Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>Dolzarb mavzu   >>Hamqishloqlarini sotgan qallob

yoki shirin yolg‘onlarga aldanib, qullik to‘riga tushib qolganlar haqida

Yusuf ayni kuchga to‘lgan, tog‘ni talqon qiladigan yoshda. Qalbida orzular bir olam, tizginsiz o‘y-xayollarining cheki-chegarasi yo‘q. Gohida jaraq-jaraq pul topib, to‘satdan boy-badavlat odamga aylangisi, ba’zan kinolardagiday inomarka mashinalarda yallo qilib yurgisi keladi. Buning uchun esa orzuga yarasha mehnat qilish talab etiladi. Ammo...

Kunlardan bir kuni u anchadan beri Qozog‘istonda yashab va ishlab yurgan hamqishlog‘i To‘raboy Beknazarov ota-onasini ko‘rgani kelganini eshitib qoldi. Uch-to‘rt tengdosh bir bo‘lib unikiga o‘tishdi. Bu paytda To‘raboy qishloqdoshlariga Qozog‘istonda ko‘rgan-kechirganlari, ish ham, pul ham u yerda «achib» yotgani, shart-sharoitlarning zo‘rligi haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirayotgandi. Gap orasida u, agarda xohlovchilar bo‘lsa, o‘zi bilan olib ketajagini ham qistirib o‘tdi. Hamqishloqlar qizib, uni savolga tuta boshlashdi. To‘raboy har qaysi yigitga hozirning o‘zida dastlab oyiga 100 ming so‘mdan, keyinchalik 200 ming so‘mdan ish haqi olishlarini, yotoq joy, oziq-ovqat pullari bunga kirmasligini, chegaradan o‘tib olish, pasportni ro‘yxatga qo‘yish singari barcha yugur-yugurlar o‘zining zimmasida ekanini ham aytdi.

Bu gaplar Yusufga orzu-umidini ro‘yobga chiqarish vositasi bo‘lib ko‘rindi.

Dastlab To‘raboy so‘zining ustidan chiqdi va har qaysi yigitning oilasiga 100 ming so‘mdan pul ulashib chiqdi. Oradan ikki kun o‘tgach, ular «Qaydasan, Qozog‘iston?», deya yo‘lga tushdilar. Sirdaryo viloyati hududidagi bojxona postiga kelganda To‘raboy rasmiylashtirish bahonasida ularning fuqarolik pasportlarini yig‘ib oldi. Ular och-nahor, horib-charchab Chimkent shahrining 4-Mitti tumaniga yetib kelganlarida vaqt allamahal bo‘lib qolgandi. Birinchi tunni qurilishi tugallanmagan qandaydir binoda amal-taqal qilib o‘tkazishdi. Ertalab To‘raboy bu yerga Aseke ismli kishini boshlab keldi. Ma’lum bo‘lishicha, u ushbu chala imoratning egasi ekan. Ular nimalarnidir o‘zaro gaplashib olishdi va shu yerning o‘zida Aseke To‘raboyning qo‘liga anchagina miqdorda Qozog‘iston tengesini tutqazdi. Shundan so‘ng To‘raboy yigitlarga yuzlanib, shu yerda ishlashlari kerakligini aytdi-da, Aseke bilan jo‘nab ketdi. Shu ketgancha 4 oydan keyin qorasini ko‘rsatdi. Bu orada yigitlar ko‘radiganini ko‘rishdi. Ayrim kunlari non-suv bilan kifoyalanishsa, ba’zi kunlarni och-nahor o‘tkazishga majbur bo‘lishdi. Uyga qaytishning esa imkoni yo‘q, pasportlari olib qo‘yilgan, cho‘ntaklaridan esa shamol esayapti.

