Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>Sport   >>«XALQIMIZ ISHONCHINI OQLAGANIMIZDAN BAXTIYORMIZ»

Janubiy Afrika Respublikasi yashil maydonlarida futbol bo‘yicha XIX jahon chempionati bahslari yakunlanganiga bugun to‘rt kun bo‘ldi. Dunyoning turli go‘shalarida millionlab muxlisu mutaxassislar hamon chempionat taassurotlari bilan yashamoqda. Garchi, unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirok etmagan bo‘lsa-da, xalqimiz jahonning eng kuchli o‘ttiz ikki mamlakati futbolchilari to‘p surgan bu nufuzli musobaqani har qachongidan-da zo‘r ishtiyoq va qiziqish bilan kuzatib bordi. Chunki jahon chempionati uchrashuvlarida hamyurtimiz FIFA referisi Ravshan Ermatov bosh hakamlik qilgan bo‘lsa, yana bir vakilimiz layncmen Rafael Ilyosov unga ko‘maklashdi.

FIFA jahon chempionati uchrashuvlarini boshqarish uchun 26 davlatdan 29 ta hakamlar guruhini taklif etgandi. Ular orasida MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlaridan ishtirok etgan yagona bosh hakam Ravshan Ermatov (layncmenlar — Rafael Ilyosov hamda qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov) o‘yinlarni ishonchli va adolatli boshqarganligi bilan barchaning e’tiborini qozondi. Pirovardida o‘zbek o‘g‘loni XIX jahon chempionatida eng ko‘p, ya’ni beshta uchrashuvga bosh hakam etib tayinlandi. Yana bir o‘yinda esa zaxiradagi hakam vazifasini a’lo darajada bajardi. Eng muhimi, iqtidorli hakamlarimiz Ravshan Ermatov hamda Rafael Ilyosov bir oy davomida yetti iqlim nigohida turgan jahon chempionatidagi yorqin faoliyatlari bilan Mustaqil O‘zbekiston nomini dunyoga ovoza qildilar. Vatanimizda millionlar o‘yini nechog‘li e’zozlanishi va qadrlanishini, yurtimiz futbol mamlakatiga aylanib borayotganini butun olamga ko‘z-ko‘z etishdi.

Kecha ertalab soat 5.00 da Toshkent xalqaro aeroportida FIFA referisi Ravshan Ermatov bilan laynsmeni Rafael Ilyosovni O‘FF vakillari, yuzlab muxlislar tantanali kutib oldilar. Biz fursatdan foydalanib, ular bilan qisqacha suhbat qildik.

— Ravshan, avvalo, sizni jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokingiz bilan tabriklaymiz. Hozir ko‘nglingizdan qanday o‘y-xayollar o‘tmoqda?

— Rahmat. Ochig‘i, jahon chempionati mobaynida ham hozirgidek hayajonlanmagandim. Bizni bunchalik katta tantana bilan qarshi olishlarini kutmagandik. Fursatdan foydalanib, barcha muxlislarimizga, bizni qo‘llab-quvvatlagan, duo qilgan xalqimizga minnatdorlik bildiraman. Albatta, xursandligimni yashirmayman. Jahon chempionatiga hech bo‘lmasa, bitta o‘yinni boshqarish orzusida yo‘l olgandim. Chempionatda esa bizning hakamlik guruhimizga beshta uchrashuv ishonib topshirildi. Barcha o‘yinlarni yaxshi saviyada o‘tkazganimizdan va xalqimiz ishonchini oqlaganimizdan baxtiyormiz. Bunda, albatta, laynsmenlar — Rafael Ilyosov hamda Bahodir Qo‘chqorovning katta hissasi bor.

— Bunday musobaqalarda hakamlar ham kuchli bosim ostida maydonga tushishadi. Siz uchun qaysi uchrashuv qiyin kechdi? Qabul qilgan qaroringizdan keyin afsus chekkan paytingiz ham bo‘ldimi?

— Agar hakam uchrashuv chog‘ida asabiylashsa, ortiqcha darajada hayajonlansa, o‘z ishini maromiga yetkaza olmaydi. Shu bois, chempionat mobaynida bu borada muammoga duch kelmadik. Hakam ham futbolning bir bo‘lagi sanaladi. Odam hech ish qilmasa, xato ham qilmaydi. Uzluksiz faoliyatda esa xato va kamchiliklar bo‘ladi. Hamma adashadi — o‘yinchilar ham, murabbiylar ham, hakamlar ham. Menimcha, biz ishtirok etgan uchrashuvlarda jiddiy xatoga yo‘l qo‘yilmadi.

— Jahon chempionatida dunyoning nomdor futbolchilari to‘p surishdi. Siz ular bilan yaqindan tanishib, suhbatlashdingizmi?

— Afsuski, buning iloji bo‘lmadi. Musobaqa davomida biz doimiy mashg‘ulotlar va ish bilan band bo‘ldik. Faqatgina o‘zimiz qatnashgan uchrashuvlarda ular bilan qisqacha muloqot qildik, xolos.

— Ko‘pchilik sizning final bahsini boshqarishingizni kutgandi...

— Ammo men hal qiluvchi o‘yinni boshqarishga umid qilmagandim. Chunki o‘ttiz ikki yoshli hakamga finalni ishonib topshirish qiyin...

— Musobaqa tugagach, jahon chempionatining turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblari aniqlandi. Ammo hakamlar o‘rtasida eng yaxshilar nomi tilga olinmadi. Bunga nima deysiz?

— Shu kungacha o‘tgan boshqa jahon chempionatlarida ham bu yo‘nalishda sovrin ta’sis etilgan emas. Shuning uchun bunga unchalik ahamiyat berganim yo‘q. Menimcha, FIFA yil yakunida butunjahon hakamlari reytingini e’lon qiladi. O‘shanda eng yaxshi hakam kim ekanini bilib olsak, ajab emas.

— Keyingi rejalaringiz qanday?

— Mana, navbatdagi jahon chempionati ortda qoldi. Lekin hayot davom etmoqda. Bir oz dam olgach, yana ishga sho‘ng‘iymiz. Oldinda mamlakat chempionati, O‘zbekiston kubogi uchrashuvlari kutib turibdi. Qolaversa, FIFA va OFK tasarrufidagi xalqaro musobaqalar bor. Shuning uchun o‘z ustimizda jiddiy ishlab, mahoratimizni yanada oshirishga harakat qilamiz.

Rafael ILYoSOV, FIFA laynsmeni:

— FIFA yil boshida musobaqada ishtirok etadigan hakamlar guruhlarini e’lon qilgach, laynsmenlar ro‘yxatida o‘z ismi sharifimni ko‘rib, juda hayajonlangan edim. Chempionat boshlangach, hayajon o‘rnini katta mas’uliyat egalladi. Har bir uchrashuv chog‘ida ortimizda O‘zbekiston xalqi umid va ishonch bilan qarab turganini his etib, maydonga chiqdik. Hozir ana shu umid va ishonchni oqlaganimizdan juda xursandman. Chempionat yakunida FIFA rahbarlari va mutaxassislari guruhimiz ishini ijobiy baholashganini ko‘rib, o‘zimizga bo‘lgan ishonch yanada ortdi. Bu esa bizni bundan keyin ham zo‘r g‘ayrat-shijoat bilan ishlashga va izlanishga undaydi.

Erkin XOLBOBO, «O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Êîãäà êîíåö ñâåòà? â 2012 ãîäó? êàòàëîã php ñêðèïòîâ
ó÷åáíèêè âåáìàñòåðó

Ðàçðàáîòêà Eskiz.