>>Siyosat >>XALQ MEHRINING QUDRATI
Qirg‘izistonning O‘sh shahri va Jalolobod viloyatida o‘zbek millatiga mansub aholiga nisbatan uyushtirilgan shafqatsiz qirg‘in, talon-toroj va xunrezlik O‘zbekiston xalqini larzaga soldi. Jabrdiydalarning boshiga tushgan kulfatni batafsil yozishga qo‘l bormaydi, qog‘oz ham dosh bermaydi. Qadim O‘sh shahri o‘z tarixida ne-ne bosqinlarni boshidan kechirmagan, ammo bunday yovuzlikni ko‘rmagan edi, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ming-minglab odamlar, qariyalar, homilador xotinlar, qo‘lida chaqalog‘ini ko‘targan ayollar, bolalar, yaradorlar bosqin, zo‘ravonliklardan O‘zbekiston hududida panoh topdi.
Tinch aholiga nisbatan uyushtirilgan bu qirg‘in jahon jamoatchiligini tashvishga soldi. Bu vahshiyliklarni sodir etayotganlarga nisbatan qalblarda g‘azab va nafrat qo‘zg‘aldi. Ochig‘i, bunday tahlikali vaziyatda qiziqqonlikka berilib, keskin choralar ko‘rilishini istayotganlar ham yo‘q emasdi. Minglab odamlarning taqdiri aynan O‘zbekistonning qanday qaror qilishiga bog‘liq edi. Albatta, bunday og‘ir paytda bir og‘iz o‘ylanmay aytilgan so‘z ham tuzatib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi hech gap emas edi.
Ana shunday o‘ta murakkab bir vaziyatda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bu dahshatli voqea ortida qabih kuchlar turgani, ular qanday yovuz maqsadlarni ko‘zlayotgani haqida fikr bildirib, O‘zbekistonning bu boradagi qat’iy pozitsiyasini aniq bayon qilib berdi. Bu fojiaga qirg‘iz xalqi ham, u yerda yashayotgan o‘zbek millati ham sababchi emasligi, bu — chetdan turib puxta uyushtirilgan va boshqarilgan qo‘poruvchilik harakati ekanini ta’kidlab, davlatimiz rahbari, jumladan shunday dedi: «Buni uyushtirgan kuchlarning pinhona harakati chetdan turib ikki xalqni bir-biriga qarama-qarshi qilish, qon to‘kishga olib kelish, eng yomoni, bu to‘qnashuvga O‘zbekistonni ham qo‘shishdan iborat bo‘lgan. Asosiy maqsad-muddao — qanday qilib bo‘lsa-da, O‘zbekistonda yashayotgan o‘zbeklarning jahlini chiqarib, shu mudhish qirg‘inga tortishga qaratilgan».
Endi o‘ylab ko‘raylik, agarda O‘zbekiston ana shu fitnaga uchib, boshqacha yo‘l tutganida nima bo‘lar edi? Butun mintaqamizda urush alangasi avj olib, hech o‘chmas olov domiga tortilar edik. Buning oqibatini o‘ylashning o‘zi dahshat. Urush-janjal boshlangan joydan qut-baraka qochadi, ming-minglab odamlar o‘zaro nizoyu adovatlarga berilib ketishi hech gap emas. Bu fitnani boshlagan qabih kuchlarga esa aynan shu kerak edi.
Biroq xalqimiz Prezidentimizning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi, jahlga, ehtirosga emas, balki aql-idrokka tayanib ish yuritdi. Bu eng to‘g‘ri va oqilona yo‘l bo‘lganini bugungi kunda butun dunyo e’tirof etmoqda. Eng muhimi, hayotning o‘zi ham buni amalda isbotlamoqda.
Albatta, sodir etilgan qonli jinoyatlarning sabablari, tashkilotchilari va ijrochilari hali chuqur o‘rganilib, barcha aybdorlar javobgarlikka tortilishi kerak. Bu nafaqat o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining, balki ezgulikni o‘z hayotining bosh maqsadi deb biladigan butun insoniyatning talabi, desak, xato bo‘lmaydi.
