Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>Ta’lim   >>«OTA SALOM, PUL TAMOM!»

ayrim talabalarning ehtiyojiyu sarf-xarajati iqtisodiy tarbiya haqida o‘ylashga undaydi

«Kecha viloyatdagi tanishim qo‘ng‘iroq qildi: «Do‘stim, o‘g‘limni tartibga chaqirib qo‘ysang. O‘tgan hafta unga yuz ming so‘m yuborgandim. Kecha yana qo‘ng‘iroq qilib, yana pul so‘radi. Bilmadim, nega xarajati buncha ko‘payib ketdi? O‘g‘limga tushuntir, pulni shamolga sovurmasin! Hadeb unga pul yuborolmayman, axir! Uni o‘zing nazorat qilib yur, iltimos!» Men uning o‘g‘lini chaqirib, otasi yuborgan pulni bekorchi narsaga sarflamay, tejab xarajat qilishini uqtirdim».

Ustozimning gaplari meni ham o‘ylantirib qo‘ydi. Oliygohda o‘qib yurgan kezlarim shartnoma pulini to‘lash, qolaversa, kundalik ehtiyoj uchun pul yig‘ayotgan, zahmat chekib mehnat qilayotgan ota-onam ko‘z oldimga keldi. Bolam o‘qisin, ilm olsin, kelajakda kerakli odam bo‘lsin, deb ular jonini jabborga bergan. Biz esa onamiz yig‘gan-terganini, otamiz peshona teri bilan topgan pulni o‘ylamay sovurganmiz. Endi bilsam, biz yoshlar bekamu-ko‘st va g‘am-tashvishsiz kechirayotgan damlar ortida oila-a’zolarimizning ming tashvishi mujassam.

Muharram HODIYEVA, G‘ijduvon agrosanoat kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi:

— Har bir ota-ona farzandining aqlli, iste’dodli, ziyoli bo‘lishini xohlaydi. Turmush o‘rtog‘im bilan uch nafar farzandimizni turli oliygohlarda o‘qitdik. Ikki qizim Toshkentda, o‘g‘lim Buxoroda universitetda ta’lim oldi. Ularning yaxshi o‘qishi, moddiy tomondan qiynalmasligi uchun ko‘p harakat qildik. Kasbiy mehnatdan tashqari, ekin ekib, chorva boqdik. Shu bilan oilaviy daromadimizni oshirib, ularning ehtiyojiga sarfladik. Farzandlarim talabaligida shuni angladimki, ular pulni o‘z o‘rnida ishlatishni bilmas ekan. Bunga sabab — ularni o‘z vaqtida pulni ehtiyojga yarasha, iqtisod qilib sarflashga o‘rgatmaganmiz. Aslida, farzandni bolaligidan oila byudjeti masalalari bilan tanishtirib borish lozim ekan...

Donishmanddan bir kishi so‘rabdi: — O‘g‘lim kuniga 10 tanga topadi, ammo boyimaydi. Qo‘shnimning o‘g‘li esa kuniga 2 tanga topadi, ammo bitib ketayapti. Buning siri nimada? Donishmand unga: — O‘g‘lingiz kuniga 9 tanga, qo‘shningizning o‘g‘li esa 1 tanga xarjlaydi, — degan ekan.

Kishi pulni to‘g‘ri sarflasa, oilasining to‘kin-sochinligini ta’minlagan bo‘ladi. Buning uchun har bir shaxs o‘z ehtiyoji darajasini tahlil qilib chiqishi kerak. Moddiy va ma’naviy ehtiyojimizni birlashtira olsakkina mablag‘imizni to‘g‘ri va aniq yo‘naltirgan bo‘lamiz.

Ma’naviy ehtiyoj moddiy ehtiyoj bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, vujudga kelgan ma’naviy ehtiyojni qondirish jarayoni moddiy ehtiyojning tarkibiga kiruvchi narsalar yordamida amalga oshiriladi. Biror buyum sotib olsag-u, u manfaatimizga xizmat qilmasa, ma’naviy ehtiyojimizni moddiy ehtiyoj bilan bog‘lay olmagan bo‘lamiz. Ayniqsa, qizlar, ayollar bunday «tajriba»ni ko‘p bora sinab ko‘rgan.

