Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>Siyosat   >>ISH BERUVCHINING MAS’ULIYATI

Dunyo tajribasidan ma’lumki, har qanday siyosiy kuch mamlakat taraqqiyoti, xalqning siyosiy-huquqiy madaniyati mahsuli sifatida, ya’ni davr taqozosi bilan yuzaga keladi. Bugun mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan to‘rtta siyosiy partiyaning biri bo‘lmish O‘zLiDeP (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi) ham bozor iqtisodiyoti sharoitida paydo bo‘lgan mulkdorlar, ishbilarmon va tadbirkorlar haq-huquqini himoya qilish, ularning manfaati uchun kurash olib borish maqsadida siyosiy maydonga chiqqan.

O‘zLiDeP zimmasiga olgan mas’uliyat g‘oyat kattaligiga shubha yo‘q. Darhaqiqat, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashda tadbirkor va ishbilarmonlar, kichik biznes muhim o‘rin tutadi.

Mamlakatimizda yaratilayotgan yangi ish o‘rinlarida O‘zLiDeP elektoratining o‘ziga xos hissasi borligini ham inkor etib bo‘lmaydi. O‘tgan yili inqirozga qarshi ko‘rilgan choralar dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimizda 940 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi, bundan 390 mingdan ziyodi kichik biznes, 270 mingdan ko‘prog‘i xizmat ko‘rsatish sohalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu raqamlarni O‘zLiDeP liderlari katta-kichik yig‘inlarda mamnuniyat bilan ta’kidlashmoqda. Hatto ularning ayrim chiqishlarida mazkur ishlarning hammasini o‘z partiyalari faoliyati bilan bog‘lashga intilish ham sezilib turadi. Boshqa partiyalar vakillari bilan bo‘lgan bahs-munozaralarda esa liberallar «biz yangi ish o‘rinlari yaratayapmiz», deya o‘z ustunliklarini ifodalashga urinishlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Yangi ish o‘rinlari haqida to‘lqinlanib gapirayotgan O‘zLiDeP faollari masalaning ikkinchi jihati — ish beruvchining burchi va mas’uliyati haqida gapirishni negadir xush ko‘rishmaydi.

Biz ushbu muammo bo‘yicha ayrim mulohazalarimizni bildirmoqchimiz.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mamlakat aholisining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami manfaatlarini himoya qilishni o‘z zimmasiga olgani uchun ham yangi ish o‘rinlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi. Mehnatga layoqatli, ammo ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan odamlar bandligini ta’minlash, ularni ijtimoiy himoyalash, turmushini farovonlashtirishda yangi ish o‘rinlari muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi.

To‘g‘risi, hozirgi sharoitda yangi ish o‘rni yaratish eng dolzarb, eng xayrli va savobli amallardan biri, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Odamlarni ish bilan ta’minlayotganlar sha’niga har qancha tasanno aytsak arziydi.

Biroq shu o‘rinda achchiq bo‘lsa-da, haqiqatning ko‘ziga tik qarab, bir muammoni oshkora aytish va tan olishimiz lozim, deb o‘ylaymiz. Sir emas, mamlakatimizda maishiy xizmat va umumiy ovqatlanish tarmoqlari yil sayin rivojlanib bormoqda. Ushbu maskanlarda oshpaz, ofitsiantka, idish-tovoq yuvuvchi, farrosh, qorovul bo‘lib minglab odamlar mehnat qiladi. Mulk egalari, ish beruvchilar — O‘zLiDeP elektorati, ishchilar esa tabiiyki, O‘zXDP elektorati hisoblanadi. Shu bois, ishlovchilarning qonuniy haq-huquqi, ijtimoiy himoyasi bilan bog‘liq masalalarda ba’zi kamchilik va muammolar hamon uchrayotganiga befarq qaray olmaymiz.

Masalani o‘rganish jarayonida shu narsa aniqlandiki, ayrim korxonalarda ishlovchilarning hammasiga ham mehnat daftarchasi ochilmaydi, ya’ni ular rasman ishga qabul qilinmaydi. Demak, mehnat staji yuritilmaydi, mehnat ta’tili, mukofot pullari berilmaydi, betob bo‘lib qolsa, haq to‘lanmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlanmagan. Bu muammoning bir tomoni. Ikkinchi tomoni, umumiy ovqatlanish joylarida ishlayotganlar ishga qabul qilinishidan oldin tibbiy ko‘rikdan albatta o‘tgan bo‘lishi, vaqti-vaqti bilan bu jarayon takrorlanishi zarur.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, oshpazlik, ofitsiantlik yoki farroshlik uchun ishchi zarur ekan, nega odamlarni noqonuniy ravishda ishga olish hollari uchramoqda? Agar odamlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, ish bilan ta’minlangani hisobga olinsa, mamlakatimizda jami ish o‘rinlari yana bir necha mingga oshgan bo‘lardi. Shuningdek, mazkur tarmoqlardan tushadigan soliq to‘lovlari ham ko‘payishi turgan gap. Ushbu muammolar sabablari ustida O‘zLiDeP a’zolari chuqurroq o‘ylasa,maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Tadbirkor va ishbilarmonlar o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlari, rivojlanib oyoqqa turib olishlari uchun hukumat tomonidan qanchalab imtiyozlar berilmoqda. Masalan, 2009 yilda kichik sanoat korxonalari uchun yagona soliq to‘lovi 8 foizdan 7 foizga pasaytirildi, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun esa qayd etilgan soliq miqdori o‘rtacha 1,3 barobar kamaytirildi. Yil davomida inventarizatsiya natijasida aniqlangan qariyb 2 mingta bo‘sh bino kichik tadbirkorlik sub’ektlariga ijaraga berildi. Bu binolarni ijaraga berish tariflari 3 barobardan 10 barobargacha kamaytirildi. Ushbu sektorga ajratilgan kredit resurslari umumiy hajmi 1.8 trillion so‘mdan oshdi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan ko‘pdan-ko‘p imtiyoz va imkoniyatlardan ko‘zda tutilgan bosh maqsad — xalqimiz turmushini farovonlashtirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirishdir. Ayrim tadbirkor va ishbilarmonlar buni biryoqlama tushunayotgan ekan, demak, bu borada O‘zLiDeP o‘z elektorati bilan jiddiyroq ishlashiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida ishga olish tartibi, ish beruvchining huquqi va burchlari aniq-ravshan yozib qo‘yilgan. Ishga olinayotgan fuqaro bilan shartnoma tuzish, shunga asosan buyruq chiqarish, mehnat xavfsizligini ta’minlash, dam olish kunlari, mehnat va ijtimoiy ta’tillar berish, xodim sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi kabi mas’uliyatlar belgilangan.

Bizningcha, ushbu masalada qonunlar ijrosi nazoratini kuchaytirish, ish beruvchining mas’uliyatini oshirish choralari haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish kerakka o‘xshaydi.

Safar OSTONOV



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Êîãäà êîíåö ñâåòà? â 2012 ãîäó? êàòàëîã php ñêðèïòîâ
ó÷åáíèêè âåáìàñòåðó

Ðàçðàáîòêà Eskiz.