>>Sport >>SAKKIZINCHI JAHON CHEMPIONI
Janubiy Afrika Respublikasi yashil maydonlarida bir oy davom etgan XIX jahon chempionati nihoyasiga yetdi. Dunyoning o‘ttiz ikki terma jamoasi ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqada Ispaniya futbolchilari ilk marotaba Jahon kubogini qo‘lga kiritdi.
Mazkur uchrashuvni boshqarib borish angliyalik hakam Xovard Uebbga ishonib topshirildi. O‘ttiz sakkiz yoshli mutaxassis 120 daqiqa davom etgan o‘yin mobaynida futbolchilarga o‘n to‘rt marotaba sariq va bir bor qizil kartochka ko‘rsatib, jahon chempionati final bahsidagi rekordni yangiladi. Bungacha eng yuqori ko‘rsatkich 1986 yilgi jahon chempionati finalida qayd etilgandi. O‘shanda braziliyalik hakam Romuald Arpi Filo Germaniya — Argentina terma jamoalari uchrashuvida cho‘ntagidan oltita sariq kartochka chiqargan edi. Birinchi bo‘limning o‘n uch daqiqasida hakam Xovard Uebb besh marta sariq kartochka ko‘rsatganligining o‘zi uchrashuv naqadar shiddatli kechganligini tasdiqlab turibdi. Har ikki jamoaning ehtiyotkorlik bilan o‘ynagani asosiy vaqtda darvozalar daxlsizligini ta’minladi. Bosh murabbiy van Maarveykning tarkibda qilgan o‘zgarishlari ham Gollandiya terma jamoasi o‘yinini kuchaytirmadi. Bundan unumli foydalangan Ispaniya futbolchilari o‘zlari uchun kerakli hisobni qayd etishdi. 116-daqiqada Andreas Inesta gollandlar darvozabonini dog‘da qoldirib, o‘z terma jamoasining tarixiy g‘alabasi uchun katta hissa qo‘shdi.
Agar jahon chempionatlari tarixiga nazar tashlasak, bungacha Urugvay, Italiya, Germaniya, Braziliya, Angliya, Argentina, Fransiya terma jamoalari mundial shohsupasidan joy olishgandi. XIX jahon chempionatidagi olamshumul g‘alabasi bilan Ispaniya terma jamoasi endi sakkizinchi jahon chempioni sifatida tilga olinadigan bo‘ldi.
Musobaqa yakunlangach, FIFA jahon chempionatining nominatsiya g‘oliblari nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Madridning «Atletiko» (Ispaniya) va Urugvay terma jamoalari hujumchisi Diego Forlan 2010 yilgi jahon chempionatining «Eng yaxshi o‘yinchisi» deb topildi. «Oltin butsa» sovrini musobaqaning to‘purarlari qatoridan joy olgan germaniyalik Tomas Myullerga nasib qildi. U chempionat davomida beshta to‘p kiritgan va uchta golga hammualliflik qilgan. Shuningdek, u jahon chempionatining «Eng yosh o‘yinchisi» nominatsiyasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. «Oltin qo‘lqop» sovrini Ispaniya terma jamoasi darvozaboni Iker Kasilyasga topshirildi. U musobaqaning pley-off bahslarida o‘z darvozasidan birorta ham to‘p o‘tkazib yubormadi.
Navbatdagi jahon chempionati 2014 yili Braziliyada bo‘lib o‘tadi.
Erkin XOLBOBO, «O‘zbekiston ovozi» muxbiri.
|