Shoira OLIMJONOVA, O‘zMU iqtisodiyot fakulteti katta o‘qituvchisi:

— Inson uchun mehnat sharoiti, ta’lim, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat va uy-joy hayotiy zarur ne’mat hisoblanadi. Bu ehtiyojlarni qondirishda oilaviy daromad darajasi muhim o‘rin tutadi. Turmush tarzini farovonlashtirish doimiy mehnat, shuningdek, bo‘sh vaqtdan oqilona foydalanish, siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish kabi masalalar bilan bog‘liq. Kishi aqliy va jismoniy salohiyatiga qarab faoliyat yuritadi. Shu asosda moddiy mablag‘ga ega bo‘ladi. Uni shakllantirib borish yoki ehtiyoj uchun maqsadli-maqsadsiz sarflash iqtisodiy tarbiyaga bevosita bog‘liq. Bu masalada yoshlarimiz biroz oqsayapti. Bunday vaziyatda, kichik masalalar katta muammolar keltirib chiqaradi. Yoshlar, ayniqsa, talabalarning kundalik xarajatlari juda ko‘p. Kuni kecha bir talaba dars tayyorlamay keldi. Sababini so‘rasam, kitobi yo‘q ekan, katta darslikning mavzuga oid sahifasidan nusxa ko‘chirib olishga ham puli yo‘q emish! Men qo‘lingizdagi telefon uchun har kuni qancha pul sarflaysiz, deb so‘radim. U kamida bir yarim-ikki ming so‘m xarjlashini aytdi. Kundalik qo‘ng‘iroqlarni kamaytirib, unga ketgan mablag‘ni ma’naviy ehtiyoj uchun sarflash mumkin-ku?! Bu talaba hayotidan bir misol, xolos. Bunday mayda va maqsadsiz xarajatlar ularning kundalik hayotida ko‘p uchraydi. Shu tufayli ular har hafta ota-onasiga «ota salom, pul tamom» degan «noma» yuborishadi. Albatta, ularga iqtisodiy ta’lim berish biz, murabbiylarning vazifasi. Ammo uni amalda qo‘llash uchun talabadan qunt va uquv, eng muhimi, hayotga jiddiy qarash talab etiladi...

Ilm olish mashaqqatini buyuk ajdodlarimiz, allomalarimiz hayotidan ham bilishimiz mumkin. Buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino butun hayotini ilmga bag‘ishlagan. Yoshligida o‘ynab-kulish o‘rniga, cho‘l-biyobonlarda giyohlar terib, dori-darmon tayyorlagan. Bu qanchalik mehnat va matonat talab etadi. Qolaversa, o‘zi tayyorlagan dori-darmonni qo‘llash, jarrohlik ilmini egallash uchun uyqu bilmay izlangan.

Abu Rayhon Beruniy bobomiz otasidan erta yetim qoladi. Onasi o‘tin sotib, uni boqadi. Ana shunday og‘ir muhitda ulg‘aygan Beruniy mehnat va sabr-toqat bilan ilm-fan cho‘qqilarini zabt etgan. Bugungiday bekamu-ko‘st sharoitda esa kichik muammolarni bahona qilib, ilm olish zahmatidan o‘zini chetga olayotganlar oz emas.

Yorqinoy UMAROVA, O‘zMU jurnalistika fakulteti 3-kurs talabasi:

— Ayrim talaba qizlar chiroyli kiyinish, o‘ziga oro berishga ro‘ju qo‘yadi. Hatto bu borada kimo‘zarga bahslashadi. Bunga xarajat esa, albatta, ota-onamizning mablag‘idan sarflanadi. Talaba qizlarning hammasi ham o‘zi ishlab pul topmaydi. Inson qachonki, o‘zi ishlab pul topsa, uni maqsadli sarflaydi, qadriga yetadi.

