Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>San’at   >>VATAN YURAGIMDA YASHAYDI!..

Yaxshi qo‘shiq inson qalbiga ezgulik urug‘ini sochadi, ma’naviy dunyosini boyitadi. Muxlislarga manzur bo‘layotgan qo‘shiqlarda she’r, musiqa va ijroning o‘zaro uyg‘unligini ko‘ramiz. Agar shu hamohanglikda milliy va umuminsoniy qadriyatlar maromiga yetkazib kuylansa, umrboqiy qo‘shiq dunyoga keladi. Ammo bunday qo‘shiq o‘z-o‘zidan yaratilmaydi. Buning uchun san’atkorning ma’naviy dunyoqarashi yetuk bo‘lishi va albatta, ona yurtini yurakdan his qilishi, sevishi kerak. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozodbek NAZARBYEKOV bilan suhbatimiz shu haqda.

— Sizning repertuaringizda Vatan mavzusidagi qo‘shiqlar alohida o‘rin tutadi. Buning boisi nimada?

— Vatan haqida har kimning o‘z tushunchasi bor. Men uchun Vatan — tug‘ilib o‘sgan tuprog‘im. Vatan haqida gapirganda, kuylaganda yuragimga quloq tutaman. Tilim orqali tuyg‘ularim kuylashini istayman. Shuning uchun ham duch kelgan she’rni qo‘shiq qilmayman. Dilimga ko‘chsagina ohangga solishga urinaman. Ko‘nglim to‘lmasa, bastakorga berib xohlaganimdek chiqmaguncha holi-joniga qo‘ymayman. Shuning uchun Vatan mavzuidagi qo‘shiqlarni atay bir tadbirga atab, shoshma-shosharlik bilan yoki obro‘-e’tibor uchun tayyorlamayman. Agar inson o‘z Vatanini onasiga, singlisiga, yoriga qiyoslasa, undan hech qachon biron narsa ta’ma qilmaydi. Balki o‘zidagi borini bergisi keladi. Ulug‘lab ko‘klarga ko‘taradi.

Boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Vatan bizning bor-yo‘g‘imiz, ajdodlarimizning xoki poki, bolalarimiz oshyoni. Aslini olib qarasangiz, butun intilishlarimiz, tirikligimiz manbai u! Shuning uchun uni sevib, Ona-Vatan deymiz. Boshqalarni bilmadim-u, shaxsan menda Vatan haqida qo‘shiq kuylashdan avval matn va musiqa yuragimga ko‘chishi, ruhiy olamimga singib ketishi shart. Shunday bo‘lmasa, u qo‘shiqni kuylay olmayman. Chunki, Vatan yuragimda yashaydi. Qo‘shiqni kuylayotganda tinglovchining Ona-Vataniga bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati jo‘sh urishini istayman. Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, uning ozodligi va obodligi yo‘lida, shu ezgu maqsad, shu mo‘‘tabar g‘oya atrofida jipslashishga chorlash uchun bu haqda qo‘shiq kuylayman. Vatanni sevib, ardoqlab yashash har birimizning burchimizdir.

— Darhaqiqat, siz «Yagonasan, muqaddas Vatan!» Respublika ko‘rik-tanlovida «Jon Vatan» qo‘shig‘ingiz bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘ldingiz. Mana shu qo‘shiqning yaratilish jarayoni haqida to‘xtalsangiz?

— Rostini aytaman, bu qo‘shiq «Yagonasan, muqaddas Vatan!» Respublika ko‘rik-tanlovi uchun atay yaratilmagan. Aslida, u 2007 yili tayyor bo‘lgan edi. Bir kuni taniqli bastakor Anor Nazarov telefon qilib: «Atayin sen uchun go‘zal bir she’rga kuy bastaladim», — dedi. Zudlik bilan u kishining huzuriga yetib bordim. Ko‘nglimdagi cheksiz quvonch bois, salom-alik qilib ulgurmay, matnni ko‘rsating deb shoshirdim. Anor aka avvaliga she’rni qo‘limga tutqazdi. G‘oyat sevindim. Chindan ham men uzoq vaqt o‘ylab yurgan, yuragimda asrab kelayotgan, fursatini topib aytmoqchi bo‘lgan gaplarni bilgandek O‘zbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov she’rni juda topib yozgan. Menga shunday bo‘lib tuyuldi. Kuy ham shunga monand edi. Undagi Ona-Vatandan qarzdorlik, rozilik, toabad minnatdorlik ohanglari meni yanada to‘lqinlantirib yubordi. Ohang so‘zning ortidan ergashib borayotganini his qildim. Bu sohir kuy bilan el-yurt ulug‘langan she’r yuragimdan bira to‘la joy oldi. Endi u qo‘shiq bo‘lib otilib chiqishi kerak edi. Yo‘lda ketayapman-u, go‘yo osmon bag‘rida uchib borayotgandekman. Yengib bo‘lmas bir kuch paydo bo‘lgan edi menda. Nazarimda, tog‘ni talqon qilishga qurbim yetadi. Ona-yurt muhabbati kishiga shunday ilhom bersa kerak. Studiya ostonasidan o‘tayapman-u, hayajondan sel bo‘lib borayapman. Qo‘limga mikrafonni olganimda boshqa bir ruhiy olamga tushib qolgandek bo‘ldim. Qo‘shiq ijrosi uchun shunday holatda ishlaganmiz.