Barcha qatori Yusuf ham aldanganini tushundi. «Qishlog‘imga eson-omon qaytarmikanman, ota-onamni sog‘-salomat ko‘rarmikanman?», degan o‘y-fikrlar uni qiynoqqa solardi. Shuning uchun ham To‘raboy kelganda hammalari «Ketamiz, pasportlarimizni qaytarib bering», deyishdi baravariga. Lekin odam savdosi bilan shug‘ullanayotgan savdogar ularning arzu dodlarini eshitmadi, eshitishni istamadi. Aksincha, mahalliy 4-5 nafar baquvvat yigitlarni boshlab kelib, hamqishloqlarini rosa do‘pposlatdi va tashlandiq bir binoga qamatib qo‘ydi. Suv, non berishni to‘xtatdi. Natijada 2-3 kun ichida tavbasiga tayangan yigitlar uning shartlariga ko‘nishga majbur bo‘lishdi. To‘raboy ularni Tulkibos shahridagi Talg‘at ismli shaxsga sotib yubordi va bu yerdagi qurilishda ham roppa-rosa ikki oy tekinga ishlab berishdi.

Bu paytga kelib Yusufning ham, sheriklarining ham toqatlari toq bo‘lgandi. Ammo osmon olis, yer qattiq. Sabr-toqat qilishdan, chidashdan boshqa yo‘l yo‘q. «Qul»likka mahkum etilganlar Asqar va Ulbo‘sin degan shaxslarnikida ham 4-5 oydan «ter to‘kish»lariga to‘g‘ri keldi. ...

O‘sha kuni tong otgandan kun botgancha majburan ishlagan, ko‘pdan-ko‘p og‘ir yumushlarni bajargan, keyin esa och-nahor holda o‘ringa cho‘zilgan Yusufning allamahalgacha uyqusi kelmadi: «nega birovning qutqusiga uchdim? O‘z yurtimda ota-onam bag‘rida yursam bo‘lmasmidi? Ishlasam ish ozmidi? Bu yerdagi haqoratlanishlar, xo‘rlanishlarni o‘zimiz sotib oldik, eh?»

Azonda g‘ala-g‘ovurdan uyg‘onib ketdi. Qarasa, hamqishloqlari lash-lushlarini yig‘ishtirishayapti. Ular uy egasidan pasportlarini amallab olishgani, endi tezroq bu yerdan ketish kerakligini aytishdi. Yusuf ich-ichidan quvonib, yig‘lab yuboray dedi. Nazarida uzoq davom etgan azob-uqubatlarga hozirdayoq, shu ondayoq chek qo‘yiladiganday tuyuldi.

Ammo yo‘l azobi oson kechmadi. Chunki shuncha ishlaganlariga bir chaqa ham maosh olishmadi. Ular pulsiz, ovqatsiz to‘rt kun poyu-piyoda yo‘l yurishdi. Beshinchi kun deganda uylariga yetib olishdi. Bu paytda hammalari holdan toygan, ochlik va horg‘inlikdan tinka-madorlari qurigandi.

Qadrdon qishloq, qarindosh-urug‘lar mehriga qongan adashganlar uch-to‘rt kun ichida ancha o‘zlariga kelib olishgach, huquq-tartibot idoralariga murojaat qi¬lishdi. Odam savdosidek qabih jinoyatga qo‘l urgan, pul va boylik evaziga hamqishloqlarini «tirik tovar»ga aylantirish, «qul» qilib sotib yuborishdan ham tap tortmagan To‘raboy Beknazarov odil sudning qora kursisidan joy oldi va qilmishiga yarasha jazoga tortildi.

Maqolamizga shu yerda so‘nggi nuqta qo‘ysak ham bo‘lardi. Lekin Yusuf Xudoyberdievning sud zalida iztirob bilan aytgan quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tishni lozim ko‘rdik:

«Hushyor bo‘ling, odamlar! Kimlarningdir shirin so‘zlariga, tagi puch va’dalariga uchmang! O‘ylamay tashlagan birgina qadam sizni «qul»lik tomon boshlashi, oqibatda biz kabi og‘ir kulfatlarga duchor bo‘lishingiz mumkin. Erkingiz, taqdiringiz, kelajagingizni oyoqosti qilmang, qul savdosi qurbonlariga aylanmang!»

Javlon JABBOROV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tuman sudi raisi,

Ibrohim JONUZOQOV, «O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.