Bu fojiali voqealarning aks sadosi barchamizning yuraklarimizni titratib, iztirobga solgan tahlikali kunlarda xalqimizning bag‘rikengligi, insonparvarligi, tinchliksevarligi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Andijon ahli o‘z bag‘riga olgan qochoqlar bilan suhbatlar davomida ularga hamdard bo‘lgan va astoydil yordam ko‘rsatgan hamyurtlarimizning olijanob ishlari haqida eshitib bunga yana bir bor iqror bo‘ldik.
Odatda yordam so‘rab, himoyaga muhtoj bo‘lib kelgan odamda, hatto u qarindoshingiz bo‘lsa ham, qandaydir tortinish, xijolat va andisha bo‘ladi. Qirg‘iziston fuqarolari ham boshida shunday o‘ylarga borishganini yashirishmadi. Ammo vatandoshlarimiz ularni uyushqoqlik bilan, bag‘rikenglik bilan kutib olgani, borini ular bilan baham ko‘rgani, chin dildan kuyunib, mehr-oqibat ko‘rsatganini minnatdor bo‘lib aytib berishdi.
Himoya so‘rab O‘zbekiston chegarasiga o‘tgan ko‘pchilik onalarning qo‘lida bir haftalik yoki bir oylik chaqalog‘i bor edi. Shuningdek, yana qanchalab homilador ayollar bo‘lgan. O‘z zurriyotlarini asrab qolish uchun O‘zbekistonga — ular uchun haqiqiy najot maskani bo‘lib ko‘ringan maskanga talpingan bu mushtipar onalarni Vatanimiz bag‘riga bosib, ularning farzandu zurriyotlarini sog‘-omon saqlab qoldi. Sodda qilib aytganda, O‘zbekiston bu bolalar, bu onalar timsolida kelajakni saqlab qoldi. Dunyoda mehr-oqibat, or-nomus, insoniylik degan azaliy tushunchalar, ajdodlarimiz tomonidan milliy o‘zligimiz darajasiga ko‘tarilgan betakror qadriyatlar poyidor ekanini amalda ko‘rsatdi. Bu bilan faxrlanmay, g‘ururlanmay bo‘ladimi!
Tug‘uruqxonada farzand ko‘rgan yosh onalar bilan suhbatlashdik. Odinaxon Tolipova qiz ko‘ribdi. Unga Sarvinoz deb ism qo‘yibdi. Ra’no Nurmatova farzand ko‘rganiga to‘rt kun bo‘libdi. Hali ism qo‘yishga ulgurmabdi. Zarifaxon Ahmedovaning birinchi farzandi ham yurtimizda ko‘z ochibdi. Yaxshi niyat bilan o‘g‘lining ismini Islombek qo‘yibdi.
— O‘zbekiston xalqiga, Prezidentiga mingdan-ming rahmat, — deydi u. — Bizning hayotimizni, o‘g‘limning hayotini saqlab qolgani uchun Allohdan ularga faqat yaxshilik tilayman!
Hassaga tayangan qariyalar, aravachadagi nogironlar, bolalar va o‘smirlar, turli darajada jarohat olgan yaradorlarga tibbiy, ruhiy yordam ko‘rsatildi. Minglab odamlarni qabul qilish, joylashtirish, kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak, oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash, xavfsizligini himoya qilish oson ish emas, albatta. Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, jabrdiydalarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 1000 nafardan ziyod shifokor va hamshira, 65 ta tez tibbiy yordam mashinasi safarbar etilgan. Hammasi bo‘lib 63 ming kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. 2700 nafar kishi statsionar tartibda davolangan. 200 nafardan ziyod homilador ayol sog‘-salomat farzand ko‘rgan. 38 mingdan ortiq bola poliomielitga qarshi emlangan.
