Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>Tibbiyot   >>REPRODUKTIV SALOMATLIK MUHOFAZASI

Reproduktiv salomatlik — sodda qilib aytganda, faqat insonning reproduktiv tizimi va funksiyalari hamda jarayonlariga oid barcha masalalarda xastalikning yo‘qligini anglatmaydi, balki uning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy jihatdan to‘liq mo‘‘tadil (farovon) holatini ifoda etadi.

Sog‘liqni saqlash tizimining nafaqat moddiy-texnik, balki huquqiy bazasi ham mustahkamlandi. Bugungi kunda aholi salomatligini muhofaza qilish bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining amaldagi 13 ta qonuni bilan tartibga solinadi.

Binobarin, mamlakatimizda onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichi yildan-yil kamayib, yuqumli, virusli, o‘ta xavfli infeksiyalardan asrash, qulay atrof-muhit sharoitlari, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, aholi o‘rtasida kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Bemorlarga tegishli hajmdagi malakali tibbiy xizmat, jumladan, shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi takomillashib bormoqda, qishloq joylarda ko‘plab zamonaviy qishloq vrachlik punktlari barpo etildi. Tibbiyotning 10 ta muhim yo‘nalishi bo‘yicha zamonaviy Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlari tashkil etilgani ham zamonaviy tibbiyotimizning yutuqlaridan biridir. Xalqimizning o‘rtacha umr ko‘rish darajasi uzaygani, navqiron avlodning jismoniy va intellektual salohiyati oshgani bu ezgu ishlarning samarasidir. Ta’kidlash joizki, sog‘liqni saqlash tizimida erishilgan yutuqlar barobarida hali o‘z yechimini kutayotgan dolzarb masalalar ham mavjud. Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilishga oid muhim vazifalar ana shular jumlasidandir. Chunki, aholining reproduktiv jihatdan sog‘lomligi darajasi jamiyatning sog‘lomligi darajasiga, milliy genofond salomatligi darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu boisdan ham butun dunyoda reproduktiv salomatlik faqat tibbiy muammo emas, balki, tibbiy-ijtimoiy, qolaversa, ijtimoiy-siyosiy muammo hisoblanadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’rifiga ko‘ra, Reproduktiv salomatlik masalalari birinchi bor 1994 yil Qohirada bo‘lib o‘tgan Aholishunoslik va Taraqqiyot Xalqaro Konferensiyasida ko‘tarilgan edi. Ushbu konferensiyada reproduktiv salomatlik iborasiga to‘la izoh berildi.

Reproduktiv huquq — bu barcha er-xotin va alohida shaxslarning oilada bolalar soni, ular tug‘ilishidagi oraliq, tug‘ilish vaqti haqida erkin hamda mas’uliyat bilan qaror qabul qilishi, buning uchun shart bo‘lgan ma’lumot vositalarga ega bo‘lishi borasidagi asosiy huquqlarni tan olish demakdir. Oilaning mustahkamligi ko‘pgina omillarga, asosan ona va bolaning salomatligiga bog‘liqdir. Ona sog‘lom bo‘lsagina, undan jismoniy va aqliy jihatdan sog‘lom farzand dunyoga keladi. Turmush qurishga tayyorlanayotgan yigit va qizlarimiz sog‘lom, jinsiy hayot gigienasi bo‘yicha yetarli bilimlarga ega bo‘lishlari kerak. Ayollarning salomatligini faqatgina homiladorlik davrida emas, balki yoshlik davridan boshlab ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Respublikamizda yoshlarning turmush qurishi uchun Oila kodeksiga asosan erkaklar uchun 18, ayollar uchun 17 yosh belgilangan. Dalillarga asoslangan tibbiyot xulosalari bo‘yicha oila qurish uchun eng qulay davr qizlar uchun 20-24 yosh, yigitlar uchun 24-26 yosh va ularning yoshlari orasidagi farq 3-6 yoshgacha bo‘lgani maqsadga muvofiqdir. Ma’lumki, 16-17 yoshgacha qizlarning organizmi to‘lishib, bo‘ylari o‘sib qoladi, ammo bu hali ularni ona bo‘lish uchun tayyorligini bildirmaydi. Erta turmush qurish ko‘pincha befarzandlikka, homilaning chala tug‘ilishiga, homiladorlikda turli asoratlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, spirtli ichimliklar iste’mol qiladigan, tamaki chekuvchi va giyohvandlikka ro‘ju qo‘ygan oilalarda tug‘ma nuqsonli va aqlan zaif farzandlar dunyoga kelishini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Bugungi murakkab globallashuv sharoitida milliy o‘zligimiz, azaliy qadriyatlarimizga yot va begona xurujlar, yoshlarimizning ongi va qalbini egallashga qaratilgan g‘arazli intilishlarga qarshi turish, yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, ularni giyohvandlik, axloqsizlik, «ommaviy madaniyat» kabi tahdid va xatarlardan asrash dolzarb ahamiyatga ega. Zotan, sog‘lom va barkamol avlod nafaqat jismonan, ayni paytda ma’nan va ruhan yetuk bo‘lmog‘i kerak.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, barcha ezgu niyatlarimizning markazida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi.

Bu borada Prezidentimizning 2009 yil 13 apreldagi «Ona va bola salomatligini muhofaza qilish va sog‘lom avlodni shakllantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori hamda 2009 yil 1 iyuldagi «2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida»gi qarori bevosita ana shu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan.

Bugungi kunda aholining reproduktiv salomatligini muhofaza qilish masalasi fuqarolarimizning tibbiy savodxonligi va madaniyatini oshirish, ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga e’tiborni yanada kuchaytirish, yoshlarimizning ahil va bokira oila qurishga, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishga intilishlarini shakllantirish kabi vazifalar yechimiga bevosita bog‘liq.

Aholining reproduktiv salomatligini asrash keng jamoatchilikdan masalaga jiddiy yondashuvni talab etadi. Shuning bilan birga, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish sohasining qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash maqsadida «Fuqarolarning reproduktiv salomatligi to‘g‘risida»gi Qonunni qabul qilish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari oldida turgan galdagi vazifalardan biridir.

Sattor RAHMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.