Yangi oila qurgan paytda ayolning «iqtisodchi»ligi juda muhim. Chunki sarf-xarajatni bilmagan ayol oila byudjeti masalalarida kamchiliklarga, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yishi tabiiy.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasining «Assalom, O‘zbekiston» dasturida ikki yildan buyon faoliyat yuritaman. Bu bilan moliyaviy ahvolimni yaxshilab qolmay, kasbiy mahoratimni ham oshirib boraman. Shartnoma pulini to‘lashga ota-onamning qurbi yetadi, ammo ularga og‘irligim tushishini istamayman. Mustaqil bo‘lishni xohlayman.

Ibrohim MAHMUDOV, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent:

— Hozir yuqori bosqich talabalari o‘z sohasida mehnat qilib, o‘z tirikchiligini tashkil etishi odatga aylanmoqda. Bu — yaxshi. Mazkur holatda u o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqaradi, tajriba to‘playdi, chinakam yetuklik pallasiga qadam qo‘yadi. Ikkinchi tomondan yoshlar hayotidagi bunday vaziyat bo‘lajak mutaxassis sifatida ular uchun ma’lum sinov hamdir. Kimdir bunday mehnatni mo‘may pul orttirish va shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirsa, ba’zilar hayotdagi o‘rni va maqomidan kelib chiqqan holda, yaqinlariga yordam berish yoki topganini kasbiy mukammallikka erishish yo‘lida sarflaydi. Nazarimda, yoshlikda pul topish va uni qanday sarflash qaysidir ma’noda shaxs ma’naviyatini shakllantiradi. Biz mana shu davrda yoshlarga ko‘mak berishimiz kerak. Besh barmoq barobar emas. Bu davrda boylikka muk ketadigan yoshlar ham bo‘ladi. Ammo topgan pulini hayotining ma’naviy mazmunini boyitishga yo‘naltiradigan yoshlar ham ko‘p. Moliyaviy resurs hayotdagi eng katta boylik — ilmiy va ma’naviy salohiyatni oshirishga, orzu-havaslarni ro‘yobga chiqarishga, kasbiy va hayotiy tajribani boyitishga sarflanishi zarur.

Alisher YuSUPOV, iqtisodchi:

— Yoshligidan shaxsiy jamg‘armani yo‘lga qo‘ygan kishining jamiyatda o‘rnini topishi oson bo‘ladi. O‘qish jarayonida mehnat faoliyatini boshlagan yoshlar oilaviy byudjetini ham, yorqin kelajagini ham ta’minlaydi. Yoshlarga shunday maslahat bergan bo‘lardim: o‘z oldingizga aniq maqsad qo‘yib yashang, baland dovonlarga intiling. Maqsad sari dadil harakat qiling. Shunda hayotda uchragan muammolar arzimas narsalar ekani oydinlashadi. Hayotingizni mehnat bilan, izlanish va intilish bilan bog‘lasangiz, kam bo‘lmaysiz. Qo‘lingizdagi mablag‘ni o‘zingizning, oilangizning istiqboli uchun qanchalik to‘g‘ri sarflayotganingiz doimo yodingizda bo‘lsin!..

Ota o‘g‘liga pul berib: «Bunga shunday narsa xarid qilginki, o‘zimiz ham, mol-qo‘ylarimiz ham, parrandalarimiz ham to‘yadigan bo‘lsin», debdi. O‘g‘il uyga qovun olib kelibdi. Otasi sababini so‘rasa, u: «Qovunni o‘zimiz yeymiz, po‘chog‘ini mol-qo‘yga, urug‘ini parrandalarimizga beramiz», degan ekan.

Bu ham iqtisodiy tarbiyaning bir ko‘rinishi. Yoshligidan tejamkorlik, iqtisodni o‘rgangan bola keyin ham shunday yo‘l tutadi. Ammo ko‘pchilik ota-ona farzandidan hisob talab qilmaydi. Pulni nimaga, qancha sarflaganini so‘ramaydi. Bu esa bolaning pulga nisbatan e’tiborsiz munosabatini shakllantiradi. Kishi pul topishni ham, uni to‘g‘ri sarflashni ham bilishi kerak. Bunday tamoyilni birinchi galda oilada shakllantirish zarur. Albatta, bunda har bir xonadonda iqtisodiy tarbiyani izchil yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi.

Gulruh ODASHBOYEVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.