>>San’at >>«ISHONMASMAN» TARONAM MENING OXIRGI UMIDIM EDI
Chetdan qaraganda san’at olami nihoyatda rangin, maftunkor ko‘rinadi. Xuddi ohanrabodek kishini o‘ziga tortadi. Shundanmi, ko‘pchilik yoshlar tezroq tanilish, e’tiborga tushish uchun san’at yo‘lini tanlashadi. Lekin «holva degan bilan og‘iz chuchimaydi». San’at dargohining ham o‘ziga xos sinov va imtihonlari bor. Bulardan munosib o‘tish uchun faqat iste’dodning o‘zi kamlik qiladi. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sardor Rahimxon shunday deydi:
— 2009 yil men uchun juda ham omadli kechdi. Yil boshida Koreyaning Seul shahrida Buyuk ipak yo‘li festivalida ishtirok etdim, — deydi u. Bu konsert dasturi menga ijodiy quvvat bag‘ishladi. O‘zimning uchinchi albomimni chiqardim. «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvoniga sazovor bo‘ldim. Noyabr oyida ikkinchi yakkaxon konsert dasturimni namoyish etdim. Ammo bu darajaga yetguncha yillar kerak bo‘ldi. Har xil sinovlardan o‘tishga to‘g‘ri keldi...
— «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvonini olganingizda ko‘nglingizdan qanday to‘yg‘ular o‘tdi?
— Sevinchdan ko‘zlarimga yosh kelgan. Bu hayajonni, bu xursandchilikni tasvirlab bo‘lmaydi. Yaqinlarimdan birinchi bo‘lib onam qutladi. Onajonim o‘zlarini tutolmay faqat yig‘laganlar. Menimcha, har bir ota-onaning eng katta baxti farzandi orqasidan rahmat eshitish bo‘lsa kerak.
Aytishadi-ku, so‘z bilan ifodalanmaydigan shodlik, til bilan ta’riflab bo‘lmaydigan baxt deb, haqiqatan ham shunday holatda edim. Shuningdek, hozirgi kungacha qilgan ishlarim, ba’zan ko‘rgan qiyinchiliklarim, sal tezroq erishgan yutuqlarim, menga ishongan, ishonmagan insonlar hammasi birin-ketin ko‘z oldimdan o‘tdi.
— Muxlislaringiz yaxshi bilishadi, «Ishonmasman» qo‘shig‘ingizdan oldin ham yettita qo‘shiq yaratgansiz va ular kutilgan natijani bermagan.
— Avvalambor, aytish kerakki, har bir inson orzu bilan yashaydi. Hattoki, hali hech narsaga erishmagan taqdiringizda ham eng yuksak cho‘qqilarni ko‘zlaysiz. Albatta, menda ham orzu bo‘lgan. Agar shu qo‘shiq ham omadli chiqmasa, san’atdan voz kechib, boshqa kasb bilan shug‘ullanaman, san’atkorlik peshonamda yo‘q ekan, deb o‘ylaganman. Shunaqa o‘y-xayollar bilan mazkur qo‘shiqni muxlislarim hukmiga havola etdim. Taqdirimga esa san’atda qolish yozilgan ekan!
— Ko‘pchilik san’atkorlar haqida salbiy fikrlar, turli gap-so‘zlar yuradi. Siz bulardan qanday qilib o‘zingizni yiroq tuta olasiz?
— Men avvalo har xil g‘iybatlarga qo‘shilmaslikka harakat qilaman. Agar bir marta uning ichiga kirib qolsangiz, keyin chiqib ketish qiyin bo‘ladi. Qolaversa, har bir san’atkor yurish-turishi, xulq-atvorida o‘zini tuta bilsa, chegaradan chiqib ketmasa ortiqcha gaplarga o‘rin qolmaydi. Odamlar ham bekorga gapirmaydi, qaysidir birining ortida qandaydir haqiqat bo‘ladi. Aytishadi-ku, «shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi». To‘g‘ri, atayin sizning nomingizni yomonotliq qilish uchun uyushtirilgan bo‘htonlar ham bo‘ladi. Vaqti kelib, bu gaplarning yolg‘on ekanligi, albatta, ochiladi.
— O‘tgan yilgi ijro etgan qo‘shiqlaringizdan «Yo, Rab» ancha ommalashdi. Ruhiyatingizga qanday mavzular yaqin?
— 2009 yilning noyabrida o‘tgan konsertimda «Ota-onang hayot bo‘lsa» nomli qo‘shiqni ijro etdim. Endilikda Vatan, istiqlol haqida qo‘shiqlar yaratish niyatim bor. Har bir san’atkor ushbu mavzudagi qo‘shiqlarni ijro etishdan oldin o‘zi uning mohiyatini his qilsagina, uni tinglayotgan muxlislari qalbidan joy oladi. O‘zi bilmagan, o‘zi his qilmagan mavzuda qo‘shiq kuylashni nafaqat muxlislarga, balki san’atkorning o‘ziga va o‘z ijodiga hurmatsizlik deb bilaman. Shuning uchun muqaddas mavzular bo‘lmish Vatan, ona, muhabbat haqidagi qo‘shiqlarni chin dildan tushunib, anglagandan keyingina ijro etish kerak, deb o‘ylayman.
— Yaqinda prodyusserlik markazi tashkil qilgan bir yigit bilan suhbatlashdim. Qanday maqsad bilan bu markazni ochganini so‘raganimda, u yosh san’atkorlarga pul tikib, shuning orqasidan katta boylik orttirish deb ochig‘ini aytdi. Sizning ham prodyusserlik markazingiz bor...
— «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist» unvoni menga katta mas’uliyat yukladi. O‘shanda Prezidentimiz: ijodingiz menga ma’qul keldi. Xuddi shu yo‘nalishda boshqa yoshlarni ham ortingizdan ergashtirish kerak, ularni yoningizga oling, zamonaviylik va milliylikni umumlashtirsa bo‘lar ekan-ku, mana shu jihatdan tengdoshlaringizga o‘rnak bo‘ling, ularga o‘rgating dedi. Shundan keyin birinchi qilgan ishim prodyusserlik markazi ochish bo‘ldi. Xudo xohlasa, el-yurtga manzur bo‘ladigan qo‘shiqlarni ijro etadigan haqiqiy iste’dodlarni tayyorlaydigan bir kichkina maktab ochish niyatim bor. Men bu bilan ustozlikni da’vo qilmayapman. Bu o‘rinda menga ko‘maklashayotgan, har doim mening yonimda turib yelkadosh bo‘layotgan insonlar bor. Ulardan maslahat olib, san’at yo‘lini tanlagan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni niyat qilganman.
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri
Temur AÚZAM suhbatlashdi.
|