshlaydi.

Viloyatda 2010 yilda 323 ta korxona va tashkilotlarda 7251 ta kasanachilik ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan edi. 6 oy davomida 5356 aholi, ularning 1973 tasi ayollar, uy mehnati bilan band qilindi.

Tikuvchilik, to‘quvchilik, duradgorlik, tunukasozlik, novvoylik, kulolchilik, chorva mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda kasanachilar safi tobora kengaymoqda.

SUV TA’MINOTI YAXSHILANADI

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanida qabul qilingan hujjatlar ichida «Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari va unga yaqin bo‘lgan aholi yashash punktlarida ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash» loyihasi ham bor edi. Unga ko‘ra Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa suv taqsimlash inshootidan 120 kilometr quvur tortib, Farg‘onaga toza va sifatli ichimlik suvi keltirilishi lozim. Loyiha amalga oshsa, Andijon viloyatidagi bir necha yuz ming aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Yoki bir kecha-kunduzda 104 ming m3 iste’molga yaroqli suv ishlab chiqariladi va aholiga yetkaziladi. Ayni kunlarda loyiha moliyalashtirildi. Unga ShHT 44,9 mln. AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratdi.

— Uzunligi 120 km. bo‘lgan 1400, 1200, 1000 va 800 santimetr diametrdagi suv quvurlarini bu yerga keltirish ancha qimmatga tushar edi. Shuning uchun Xitoyning SNCEC kompaniyasi hamkorligida qisqa muddatda Farg‘ona shisha tolali quvur ishlab chiqarish zavodi ishga tushirildi, — deydi loyihani amalga oshirish guruhi rahbari Ikromxon Irmonov.

— Bizga barcha zarur sharoitlar yaratib berilgani uchun turli kesimdagi yuqori bosimga chidamli shisha tolali quvurlardan hozirgacha 41,7 km. uzunlikda ishlab chiqardik, — deydi Yunchan Sekisuy firmasining Farg‘onadagi zavodi direktori Yan Tszay Chao.

Tayyor bo‘lgan quvurlarni yotqizish ishlari ham jadallik bilan davom etmoqda. Farg‘ona, Quva, Toshloq tumanlari hududida 16,7 km. quvurlar montaj qilib bo‘lindi.

— Bir kunda 300-350 m transheya qaziyapmiz, — deydi Toshloq-Qirguli uchastkasi ekskovatorchilar brigadiri Ahror Nuriddinov.

Qazish ishlari Andijon viloyatida ham davom etmoqda. 75 km. suv yo‘li Jalaquduq, Xo‘jaobod, Buloqboshi va Marhamat tumanlaridan o‘tadi va Quva orqali Farg‘onaga tutashadi.

— Loyihaning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, suv Qo‘rg‘ontepadan Farg‘ona suv taqsimlash inshootigacha o‘z oqimi bilan keladi, — deydi Ikromxon Irmonov. — Faqat shundan keyingina nasoslar orqali Farg‘ona, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlari, Toshloq, Farg‘ona tumanlariga uzatiladi.

Yilning birinchi yarmida 9 mln. AQSh dollari o‘zlashtirilishi rejalashtirilgandi. «Pakana», «Farg‘ona» suv taqsimlash inshootlarida qurilish ishlari yakunlanmoqda.

— Har bir quvur laboratoriyada maxsus sinovdan o‘tgandan keyingina montaj uchun yuboriladi, — deydi qurilish rahbari Li Xian Feng. — 0,6-1,6 atmosfera bosimda 50 yil ishlashiga kafolat berilgan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Farg‘onada ichimlik suvi ta’minotida biron-bir jiddiy uzilish kuzutilmagan. Amalga oshirilayotgan loyiha, birinchidan, toza ichimlik suvi ta’minotida kelgusi o‘n yillarda muammo bo‘lmasligini kafolatlaydi. Ikkinchidan esa, ichimlik suvi tarkibining yumshoqlik darajasini oshiradi.

MUNTAZAM AVTOBUS QATNOVI TA’MINLANGAN

Gazetamizning Farg‘onadagi muxbirlik bo‘limiga o‘zini G‘ani Xolmatov deb tanishtirgan otaxon qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

— Bolam, men bir guruh rishtonliklar nomidan gapiryapman. Shu desang, mamlakatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Allohga shukr, yurtimizda tinchlik, farovonlik, to‘kin-sochinlik. Hech narsadan kamimiz yo‘q. Biz faxriylar izzat-ikromdamiz.

