Uzb | Rus
Bugun 6 Sentabr  2010 y.
  >>San’at   >>YIL YAKUNLANDI. PREMERA BOSHLANDI

«O‘zbekkino» milliy agentligida davlat buyurtmasiga asosan o‘tgan yili suratga olingan filmlarga bag‘ishlangan ijodiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

— Prezidentimiz 2004 yilda qabul qilgan «Kinematografiya sohasida boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmonidan keyin filmlarni suratga olish ishlari tubdan yaxshilandi, — dedi «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori A’zam Ishoqov konferensiyani ochar ekan. — O‘tgan olti yil ichida davlat buyurtmasiga asosan 60 ta badiiy film, 485 ta hujjatli film va 42 ta multfilm yaratildi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida davlat buyurtmasi asosida 15 ta badiiy film, 9 ta multfilm va 60 dan ortiq hujjatli filmlar ustida ish olib borildi. Bundan tashqari, xususiy kinostudiyalar ham har yili ko‘plab filmlarni taqdim etishyapti.

Darhaqiqat, hozirgi kunda kino saroylarimizda, telekanallarimizda milliy filmlarimizning namoyish etilishi odatiy holga aylandi. Milliy filmlarimiz xalqaro kinofestivallarda ham e’tirof etilyapti. O‘tgan yili Estoniyada «O‘zbek kino san’ati kunlari», Turkmanistonda «O‘zbek kinosi haftaligi» o‘tkazildi. Yurtimizda ham sohani rivojlantirishga hissa qo‘shadigan qator nufuzli tadbirlar tashkil etildi.

San’atshunos, filologiya fanlari nomzodi Shuhrat Rizayev o‘tgan yili yaratilgan badiiy filmlarni chuqur tahlil etdi. U «Narigi sohilda» (rejissyori S.Nazarmuhamedov) filmida rejissyor o‘tgan filmlarida ishlatgan ramz va ishoralaridan takroran foydalanganligini misollar asosida tushuntirdi, ahamiyatli bo‘lmagan hodisalarni favqulodda voqeaday talqin etishga uringanini ta’kidladi. «Ilova» (rejissyori Yo.To‘ychiev) filmida rejissyorlik, aktyorlik, rassomlik, operatorlik ishlarini e’tirof etgani holda, muharrirlik ishi qiyomiga yetmaganiga e’tiborimizni qaratdi.

— «Tahdid» (rejissyori H.Nasimov) filmida taniqli va iqtidorli aktyorlar jamlangan, lekin ularning iste’dodi Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, o‘tin yorishga sarflangan, — dedi ma’ruzachi. — Kino san’ati ibtidosida so‘z turar ekan stsenariyga jiddiy e’tibor berish kerak.

Shu o‘rinda «Qoraqalpoqfilm» studiyasi o‘tgan yili zamonaviy jihozlar bilan to‘liq ta’minlanganini eslatishimiz zarur. Shu bois ular taqdim etgan «O‘g‘ri» va «Kurort» (rejissyori B.Nizamatdinov) badiiy filmlari tasvirga olishdan montaj ishlariga «Qoraqalpoqfilm» studiyasi tomonidan amalga oshirilgan ilk kino mahsulotlari hisoblanadi.

Kinoshunos, san’atshunoslik nomzodi Sabohat Haytmatova O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar studiyasi hamda boshqa studiyalar o‘tgan yili, ayniqsa, portret janrida e’tiborga molik hujjatli filmlar yaratganini aytdi. Shu bilan birga u «Jaloliddin Rumiy» hujjatli filmida matn va musiqa uyg‘unlashmagani, «Buxoro so‘zanalari» hujjatli filmi tasvirlari cho‘zilib ketganini gapirdi.

Kinoshunos Feruza Nodirova o‘zbek xalq ertaklari asosida multiplikatsion filmlar olinayotgani va ularda ertakchi bobo hikoyasidan unumli foydalanayotganligi, o‘tgan yili «Oltin tanga» (N.To‘laxo‘jayev), «Zo‘raki folbin» (M.Mahmudov) kabi filmlar muvaffaqiyatli chiqqanini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, multfilmlardagi tasvir va so‘zlarni bugungi kun tomoshabini didiga yanada yaqinlashtirish maqsadga muvofiq ekanligiga to‘xtaldi.

Konferensiyada so‘zga chiqqan kinoshunoslar ham o‘tgan yili ishlangan filmlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

— «Barkamol avlod yili» Davlat dasturida, — dedi A’zam Ishoqov konferensiyani yakunlar ekan, — «O‘zbekkino» Milliy agentligi zimmasiga to‘rtta badiiy film va o‘nta multfilm yaratish belgilangan. Bu filmlarni yaratish borasida ishlarni boshlab yubordik. Shu kunlarda o‘tgan yil oxirlarida suratga olingan filmlarimizning montaj ishlari nihoyasiga yetayapti. Barchangizni shu yildagi birinchi premeraga — «Uchar qiz» (rejissyori Yo.To‘ychiev) badiiy filmi taqdimotiga taklif qilaman.

Kino premeralari boshlandi. Demak, kino san’atida ijodiy ishlar qizg‘in davom etyapti.

Asror MO‘MIN



Ruknlar

«  Parlament
«  Siyosat
«  Iqtisodiyot
«  Ta’lim
«  Tibbiyot
«  Ma’naviyat
«  Huquq
«  Qonun va sharh
«  Ijtimoiy hayot
«  Ekologiya
«  San’at
«  Sport
«  Dolzarb mavzu

 
 


<< Sentabr >>
Y D S Ch P J Sh
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30    
<< 2010 >>
 
 

Reklama


 
 

Copyright © 2009 Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan ruxsatsiz foydalanish taqiqlanadi .



Когда конец света? в 2012 году? каталог php скриптов
учебники вебмастеру

Разработка Eskiz.