— Ma’lumki, qo‘shiqning elga manzur bo‘lishida shoir, bastakor va hofiz hamkorligi katta ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda yaratilayotgan qo‘shiqlarda bu jihat qay darajada deb o‘ylaysiz?

— El nazariga tushgan ayrim xonandalar endi nomimga munosib qo‘shiq kuylashim kerak, deb Vatan mavzusiga murojaat qilishadi. San’atkor biror mavzuda kuylashdan avval nimanidir o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Bu, tabiiy, lekin Vatan hammamizniki, u haqda kuylaganda uni ulug‘lash, mehr-muhabbat, farzandlik burchini ado etishga da’vat mujassam bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Vatan haqida beminnat kuylash kerak. Bu bizning, har birimizning farzandlik burchimiz, albatta. San’atkor el nazariga tushdimi, demak, unga ishonch bildirilgan. Avvalo u mana shuni anglab yetishi, o‘zini hurmatga loyiq tutishi kerak. Qo‘shiqlarimiz yengil-elpi bo‘lmasligi uchun Vatan haqidagi tushunchani doimo boyitib borish darkor. Nazarimda, haqiqiy san’atkor o‘z qo‘shig‘i bilan jamiyatning ma’naviy dunyosini boyitishga xizmat qilishi, xalqning orzu-istaklarini, dardini ifoda etishi zarur. Xalqimizning mumtoz musiqa merosiga bir nazar soling. Ular shu ezgu maqsadga bo‘ysungan.

— Bugungi kunda ba’zi taniqli xonandalar ijrosidagi yurt haqidagi qo‘shiqlarning so‘zlari, musiqasida yengil-elpilik uchrab turibdi. Siz bu holatga qanday qaraysiz?

— Hozir shoir va bastakor bilan hamkorlikda yaxshi qo‘shiqlar yaratayotgan hofizlar oz emas. Ma’no-mazmunli, ta’sirchan qo‘shiqlarni eshitib, o‘zim ham nimadir olaman. Lekin ayrim qo‘shiqlarda menga bastakorning o‘rni uncha sezilmaydi. Bunga sabab — shoir, bastakor, hofiz hamkorligini har kim har xil tushunadi. Mening nazarimda, shoir, bastakor bilan xonanda hammaslak bo‘lmasa, shoir aytmoqchi bo‘lgan fikrni yurak-yurakdan his etmasa, ijro etayotgan qo‘shig‘i ko‘ngildagidek chiqishi qiyin. Chinakam hamkorlik va hammaslaklik umrboqiy qo‘shiqlar yaratilishiga yo‘l ochadi.

— Afsuski, ba’zi yosh qo‘shiqchilar, garchi ma’nan tayyor bo‘lmasa-da, Vatan haqida kuylashga o‘tadi. Bu intilishni qo‘llab-quvvatlash kerak. Lekin ayting-chi, san’atkor bunday mavzuga tajriba o‘tab, muayyan tayyorgarlik bilan qo‘l urishi lozim emasmi?

— Vatan haqidagi har bir qo‘shiq ulug‘ ajdodlarimizga xos bo‘lgan tengsiz vatanparvarlikni esga solishi muhim, deb o‘ylayman. Bunday qo‘shiq millatparvar ota-bobolar jasoratini yodga solsin, ona-yurt ozodligi va obodligi yo‘lida barchamizning boshimizni biriktirsin!

Shu bilan birga, har bir ohangda, so‘zda shukronalik hislari sezilib turishi zarur. Chunki, Vatanni sevgan, uning tarixini bilgan har bir inson bugungi bunyodkorlikdan quvonadi. Tinch o‘tayotgan har bir kuni, farzandlari saodati, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan beqiyos ishlar uchun, shukrona aytib, o‘zini baxtiyor his qiladi. San’atkor bugunning mana shu nafasini his qilmog‘i kerak.

Shuningdek, biz Vatanning ertangi kuni, buyuk kelajagimizni teran nigoh bilan ko‘ra olishimiz lozim. Ana shunda so‘zimizda, ohangimizda qat’iy ishonch, o‘sha kunlarga intilish hissi paydo bo‘ladi. Ona farzandini oq sutiga mehrini qo‘shib tarbiyalaydi, avaylab voyaga yetkazadi. Vatan ham ona kabi bizga mehrini berdi. Bag‘rida erkalab o‘stirdi. Ko‘zimizni ochib dunyoni tanitdi. Nafaqat qo‘shiqlarda, balki har bir ishimizda unga munosib bo‘lishimiz, yorug‘ yuz bilan farzandlik burchimizni ado etishimiz ham qarz, ham farz.

— Navro‘z bayrami arafasida ko‘nglingizdan qanday fikrlar o‘tmoqda?

— Bahor fasli, Navro‘z ayyomi kishi qalbida ajib tuyg‘ularni, yangidan-yangi orzu-umidlarni uyg‘otadi. Ko‘nglingda yaxshilik chechaklari barq urayotganini his etasan. Ushbu bahoriy kayfiyat hamisha hamrohimiz bo‘lsin.

(O‘z muxbirimiz).



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.