Keyingi yillarda boshqa joylardagi kabi bizning Rishtonda ham turli-tuman odam tashiydigan kichik mashinalar ko‘payib ketgandi. Umrim yo‘lda o‘tgan. Avtobus haydaganman. Shundanmi, bilmadim, o‘sha mashinalarga chiqsam, haydovchidan bugun ertalab mashinangiz texnik, o‘zingiz tibbiy ko‘rikdan o‘tganmisiz, deb so‘rayman. Haydovchi yigitlar hayron. Sababi, bunday «kirakash» haydovchilar uyidan chiqib, uyiga qaytadi. Yaqinda ko‘nglim o‘rniga tushdi. Rishtonda ham ko‘zni quvontiradigan yangi «ISUZU» avtobuslari yuradigan bo‘ldi.

Darhaqiqat, endi ketidan tutuni buruqsab chiqadigan, eski «Ford»lar o‘rniga Farg‘onadan Rishtonga shinam va yumshoq «ISUZU»lar qatnay boshladi. Buning sababi — Farg‘ona viloyatiga shu yilning o‘zida Samarqandda ishlab chiqarilgan 100 ga yaqin avtobuslar keltirildi.

— Aslida biz 2004 yildan buyon faoliyat ko‘rsatamiz, — deydi «Farg‘onaavtotransxizmat» mas’uliyati cheklangan jamiyat avtokorxonasi direktori Adhamjon Kamolov. — Lekin so‘nggi ikki yil ichida avtobus parki butunlay yangilandi. 170 ta «ISUZU» va yana 50 ta avtobus aholi xizmatida. Shu kunlarda yana 40 ta «ISUZU» avtobuslarini kredit evaziga sotib oldik.

Farg‘onada ixtisoslashgan avtokorxonaning shakllanishi aholiga katta qulayliklar yaratdi, 8 ta shaharlararo yo‘nalishga yangi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Endi Yozyovon, Quva, Rishton, Vodil, Qo‘qon kabi shahar va tuman markazlari, Arsif, Usmonobod, Log‘on kabi qishloqlar aholisiga qat’iy jadval asosida qulay, yo‘l haqi arzon, muntazam qatnaydigan avtobuslar xizmatda.

— Ilgari mikroavtobusda yurganimizda Yozyovondan Farg‘onaga kelishga ming so‘m to‘lardik. Kechki payt esa haydovchi yana narxini oshirardi. Mana endi avtobus qo‘yilgach, u belgilangan soat va daqiqalarda yo‘lga tushadi, yo‘l haqi ikki barobar arzon, — deydi yo‘lovchi Inoyat Sultonova. «Farg‘onaavtotransxizmat» avtokorxonasi parkining kengayishi shahar ichki qatnoviga ham katta ta’sir ko‘rsatdi.

— Farg‘ona shahri uchun 12 ta ichki yo‘nalish ishlab chiqildi va ularga har kuni yuzta avtobus biriktirilgan, — deydi avtosaroy mexanigi Akbar Yuldoshev. Ertalab soat 0500 dan to tungi 2300 qadar barcha yo‘nalishlardagi avtobus qatnovi muntazamligi ta’minlangan.

— Men hamshira bo‘lib ishlayman, — deydi yo‘lovchi Nigora Inoyatova. — Ba’zan ishda kechroq qolib, ketaman. O‘shanday paytda uyga qaytish muammo bo‘lib qolardi. Endi esa xotirjamman. Avtobus yarim tungacha qatnayapti.

Shunday qilib, yurtimizda ishlab chiqarilgan «ISUZU» avtobuslarining Farg‘ona viloyatiga ko‘plab keltirilishi har jihatdan samarali natija berdi.

— Ilgari kichik yo‘lovchi tashish vositalari haydovchilari yo‘l haqini bank muassasalariga topshirmas edi. Avtobuslar qatnay boshlagach, faqat Farg‘ona shahri ichki yo‘nalishidan kuniga qariyb 25 mln. so‘m naqd pul tushumi bank kassalariga topshirilmoqda, — deydi garaj mudiri Ilhom Baratov.

Avtobuslar qatnovi kengaytirilishi natijasida viloyatning har bir shahar, tuman markazlaridagi avtoshohbekatlar, ichki qatnov bekatlari zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilinmoqda.

— Xalqimizda qozonda bo‘lsa, cho‘michga chiqadi, degan naql bor, — deydi G‘ani ota. — Yurt tinch, Yurtboshi xalqparvar, mamlakatimiz kuch-quvvati oshib bormoqda, shuning uchun bu kabi ulug‘vor ishlar qilinyapti-da! Ilohim, yurtimizni yomon ko‘zlardan asrasin!

Muhammadjon OBIDOV,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.