Andijon viloyati hokimligida qochoqlarga yordam bo‘yicha maxsus hisob raqami ochilishi bilan yuridik va jismoniy shaxslardan uzluksiz mablag‘lar tusha boshlagan. Bundan tashqari, turli korxona, tashkilot va fuqarolardan ixtiyoriy ravishda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, boshqa zarur jihozlar tegishli manzillarga yetkazib berilgan. Kimki nima olib kelgan bo‘lsa, ro‘yxatdan o‘tkazilib, tegishli tartibda tarqatilgan. Homiylik, saxovatpeshalik qilgan odamlardan ayrimlari bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldik. Ammo ro‘yxatda ularning ismi sharifi o‘rniga aksariyat hollarda «noma’lum shaxs» deb yozilganini ko‘rdik. Shuning o‘ziyoq ko‘rsatilgan barcha yordamlarning qanchalik beg‘araz va chin dildan bo‘lganidan dalolat beradi. Bu qadar olijanoblik va muruvvatga faqat haqiqiy mard insonlar qodir bo‘ladi.
Viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha yordamchisi Abduvohid Nurmatovning aytishicha, xonobodlik bir otaxon to‘yga deb boqib yurgan so‘qimini so‘yib, jabrlanganlarga tarqatibdi. Kimdir qo‘y, kimdir qoramol yetaklab kelgan. Kimdir guruch, kimdir ko‘rpa-to‘shak, kimdir non olib kelibdi. Hatto talabalar yig‘ib yurgan stipendiyasini yordam uchun keltiribdi. Paxtaobod tumani Madaniyat qishloq fuqarolar yig‘inida bo‘lganimizda ham bunday misollarni ko‘plab aytib berishdi.
— Dastlab 12 iyun kuni kechga tomon 787 kishini qabul qilgan edik, ikki kun ichida ularning soni 2 ming 381 kishiga yetdi. Aholiga vaziyatni tushuntirganimizda hamma oyoqqa turdi. Hatto maktab va kollej o‘quvchilari ham kechayu kunduz yordam berishdi. Bilasizmi, hatto tovuq ko‘tarib kelganlar ham bo‘ldi, — deydi to‘lqinlanib fuqarolar yig‘ini raisi Qodirjon Sobirov.
Har kuni yuzlab odamlar kelib, bizdan nima yordam, nima xizmat deb turdi. To‘g‘risi, xalqimizning bunday jonfidoligi, bunday bag‘rikengligidan to‘lqinlanib ketdim. Nabijon degan sartarosh yigit sartaroshxonani qulflab, sumkasini ko‘tarib qochoqlar lageriga yetib keldi. Uch kun ertayu kech shu yerda bo‘lib, bolalar va erkaklarning sochini oldi. Bunday misollarni yana qancha keltirish mumkin. Xalq — dengizdir, xalq — kuchdir, xalq hamma ishga qodirdir, degan so‘zlarning isbotini mana shu kunlarda amalda ko‘rgandek bo‘ldim.
Andijonning shohko‘chasidan ketyapmiz. Yo‘llar chetidagi turfa gullar, kiprikdek tizilgan yam-yashil archalar, yon-atrofdagi bir-biridan go‘zal binolarga qarab bahri dilingiz ochiladi.
Bizga hamroh bo‘lgan viloyat hokimligi vakili shaharda olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari haqida hikoya qilib berdi. Gap orasida viloyat g‘alla topshirish bo‘yicha davlat rejasini birinchilardan bo‘lib bajarganini aytib o‘tdi.
Bag‘rikeng, yuragi toza, orzu-niyatli insonlarning omadini Xudo beradi, degan fikr xayolimizdan kechdi. Va beixtiyor tinchlik-totuvlik dunyodagi eng buyuk ne’matlardan biri ekaniga imon keltirdik. Lekin bu boylikni qadrlash, asrash va himoya qilish mas’uliyati borligi, buning uchun barchamiz doimo ogoh bo‘lib, uning himoyasiga shay bo‘lib yashashimiz zarurligini unutmasligimiz shartligini yana bir bor chuqur angladik.
Safar OSTONOV
Toshkent – Andijon – Toshkent
|